Bob bo‘yicha xulosalar:
Erkin Vohidov ijodni, ijodiy jarayonni, shoir va bu qismatni juda ulug‘lagan ijodkorlardan biridir. Buning zamirida inson, hayot, o‘lim, adalat, haqiqat, shafqatsizlik barcha-barchasi mustahkam o‘rin olganligini kuzatish mumkin. Adib ijodni juda ulug‘lash bilan bir qatorda, uni borlig‘i bilan sevgan, e’zozlagan talant sohibi ekanligini alohida qayd etish lozim.
Erkin Vohidov yaxshi shoirgina emas, “do‘stlik rishtalari elchisi” ham bo‘lgani ma’lum, ijodkor dunyoning ko‘pgina mamlakatlarida bo‘lgan va ko‘pchilikning mehrini qozongan. “Gap-ku ko‘p, umr oz”- deydi o‘zbeklar. Bizga in’om etilgan bu umrni har daqiqasini unumli o‘tkazishga intilamiz, ezgu ishlarni, buyuk dard – ijod dardi bilan yonib yashashni orzu qilgan ijodkordir.
Shoirlik faqat tim qorong‘u xonaga kirib olib she’r yozish emas. Yoki elga faqat she’ri bilan muallimlik qilish emas, shoir hamma zamonda jangchi bo‘lgan. Bu sifat, ayniqsa, bizning zamonda juda kerak. Men shoirning shaxs sifatida ham barkamol bo‘lishini orzu qilib, ana shu orzuning ijodiy mevasini tatigan ijodkorlardan biri ham Erkin Vohidovdir.
III BOB
IJODKORNING ADABIYOT VA ADABIYOTSHUNOSLIK MUAMMOLARI HAQIDAGI MULOHAZALARI
3.1.Ijodkorning adabiyot haqidagi mulohazalari. Hayotida katta ahamiyat kasb etadigan badiiy adabiyot so‘z bilan ish ko‘radigan san’at turi sifatida e’tirof etilishi bejiz emas. Shuning uchun ham badiiy adabiyot so‘z san’ati deb yuritiladi. Badiiy adabiyot san’atning murakkab va serqirra turi bo‘lib, insonda yuksak ma’naviyatni shakllantirishning eng ta’sirchan vositalaridan biri sifatida qayd etiladi. Insondagi ismsiz tuyg‘ular, nozik kechinmalar, ko‘z bilan ko‘rib, quloq bilan eshitib, qo‘l bilan ushlab, til bilan totinib bo‘lmaydigan ruhiy holat jilvalarini faqat so‘z yordamida ifoda etish mumkin. Badiiy adabiyotning asosiy ish quroli so‘z ekanligini unitib bo‘lmaydi. Badiiy adabiyot tasvirlanayotgan narsa yoki shaxsning hozirgi holatini qanchalik ishonarli aks ettirsa, uning o‘tmishini ham kelajagini ham shunchalik ishonarli tasvirlaydi.
Badiiy adabiyot, ijod uning xususiyatlari haqida Yuxan Borgen shunday mulohazalarni keltiradi: “yozuvchi bo‘lmoq qalbingni odamlarga ishonib ochib bermoqdir. Albatta, fikrlarni bayon qilish bilan bog‘liq yozma faoliyatning boshqa shakllari ham bor. Ular istagan narsaga – ilmga, texnikaga, hunarga, falsafaga, siyosatga, dinga talluqli bo‘lishi mumkin... Undan ko‘ra ko‘proq biz “nafis adabiyot” demoqni ma’qul ko‘ramiz”.44
Ongimizda paydo bo‘lgan fikrlarni shunchaki qog‘ozga tushirsak adabiyot bo‘lavermaydi uni badiiylik pardasiga o‘rab tasvirlash haqiqiy badiiy adabiyot namunasi bo‘ladi. Badiiy adabiyotning ilmdan tub farqi shundaki, u ma’naviy haqiqatlarni aks ettiradi, fan esa ilmiy haqiqatlarni aks ettiradi. Ilmiy haqiqat mantiq va fikr orqali oydinlashsa, ma’naviy haqiqat his-tuyg‘u vositasida oydinlashadi. Inson hayotida ma’naviyat muhim, ammo uni ilmsiz shakllantirish mumkin emas. Ular bir-biri bilan dialektik birlikda taraqqiy etib kelganligini inkor etib bo‘lmaydi. Shuning uchun badiiy adabiyotning taraqqiyoti davomida insonni anglash, uning turfa xil xarakterlarini namoyon etish uchun qilingan izlanishlar samarasi o‘laroq adabiyot yashab kelmoqda.
Erkin Vohidov qayd qilganidek: “Adabiyot, san’at – qalbning hunari, yurakning ishi. Shoir, yozuvchi yuragining so‘zi, qalbning amri bilan qo‘liga qalam oladigan odam. Agar, yozuvchi, shoir vijdon so‘zini aytolmasa fojia yuz beradi. Adabiyot ahli hamma zamonlarda inson qalbining erki uchun kurashgan. Zamonlar bo‘lganki unda rost so‘zni aytish jasorat hisoblangan”.45
Adabiyot inson qalbining turli holatlarini badiiy talqin etar ekan, buning zamirida uzoq yillik tajribalar, turfa xil davrlar mavjudligini unutmaslik lozim. Adabiyotning tasvir obyekti inson ekan, uning qarashlarini orzu umidlarini talqin etish, ularning hayotiy iztiroblarini talqinlar etib kelgan. Har qanday davr adabiyoti inson va uning xarakter ruhiyatini talqin etganligi, bu esa ularning hayotdagi qadr-qimmatini belgilash bilan izohlangan.
Oybek adabiyot haqida: “Adabiyot – fikr ommasi, qalb hislari bilan doimo sayqallanadigan, to‘xtashni bilmaydigan, borgan sari hamisha nurlanishi, chaqnashi oshib boradigan bir soha. Adabiyotimizning tasvir obyekti – xalqimiz turmushi. U o‘z taraqqiyotida xalq hayotini, kurashini, orzu-armonlarini, his-tuyg‘ularini fikr-xayollarini yangi jamiyat qurish yo‘lidagi faoliyatini badiiy aks ettirib rivojlanadi, benihoya yutuqlarni qo‘lga kiritadi” – deb o‘z adabiy-tanqidiy fikrlarini bayon etgan.
Adabiyotning tasvir manbai, inson va uning hayoti, muammolari ekan, adabiyot shu jarayonda yillar davomida faollashib keldi. Badiiy asarlarning kishida his-tuyg‘u uyg‘otishining sababi shundaki, har qanday badiiy asar, avvalo, hissiyotlar, kechinmalarning mahsulidir. Adabiyotdan boshqa o‘quv fanlarida hissiyot bo‘rtib turmaydi. Badiiy adabiyotda asosan tuyg‘ular bilan ish ko‘riladi. Yozuvchi o‘z his-tuyg‘ularini kitobxondan yashirmaydi, aksincha unga yuqtirishga intiladi. Menimcha shu sabab badiiy asar qahramonlari xuddi tirik odamlarday, yaqin insonlariday kitobxonni bezovta qiladi, o‘ylantiradi. Asardagi tasvir o‘zimiz kabi insonlar haqida, hayot tashvishlari haqida bo‘lgani uchun ham kitobxonga qadrli, uning tuyg‘ulariga o‘z ta’sirini o‘tkaza oladi. Balki, inson tafakkuridagi evrilishlar, istiroblar o‘quvchi qalbini larzaga solsa ajab emas.
Bugungi globallashuv jarayonida adabiyotdan uzoqlashish, yoshlarni bunga qiziqtirish borasida ham jiddiy amaliy ishlar olib borilmoqda, ammo Vatan oiladan, ostonadan boshlangani kabi adabiyotga mehrni oilada berish kerak. Adabiyotni yoshlarning ongiga singdirish, kitobxonlik va mutolaa madaniyatini rivojlantirish borasida ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda, tanlovlar o‘tkazilmoqda, albatta, bu harakatlar o‘zining natijasini ko‘rsatadi deb umid qilamiz. Ijodkorlarimiz o‘zlarining ko‘nglidan kechgan tuyg‘ularni hamma zamonlarda ham aytishga hayiqishgan. Ijtimoiy-siyosiy muhit bilan hisoblashishga harakat qilishgan. Xususan, istiqlol sharofati tufayli yurtimiz tarixida yangi davr boshlandi. Xalqimiz hayotining hamma jabhalarida, jumladan, adabiyotimiz tarixida ham buyuk o‘zgarishlar, burilishlar sodir bo‘ladi. Bu davrga kelib adabiyotimizdagi eng katta yutuq va yangilik shu bo‘ldiki, ushbu davrda yozuvchilarimiz sotsialistik realizim va kommunistik mafkura ta’siridan xalos bo‘lib, tom ma’noda so‘z erkinligi, matbuot erkinligiga erishganlari juda quvonarlidir. Adabiyotimizda ham demokratiya va oshkoralik kuchaydi. Hayotmizning hamma sohalarini yoritishda adabiyotimiz ilgarigi noto‘g‘ri mezonlaridan butunlay qutuldi va o‘tgan qisqa vaqt ichida nafaqat o‘zbek kitobxonlari, balki dunyo adabiyoti ixlosmandlari qalbini junbushga keltirgan nodir asarlar yuzaga keldi.
Yosh avlodning ma’naviy barkamolligiga o‘zining ulkan hissasini qo‘shgan ijodkorlardan biri O‘zbekiston Qahramoni Erkin Vohidov hisoblanadi. Adabiyotga o‘tgan asrning 60-yillaridan boshlab kirib kelgan ijodkor o‘zining sermahsul ijodi bilan o‘z muxlislarini topdi. Ijodkorning ijodidagi yuksalish istiqlol yillarida yanada balandroq ko‘tarildi. Bu davrda yaratilgan asarlari zamonaviy o‘zbek adabiyoti tarixida yaratilgan durdona ijod namunalari qatoridan joy olgan. Biror asarni zamonga bog‘lab tahlil etish ancha murakkab masala bo‘lib, agar asar o‘zi tahlil etilayotgan davrda yaratilgan bo‘lsa, yana ham mushkul ishdir. Shunday ekan mustaqillik davri adabiyoti haqida gapirish g‘oyatda mas’uliyatli masaladir. Istiqlol davriga kelib o‘zbek adabiyoti yuksak pog‘onaga ko‘tarildi. Yaratilgan asarlarda dunyoni tushinish va tushintirish, inson psixologiyasi o‘z haq- huquqlarini anglash, o‘zlikni anglash, xalq ongini ochish, saviyasini o‘stirishga intilish adabiy jihatdan yangilanish bosqichiga ko‘tarildi. Endilikda inson adabiyotda mohiyatini qaytadan kashf etdi.
Insoniyat adabiyotning bosh qadriyatiga aylanib bordi. Yozuvchilar insonlarni boricha qanday bo‘lsa shundayligicha tasvirlashga intildilar. Inson qanday bo‘lsa, shundayligicha ulug‘lanadi. O‘rni kelganida xatolari, noto‘g‘ri amallari uchun kamsitiladi ham. Inson qanchalik ko‘klarga ko‘tarib ulug‘lanmasin, o‘z hatti-harakatlariga, hatto hayolidan o‘tayotgan o‘y-fikrlariga ham javob beradigan zot sifatida tasvirlana boshladi. Istiqlol adabiyoti mavzu jihatdan ham, shakl nuqtai nazaridan ham rang-baranglikka erishdi. Bir vaqtlardagi taqiqlar yo‘qotildi. Shakl ham ahamiyatini yo‘qotdi – qisqa hajmli romanlar ham yaratildi. Mustaqillik davri adabiyotinig yana bir muhim xususiyati shundaki, bu vaqtga kelib o‘zbek adabiyoti jahon adabiyoti an’analari bilan chog‘ishtirila boshlandi. Yangi metodlar va oqimlar kirib kela boshladiki, bularning barchasi turfa ohangdagi badiiy asarlarning yuksalishiga zamin hozirladi.
Istiqlol davri adabiyoti haqida Ozod Sharaffiddinov shunday fikrlarni bildiradi: “Avvalo, aytmoq kerakki, istiqlol adabiyoti xronologik tushuncha emas. Soddaroq qilib aytsak, istiqlol adabiyoti deganda biz faqat 1991- yildan keyin yaratilgan asarlarnigina tushunmasligimiz kerak. Istiqlol adabiyoti Cho‘lponlar, Fitratlar ijodidan boshlangandek, u so‘nggi o‘n yillikda ham shakillanishda davom etdi. Tabiiyki, bundan keyingi o‘n yilliklarda ham takomilda davom etadi. “Birinchi navbatda ijod uchun erkin sharoit yaratilganini alohida ta’kidlash kerak. Hayotni aks ettirishga odamlar xarakterini yaratishga erkin munosabat yangi adabiyotning muhim belgisidir, adabiyotdagi yangilanish jarayonlari haqida to‘xtalganda esa, albatta, mazkur san’at sohasining o‘ziga xos xususiyatlarini nazarda tutib mulohaza yuritmoq zarur. Masalan: gulzordagi gullarni bugun sug‘orsangiz, ertasiga ertalaboq yashnab, yayrab ketadi, uning yashilligi quyuqlashadi tanasi baquvvat tortadi, g‘unchalaydi, xullas, dabdurustdan yangilanadi. Adabiyotdagi yangilanish jarayoni esa asta-sekin kechadi”46.
Bilamizki, ijodkor ahli erkinlikni sevadi, erkin tuyg‘ular, erkin fikrlar, erkin ovoz, erkin adabiy muhitning tasiri katta. Erkin fikr yuritish, va uni boricha ifodalash hamma davrlarda ham oson bo‘lmagan, buning isboti sifatida qatag‘on qurboni bo‘lgan jadid bobolarimizni misol tariqasida keltirishimiz mumkin. Istiqlol adabiyoti ijod ahliga bir vaqtlar mushkul masala bo‘lgan erkinlikni berdi. Hayotni aks ettirishda, asardagi inson psixologiyasini tasvirlashda, davr muammolarini yoritishda erkin munosabat yangi adabiyotning muhim xususiyatlaridan hisoblanadi. Adabiyotning yangilanish jarayoni ham bu narsaga bog‘liq albatta. Erkin fikrlar, erkin xulosalar natijasida turfa mavzulardagi ijod namunalari paydo bo‘ladi va adabiyot qolipga tushib qolmaydi. U yangilanishda davom etadi. O‘z navbatida bu jarayon sekinlik bilan bosqichma bosqich amalga oshadi.
Taniqli shoirimiz Erkin Vohidovning adabiyot haqidagi mulohazalari bilan o‘rtoqlashib, fikrlarimizni davom ettirsak: “Adabiyot sohasiga kirgan har qanday odamda shaxsiy manfaatdan ko‘ra ijtimoiy manfaat kuchliroq bo‘lishi lozim. U har qanday hujumlarga, ginalarga, ta’na toshlariga bardosh bergan holda, yuragidagi o‘ylarni baralla aytish darkor”! Sehr darajasidagi yuksak san’at bo‘lmagan joyda qolgan hammasi behuda kuchanish quruq gap. San’atda umuman ishlik nisbiy tushunchadir. San’atning, adabiyotning, she’riyatning katta- kichikka talabi bitta. Qalblarni zabt etish! Zabt etilgan qalblarga esa ezguluk urug‘ini sochish! Bizga mukofot o‘sha urug‘larning mingdan biri bergan hosilni ko‘rish, xolos”47.
Darhaqiqat, badiiy adabiyotning o‘rni juda kuchli. Insonni ma’naviy kamol topishida ham, uning tafakkuri va dunyoqarashini shakllanishida ham, uning o‘rni beqiyos ekanligi qayd etiladi. Milllionlab qalblarga ezgulik urug‘ini olib kirishga harakat qiladi.
“Men adabiyotdagi har qanday izlanishni qo‘llab quvvatlayman. Ammo sharq mumtoz adabiyotidan uzoqlashib ketayotganimiz meni juda tashvishga soldi. Biz ularning ko‘pidan bebahra qolayotganga o‘xshaymiz. Bu muqaddas javohirotni, sal nariga borib, hech kim bilmay, undan bahramand bo‘lmay qoladimi, deb qo‘rqaman. Chuqur insoniy falsafa, abadiyatga dahildor bo‘lgan badiiyat, san’atkorlik sirlarini aynan shulardan o‘rganish lozim. Kishilar o‘rtasidagi beqadrlikka qarshi insoniy mehr masalasi birinchi o‘ringa chiqayotgan bir paytda, ularni o‘qib, yurakka hayotbaxsh nur olish juda zarur”.48
Ijodkorning “San’atning, adabiyotning sharti – barkamollik va mukammallikdir”, - degan qarashlariga to‘xtalsak, san’atimiz adabiyotimiz uchun albatta mukammallik juda muhim, adabiyot mukammal asarlar bilan boyib borsa, shundagina unda yuksalish bo‘ladi. Mukammallik nafaqat adabiyot uchun muhim, balki, barcha sohalarda, jabhalarda, har qanday ishda kerak. Shoirning tafakkur dunyosi, uning kengligi, fikrining tiniqligiga tahsinlar aytmasdan iloj yo‘q.
Bu haqida so‘z yuritgan adabiyotshunos Hotam Umurov shunday yozadi: ”Yurak dard-alam bilan to‘lib, jabr-jafo chekkan, azob-uqubat tortgan paytida alamdiyda shoirning qalbidan ”uchqun” chiqadi, Nur tug‘iladi. Bu ”uchqun” va nur o‘qiganlarning qalbidagi hislarni, tuyg‘ularni titratadi, jo‘shtiradi”.49
Insonni adabiyotni anglash nafaqat murakkab, balki uning dunyosiga hamohang hayotni, turfa olamlarni badiiy talqin etganligi uchun ham, uning talqinlari inson qalbini larzaga solsa ajab emas. Balkim, shuning uchun ham adabiyot, uning badiiy funksiyalari haqida so‘z yuritilganda, adabiyot bu ”mardlar maydoni” hisoblanishida ham haqiqat mavjudmi, - degan xulosaga kelasiz. Adabiyotning toshi og‘ir ekanligi, ustozlar tomonidan alohida qayd etilganligida ham asoslar mavjud. Adabiyotning kuchi atomdan ham kuchli ekanligi alohida qayd etilganligida asoslar mavjud.
Erkin Vohidovning bu haqidagi qarashlari, bizning tushunchalarni ma’lum darajada asoslaydi: “Adabiyot – yuvvosh-ma’qul odamlarning maydoni emas. Faqirona ko‘nikuvchanlik o‘z tinchini o‘ylash iste’dodni halok etuvchi omillardir. Dunyoga tinchlik – adabiyotga jang kerak. Adabiyot bahs bilan tirik. Ammo biz ko‘p hollarda halol ochiq-oydin tanqidiy gaplarga tayyor emasligimizni ko‘rsatib qo‘yamiz. Bizni tanqid qilgan yoki biz bilan bahs qilgan odamni dushman deb bilamiz. Qasdimizni olish payiga tushamiz. Biz o‘z muhitimizda do‘stona tanqid ruhini yaratib, millionlab o‘quvchilarimiz qalbida shu ruhni, mardlik, tantilik, hayiqmaslik ruhini tarbiyalashimiz kerak”.50
Xullas, adabiyotning badiiy funksiyasi haqida turfa xil qarashlar maydonga kelgan bo‘lsa-da, inson ma’naviyatiga, uning botiniy-ruhiy olamiga sezilarli ta’sir qiladiki, bu esa uning asrlardan beri shakllanish, taraqqiy etishidan dalolat beradi. Adabiyotning turfa xil sarhadlardan o‘tishida ham uning tarkibida insoniyat, insoniylik, ezgulik mujassamlashganidan dalolat berishi asoslandi.
Erkin Vohidov turli davr kishilarni ko‘rsa-da, badiiy adabiyotning istiqlol yillaridagi o‘zgarishlariga, taraqqiyotiga, tasvir usullariga ham jiddiy nazar soldiki, bu davr adabiyoti erkin adabiyot ekanligini alohida qayd qilganligi ko‘rsatib berildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |