3.O’zbekiston mintaqaviy siyosatining asosiy yo’nalishlari.
Bozor iqtisodiyotiga o’tayotgan boshqa mamlakatlardagi kabi respublikamiz iqtisodiyotida ham “samarali” usulni qo’llash bo’yicha muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Ko’plab foydalanilmayotgan zahiralar ishga tushirilmoqda; yangi korxonalar asosan kommunikatsiyalar bilan yaxshi ta’minlangan kichik va o’rta shaharlarga joylashtirilmoqda; qishloq xo’jaligida tabiiy-iqlim sharoitiga mos ekinlar ekish joriy etilmoqda.
Respublikamiz mustaqillikka erishgandan keyin, birinchi navbatda boy tabiiy-iqtisodiy salohiyatga ega hududlar va shaharlarni rivojlantirishga, mintaqalar iqtisodiy taraqqiyotidagi tafovutlarni kamaytirishga alohida e’tibor berilmoqda. Qishloqda sanoatni, birinchi navbatda qishloq xo’jalik mahsulotlarini qayta ishlayodigan korxonalarni ishga tushirish, ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilma tizimini shakllantirish bo’yicha muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.
Ma’lumki, respublikamizning turli hududlari maydoni, aholi soni, tabiiy-iqlim sharoiti, infratuzilma ob’ektlari bilan ta’minlanishi, shaharlashuv darajasi, aholining turmush sharoiti va boshqalarga ko’ra bir-biridan keskin farq qiladi. Jumladan, mamlakat ma’muriy-hududiy birliklari o’rtasidagi aholi zichligi bo’yicha eng yuqori ko’rsatkich Toshkent viloyatining Toshkent tumaniga to’g’ri kelsa (1 km2 maydonda 767 kishi), Aksincha eng siyorak mintaqa Navoiy viloyatining Tomdi tumani (1 km2 maydonda 0,58 kishi) hisoblanadi.
Surxondaryo viloyatining Bandixon tumani respublika ma’muriy-hududiy birliklari orasida aholi tabiiy o’sishining yuqoriligi bo’yicha eng oldingi o’rinni egallaydi. 2001 yil davomida bu erda har 1000 kishiga nisbatan tabiiy o’sish 26,9 kishiga to’g’ri kelgan. Eng quyi ko’rsatkich esa Navoiy viloyatining Tomdi tumanida 4,7 kishiga teng bo’lgan.
Aholi tabiiy ko’payishida shahar va qishloq o’rtasidagi tafovutlar yaqqol sezilib turadi. Xususan yirik, sanoatlashgan va mahalliy millat vakillari nisbatan kam istiqomat qiladigan shaharlarda aholi tabiiy ko’payishi qishloq joylarga nisbatan bir necha bor past ekanini ko’rishimiz mumkin. Jumladan, Toshkent viloyatidagi Olmaliq, Ohangaron, Chirchiq shaharlarida tabiiy o’sish respublika o’rtacha ko’rsatkichiga nisbatan 3-5 marta kamdir.
Toshkent shahrining ayrim tumanlari orasida ham shunday tafovutlar uchraydi. Jumladan, mahalliy millat vakillari ko’p istiqomat qiladigan Shayxontohur tumanida aholining tabiiy ko’payishi Mirzo Ulug’bek tumaniga nisbatan esa 3,7, Hamza tumaniga nisbatan 5,5 marta yuqori.
Samarqand viloyati Urgut tumani aholi soni bo’yicha mamlakat ma’muriy-hududiy birliklari orasida eng yuqori o’rinni egallaydi. U erda 335 ming kishi kishi istiqomat qiladi. Buxoro viloyati Qorovulbozor tumani esa, aksincha, aholisi eng kam hudud bo’lib hisoblanadi. U erda 13,6 ming kishi yashaydi.
Umuman, har bir tuman yoki shaharning o’ziga xos xususiyatlari haqida bu kabi misollarni yana ko’plab keltirish mumkin. Mamlakatning mintaqaviy iqtisodiy siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirishda ularning mana shunday alohida jihatlari albatta hisobga olinishi lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |