15.10.Viruslarga qarshi vositalar Viruslarga qarshi vositalarni yaratish infeksiyalar ximioterapiyasining eng murakkab vazifalaridan biri. Bu RNK va DNK tutgan viruslar hujayra ichidagi obligat parazitlar bo‘lganliklari bilan bog‘liq. Viruslar ko‘payish jarayonida asosan makroogganizm hujayrasining biosintez apparatini ma'lum darajada modifikatsiyalab ishlatadilar. Shu sababli ho‘jayin hujayrasini jarohatlamay faqat viruslarga tanlab ta'sir etuvchi vositalarni yaratish juda qiyin. Ammo ba'zi viruslar (masalan, oddiy gerpes virusi, o‘rab oluvchi lishay virusi va boshqalar) hujayra ichiga kirgach o‘zlarini fermentlarini hosil qiladilar va bu fermentlar hujayraning Shu kabi fermentlaridan farq qilishi mumkin. Ana Shunday fermentlar qatoriga DNK-polimeraza tegishli. Jumladan, asikloguanozin (asiklovir) hujayraga kirgach fosforlanadi va trifosfat ko‘rinishida oddiy chechak virusining DNK-polimerazasini susaytiradi (hujayraning polimerazasiga nisbatan katta darajada). Bundan tashqari ushbu birikma virusning DNK tarkibiga kirib oladi. Ribavirin 5-trifosfat ko‘rinishida viruslarning RNK-polimerazasini susaytiradi. Azidotimidin VICh infeksiyasi virionlarining teskari transkriptazasini susaytirishi aniqlangan. Peptid tuzilishiga ega bo‘lgan dori vositalar (sakvinavir) VICh proteazasini qaytmas ingibitsiyalaydi. Viruslarning neyraminidazasini ingibitsiyalovchi viruslarga qarshi vositalar yaratilgan. Olingan ma'lumotlar yangi, tanlab ta'sir ko‘rsatuvchi, viruslarga qarshi vositalarni yaratishda nihoyatda katta kelajakka ega.
Viruslarga qarshi vositalarning ta'sir yo‘nalishi har xil va hujayra bilan virusning o‘zaro ta'sirini turli bosqichiga taalluqlidir. Jumladan, quyidagilarga susaytiruvchi ta'sirko’rsatuvchi moddalar ma'lum:
virusni hujayraga adsorbsiyalanishi yoki uni hujayraga kirishi (enfuvirtin, γ-globulin)
virus genomini ozodlikka chiqish (“deproteinizatsiya”) jarayoni (midantan, remantadin)
Bundan tashqari organizmga tushgach viruslar hujayrada biologik faol bo‘lgan glikoprotein – interferonlarni hosil bo‘lishiga olib keladi va ular orqali immunitetning gumoral hamda hujayra bo‘g‘imlarini ishga tushiradi.
Virus oqsillari kuchli antigen bo‘lganliklaridan viruslarni neytrallovchi antitelalar hosil bo‘lishiga olib keladi. Interferonlar sintezini va antitelalar hosil bo‘lishini rag‘batlantiruvchi dori vositalarini yaratish ham virusli infeksiyalar bilan kurashishda ulkan kelajakga ega deb hisoblanadi.
Dori vositalari sifatida qo‘llanilayotgan viruslarga qarshi moddalar quyidagi guruhlardan iborat bo‘lishlari mumkin.