Qarsildoq qo’ng’izlar (simqurtlar). O’rta Osiyoda g’allagullilarga bir necha turdagi sim-qurtlar ziyon yetkazadi, ammo sezilarli ziyon yetkazadiganlari quyidagilar: uzun mo’ylovli qarsildoq qo’ng’iz (CloncerambycinusSem.) va lalmi ekin qarsildoq qo’ng’izi (AgriotesnadariBuyss.). Qarsildoq qo’ng’izlar yetuk zot hamda lichinka shaklida qishlaydilar. Odatda martning birinchi yarmidan yer yuziga asosan erkak qo’ng’izlar chiqa boshlaydi. Urg’ochilari esa yerning ustki qabatida yashaydi va axyon-axyonda tashqariga chiqadi. Qo’shimcha oziqlangan qo’ng’izlar urchib tuproqqa tuxum qo’yadi. Bir urg’ochi zot 70 ta gacha tuxum qo’yishi mumkin. Shundan so’ng qo’ng’izlar o’lib ketadi. Tuxumlar uzoq vaqt rivojlanib 30-40 kun ichida ulardan lichinkalar chiqadi. Dastlab ular turli xil chirindilar bilan oziqlanib o’simlik shikastlanmaydi. Lekin po’st tashlab yoshdan-yoshga o’tib ulg’aygan sari o’simlik ildizi va ildiz orqali poya ichiga kirib zararlay boshlaydi. Har ikkala xil qarsildoq qo’ng’izining lichinkalari erta ko’klamda, O’rta Osiyo sharoitida fevral oxirlaridan aprelgacha bo’lgan muddat ichida g’alla ekinlariga zarar yetkazadi. Bahordagi yog’ingarchilik to’xtashi bilan lichinkalar tuproqning chuqurroq qavatiga qochadi va kuzgacha ularning zarari deyarlik sezilmaydi. Lichinkalar taxminan uch yil oziqlanadi va kuzga borib tuproqning ustki qatlamida g’umbakka aylanib qo’ng’iz paydo bo’ladi. Bu qo’ng’izlar tashqariga chiqmay qishki uyquga ketadi. Qarsildoq qo’ng’izlarning asosan lichinkalari shikastlaydi. Simqurt ko’plab rivojlangan dalalarda g’allagulli o’simliklar qo’riy boshlaydi. Bunga sabab o’simlik nihollarining ildiz qismi va poya o’zagining shikastlanishi-da. Xabarlarga ko’ra, 1928 yili Qamashi tumanining cho’l qismida bu Hasharot zararidan 70% gacha lalmikor g’alla ekinlari qurib qolgan. Mualliflar nazorati bo’yicha Zoamin tuman xo’jaliklarida 1985 yili har m2 bug’doyzorda 2-4 ta qarsildoq qo’ng’izi aniqlanib 8-12% o’simliklar shikastlangan edi. Umuman, simqurt shikastlashi evaziga o’simlik ko’chat soni kamayib har gektar yerdan olinadigan hosil miqdori 1-5 s ga kamayishi mumkin. G’alla ekinlarida simqurtlarga qarshi kimyoviy kurash, ekish oldidan, agar har m2 yerda 5-10 ta lichinka topilsa o’tkaziladi.
Pashshalar. Turli g’alla ekinlariga bir qator pashshalar (Diptera) turkumiga mansub hasharotlar zarar yetkazishi mumkin. Bular qatoriga gallisalar (Cecidomyidae) oilasiga mansub: gessen pashshasi (MayetioladestryctorSay) va tariq pashshasini (StenodiplosispaniciRohd.) hamda g’allagullilarning pashshalari: shved pashshasi – OsinosomefritL. va meromiza pashshasini – Meromyzanig riventrisMeg. kiritsa bo’ladi. Shved pashshasi bug’doy, suli, arpa, makkajo’xo-ri va g’allagulli begona o’tlarni poyasini shikastlaydi. Bunda, lichinkalar tuplanish bo’g’imiga tegmay bosh poyani shikastlaydi. Buning natijasida u o’sishdan to’xtab sarg’ayib quriydi va yon-ikkilamchi boshoq chiqarmaydigan yoki kam hosil beradigan poyalar ko’payib ketadi. Bunday holat zararlanishdan 8-16 kun keyin namoyon bo’ladi. Oziqa yetish-masligidan o’simlik butunlay quriydi. Pashsha lichinkalari yon shoxlarni ham shikastlashi mumkin. Bunda zarar nisbatan oz bo’ladi.