Ishlab chiqarish avariyalari va halokatlar oqibatlarini bartaraf qilish. Ishlab chiqarishdagi yirik avariyalar va halokatlar to'satdan paydo bo'lib, tezda rivojlanib ketadi, natijada insonlar hayoti va sog'lig'iga katta xavf tug'diradi.
Avariya va halokatlar ishlab chiqarish xususiyatlariga bog'liq bo'lib, ish jarayonining xarakteriga qarab, salbiy o'zgarishlar yuz berishi va vaziyatni chigallashtirishiga olib keladi.
Yirik avariya va halokatlarda ishchi va xizmatchilarni, shuningdek falokatga yaqin atrofda yashovchi aholini ogohlantirish va ularning himoyasini o'z vaqtida tashkil etish juda muhim vazifalardan hisoblanadi. Bunda birinchi navbatda, odamlarni qutqarish, ularga birinchi tibbiy yordam ko'rsatish hamda jarohatlanganlarni davolash muassasalariga yetkazish lozim. Keyingi bosqichda avariya va halokatlar oqibatlarini bartaraf etishda qulash xavfi bo'lgan bino, inshoatlarni mustahkamligini oshirish yoki ularni buzib tashlash, kommunal-energetik tarmoqlardagi avariyalarni bartaraf etish, izdan chiqqan texnologik jarayonlarni tiklash va boshqa kechiktirib bo'lmas ishlar amalga oshiriladi. Avariya va halokatlar oqibatlarini tezda bartaraf etishda katta kuch va vositalar talab etiladi. Zararli oqibatlarni bartaraf etishda FM ning turli maqsadli tizimlari, obyekt ishchi va xizmatchilari, shuningdek yaqin atrofdagi aholi ham jalb etiladi. Avariya natijasida bino va inshoatlarning buzilishi, atrof-muhitni tutunga, changga, zaharli gazlarni tarqalishi aholi o'rtasida jarohatlanish va qurbonlarning ko'payishiga sabab bo'ladi. Bunday vaziyatlarda har bir holat uchun xavfsizlik qoidalariga rioya etish muhim ahamiyatga ega, jumladan, vayronali hududlarga, buzilgan bino va inshoatlarga kirish, qulash xavfi mavjud binolar atrofida aylanib yurish, himoya vositalarisiz yerda yotgan, osilib turgan elektr uzatish simlarini ushlash va elektr jihozlariga tegish qatiyan man etiladi.
Inshoat konstruksiyalarini qulatish va vayronalarni ajratish ishlarida ishtirok etuvchi shaxslar qalin matodan tayyorlangan maxsus kiyimlarni, yopiq oyoq kiyimlardan foydalanishlari hamda brezentli qo'lqoplar hamda kaskalar kiyishlari shart. Xavfli joylar oldida xavfsizlik to'g'risidagi ogohlantiruvchi yozuvlar, mavjud bo'lgan ko'rgazmali vositalar o'rnatilishi lozim.
Vayronalardagi yong'inlarni halqaga olish va bartaraf etish bo'yicha tezkor choralar ko'riladi, bunda o'tni o'chirishda ishtirok etuvchilar himoya vositalarini, zarurat tug'ilsa gazniqoblardan foydalanishlari zarur. Ishlab chiqarish tarmoqlaridagi avariya oqibatida zaharli suyuqliklar to'kilishi, ularni atmosfera havosiga va atrof-muhitga tarqalish xavfi mavjud bo'ladi. Yuqori kuchlanishdagi elektr manbaalari bo'lishligi qo'shimcha yong'in va portlashlarni paydo bo'lishiga olib kelishi mumkin. Shuning uchun avariya va halokat oqibatlarini bartaraf etuvchi tizimlar shularni hisobga olishlari lozim bo'ladi. Zararlangan hududdagi jabrlanuvchilarga o'z vaqtida birinchi tibbiy yordam ko'rsatishi lozim, buning uchun jabrlanuvchilar soni, ularning turgan joyi, ahvoli, olgan jarohat xususiyati hamda yordam ko'rsatish vaqtlarini aniqlashi darkor.
Avariya va halokatlar natijasida quydagi jarohatlar: yaralanish, kuyish, shikastlanish, suyaklar sinishi, to'qimalarni uzilishi, ezilish, elektr tokidan kuyish, KTZM lardan zaharlanish va hokazolar kuzatiladi. KTZM lar ishlatiiadigan, olinadigan va saqlanadigan obyektlardagi avariyada zaharlanish o'chog'i o'z vaqtida aniqlanishi va sifatli razvedka qilinishi lozim. Bunday ishlarni radiatsiyaviy va kimyoviy razvedka tizimlari olib boradilar. Ular avariya o'chog’ini, KTZM turini, hudud va obyektlarini zaharlanish darajasini, tarqalgan KTZM ning miqdorini tarqalgan hudud chegaralarini, KTZM tarqalgan joydan odamlarni chiqib ketish yo'llarini belgilaydilar. Zarurat tug'lganda tuproq, suv va boshqa tashqi muhitdagi resurslardan na'munalar olib kimyoviy laboratoriyaga analiz qilishga yuboriladi. Laboratoriya natijalariga qarab odamlarning kimyoviy zaharlanish darajalari baholanadi.
KTZM ning atmosferaga va atrof-muhitga tarqalishining dastlabki davridayoq obyekt ishchi va xizmatchilarini, hamda obyektga yaqin bo'lgan mahalliy aholi xavf to'g'risida ogohlantiriladi. Avariya to'g'risidagi habarni eshitgan har bir fuqaro darhol nafas organlarini himoya qiluvchi vositalarni, terini himoyalovchi oddiy vositalarni (plash, zich to'qilgan ustki kiyimlar) kiyishlari va tezroq zaharlangan hududni tark etishlari lozim. Uyda bo'lgan aholi esa deraza va darcha (fortochka) larni yopishlari, uylarini esa germetikligini (zichligini) oshirishlari, isitish uskunalari, gaz, isitkichdagi olovni o'chirishlari lozim.
Kuchli ta'sir etuvchi zaharli moddalar bilan zaharlanish ehtimoli yuqori bo'lgan hududlardagi aholini evakuatsiya qilish ishlari atmosferada zaharli bulut kelgunga qadar amalga oshiriladi. Evakuatsiyaga tayyorlash har bir uyning o'zida tashkil etiladi. Avariya yuz bergan obyektda birinchi navbatda KTZM ning tarqalish o'chog'i yopiladi. Avariya o'chog'ini bekitishda ishtirok etuvchi tizimlar xavfsilik qoidalariga qatiyan rioya qilishlari ya’ni izolirlovchi ganiqoblar, a’zolarni saqlovchi izolirlovchi himoya kiyimlaridan, shaxsiy dorixona (ShD-2) va shaxsiy kimyoviy paketlardan (SHKP-8) foydalanadilar.
Avariya oqibatlarini baitaraf etishda ishtirok etmaydigan fuqarolarni zaharlangan hududga kirishiga yo'l qo'ymaslik maqsadida, obyektning maxsus xizmatli guruhlari tomonidan qo'riqlanadi. Avariya hududidan odamlarni chiqib ketishda eng qisqa yo'l bo'yicha, shamol yo'nalishiga perpendikulyar tarzda, balandlikda joylashgan hamda yaxshi shamollanadigan hududga harakatlanish lozim.
KTZM dan zaharlanganlarga juda qisqa muddatda tibbiy yordam ko’satilishi lozim. Buning uchun ularga gazniqob kiydiriladi, agar tanasiga yoki KTZM tekkan bo’lsa, ulardan tozalanadi. Tozalash toza suv yordamida ko’p marotaba yuvish orqali amalga oshiriladi. Birinchi tibbiy yordam ko'rsatish xususiyatiga qarab amalga oshiriladi. Esda tutish kerakki, KTZM zaharlangan odamga sun'iy nafas berish muolajasi bajarilmaydi aks holda zaharlangan odamning ahvoli og'irlashadi. Avariya o'chog'i bartaraf etilgandan so'ng, KTZM tarqalgan hududlar, obyektlar, qurilma va uskunalar qayta ishlovdan (sanitar tozalash) o'tkaziladi.
Demak, tabiiy va texnogen xususiyati favqulodda vaziyatlar yuz bergan hududlarda, obyektlarda avariya-qutqaruv va boshqa kechiktirib bo'lmas olib borilish tartibi shulardan iborat. Ushbu tartib-qoidalarni yaxshi o'rgangan amaliyolda qo'llay biladigan fuqarolar Respublikamiz hududlarida yuzaga keladigan favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaralf etishda o’zlarining burchlarini bajara oladilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |