Inson tabiatini mustahkamlash va rivojlantirishda ma’naviy tarbiyaning o’rni.
Ma’naviy tarbiya insonning asl tabiatini mustahkamlash va yanada rivojlantirishga qaratilgan ekan, u insonning mohiyatli belgilari bilan bog’lanishi lozim. Insonning asl tabiati haqida gap ketganda, quyidagilarga urg’u beriladi:
inson ongli, aqlli mavjudot;
inson bioijtimoiy mavjudot, u faqat jamiyatdagina shakllanadi, jamiyatdan tashqarida inson bolasi halok bo’lmay qolganda ham, hayvondan farq qilmaydigan mavjudot bo’lib yetishadi;
inson yaratuvchi mavjudot.
inson ehtiyojlari uzluksiz o’sadigan, yuksaladigan mavjudot. Insonning ongi, tafakkuri uning uchun birinchi mohiyatli belgi ekan, ma’naviy tarbiya avvalo ularni yanada rivojlantirishga, yukaltirishga xizmat qilishi kerak.
Tuyg’ular, his-hayajonlar, kechinmalar, avval aytilganidek, insonning ko’ngil dunyosini, tafakkur esa aql dunyosini tashkil etadi. Ularni bir-biridan ajratish yoki bir-biriga qarama-qarshi qo’yish mutlaqo mumkin emas. Mumtoz rus yozuvchisi I. A. Goncharov adolatli ta’kidlaganidek: “Ulug’ muhabbat teran aql bilan uzviy bog’langan; aqlning kengligi qalbning teranligiga teng. SHuning uchun ham insonparvarlik cho’qqisini buyuk qalb egalari zabt etadilar: chunki ular – buyuk aql egalari hamdir”. Ma’naviy tarbiyaning maqsadlaridan biri insonning ko’ngil va aql dunyosini muvozanatga keltirish, uni nafs va hirs domiga tushib qolishdan asrashdir.
Inson ijtimoiy mavjudot sifatida boshqa insonlar bilan, oilasi, mahallasi, mehnat jamoasi, yurti, mamlakati va butun jamiyat bilan yaqindan bog’langan. Ma’naviy tarbiyaning asosiy vazifasi insonni o’z-o’zi bilan, oilasi, jamoasi, butun jamiyat hamda tabiat bilan uyg’un yashashga o’rgatishdir. Ma’naviy tarbiyaning har bir yo’nalishi va shakli bir-birini to’ldiradi, har qaysi o’z usul va vositalariga ega. Ular bir-biridan ajratilmasdan, ma’naviy tarbiya yaxlit kompleks tizim sifatida yo’lga qo’yilishi lozim. Eng asosiysi, hozirgi postmodern jamiyati talablari va insonga tahdidlarini hisobga olib, tarbiyani yana ta’limga yaqinlashtirish zarur.Ta’limyanatarbiyalovchi ta’limgaaylanishi lozim. Zero, haqiqiy tarbiya, jumladan diniy tarbiya ham birinchi galda ehtiroslarga va nasihatlarga emas, balki ob’ektiv bilimlarga asoslanadi. yetarli bilimlarga ega bo’lmagan kishi, birinchidan, osongina har xil bid’at va xurofotlar, g’arazli targ’ibot ta’siriga tushib qoladi. CHunki eshitayotgan, ko’rayotgan hodisani to’g’ri tahlil qilish, baholash va noto’g’ri jihatlarini aniqlash uning uchun qiyin. Ikkinchidan, unga hayotni teran anglashda, uni modellashtirish va o’zgartirishda bilim yetmay qoladi va uning yaratuvchanlik, bunyodkorlik salohiyati pasayib ketadi.
SHu sababdan har bir avlodning ijtimoiy va ijodiy faolligini o’rganish maqsadida sotsiometrik ko’rsatkichlar va indikatorlar ishlab chiqib, tadqiqotlar natijasini ta’lim va tarbiya jarayonida hisobga olib borish zarur. Ob’ektiv, teran ilmiy bilimlarga asoslanmagan tarbiya puch, quruq safsatabozlik, samarasiz pandu-nasihatga yoki turli g’ayritabiiy, parapsixologik, mistik, ezoterik kuchlar bilan ovutishga va qo’rqitishga aylanib qoladi. Amalda teskari natija beradi, tinglovchilarini tarbiyadan bezdiradi, yo yo’ldan urib, adashtiradi.
O’zbekistonda ta’lim tizimining isloh qilinishi, bolalarga o’z qobiliyati va iste’dodini yuzaga chiqarishlari uchun barcha sharoitlar, imkoniyatlar yaratilishi, axborot oqimidagi buzg’unchi g’oyalarga nisbatan mafkuraviy immunitet shakllanishiga berilayotgan e’tibor, barkamol avlod, komil insonni tarbiyalash konsepsiyasi tarbiyalovchi ta’limni kuchaytirish, tarbiyani xolis, ilmiy bilimga bog’lash orqali insondagi yaratuvchilik qobiliyatini rivojlantirish maqsadlarini ko’zlaydi.
O’zbekistonda biz dunyoviy demokratik davlat qurmoqdamiz. Ushbu tushuncha davlat o’z faoliyatida diniy qoidalarga emas, yuridik qonun va me’yorlarga tayanishini, vijdon va e’tiqod erkinligini ta’minlanishini, ifodalaydi. Diniy e’tiqodiga ko’ra biror kishi kamsitilishi, huquqlari va faoliyati cheklanishi mumkin emas. Dunyoviy demokratik davlatda diniy bag’rikenglik (tolerantlik) tamoyiliga amal qilinadi. Ayni paytda dunyoviy demokratik davlat ota – onalar o’z farzandlariga diniy tarbiya berishini taqiqlamaydi. Machit huzurida dam olish kunlari diniy maktab,yoki maktabda diniy sinf faoliyat ko’rsatishi mumkin. Lekin bular hammasi qonun doirasida tashkil etilishi, diniy-ekstremistik g’oyalarni targ’ib etmasligi, boshqa dinlarni tanqid qilmasligi, dindorlarni davlat idoralari va jamoat tashkilotlariga qarshi gij-gijlamasligi lozim. Ma’naviy tarbiyaning vazifalaridan biri – dunyoqarashi tolerant shaxsni voyaga yetkazishdir.
Ma’naviy tarbiyada milliy va umuminsoniy qadriyatlarni uyg’unlashtirish zarur. Buning uchun asl milliy qadriyatlar nimaligini aniqlash lozim. CHunki qadriyatlar tarixan rivojlanadi, ba’zan eskiradi, davrning ob’ektiv talablariga, ijtimoiy taraqqiyotning erishgan darajasiga mos kelmay qoladi.
Har qanday g’oya va tushuncha, me’yor, urf – odat, agar milliy manfaatlarga, bugungi va ertangi orzu – intilishlarga, taraqqiyot talablariga javob bermasa, qadriyat bo’lolmaydi. Ma’naviy tarbiya jarayonida milliy qadriyatlar doimiy ravishda tarixiy zaruratga, taraqqiyot talablariga, inson erkinligi o’sishiga, umumbashariy qadriyatlarga mosligi jihatdan tahlil qilinib borilishi zarur.Biror xalq boshqalar bilan aloqa qilmasdan, boshqalardan biror nima o’rganmasdan yashay olmaydi. Tajriba almashinuv keng ma’noda moddiy ishlab chiqarishga xam, ma’naviy ishlab chiqarishga ham taaluqli. Jahon xalqlariniig ko’pasrlik tajribasi asosida shakllangan, tarix sinovidan o’tgan, faqat bir xalq emas, butun insoniyat uchun foydali barcha gumanistik g’oyalar, me’yorlar va ideallar umuminsoniy qadriyatlardir. Haqiqiy, asl milliy qadriyatlar taraqqiyotga, muayyan xalqning yuksalishiga xizmat qilgani uchun, umuminsoniy qadriyatlarga zid kelmaydi. Agar zid kelsa, u eskirgan, qadrini yo’qotgan bo’lib chiqadi.
Ma’naviy tarbiyaning maqsadlaridan biri odamlarni ezgulikka, insonparvarlikka, go’zallikka, adolatga, yaratuvchilikka sodiq, yovuzlikka, axloqiy buzuqlikka, siyosiy va mafkuraviy yolg’onga, zo’ravonlikka, ekstremistik buzg’unchi g’oyalarga, adolatsizlikka ma’naviy qarshi tura oladigan, mustaqil tafakkurga ega etib shakllantirishdir. Buzg’unchi g’oyalarga berilib ketmaslik, qarshi tura olish, ularni o’ziga yuqtirmaslikni tarbiyalash uchun insonga asl qadriyatlarni soxta qadriyatlardan, bunyodkor g’oyalarni buzg’unchi g’oyalardan ajratishni o’rgatish kerak. Hozirgi kommunikatsiya texnologiyalari, axborot portlashi va xuruji sharoitida mafkuraviy immunitetni miliy va umuminsoniy qadriyatlardan foydalangan holda, insonda tanqidiy, ijodiy ruhni, erkin va mustaqil fikrlay olish ko’nikmalarini tarbiyalash orqali shakllantirish mumkin.
Miliy o’zlikni anglash (milliy ayniyat) masalasi yangi bosqichga ko’tarilgan tarixiy burilish davrida, odatda, o’tmish madaniy merosini, miliy yutuqlarni biroz ideallashtirish, ortiqcha baholash kuzatiladi. Bunday hollarda ba’zi bir tarixan eskirgan, qadrini yo’qotgan, hatto milliy taraqqiyotga ma’lum darajada halal beradigan ba’zi urf – odatlarni, g’oyalarni jonlashtirishga, “esdan chiqarmaslikka” urinishlar yuz beradi. Agar ularga o’z vaqtida tanqidiy baho berilmasa, asta – sekin kuchayib, retrogradlikka, turg’unlikka, millatchilikka, milliy man-manlikka, mahdudlikka, izolyatsionizmga olib kelishi mumkin. SHu sababdan mafkuraviy immunitetni shakllantirish uchun ma’naviy tarbiyada haqiqiy milliy qadriyatlarga murojaat etish, ulardan umumbashariy qadriyatlar bilan birgalikda foydalanish kerak.
Milliy qadriyatlarga yetarlicha e’tibor bermaslik noxush natijalarga olib keladi. Xalqning katta qismida norozilik kayfiyatini uyg’otadi. Odamlarning bir qismda milliy nigilizm, ikkinchi qisimda millatchilik kayfiyati vujudga kelishiga sabab bo’ladi. Ayrim hollarda bir mamlakat fuqarolari ijtimoiy – ma’naviy, siyosiy mo’ljallariga ko’ra, ikkiga bo’linib qolishi hech gap emas. Ukrainadagi g’arb uniat cherkovi va provaslav cherkovi vakillari, g’arbcha qadriyatlar tarafdorlari va Rossiya tarafdorlari o’rtasidagi ziddiyatlar va to’qnashuvlar bunday xavfga bepisand qaramaslik lozimligini isbotladi. Milliy taraqqiyot uchun millatchilik va miliy nigilizm birday hafli. Mafkuraviy immunitet ularning har ikkisiga qarshi turadigan insonni va ijtimoiy ongni tarbiyalovchi omildir.
O’zbekistonda barkamol avlodni tarbiyalash konsepsiyasida mafkuraviy immunitetni shakllantirish masalasiga juda katta e’tibor berilayotgani bejiz emas. Unda ma’naviy tarbiyaga o’zini hech kimdan kam deb bilmaydigan, milliy nomukammallik tuyg’usidan xoli, boqimandalikning har qanday ko’rinishidan or qiladigan, keng dunyoqarashga, mustaqil tafakkurga ega erkin shaxsni voyaga yetkazish vazifasi yuklatilgan. Binobarin, ma’naviy tarbiyaning pirovard maqsadi – mustaqil taraqqiyotimiz ehtiyojlariga, milliy g’oyamiz talablariga mos erkin inson shaxsini yuksaltirishdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |