Antibiotiklar Sikloserinni turli turdagi aktinomitsitlar ishlab chiqaradi. Sintetik yo‘l bilan ham olingan.
Keng ta'sir spektriga ega. Dori dori vositasi sifatida sikloserinni D-izomeri ishlatiladi. Hujayra tashqarisida va hujayra ichkarisida joylashgan sil mikobakteriyasiga qarshi eng samarador (faolligi bo‘yicha izoniazid, rifampitsin, streptomitsindan kuchsizroq). Boshqa mikroorganizmlarga katta konsentratsiyada ta'sir ko‘rsatadi. Hujayra devori sintezini buzib sikloserin bakteriotsid ta'sir etadi. Sikloserin kimyoviy tuzilishi jihatdan D-alaninga o‘xshash bo‘lganidan raqobatdoshlik asosida D-alaninratsemaza va D-alaninsintetaza fermentlarni faolligini susaytiradi (ingibitsiyalaydi). Natijada ko‘pgina bakteriyalar hujayra devorini tuzilishi uchun zarur bo‘lgan D-alanil-D-alanin dipeptidini hosil bo‘lishi buziladi.
Sil mikobakteriyasini sikloseringa chidamliligi nisbatan sekin rivojlanadi. MIT dan yaxshi so‘riladi. Orqa miya suyuqligiga (likvor) oson o‘tadi, undagi dori vositaning konsentratsiyasi qon zardobidagiga yaqin. Kiritilgan sikloserinning tahminan 1/3 kimyoviy o‘zgarishlarga uchraydi. Dori vosita buyrak orqali ajraladi (1 sutka davomida tahminan 50 %).
Sikloserinni qo‘llashga ko‘rsatma bu boshqa silga qarshi vositalarni ko‘tara olmaslik yoki ular samarasiz bo‘lgan holatlardir. I va II-guruh dori vositalar bilan sikloserinni birgalikda qo‘llash eng yaxshi natija beradi. Dori vosita enteral qo‘llaniladi (ichish tavsiya etilgan).
Sikloserinni qo‘llaganda tez-tez noxush ta'sirotlar yuzaga keladi. Asosan bular asab-ruhiy buzilishlar, bosh og‘rig‘i, bosh aylanishi, tremor, tirishish, qo‘zg‘olish yoki depressiv psixozlar, ba'zida dispepsiya kabi buzilishlar kuzatiladi. Allergik reaksiyalar juda kam bo‘ladi.
MNS funksiyalarini buzilishlarini bartaraf etish uchun piridoksin, glyutamin kislotasi, ATF dori vositalari kiritiladi.
Kanamitsinni Streptomyces Kanamyceticus ishlab chiqaradi. Dori vosita aminoglikozidlar guruhidagi antibiotiklarga mansub. Sulfat shaklida chiqariladi.
Kanamitsin keng antibakterial ta'sir spektriga ega. Jumladan sil mikobakteriyasi, ko‘pgina grammusbat va grammanfiy bakteriyalarga halokatli ta'sir ko‘rsatadi. Streptokokklar (enterokokklardan tashqari), pnevmokokklar ularning ta'siriga kam sezgirlar. U ko‘k yiring tayoqchasi, anaeroblarga, spiroxetalarga, patogen zamburug‘larga va haqiqiy viruslarga ta'sir etmaydi. Uning antimikrob ta'sir mexanizmi bakteriyalarda oqsil sintezini susaytirishi bilan bog‘liq. Kanamitsin bakteriostatik hamda bakteriotsid ta'sirga ega. Bakteriyalar kanamitsinga tez turg‘unlik orttiradilar. MIT dan dori vosita juda oz miqdorda so‘riladi, rezorbtiv ta'siridan foydalanish uchun prerapatni mushak ichiga kiritiladi. Shu yo‘l bilan qo‘llanganda qon zardobida dori vositaning maksimal konsentratsiyasi tahminan 1 soatdan so‘ng aniqlanadi. Antibakterial ta'siri 6-12 soatgacha saqlanadi. GEB dan kanamitsin amaliy jihatdan o‘tmaydi. Buyrak orqali ajraladi.
Tibbiyot amaliyotida kanamitsin II-guruh silga qarshi vositalar dori vositalari sifatida, hamda grammanfiy mikroorganizmlar (ichak tayoqchasi, kapsulali bakteriyalar va boshqalar), protey, tilla stafilakokk va boshqa kanamitsin ta'siriga sezgir bo‘lgan qo‘zg‘atuvchilar bilan chaqirilgan infeksiyalarda qo‘llaniladi. Boshqa antibiotiklarning samarasiz ekanligi kanamitsinni qo‘llashga asosdir.
Mushaklar ichiga in'eksiya qilishdan tashqari dori vosita tana bo‘shliqlariga kiritilishi mumkin. Bundan tashqari, uni ba'zida enteral qo‘llashga tavsiya etiladi (ichak mikroflorasini qo‘piyishini to‘xtatish uchun)
Kanamitsin yuqori zaharlilik bilan xarakterlanadi. Jumladan u gentamitsin va streptomitsinga nisbatan kuchliroq (lekin neomitsindan kamroq) ototoksiklikga ega.
Quloqda shang‘illash (shovqin)ni paydo bo‘lishi dori vositani qo‘llashni to‘xtatishga asos bo‘ladi, chunki u eshituv nervini jarohatlab, eshitishni qaytmas susayishiga, hattoki gunglikka olib kelishi mumkin. Kanamitsinni ototoksik ta'siri, ayniqsa, uni uzoq muddat qo‘llaganda xavfli (silni davolashda). Vestibulyar buzilishlar nisbatan kam uchraydi. Kanamitsin yaqqol ko‘zga tashlanadigan nefrotoksik ta'sirga ham ega. Shu sababli davolash davrida muntazam nafaqat eshitish holatini, balki buyrak funksiyasini ham nazorat qilish darkor. Bundan tashqari, jigarga ham salbiy ta'sir ko‘rsatishi mumkin. Ba'zan allergik reaksiyalar kuzatiladi.
Qo‘llash mumkin bo‘lmagan holatlar va ehtiyot choralari neomitsin va gentamitsinnikiga o‘xshash.
II guruh silga qarshi antibiotiklarga kapreomitsin va florimitsin sulfat (viomitsin)lar ham tegishli.