Din va ma’naviy tarbiya. Sekulyarizatsiya va superinson g’oyasi.
Inson tarbiyasida, shak – shubhasiz, din katta ahamiyatga ega. Ayniqsa o’tmish jamiyatlarida, o’rta asrlarda din mafkura, e’tiqod va ta’lim-tarbiya masalasida yetakchi institut bo’lgan. YAngi davrda dinning ushbu boradagi maqomi o’zgardi. Jahoning aksariyat mamlakatlarida diniy tashkilot davlatdan, maktab diniy tashkilotdan ajratildi. Davlat va jamiyat institutlari to’liq (diniy jamoalar va ba’zi bir tashkilotlardan tashqari) sekulyarizatsiyalashdi, ya’ni din va cherkov (machit va h.k) ta’siridan xalos bo’lib, dunyoviylashdi.
SHaxs tarbiyasida dinning rolini biryoqlama – ijobiy yoki salbiy baholash noto’g’ri. Aslida bu haqdagi bahslar uzoq o’tmishdan, qadimgi va antik davrlardan buyon davom etib kelmoqda. Uzoq o’tmishda munozaralar ko’proq diniy va ateistik usullar o’rtasidagi tortishuv shaklida emas, balki muayyan din yoki diniy oqimni, mazhabni tanqid qilish, uni yangi din, diniy oqim yoki mazhab bilan almashtirish, insonga ko’proq erkinlik berish to’g’risidagi fikrlarni bayon qilish shaklida olib borilgan. yevropada fransuz ma’rifatparvarlaridan boshlab dinni va cherkovni ateistik nuqtai nazardan qattiq tanqid qilish boshlandi. Ma’rifatparvarlarning aksariyati din inson erkinliklarini, tafakkurini cheklaydi, uni turli xurofatlarga, uydirma, afsona va mo’jizalarga ishontiradi, din hurfikrlikning dushmani deb hisoblanganlar. yevropada asta -sekin din va cherkov ta’siridan qutilish – sekulyarizatsiya qaror topgan.
Sekulyarizatsiyani ateizmdan farqlash kerak. Sekulyarizatsiya din va cherkovni davlat siyosati, ta’lim, sog’liqni saqlash,san’at, adabiyot, madaniyat va jamiyat hayotining ko’plab sohalariga aralashtirmaslikni bildiradi. Lekin sekulyarizatsiya din va cherkovni taqiqlashni, ta’qib qilishni bildirmaydi. So’z erkinligi, fikrlar xilma – xilligi ma’nosida ularni tanqid qilishga yo’l beradi, ammo ayni paytda cherkov va ruhoniylarning tarig’ibot – tashviqot bilan shug’ullanishiga, nodiniy tashkilotlarning tarbiya usullari va mafkurasini tanqid qilishiga qarshi emas. Ateizm esa din va cherkovni to’liq inkor qiladi, bema’nigarchilik, odamlarni aldash, ma’naviy qalloblik deb hisoblaydi. Ateizm davlat siyosatiga aylansa, diniy tashkilotlarni yopib, yoki o’ta cheklab, ruhoniylarni ta’qib qiladi. Sobiq SSSR siyosati bunga misoldir. Ikkinchi jahon urushi o’rtalarigacha din va cherkov ta’qib qilindi, keyin biroz yumshab, diniy faoliyatga ruxsat etilsada, qattiq cheklandi.
Din, yuqorida e’tirof etilganidek, insonning ma’naviy tarbiyasida katta rol o’ynagan. Bundan ko’z yumib bo’lmaydi. Hozir ham ba’zi tarbiyaviy masalalarda dinning foydali salohiyati saqlanib qolgan. Din odamlarga ezgulik va yovuzlik, vijdon, halol va harom, gunoh va savob, jaholat va ma’rifat kabi tushunchalarni farqlashda, ezgulikka intilishda, yomonlik va gunohdan o’zini tiyishda va shu kabi ko’plab hollarda yordamlashadi. U insonni qiyinchiliklarga bardosh berishga, ularni yengishga, YAratgan oldida o’z burchini bajarishga undagan, ya’ni irodasini tarbiyalagan. Diniy kitoblarda, diniy adabiyotlarda insoniyatning ma’naviyat borasidagi bilimlari, g’oyalari, me’yorlari, qarashlari, ta’limotlari to’planib, jamiyatning ma’naviy xazinasini boyitib kelgan. Bularni inkor qilish mumkin emas.
Lekin din ko’r-ko’rona ishonchga va o’zgarmas dogmatlarga, “mutlaq haqiqatga” tayanadi. Natijada u hayotdan ortda qola boshlaydi, jamiyatni turg’unlikka, insonni mutelikka mahkum etadi. Buni u sabr-toqat, xudo yuborgan sinov, noshukur bo’lmaslik kabi tushunchalar bilan oqlaydi. Tashabbuskorlikni, yangiliklarini rad qila boshlaydi. Bu barcha dinlarga xos. Oxiri jamiyat boshi berk ko’chaga kirib qoladi. O’tmishda jamiyat bunday hollarda diniy islohotlar o’tkazgan yoki eski diniy e’tiqoddan yangisiga ko’chgan. Agar diniy islohotlarni o’tkazolmasa, diniy e’tiqodini zamona talablariga moslashtira olmasa, inqirozga, qoloqlikka, ich-ichidan manaviy yemirilishga mahkum bo’lgan. YAngi dinlar yoki islohot tufayli paydo bo’lgan yangi mazhablar, oqimlar ko’pincha avvalgilarga nisbatan jamiyat taraqqiyoti va inson tarbiyasi uchun ko’proq rag’bat yaratgan. Masalan, mumtoz islom zardushtiylik, moniylik, dastlabki xristianlik, buddaviylik, iudaizmga nisbatan shunday rag’batni yaratgan bo’lsa, keyinchalik xristian dini doirasida protestantizm shunday rol o’ynadi. Aksincha, islom doirasida, ba’zi bir irratsionalistik qarashlar, tariqatlar asta-sekin ijtimoiy taraqqiyotga to’siq bo’ldi. Boshqa dinlarda ham biz shunga o’xshagan holatlarni kuzatamiz.
Dinning inson tarbiyasidagi ahamiyati haqida gapirganda, g’arbning sekulyarizatsiyalashgan jamiyatidagi ba’zi bir axloqiy buzuqlik, fahsh, birjinsli nikohlar va seksindustriya kabilarni eslamaslikning iloji yo’q. Xudoga ishonmaslik nimalarga olib kelishi mumkinligi, yoki xudo o’rnini inson ongida kim egallashi lozimligi masalalari XIX asr oxirgi choragi mutafakkirlarini bezovta qila boshlagan edi. Buyuk rus yozuvchisi o’zi o’ta dindor bo’lgan F.Dostoyevskiy “Aka – uka Karamazovlar” romanida Ivan Karamazov va bir necha pesronojlar nomidan “Agar xudo yo’q bo’lsa, unda hamma narsa, hatto odamxo’rlik mumkin”, degan xitob bilan jamiyatni ogohlantirishga uringan edi.
Nemis faylasufi xristian dinining ashaddiy tanqidchilaridan biri F.Nitsshe g’arb ma’naviy hayoti va e’tiqodining ikkiyuzlamachiligini, odamlarning xudoga ishonmay qo’yganini nazarda tutib, “Xudo o’ldi”, deya xitob qilib, uning o’rnini superinson ideali egallashi lozim degan g’oyani ilgari surgan edi. Dostoyevskiy qahramoni Ivan Karmazov ham aynan shunday ” inson –xudo” g’oyasini ilgari suradi. Nitsshe asari Dostoyevskiy romanidan (1878-1880 yillar) uch yil keyin yozilgan (1883-1884 yillar). Lekin Nitsshening Dostoyevskiy asarini o’qigani dargumon. E’tiqod masalasida esa ularning qarashlari mutlaqo teskari: biri dindor, ikkinchisi ateist. Demak, ushbu g’oya ziddiyat va qarama-qarshiliklarga to’la G’arb uchun pishib yetilgan edi. Mazkur g’oyaning ma’naviy ildizlari esa g’arb madaniyatida, mentalitetida azaldan - antik davrdan yangi davrgacha bo’lganligi to’g’risida yuqorida aytib o’tgan edik.
Nitsshe dard chekishni hamdardlik qilishga qarshi qo’yadi. Dard chekish insonga o’z-o’zini yengishda yordam beradi (Selbstuberwindung), o’z ustidan hukmronlikni oshiradi. Hamdardlik, aksincha, kuchsizlantiradi, “hukumronlikka intiladigan irodani” kamaytiradi. Nitsshe qarashlarida “hukmronlikka intiladigan iroda” tushunchasi markaziy o’rin egallaydi. U “Zardusht tavallosi” asarida yozadi: “Oh, mushfiqlar o’rtasidagi telbalikdan ham ortiqroq telbalik bormikin dunyoda?
Barcha sevguchilarning alam-azobi qursin, ularning rahm-shafqatdan o’zga cho’qqisi yo’q.
Bir kuni iblis shunday dedi: “Hatto xudoning ham o’z do’zaxi bor – bu uning odamlarga muhabbati”.
YAqinda uning shunday deyayotganini eshitdim: “Xudo o’ldi; odamlarga rahm-shafqati bois xudo o’ldi9“.
Nitsshening superinsoni turlicha, jumladan salbiy, boshqalarga o’z hukmini o’tkazishga qodir, zo’ravon mazmunida talqin qilinishi mumkin. SHu sabab gitlerchilar Nitsshe siymosida o’z mafkurachisini , uning superinsonida esa dunyoga egalik qiladigan oliy irq vakili – blondin bestiya – malla soch iblis, fashist yigiti idealini ko’rgan edi. Bunga, albatta, Nitsshe aybdor emas. Nitsshening xudodan mo’’jiza kutmasdan, faqat o’z kuchiga ishonadigan superinsonini bir yoqlama ijobiy yoki salbiy tushunmaslik kerak. Lekin Nitsshe ezgulik va yovuzlikdan ustun turadigan superinson tarafdori edi. Bu esa superinsonni salbiy mazmunda tushunishga ham o’rin qoldiradi. Nitsshega vulgar sotsial–darvinizm g’oyalari ancha-muncha ta’sir qilgan ko’rinadi. YAshash uchun kurasha oladigan, hukmronlik qilishga intiladigan odamnigina u yashashga haqli deb hisoblagan. “Antixristianin” asarida quyidagi fikrlarni olg’a suradi:
“Nima yaxshi? – Insonda kuch hissini, hukumronlikka intiladigan irodani, qudratni oshiradigan barcha narsa.
Nima yomon? – Ojizlikdan kelayotgan barcha narsa.
Baxt nima? - O’sayotgan kuch, hukmronlik hissi, yangi to’siq yengib o’tilayotganini his qilish.
Qoniqish emas, yo’q, - ko’proq kuch, ko’proq hokimiyat! Tinchlik emas – urush, ezgulik emas – jasorat (Renessans uslubidagi ezgulik, axloqiylik bilan aralashmagan – virtu).
Ojizlar va majruhlar o’lib ketsin – insonsevarligimizning birinchi qoidasi. Ularga yana o’lishlarida ko’maklashmoq kerak.
Har qanday illatdan nima zararliroq? – ojizlarga va majruhlarga hamdardlik - xristianlik”.10
Do'stlaringiz bilan baham: |