Kerakli materiallar va jihozlar: tovuq, kaptar, qarg’a yoki boshqa tur qushning montaj qilingan skeleti, yosh (jo’ja) qushlarning bosh skeletlari, yelka kamari va qanot skeletlari, chanoq kamari va orqa oyoq skeletlari, bo’yin umurtqalari, preparoval ninalar, qo’l lupasi hamda qushlar skeleti, bosh qutisi, qanot va yelka kamari, orqa oyoq va chanoq kamari skeletlari aks ettirilgan jadvallar.
Ishning mazmuni.
Qush suyaklarining maxkam va yengil bo'lishiga sabab, uning pnevmatikligi, ya'ni ularda ichi havo bilan to'lgan bo’shliqlarning bo'lishidir. Bosh skeletining yengil bo'lishi tishlarning yo’q bo'lib ketishi va suyaklarining yupqalanishi bilan bog’liq bo'lib, voyaga etgan qushlar miya qutisidagi barcha suyak choklari bilinmaydigan darajada bir-biriga qo’shilib ketgan. Suyaklararo choklarni faqat yosh qushlarning bosh skeletidagina ko'rish mumkin. Ko'krak toj qismi oldingi oyoqlarni harakatga keltiruvchi muskullar rivojlanishi tufayli taraqqiy etgan. Uchish layoqatini yo’qotgan qushlar (tuyaqushlar)da ko'krak toji yo’q bo'lib ketgan, biroq ba'zi qushlar (pingvin) larda saqlanib qolganligi, uning suvda suzishga moslanganligi bilan bog’liq. Oldingi oyoq skeletida tipik bo'limlarning hammasi bor, lekin ular uchishga moslangani uchun panjalari shaklan o'zgarib, qisman reduksiyalangan. Bilaguzuk suyaklarining proksimal elementlari bir-biriga qo’shilib, ikkita kichkina suyakcha hosil qilsa, distal elementlari kaft suyagiga qo’shilib ketgan. Kaft suyagi faqat ikkita uzunchoq suyakchadan iborat bo'lib, ularning proksimal hamda distal, qismi qo’shilib bitta kaft bilaguzukni hosil qilgan. Barmoqlaridan faqat birlamchi uchta barmoq falangalari saqlanib qolgan. Orqa oyoqlar uch bo'limdan iborat. Bulardagi kichik boldir suyagi rudumentlashib katta boldir suyagiga qo’shilib ketgan. Boldir suyagining distal qismi tovon suyakchalarining proksimal qatorlaridan hosil bo'lgan. Tovon suyakchalarining proksimal qatorlari haqiqiy boldir suyagiga choksiz birikishi tufayli yangi tibiotarzus nomli suyak paydo bo'lgan. Voyaga yetgan qush oyog’ining tibiotarzusdan keyingi bo'limi bitta suyak-pixdan iborat. Pix esa oyoq kafti suyakchalarining bir-biriga qo’shilishidan hosil bo'ladi. Shunday qilib, qushlarning tovon bo’g’imi, ikki qator tovon suyakchalari orasiga joylashgan va bu intertarzal yoki tovonaro bo’g’im deb ataladi.
Qushlar bosh skeletining ensa bo'limida bitta ensa bo'rtmasi bo'ladi. Tanglayi tuzilish xarakteriga qarab to'rtta tipga bo'linadi. Shulardan dromeognatik (reptiliyalarga xos) tip Boshqa uchta, ya'ni shizognatik, desmognatik va egitognatik tiplarga qaraganda katta filogenetik ahamiyatga ega. Shunga ko'ra, birinchi tipga mansub turlarni qadimgi tanglaylilar va qolgan uchta tipdagilarni esa yangi tanglaylilar deb yuritiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |