O’z-o’zini tarbiyalash va yuksak maqsadlarga intilish.
Ta’lim va tarbiya – ikkitomonlama jarayon. O’quvchi yoki tarbiyalanuvchi bo’sh idish emaski, uni zarur bilimlar va tarbiyaga oid me’yorlar, qoidalar bilan to’ldirsang. U nafaqat tarbiyaning ob’ekti, shuningdek sub’ekti hamdir, chunki o’z-o’zini tarbiyalaydi, ko’p narsalarni mustaqil o’qib o’rganadi. Bola o’zini qiziqtirgan savollarga javob izlaydi: kitob varaqlaydi, internetdan axtaradi, tengdoshlari va kattalardan so’raydi. Bolada qiziqish uyg’otmaydigan narsani unga majburan singdirish kutilgan samarani bermaydi. Ayni paytda bolada intilish bo’lmasa, mehnatsevarlik va iroda yetishmasa, hech qanday muallim, ustoz undagi qobiliyatni, imkoniyatlarni to’la yuzaga chiqara olmaydi. Demak, tarbiya ota-ona, o’qituvchi, ustoz, jamiyatning tarbiyalanuvchiga ta’siridangina iborat bo’libgina qolmay, uning o’zini o’zi tarbiyalashi hamdir. “Odamning o’zi istamasa, hech qanday o’git-nasihatlar unga to’g’ri yo’l ko’rsatolmaydi”, degan edi atoqli fransuz adibi Romen Rollan.
Tarixda iz qoldirgan, nomi mashhur kishilar orasida juda oddiy oilalardan, ba’zan kambag’al oilalardan chiqqanlar ko’p. Ular orasida buyuk davlat arboblari, sarkardalar, yozuvchilar, rassomlar, bastakorlar, ixtirochilar, injenerlar, ishbilarmonlar, menejerlar, sportchilar va h.k bor. Buyuk sarkarda Mahmud G’aznaviy, mamluk sultonlari, Usmonli turk imperiyasi ayrim generallari va vazirlari qullardan chiqqan. Amerika davlati va millatining asoschilaridan biri Benjamin Franklin, hind xalqining buyuk farzandi Mahatma Gandi, AQSHning qator prezidentlari, turli mamlakatlarning ayrim atoqli arboblari o’rtahol hunarmandlar, o’qituvchilar, aptekachilar, kichik tadbirkorlar yoki kichik provinsial amaldorlar farzandlaridir. Ayniqsa adabiyot va san’at ahli orasida bunday atoqli ijodkorlar ko’p uchraydi. Ulardan ayrimlari hatto boshlang’ich maktabni tugatolmagan (masalan, buyuk yozuvchi M. Gorkiy), lekin mustaqil o’qib bilim olgan. Ularning hammasi uchun bir xislat – o’z-o’zini tarbiyalash xos: ular tabiat bergan iste’dodni, qobiliyatni yuzaga chiqarish uchun tinimsiz o’z ustida ishlagan, mustaqil o’qib o’rgangan, maqsadiga erishish yo’lida huzur –halovatdan voz kechgan, qiyinchiliklarga, ba’zan ochlik va yupunlikka chidagan. Bu xislatlarni maqsadga intiluvchanlik, mehnatsevarlik va qat’iy iroda deb atash mumkin. Mana shu uch xislat insonning o’z-o’zini tarbiyalashning ma’naviy-axloqiy tayanchini hosil qiladi.
AQSHda “amerikancha orzu”degan tushuncha bor. U hayotda o’z o’rnini topishni, imkoniyatlarini yuzaga chiqarishni, ilojini topsa, millioner bo’lishni bildiradi. Amerikancha orzuning “o’zini o’zi yasash” (odam qilish) degan boshqacha ifodasi ham bor. Faqat o’z kuchiga ishongan, irodali, maqsadidan toymaydigan, ishida yangilik qilishga intilgan, qiyinchilik va muvafaqqiyatsizliklardan qo’rqmaydigan, kurashchan kishigina oxir-oqibat orzusiga erishadi. Amerikaning pragmatizmga asoslangan axloqi ijobiy amaliy natijalarga erishish, havoyi havas va lazzatlarga, yoki mo’’jiza kutishga berilmaslik, sidqidildan mehnat qilish va izlanish g’oyasini olg’a suradi. G’arbning rivojlangan xalqlari orasida amerikaliklar eng dindor xalq hisoblanadi. Lekin ular diniy me’yorlarni, qoidalarni asosan oqilona, real hayot ehtiyojlariga moslashtirib talqin qiladilar. Protestantizmning turli oqimlari va mazhablari pragmatizm axloqiga mos yoki ochiqchasiga zid emas.
Afsuski, o’z-o’zini tarbiyalash masalasi ortodoksal dinlarda – xristianlikning katolitsizm va provoslav oqimlarida, islomda, buddizmda va sharq dinlarining deyarli barchasida ko’proq ichki axloqiy takomillashish sifatida tushuniladi. YA’ni u ko’proq insonning ichki dunyosiga qaratilgan, hayotda, ishda va mansabda biror muvafaqqiyat qozonishni, turmush farovonligini yuksaltirishni yo to’liq inkor qilgan, yo ikkinchi darajali hisoblagan. CHunki ular go’yoki odamlarni Xudodan chalg’itadigan hirs, nafs, kibru-havo ko’rinishlaridir. Natijada diniy tushunchadagi o’z-o’zini tarbiyalash mistik tus olgan, ma’naviyat borasida teran va ulkan g’oyalarni olg’a sursa-da, amaliyotda biror samaraga olib kelmagan, aksincha, pirovardida jamiyatni inqirozga uchratgan. Albert SHveyser ta’biri bilan aytganda, jonli axloq (yaratuvchilik) yo’liga olib chiqolmagan. Odamlarning turmushi va jamiyat taraqqiyoti talablaridan uzilib qolgan. SHu sababdan barcha dinlar bag’rida zohidlik (asketizm), tarkidunyochilik, rohiblik (monax bo’lish), darveshlik va qalandarlik (islomda) kabi institutlar paydo bo’ldi. Ibodat, taqvo va tarbiyani turlicha talqin qiluvchi sektalar, firqalar, maktablar ko’payib ketdi.
O’zini o’zi tarbiyalash masalasida ikki muqobil, ammo xato qarashlarni, yondashuvlarni ajratish mumkin. Biri yuqorida keltirilgan diniy-mistik qarashlar bo’lsa, ikkinchisi o’ta bir tomonlama yalang’och ratsionalizmga, boylik orttirishga, nafsi va hirsini qondirishga, o’z manfaatlarini hamma narsadan ustun qo’yishga asoslangan xudbinlik, xudparastlikdir.Ma’naviy tarbiya jarayonida mazkur qarashlar va yondashuvlarni tanqid qilishni esdan chiqarmaslik kerak. O’zini o’zi tarbiyalash inson shaxsi, insonning asl tabiati yuksalishiga, insonning jamiyat bilan aloqalari yanada mustahkamlanishiga xizmat qilishi, ezgulik, gumanizm va ijtimoiy taraqqiyot g’oyalariga mos kelishi lozim. O’z-o’zini tarbiyalash asosida ezgu maqsadga, ezgu xulq-atvorni, xushmuomalani egallashga, o’ziga va jamiyatga foyda keltiradigan ishlarni qilishga intilish, buning uchun zarur bilimlarni, mehnat (yaratuvchilik) ko’nikmalarini egallash, irodasini chiniqtirish yotadi. Bu uzoq o’tmishdan kelayotgan umuminsoniy tajriba yordamida qayta – qayta tasdiqlangan.
O’zini o’zi tarbiyalash o’qish, o’rganish, yuksak marralarga intilish qatorida o’zini taftish qilish, uning yordamida shaxsiy nuqsonlarni, kamchiliklarni kamaytirib, boshqalarga manzur, ishda muvaffaqiyat keltiradigan jihatlarni mustahkamlab borish bilan bog’liq. Inson o’z xulqini, boshqalar bilan muloqot payti, ayniqsa bahs-munozaralar payti hamda turli yig’ilishlarda, majlis va anjumanlarda ko’pchilik orasida qo’llagan dalillari, ishlatgan so’zlari, iboralarini va o’zini qanday tutganini, umuman xulq atvorini va fe’lini taftishdan o’tkazib, tahlil qilib borishi kerak. SHunda u o’z kamchiliklari va xatolarini sezadi, ularni tuzatish, yana qayta takrorlamaslik chorasini ko’radi. O’zini taftish qilish jarayonida o’zi aniqlagan xatosini tuzatish unga malol kelmaydi. Birov aytib yoki tanqid qilib ko’rsatgan xatosini bilish kishini ung’aysiz ahvolga solib qo’yishi, hatto malol kelishi mumkin.
SHarqda, xususan bizning ma’naviy-madaniy merosimizda “Qutadg’u bilik”, “Guliston”, “Bo’ston”, “Mahbubul qulub”, “Qobusnoma”ga o’xshash pandnomalar, odob-axloqqa bag’ishlangan kitoblar ko’p. G’arbda ham yaxshi muomala, etiket qoidalarini o’rganish, biznes, siyosat va boshqa turli sohalarda amaliy munosabatlar o’rnatish, jamiyatda o’z o’rnini topishga qaratilgan asarlar talaygina. Ular orasida Deyl Karnegi kitoblariga o’xshash zamonaviy jamiyatda muvaffaqiyat qozonish omillarini yoritganlari ham bor. Mumtoz axloqiy asarlarni, pandnomalarni, ushbu mavzuga bag’ishlangan zamonaviy kitoblarni o’qib-o’zlashtirish, hayotdan o’rganish, ibrat olish, o’z ustida tinmay ishlash, yuksak maqsadlarga intilish o’zini o’zi tarbiyalashning samarali vositasidir.
Mumtoz allomalar odob-axloq va tarbiya haqida gapirganlarida, inson uchun zarur fazilatlar qatorida insoniylikka zid mayllar va sifatlar haqida ham ko’p bahs olib borganlar. CHunki muqobil, bir biriga qarama-qarshi sifatlar qiyoslanganda, ularning haqiqiy bahosi, mazmun-mohiyati aniqroq ochiladi. Bu usuldan Alisher Navoiy barcha asarlarida mohirona foydalangan, ayniqsa uning falsafiy-didaktik asari “Mahbubul qulub” mazkur fikrni tasdiqlaydi. Bir misol keltiramiz: “Tilga ixtiyorsiz – elga e’tiborsiz... Tilig’a iqtidorliq – hakimi xiradmand; so’zig’a ixtiyorsiz –laimi najand”12. (Mazmuni: tiliga kuchi yetmagan kishi elning e’tiboridan qoladi. Tilini tiyishga qodir – donishmand faylasufdir. So’ziga kuchi yetmagan (vaysaqi) – uyatsiz tuban kishidir).
Ma’naviy tarbiyada, ayniqsa o’zini o’zi tarbiyalaganda insonga zarur fazilatlar nimaligini bilish, o’zlashtirish qatorida insonga zarar yetkazuvchi mayllar va salbiy sifatlarni bilish, ularni ongli qabul qilmaslik, ulardan saqlanishni ham o’zlashtirish kerak. Bu esa nafaqat buzg’unchi siyosiy g’oyalarga, shuningdek buzg’unchi axloqiy va salbiy hisoblanadigan individual va maishiy sifatlarga ham qarshi tura olishni bildiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |