Mavzuni mustahkamlash uchun savollar:
1. O‘zbekistonning jahon hamjamiyatida faol ishtirokini gapirib bering.
2. O‘zbekiston BMTga qachon a’zo bo‘lgan?
3. BMT tashkilotining asosiy vazifalariga nimalar kiradi?
4. Bugunda BMTga a’zo davlatlarga misol keltiring.
5. BMT tarkibida yana qanday uyushmalar faoliyat yuritadi?
6. Bugunda BMT ning jahon miqyosidagi faoliyatini izohlang.
3-mavzu: O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan
hamkorligini rivojlantirish shart-sharoitlari
Reja:
1. Markaziy Osiyo mamlakatlarining mintaqaviy iqtisodiy xavfsizligini va
hamkorligini mustahkamlash, mavjud transmilliy xavflarni bartaraf etish chora-
tadbirlarini ishlab chiqilishi.
2. Markaziy Osiyo mamlakatlarining iqtisodiy rivojlanish muammolarini va
iqtisodiy integratsiya masalalarini xal etish usullari.
3. Markaziy Osiyo mamlakatlari tomonidan savdoni tartibga solishning tarifli
va notarif choralarini qo‘llashning yagona qoidalarini ishlab chiqilishi.
Tayanch tushunchalar:
Markaziy Osiyo; MOH tashkiloti; «Volgograd-Astraxan-Atirau-
Baynau-Qo‘ng‘irot» va «Oqtov-Baynau-Qo‘ng‘irot» avtomobil yo‘llari;
axborot texnologiyalari; qurilish materiallari ishlab chiqarish; qishloq
xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash; to‘qimachilik; hukumatlararo
qo‘shma komissiya;
Hozirgi vaqtda Markaziy Osiyo mintaqasida rejali iqtisodiyotdan bozor
iqtisodiyotiga o‘tish yo‘lida tub ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar amalga oshirilmoqda.
Mintaqa mamlakatlarida olib borilayotgan islohotlar prinsipial jihatdan yangi
natijalar berdi. Boshqaruvning ma'muriy-buyruqbozlik tizimi asosan buzib
tashlandi, bozor mexanizmlari ishga tushdi, moliya-pul tizimlari shakllantirildi va
rivojlanmoqda, o‘z milliy valyutalar joriy etildi, mulkchilik munosabatlari tubdan
o‘zgartirilmoqda, xususiylashtirish keng ko‘lamda olib borilmoqda. Umuman
olganda ijtimoiy va siyosiy barqarorlik saqlanib qolmoqda. Respublikalarning
tashqi iqtisodiy faolligi kengaymoqda, savdo hajmi o‘smoqda va xorijiy davlatlar
bilan hamkorlik qilish yo‘nalishi rivojlangan mamlakatlarga qaratilgan holda
o‘zgarmoqda.
Markaziy Osiyo mintaqasi milliy bozorlarning tarqoqligi va torligi, tashqi
iqtisodiy siyosatning kelishilmaganligi, moliyaviy va texnologik resurslarning
cheklanganligi sharoitida bugungi kunda xorijiy raqobatchilarning bosimiga
qarshi turishga va ichki bozorni himoya qilishga qodir emas. Bunday sharoitlarda
Markaziy Osiyo davlatlarining mintaqaviy iqtisodiy hamkorligiga muqobil yo‘q.
Boz ustiga ushbu respublikalar iqtisodiy salohiyat darajasiga va ijtimoiy
muammolar hal etilishi darajasiga ko‘ra bir-biridan ancha farqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti I.A. Karimov integratsiya
haqida gapirar ekan, manfaatlar birikuvining xilma-xil mexanizmlari va shakllari
hamda integratsiya turlari mavjudligiga asoslanadi. “Biz integratsiya jarayonlari
va bozor islohotlarini rivojlantirishga, Markaziy Osiyo mintaqasida umumiy
bozorni shakllantirishga alohida ahamiyat beramiz. Faqat o‘zining tor milliy
qobig‘ida qolib ketmagan bozorgina xorijiy investitsiyalarning katta oqimini jalb
qilib, mintaqa mamlakatlarining barqaror rivojlanishi va farovonligini ta'minlay
oladi”.
MOH tashkilotining faoliyati quyidagi asosiy maqsad va vazifalarni hal
qilishga qaratilgan:
- mintaqaviy xavfsizlik, barqarorlik va tinchlikni saqlash bo‘yicha
hamkorlikdagi faoliyat rejasini ishlab chiqish;
- mintaqa davlatlarining iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ilmiy-texnik, axborot,
insonparvarlik, ekologiya sohaslaridagi hamkorlikning oldingi tajribalarini
takomillashtirish orqali ushbu sohalardagi amaliy masalalarni hal qilish;
- investitsiya va innovatsiya faolligini qo‘llab-quvvatlash, real iqtisodiy
talablariga javob beruvchi barqaror bank tizimini yaratish bo‘yicha tadbirlarni
qo‘llash;
- raqobatbardoshlik soha va ishlab chiqarishlarni tashkil etish;
- tabiiy va mineral resurslardan birgalikda, samarali foydalanish, jumladan,
chegaralardagi suv-energetika salohiyatidan foydalanish mexanizmlarini
takomillashtirish;
- atrof-muhitni himoya qilish sohasida hamkorlikni rivojlantirish va ekologiya
yo‘nalishidagi hamkorlikdagi dasturlar ishlab chiqish;
- transport, kommunikatsiya, tarif siyosati sohalarida hamkorlikni
muvofiqlashtirish;
- chegara-bojxona nazorati sohasida kelishilgan siyosat olib borish.
Biroq yagona iqtisodiy makonni shakllantirish sust va katta qiyinchiliklar
bilan amalga oshirilmoqda. Yagona iqtisodiy makon to‘g‘risidagi shartnomada
oldinga qo‘yilgan asosiy maqsadlarga hali erishilmaganligini, davlatlar bojxona
va soliq siyosatida, valyuta konvertatsiyasida, dempingga qarshi choralarda
kelishuvga erishmaganlarini afsus bilan qayd etishga to‘g‘ri keladi. Energiya
manbalarini va xom ashyo resurslarini eksport qilishda hamda sanoatning
raqobatbardoshligini oshirishda jamoaviy manfaatlarni himoya qilishga doir
konsepsiya va birgalikdagi xatti-harakatlar dasturi ishlab chiqilmagan.
Mintaqaning suv, energetika, gaz, transport komplekslaridan o‘zaro foydali
foydalanish sohalarida jiddiy hal etilmagan muammolar saqlanib qolmoqda. Bir
qancha tarmoq integratsiya muammolari to‘liq hajmda amalga oshirilmagan.
Keyingi vaqtlarda amalga oshirilishi ko‘p mablag‘ni talab etmaydigan madaniy,
ilmiy aloqalar qisqarmoqda. Iqtisodiyotlarni isloh qilish, ularning tarkibiy qayta
tuzilishi yo‘nalishlari va dinamikasida zarur muvofiqlashtirish ishlari mavjud
emas. Ilgari imzolangan bir qancha bitimlarning shartlari to‘liq hajmda
bajarilmayapti.
Kelishilmagan eksport siyosati (narxlar va tashqi chegara tariflari bo‘yicha),
uchinchi mamlakatlar bozorlaridan eksport qilinadigan mahsulotlarning ayrim
guruhlari bo‘yicha qatnashchi davlatlarning asossiz ravishda raqobatlashishiga
olib kelmoqda. Iqtisodiyotni isloh qilish tezligining turlichaligi, boshqa
qatnashchi davlatlarning manfaatlarini kamsituvchi bir tomonlama qarorlar qabul
qilinishi integratsiya jarayonini to‘xtatib qo‘ymoqda. Masalan, Qirg‘iziston o‘z
suv-energetika
resurslaridan
“cheklovchi-taqiqlovchi”
chora
sifatida
foydalanmoqda. Ushbu mamlakatning tashqi savdoni tartibga solish bo‘yicha o‘z
nuqtai nazarini MOH qatnashchilari bo‘lgan davlatlar bilan oldindan
kelishmasdan Butunjahon savdo tashkilotiga kirishi ham ijobiy rol o‘ynamadi. Bu
jiddiy salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin, chunki jahon moliyaviy tangligi
MDHning barcha mamlakatlariga kuchli ta'sir ko‘rsatdi va MOHga a'zo bo‘lgan
davlatlarda murakkab vaziyatni vujudga keltirdi. Bunday sharoitlarda ko‘p
tomonlama asosda kelishilgan umumiy sa'y-harakatlar ayniqsa, tanglik
oqibatlarini bartaraf etish uchun har qachongidagidan muhimdir. Iqtisodiy,
byudjet, fond, to‘lov, valyuta va texnologik tangliklardan yakkalanib va mustaqil
chiqishga qaratilgan har qanday urinish eng uzoq davom etadigan yo‘lni tanlashni
anglatadi va barbod bo‘lishga mahkum etilgandir.
Hukumatlar eksport va importga ma'muriy to‘siqlarni bekor qilib, bojxona
bojlarini olib tashlab hamda savdo operatsiyalariga xizmat qiluvchi moliyaviy-
bozor infratuzilmasini rivojlantirishga har tomonlama ko‘maklashib va qo‘llab-
quvvatlab, shuningdek, narxlarni ma'muriy nazoratdan to‘liq ozod etib
tovarlarning davlatlar bozorida erkin harakat qilishini ta'minlashi kerak.
Amalda so‘z Markaziy Osiyo doirasida erkin savdo zonasi tashkil etish
to‘g‘risida bormoqda. Ishlaydigan umumiy bozor qaror topishining eng muhim
sharti – Markaziy Osiyoning barcha davlatlarida ulgurji va chakana savdo tizimini
xususiylashtirishdir. Mintaqalarning barcha mamlakatlari o‘rtasida tovarlar erkin
aylanishini ta'minlash uchun to‘lovlarning o‘tishi muammosini qisqa muddatlarda
hal etish zarur.
Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib
berish bo‘yicha vujudga kelgan xo‘jalik aloqalarini saqlab qolish muhimdir.
Respublikalararo agrobirjaning mo‘tadil faoliyat ko‘rsatishini tiklash lozim.
Istiqbolda, balki Markaziy Osiyo mamlakatlarining qishloq xo‘jaligi mahsulotlari
yetishtirishga ixtisoslashuvi saqlanib qoladi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining
harakati erkin bo‘lishi hamda ularga bojxona bojlari solinmasligi kerak.
Mintaqa mamlakatlarining o‘zaro va tashqi olam bilan iqtisodiy aloqalarini
tahlil qilish orqali mintaqaviy integratsiya rivojlanishi tendensiyasi manzarasiga
ega bo‘lish mumkin.
Markaziy Osiyo hamdo‘stligining kelajagiga ishonch bilan qarash uchun
hamma asoslar mavjud. Zero huquqiy va tashkiliy shart-sharoitlar yaratilgan,
davlatlararo kengash tuzilgan, hamdo‘stlik dasturlarini ro‘yobga chiqarish
bo‘yicha ijroiya qo‘mita, Markaziy Osiyo hamkorlik va taraqqiyot banki tashkil
etilgan. Qatnashuvchi davlatlar iqtisodiy integratsiyasining 2010-yilgacha
mo‘ljallangan, 53 ta muayyan loyihani o‘z ichiga oladigan dasturi ishlab chiqildi,
yagona iqtisodiy makonni vujudga keltirishga asos solinmoqda.
Biz o‘zimizning tashqi mudofaa siyosatlarimizni uyg‘unlashtirishga ham
bevosita yaqinlashdik. Yagona iqtisodiy makon tashkil etish to‘g‘risidagi
shartnomada qatnashuvchi mamlakatlar Mudofaa vazirlari kengashining nizomi
tasdiqlandi. Markaziy Osiyo davlatlari hamdo‘stligining tashkil etilishi aslo
ularning boshqa davlatlardan ajralib qolishini bildirmaydi. Biz uni MDH
doirasidagi integratsiya jarayonlariga ham qarshi qo‘ymaymiz.
Markaziy Osiyo davlatlari, garchi, ijtimoiy-siyosiy, etnik va madaniy jihatdan
xilma-xil bo‘lsada, birgalikda kuch-g‘ayrat sarflab, xavfsizlikka tashqaridan
tug‘ilayotgan tahdidlarga qarshi turish, butun mintaqani barqaror rivojlantirish
uchun qulay muhit yaratadi, amalda bu mintaqani xavfsizlik va barqarorlik
mintaqasi sifatida shakllantiradi. Shu tariqa bu mintaqa davlatlari butun dunyo
ko‘lamida tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashga munosib hissa qo‘shadi.
Mintaqaning Qozog‘iston va O‘zbekiston kabi yirikroq mamlakatlari uchun
mintaqadan tashqaridagi mamlakatlar yetakchi tashqi iqtisodiy sheriklarga
aylanayotganligi xosdir. Ushbu tendensiya Turkmaniston uchun ham xosdir.
Mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi tashqi savdo hajmi umumiy aylanmaning 10
foizidan ortmaydi, bu iqtisodiy integratsiyani kuchaytirish uchun juda kam
ko‘rsatkichdir. Masalan, Qirg‘izistonning tashqi savdosida Tojikistonning ulushi
1-2 % atrofida. Ushbu ma'lumotlar mintaqada integratsiya tendensiyalarining
o‘ziga xosligini ko‘rsatadi. Integratsiya tendensiyalari mintaqadan tashqaridagi
bozorlarga yorib kirishga qaratilgan intilishlar orqali ancha susaymoqda.
Davlatlarning xo‘jaliklararo aloqalari kengayishiga qaratilgan chora-tadbirlarning
yaxlit bir tizimini qabul qilish va amalga oshirish zarur. Birinchi navbatda
Markaziy Osiyo mamlakatlarida iqtisodiy islohotlarni muvofiqlashtirish
yuzasidan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish zarur. Bu xo‘jalik
qonunchiligini birxillashtirishni, yagona bojxona, soliq siyosatiga bosqichma-
bosqich o‘tish uchun shart-sharoitlar yaratishni, kapital va ish kuchi harakatini
soddalashtirishni o‘z ichiga oladi.
Hozirgi vaqtda mintaqaviy faoliyatda O‘zbekistonning roli tobora salmoqli
bo‘lib bormoqda. Bu bir necha sabablar bilan izohlanadi:
- O‘zbekiston mustaqil xomashyo va energetika bazasiga, shuningdek katta
inson resurslariga va nisbatan sig‘imli iste'mol bozoriga ega;
- Respublikaning geografik joylashuvi Markaziy Osiyoning qolgan to‘rtta
respublikasi bilan umumiy chegara mavjudligi asosida xarakterlanadi. Harbiy-
siyosiy jihatdan O‘zbekiston hududi: mintaqaning strategik jihatdan muhim
uchastkasidir.
2017-yilda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan
O‘zbekistonning qo‘shni davlatlar bilan munosabatida yangi davr boshlandi.
Shu yilning o‘zida Qozog‘iston, Turkmaniston va Qirg‘iziston davlatlariga
O‘zbekiston Prezidentining rasmiy tashriflari amalga oshirildi. 2018-yil mart
oyida esa Tojikistonda oliy darajadagi uchrashuv amalga oshirildi. Bundan
tashqari, 2017-yil Samarqandda BMT homiyligida “Markaziy Osiyo: yagona
tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yo‘lidagi hamkorlik”
mavzusida anjuman bo‘ldi. Unda 500 nafar xorijiy ishtirokchilar qatnashdi.
O‘zbekistonning mavqei mintaqada ahamiyatli bo‘lishiga qaramay, bir
qancha jug‘rofiy-siyosiy omillar mamlakatning strategik imkoniyatlarini cheklab
qo‘yadi. Mamlakat qolgan Markaziy Osiyo davlatlarining barchasi singari
dengizga chiqish yo‘liga ega bo‘lmaygina qolmay, balki jahon transport
kommunikatsiyalariga erkin kira olmaydigan davlatlar bilan qurshab olingan.
Hududiy va suv resurslarining cheklanganligi, Farg‘ona vodiysida aholining
zichligi, qishloq xo‘jaligida band bo‘lgan aholi salmog‘i katta ekanligi
integratsiya
tendensiyalarini rivojlantirishni to‘xtatmaydi. Integratsiya
birlashmasining boshqa qatnashchisi – Qirg‘iziston uchun - Markaziy Osiyo
iqtisodiy hamjamiyatida qatnashish strategik zaruriyat edi. Bishkek geografik-
iqtisodiy va geografik-siyosiy jihatdan qo‘shni Qozog‘iston va O‘zbekistonga
kuchli bog‘liqdir. O‘zbekiston MDH va boshqa integratsiya tuzilmalari tashkil
topishining eng boshidan boshlab birinchi navbatda izchil ravishda milliy
rivojlanish va bog‘liqlik omillarini kamaytirish yo‘nalishini olgan.
Hozirda O‘zbekiston Respublikasi tomonidan Markaziy Osiyo
mamlakatlari bilan savdo iqtisod, transport kommunikatsiya, investitsiya va
boshqa sohalarda hamkorlik faoliyati izchil davom etmoqda.
O‘zbekiston Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan savdo-iqtisodiy
munosabatlarni rivojlantirishga muhim e'tibor bermoqda, chunki ushbu mintaqa
– bu ana'naviy, nihoyatda katta hajmli, jo‘g‘rofik jihatdan eng yaqin hisoblangan
mahalliy mahsulot sotiladigan bozor.
Hozirda O‘zbekiston Respublikasi Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistonga,
imzolangan ikki va ko‘p tomonlama (MDH) bitimlar asosida erkin savdo tartibini
o‘zaro taqdim etadi. Bu O‘zbekiston Respublikasi ishlab chiqaruvchilari va
iste'molchilari uchun yangi bozorlarni o‘zlashtirish va joriy hajmlarni ko‘paytirish
imkoniyatlarini kengaytiradi.
O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasida Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan
tovar ayirboshlash hajmi ko‘rsatkichlarining muttasil o‘sayotgani yaxshi misol
bo‘la oladi. 2010-yilda o‘zaro tashqi savdo 1 milliard 487,8 million AQSh
dollarga yetdi. Bugun Markaziy Osiyo mamlakatlari hisobiga Respublika tovar
aylanmasining 7,8 foiz ulushi to‘g‘ri keladi (3-jadval).
Tahlillar ko‘rsatishicha, O‘zbekiston Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan
savdoda ijobiy saldoga ega. 2010-yilda ushbu ko‘rsatkich 359,8 mln AQSh
dollarini tashkil etadi. Ijobiy o‘sish sur'atlari esa, O‘zbekistonning birinchi
navbatda Qozog‘iston, Qirg‘iziston kabi hamkor mamlakatlar bilan eksport va
import ortishida ifodalanmoqda. Mamlakat umumiy mahsulot ayirboshlovining
6,2 % i hamda Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan savdoning 80 % ushbu
mamlakatlarga to‘g‘ri keladi.
Qozog‘istonga – tabiiy gaz, qora metallardan ishlab chiqarilgan mahsulotlar,
sement, o‘g‘itlar, shisha mahsulotlar, yengil avtomobillar;
Qirg‘izistonga – tabiiy gaz, mineral o‘g‘itlar, sement, xizmatlar (transport);
Tojikistonga – tabiiy gaz, xizmatlar (transport), mineral o‘g‘itlar, sement.
Markaziy Osiyo mamlakatlaridan import qilinayotgan asosiy maxsulotlar
turlari quyidagilardir:
Qozog‘istondan – un, rudalar va ruh konsentratlari, neft xomashyosi, qora
metallardan ishlab chiqarilgan maxsulotlar;
Qirg‘izistondan – qora metallar, transport vositalari qismlari, xizmatlar;
Tojikistondan – kvars qumi, xizmatlar.
Markaziy Osiyo mamlakatlarining iqtisodiy imkoniyatlari haqida gap
ochilganida shuni qayd etish mumkinki, ularning iqtisodiyoti o‘zining katta
o‘zaro to‘ldiruvchanligi bilan ajralib turadi, hamkorlikning salmoqli asosi
mavjud, shu munosabat bilan tashkilot doirasida savdo-iqtisodiy hamkorlik ulkan
salohiyatga ega va keng istiqbollarga egadir. Masalan, O‘zbekiston va
Qozog‘iston energiya manbalarining yirik eksportchilari hisoblanadi. Transport
kommunikatsiyalarining tarmoqlari ham avvalo tashkilotga a'zo davlatlarni bir-
biriga bog‘laydi. Ishlab chiqarish borasida mashinasozlik va samoletsozlikdan
yuqori texnologiyalargacha bo‘lgan ko‘plab sohalar o‘zlashtirilgan va yuksak
darajada rivojlanganini ta'kidlash o‘rinlidir. Mamlakatlar qishloq, o‘rmon va suv
xo‘jaligi borasida ham bir-biri bilan yaqin hamkorlik qiladi.
Markaziy Osiyo mamlakatlarining tranzit imkoniyatlarini rivojlantirish
bo‘yicha Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasida transport sohasidagi loyihalarni
tezlashtirish maqsadida quyidagi ikki loyihani asosiylar sifatida amalga oshirish
belgilab olindi:
- ye-40 xalqaro transport yo‘nalishi tarkibida, Qig‘och daryosi bo‘ylab ko‘prik
qurilishi bilan «Volgograd-Astraxan-Atirau-Baynau-Qo‘ng‘irot» va «Oqtov-
Baynau-Qo‘ng‘irot» avtomobil yo‘llarini bir vaqtda va o‘zaro mos ravishda
qurishni amalga oshirish;
- Qashg‘ar shahrida multimodal tashishlar uchun yuk ortish terminalining
qurilishi bilan «O‘sh-Saritosh-Irkeshtam-Qashg‘ar», «Bratstvo-Dushanbe-
Djirgatal-Karamik-Irkeshtam-Qashg‘ar» avtotransport yo‘nalishini rivojlantirish
loyihalari.
O‘zbekiston Respublikasi hamda Markaziy Osiyo mamlakatlari hududida
akkreditatsiyadan o‘tkazilgan qo‘shma korxonalar va vakolatxonalar soni xo‘jalik
sub'ektlari darajasida kooperatsiyaviy aloqalarning faol rivojlanayotganidan
dalolat beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |