Yaylovlarni yuza yaxshilash.
O’tzorni parvarish qilishdan maqsad hosildorlikni orttirish va olinadigan ozuqa sifatini yaxshilashdir. Yaylov va pichanzorlarni parvarishlash tadbirlariga begona o’tlarga qarshi kurash, havo rejimini yaxshilash, o’tzorni yashartirish va olasiga ekish kabilar kiradi.
Begona o’tlarga qarshi kurash. Yaylov va pichanzorlarda hayvonlar yemaydigan va kam hosilli o’simliklar begona o’t hisoblanadi. Ular o’tzordan ozuqabop o’simliklarni siqib chiqaradi va hosil sifatini pasaytiradi.
Qirg’izistonlik olimlarning ma’lumotiga ko’ra, baland tog’li yaylovlarda begona o’tlar hisobiga 1,2-1,7 t/ga quruq ozuqa hosili yo’qotiladi.
Yaylov va pichanzorlarda begona o’tlarga qarshi kurashilmasa, o’tzorni tezda egallaydi. Chunki ular urug’lar yordamida va vegetativ yo’l bilan juda tez ko’payish xususiyatiga egA*. Bunday o’simliklar bilan kurash oldini olish yoki yo’qotish usullari bilan olib boriladi. Bu usullar o’z tarkibiga o’tlarni o’z vaqtida o’rish, o’tloqda hayvonlarni to’g’ri boqish, tuproq suv rejimini yaxshilash va gerbisidlar bilan ishlashni oladi. Begona o’tlarga qarshi kurashda yaylovlarda hayvon boqishni to’g’ri tashkil etish muhim o’rin egallaydi. Mollarni mol qo’ralarda (zagon tizimida) boqish va hayvonlar yemasdan qoldirgan o’tlarni o’rib tashlash va o’z vaqtida o’tzorni o’g’itlab turish begona o’tlarning o’tzordan butunlay yo’qolishiga olib keladi va ular o’rnini ozuqaligi yuqori o’tlar egallaydi.
Dag’al poyali begona o’tlar (otquloq va boshqa)ni o’tzordan yo’qotish uchun mexanik usulda turli yo’llar bilan kurashish mumkin.
Tanlab ta’sir etuvchi gerbisidlar yordamida kimyoviy usul bilan begona o’tlarga qarshi kurash samarali hisoblanadi. Ular ozuqabop o’simliklarga qariyb ta’sir etmaydi. Yaylovlar uchun eng samarali va ko’p qo’llaniladigan gerbisid 2,4-D butil efiri sanaladi. U yaylovlarning begona o’tlarini yo’qotish uchun gektariga 2-3 kilogramm hisobida qo’llaniladi.
Ammo o’tzordagi begona o’tlar ta’sirchanligini e’tiborga olib 0,5-4 kilogrammgacha me’yorda qo’llash mumkin. Shuningdek, tordon 101 (pikloram) 2,4-3,4 kilogramm hisobida va begona o’simliklar yoppasiga bosgan maydonlarda - reglon 3-4 kilogramm qo’llab, so’ng olasiga ekish tavsiya etiladi.
Begona o’tlar bilan ifloslangan yaylovlardagi o’simliklar botanik tarkibini yaxshilash va ozuqabop o’tlar hosilini ko’paytirish uchun har doim begona o’tlarni yo’qotish talab etilmaydi, ularning rivojlanishini gerbisidlar yordamida to’xtatib, ozuqabop o’simliklarning yaxshiroq o’sishi uchun sharoit yaratib berish yetarli hisoblanadi. Bunda ozuqabop o’tlar tez o’sib, begona o’tlar 5-7 yil davomida yaylovlardagi o’tlarga salbiy ta’sir ko’rsata olmaydi.
Odatda, gerbisidlar begona o’t rivojlanishining dastlabki davrlarida 3-4 barg va poya chiqarish fazalarida juda yaxshi ta’sir etadi, yuqori samara beradi.
Gerbisidlar bilan ishlash samaradorligini oshirishning yana bir usuli o’g’it solish bilan kimyoviy ishlov berishni qo’shib olib borishdir. Bunda ikki pallali o’simliklarning ko’pchilik qismi o’ladi va g’allasimon ozuqabop o’tlarning rivojlanishi tezlashadi. Gerbisidlar bilan ishlov berish traktor purkagichlar va aviasiya bilan o’tkazilishi mumkin. Qiyalik maydonlarga aviasiya yordamida gektariga 50-100 litr eritma sepiladi, tekis maydonlar traktor purkagichlar bilan ishlanib, gektariga 100-200 litr eritma purkaladi. Traktor purkagichlar bilan sepish yaxshiroq samara beradi. Bu ishlar shamol bo’lmay turgan vaqtda yoki uning tezligi sekundiga 4-5 metr bo’lgan quyoshli kunda o’tkaziladi. Purkash ishlari ertalab quyosh chiqa boshlagandan kunduz soat 10-11 gacha va tushdan keyin soat 16-17 dan quyosh botgunga qadar o’tkazilishi kerak.
O’tkazilgan tajribalarning ma’lumotlariga ko’ra, begona o’tlar yo’qotilgandan keyin o’tloqda ozuqabop o’tlar salmog’i 10-30 foizdan 80-100 foizga, hosildorlik subalp va alp yaylovlarida 0,4-1,2 tonnadan 1,2-3,0 tonnaga ortgan. Yaylovlardagi o’tlarning yeyiluvchanligi 25-30 foizdan 60-80 foizga ko’payib, ozuqa tarkibidagi protein, fosfor, karotin va askorbin kislotalar miqdori ortgan.
Gerbisidlar qo’llanilgandan keyin 50-60 kun o’tgach, yaylovda hayvon boqish mumkin, ammo ishlangan yilda hayvon boqmaslik ma’qul hisoblanadi, bunda o’lgan begona o’tlar o’rnida ozuqabop o’tlarning yaxshi o’sib olishi uchun sharoit yaratiladi.
Begona o’tlardan tozalangan yaylovlardan oqilona foydalanish o’tlarning uzoq muddat (6-8 yil) yaxshi holatda bo’lishini ta’minlovchi asosiy sharoitlardan hisoblanadi.
Gerbisidlar bilan ishlanganda, xavfsizlik chora-tadbirlariga to’la rioya etish talab etiladi.
Yaylovlarda begona o’tlarga qarshi kurashda kimyoviy usuldan boshqa ular urug’langunga qadar o’rib yuborish yaxshi samara beradi. Shuning uchun yaylovlardan 3-4 yil pichan o’rish uchun foydalanish yoki pichanzor-yaylov tizimiga o’tkazish o’tzorda begona o’simliklarni ancha kamaytiradi.
Begona o’tlarni yoqib yuborish ko’pincha zarar keltiradi. Odatda, bunday o’simliklar va Bo’talar yoqib yuborilgandan keyin yana o’saveradi, ozuqabop o’tlar, ayniqsa g’allasimonlar esa o’smaydi yoki o’ladi. Shuning uchun o’tlarni yoqib yuborishni hamma joyda taqiqlash kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |