2.Mintaqalarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning nazariy va uslubiy asoslari.
Hududiy nazariyalarni (shu jumladan, hududiy siyosat nazariyalarini) o’rganishga oxirgi o’n yilliklarda nisabatan kamroq e’tibor berildi. To’g’ri, hududiy iqtisodiyot bo’yicha anchagina tadqiqotlar qilindi. Ularning natijalari kitob holida nashr etildi. Ammo, hududiy iqtisodiyotning nazariy asoslari ularning ayrimlaridagina ko’rib chiqildi. Biz mavjud hududiy nazariyalarni mintaqalar iqtisodiy rivojlanishini davlat tomonidan tartibga solishning amaliy masalalarini hal etishda foydalanish imkoniyati nuqtai nazarida tahlil etishga harakat qildik.
Hududiy siyosat nazariyalari hududlar iqtisodiy rivojlanishining davlat tomonidan tartibga solish yo’nalishlarini shakllantiradi. Biroq bu nazariyalarning o’zinigina o’rganish bilan chegaralanib qolish to’g’ri emas, chunki ulardan ko’pi mintaqalarning iqtisodiy o’sishi nazariyalariga asoslangan (boshqacha qilib aytganda, mintaqalarning iqtisodiy o’sish sur’atlarida farqlar yuzaga kelishiga sabab bo’luvchi omillarni aniqlamasdan turib, hududiy siyosat haqida gapirish noto’g’ri).
Hududiy o’sish nazariyalarini ko’rib chiqishda ikki xil asosiy yondashuv mavjud. Birinchisi – hududlarda iqtisodiy o’sish modellarini qo’llash. Bunday modellarni mamlakat iqtisodiyotining o’sishini izohlash uchun ishlab chiqilgan modellarga o’xshatish mumkin (development esonomiss). Ikkinchisi esa, alohida korxona va firmalarning xatti-harakatlarini tahlil etishga asoslangan. Chunki mintaqalarning iqtisodiy rivojlanishini, avvalambor, ularning faoliyatigina aniqlab beradi. Kompaniyalar o’z faoliyatini u yoki bu hududda olib borishlarining sabablari joylashtirish nazariyalari orqali ko’rib chiqiladi.
Turli mamlakatlarda hududiy nazariyalarning turli yo’nalishlariga ustuvorlik berilgan. Eng kuchli ilmiy maktablar Germaniya, Shvetsiya, Buyuk Britaniya, AQSh va Frantsiyada shakllangan. Germaniyada an’anaviy ravishda ko’proq joylashtirish nazariyalariga (Yo.G. Fon, Tyunen, V.Launxard, A.Veber, A.Predel, A.Lesh, R.Gors va boshqalar); hududiy o’sish muammolarini tadqiq etishga (X.Zibert) va hududiy rivojlanishni tartibga solishga (V.Kristaller va A.Lesh) e’tibor qaratilgan.
XX asrning birinchi yarmida joylashtirish nazariyalari bilan Stokgolm maktabi doirasida Shvetsiyada faol shug’ullanishgan. 1920 – 1930 yillarda T.Palander ishlari mashxur bo’lgan. Sal keyinroq G.Myurdal hududiy o’sishning asos modellaridan birini yaratdi. Mintaqashunoslar orasida ham joylashtirish, ham hududiy rivojlanishni tartibga solish nazariyalarining rivojlanishida muhim rol o’ynagan Shved olim X.Xegerstrandning ham nomini aytib o’tish mumkin.
Frantsuz iqtisodchilari va iqtisodiy geografiyashunoslari ijtimoiy masalalarga doim katta qiziqish bilan qarashgan. Hududiy nazariyalarda ular «o’sish qutblari» va «rivojlanish o’qlari» urbanistik kontseptsiya bilan bog’liq bo’lgan ilmiy yo’nalishlar rivojlanishiga katta hissa qo’shishgan (F. Peru, J.R.Budvvil, P.Pote).
Hududiy nazariyalar sohasida Rossiya iqtisodchilari va geograflari tomonidan ham katta tadqiqotlar amalga oshirilgan. Ular asosan g’arb olimlari fikrlarini rivojlantirganlar. Bu borada ayniqsa, universitet rayon maktabining iqtisodiy va ijtimoiy georafiya vakillari o’ziga xos xususiyatga ega bo’lishgan. N.N.Baranskiy, N.N.Kolosovskiy, I.A.Viti, Yu.G. Saushkin kabi olimlar ushbu yo’nalishni mustahkamlashga katta hissa qo’shganlar.
Do'stlaringiz bilan baham: |