3-Mavzu: Erkin inson shaxsini yuksaltirish – ma’naviy tarbiyaning maqsadi
Reja
Tarbiya tushunchasi, maqsadi va vazifalari.
Tarbiyada vorisiylik tushunchasi
Komillik g’oyalari va erkin inson shaxsi
O`z-o`zini tarbiyalash g’oyalari va mavfkuraviy immunitet
Tarbiya ma’naviy hayotning asosiy yo’nalishlaridan biridir. Tarbiyaning barcha shakllari ma’naviyatga oid hodisadir, chunki u inson ongi va tafakkuriga ta’sir ko’rsatish, unga aniq amaliy, kasbiy, yoki g’oyaviy-e’tiqodiy bilim berish, nimanidir o’rgatish, nimagadir ixlosni, ezgulik, go’zallik, adolat kabi yuksak ideallarni, ishonchni qaror toptirish orqali insonning o’zini inson sifatida shakllantiradi. Tarbiya aqliy mehnat turi, ma’naviy ishlab chiqarish sohasidir. Tarbiyasiz inson o’zligini anglab ololmaydi, o’zini va jamiyatni takror yaratolmaydi. Tarbiya vorisiylik yuzaga chiqishining zarur sharti va vositasidir. Avvalgi boblarda ta’kidlanganidek, hech bir avlod hamma bilim va ko’nikmalarni, kashfiyotlarni, ajdodlar qo’lga kiritgan yutuqlarni yangidan ixtiro qilmaydi. Har bir avlod jamiyat shu paytgacha erishgan barcha yutuqlarni tayyor holda o’zlashtiradi, o’z hayoti, faoliyati davomida ularni biroz takomillashtiradi, boyitadi va keyingi avlodga (bola-chaqasiga) ulardan foydalanishni o’rgatadi. Ushbu jarayon tarbiyaning o’zagini va maqsad–muddaosini tashkil qiladi. Odamlarda asl insoniy xususiyatlar: ong, tafakkur, o’zligini anglash, odob-axloq va h.k.lar tarbiya orqali vujudga keladi. Inson bolasi tayyor ong, tafakkur bilan tug’ilmaydi, balki unda anglash va fikrlash potensial imkoniyat tarzida irsiy tug’ma bo’ladi. Mazkur imkoniyat tarbiya jarayonida yuzaga chiqadi, voqelashadi.
Inson o’zligining shakllanishi va yuksalishigi ta’lim-tarbiya, birinchi galda ma’naviy tarbiya yordamida erishiladi. Ma’naviy tarbiyaning bosh maqsadi – insonga o’zligini anglatishdir.
Jamiyatning insonga qo’yadigan talablari, hayotning o’zi kabi shaklan va mazmunan rang-barang. Ularni jamiyat hayotining turli sohalariga mos ravishda guruhlarga, yo’nalishlarga ajratish mumkin. Ma’naviy tarbiya bilan jamiyatning barcha institutlari – oila, mahalla, davlat, jamoat tashkilotlari, axloq, huquq, din, ta’lim, adabiyot va san’at, ta’lim tizimida esa ob’ektiv bilim beruvchi barcha fanlar bevosita yoki bilvosita shug’ullanadi.
Ma’naviy tarbiyaning ilmiy-metodologik masalalari bilan falsafiy fanlar, jumladan ma’naviyatshunoslik shug’ullansa, ilmiy-uslubiy masalalari bilan pedagogik fanlar shug’ullanadi. Biz ma’naviy tarbiyaning didaktik ta’sir ko’rsatish usullari, vositalari, turli materiallardan, axborotdan foydalanish yo’llari, qo’llayotgan uslubiyati samaradorligi va shu kabi pedagogik-psixologik masalalar ustida to’xtalmaymiz. Biz o’quv fanimiz predmetidan kelib chiqib, ko’proq ma’naviy tarbiyaning mohiyati, maqsadlari, yo’nalishlari, vazifalari, umumtaraqqiyot kontekstidagi nazariy masalalari, ziddiyatlari, ularni hal qilishda qanday ilmiy mo’ljallar, ijtimoiy ideallar nazarda tutilishi lozim degan masalalarga e’tibor qaratamiz.
Farobiy ta’kidlaganidek, yolg’iz inson o’zining ehtiyojlarini qondira olmaydi. Buning uchun u jamiyatda yashashi, kimlar bilandir birlashishi lozim. YOlg’iz insonniku qo’ya turaylik, hatto ishlab chiqarishning bir turi (yo’nalishi) bilan shug’ullanadigan sinf yoki tabaqa ham barcha ehtiyojlarini qondirishga ojiz. Masalan, dehqonlar oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirsalar, kiyim-kechak, uy-ro’zg’or buyumlari, mehnat qurollarini boshqalardan olishga majbur. Hunarmandlar ham o’z navbatida dehqonlar yetishtirgan oziq-ovqatga va xomashyoga, boshqa turdagi xilma-xil buyumlarga, mahsulotlarga muhtoj. O’zaro muhtojlik odamlarni jamiyatga, mehnat jamoalariga birlashishga, o’zaro muloqot va munosabatlarga kirishishga majbur etgan. Bu esa o’z navbatida jamiyatda turli me’yorlar, qoidalar bo’lishini taqozo etish barobarida odamlarning ularga ixtiyoriy rioya qilishini, har bir avlod muloqot va munosabatga kirishish madaniyatini, me’yorlar va qoidalarni o’rganishini, o’zlashtirishini talab qilgan.
Jamiyat insonga zarur barcha narsalarni beradi va o’z navbatida unga ko’plab talablar qo’yadi. Jamiyatning insonga qo’yadigan birlamchi talabi – eng avvalo boshqalar bilan birgalikda yashash ko’nikmalari va qoidalarini o’zlashtirish va ularga rioya etishdir. Bularga,birinchidan, birgalikda mehnat qilish, ishlab chiqarish bilan shug’ullanish, kasbiy-malakaviy mahorat; ikkinchidan, taqsimot, iste’mol, almashuv (savdo-sodiq) talablari, uchinchidan, ijtimoiy-maishiy, axloqiy-ma’naviy va hayot davomiyligi uchun zarur bo’lgan boshqa talablar, to’rtinchidan, oilaviy, oilalararo, turli mehnat jamiyatlariaro, urug’-jamoalar, etnik guruhlar, qabilalararo, millatlararo munosabatlarga oid talablar kiradi. Ular odamlar o’rtasidagi, jumladan oila va jamoadagi o’zaro munosabatlarni tartibga soluvchi me’yorlar, urf-odatlar, an’analar, diniy va e’tiqodiy aloqalar, marosimlar va sh.k.larni vujudga keltiradi. Davlat vujudga kelgandan keyin, siyosiy va huquqiy talablar, millatlararo, davlatlararo munosabatlar bilan bog’liq me’yorlar ham vujudga keladi. Jamiyat rivojlangani sayin insonga qo’yiladigan talablar o’sib, yangidan-yangilari paydo bo’lib boraveradi. Tarbiya yangi avlodni jamiyatga, hayotga, mehnat va ishlab chiqarish ko’nikmalariga moslashtiradi. Vorisiylikni ta’minlash barobarida jamiyat talablariga moslashtirish, “yashashni” o’rgatish, adaptatsiya qilish tarbiyaning bosh vazifasidir. Tarbiya jamiyatning zaruriy institutidir. Boshqacha aytganda, tarbiya kishilik jamiyatining mohiyatli belgilaridan, uning mavjudlik shakllaridan va shart-sharoitlaridan biridir.
Tarbiyaning vazifasi avlodlar o’rtasida vorisiylikni ta’minlash va insonni jamiyat talablariga muvofiq shakllantirish bilan cheklanmaydi. CHunki, birinchidan, inson ehtiyojlari yuksaladigan, kengaygan holda takror tiklanadigan mavjudot. SHu sababdan jamiyat inson ko’nikmalari, bilimlari, mehnat tajribasi va ma’naviy yutuqlarini turli usullarda, ko’rinishlarda to’plab, madaniyatda akkumulyatsiya qilib boradi. Tarbiyaning yana bir asosiy vazifasi insonga to’plangan yutuqlarni, madaniy boylikni o’zlashtirishga yordam berishdan tashqari, unga kengaygan holda takror tiklanadigan, mudom o’sib boradigan ehtiyojlarini qondira olishni, ya’ni madaniyatni yaratishni o’rgatishdir. Buning uchun esa insonda yaratuvchilik, ijodkorlik xislatlari shakllangan bo’lishi kerak. YAratuvchilik, ijodkorlik xislatini shakllantirish ma’naviy tarbiyaning ana shunday vazifasidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |