Tashqi ko'rinishi. Tikanli akulaning, gavdasi duk shaklida bo'ladi. Gavda, chegarasi noaniq uch qism - bosh, tana va dumga bo'linadi. Boshining uchida kalta tumshuqi bor. Boshining ikki yonida kattagina ko'zlari joylashgan bo'lib, ular to'garak og’izlilarniki kabi parda bilan qoplangan emas. Akulaning ko'zida ham boshqa baliqlarniki singari xarakatchan qovoqlari yo’q. Ko'zining orqasida ikkita teshik - sachratgich bo'lib, bu teshik xalqum bilan tutashgan. Sachratgich qachonlardir jag’ yoyi bilan til osti yoylari oralig’ida joylashgan jabra teshigining qoldig’idir. Ko'ndalang tirqish shaklidagi og’iz teshigi boshining pastki qismida joylashgan. Jag’lilardagi o'tkir tishlari asosan shakli o'zgargan plakoid tangachalardir. Boshining pastki qismida og’ziga yaqin joyda bir juft burun teshigi bor. Burun teshiklari teri parda bilan ikkiga bo'lingan. Boshining ikki yonida beshtadan tirqishsimon, vertikal joylashgan jabra teshiklari bor. Oxirgi (beshinchi) jabra teshigi bosh bilan tana qismi oraliqidagi chegara xisoblanadi. Boshi qorin suzgich va tanasining yon tomonlarida, yon chiziq organi joylashgan. Ular suvdagi barcha o'zgarishlarni sezuvchi seysmosyonsor organ xisoblanadi. Oxirgi jabra teshigidan akulaning tana qismi boshlanib, u kloaka bilan chegaralanadi. Gavdaning kloaka teshigidan keyingi bo'limi dum qismi xisoblanadi.
Akulasimonlarning juft va toq suzgich qanotlari bor. Tananing oldingi qismi ikki yon tomonidan gorizontal juft ko'krak suzgich qanoti va kloaka yon tomonlarida qorin juft suzgich qanotlari joylashgan. Erkaklarida qorin juft suzgich qanotlarining ichki qismi (suzgich qanotni bazal elementlari) o'zgarib, juft kopulyativ (otalantirish) organiga aylangan. Bu organlar uzun va qattiq o'simta shaklida bo'ladi (68-rasm).
68-rasm. Tikanli akula (katran)ning tashqi ko'rinishi: 1 - burun teshigi; 2 - tumshuq (rostrum); 3 - sachratgich; 4 - jabra yoriqlari; 5 - ko'krak suzgichi; 6 - qorin suzgichi; 7 - dum suzgichi; 8, 9 - orqa suzgichlari.
Orqasida ikkita toq orqa suzgich qanoti bo'ladi. Tikanli akulalarning bu suzgich qanotlarining oldida bittadan o'tkir suyakli tikanlari bor (nomi kam shundan olingan). Dum qismi kuchli serbar geterotserkal tipdagi dum suzgichi bilan tugaydi. Tana va dum qismlarining yon-bosh tomonlarida yon chiziq organining teshiklari joylashgan bo'lib, ular aniq ko'rinmaydi
Akulaning terisi dentin moddasidan tashkil topgan plakoid tangachalari bilan qoplangan. Tangachalar ustida uchi orqaga qayrilgan tishchalar bo'lib ularning ustini emal qoplagan. Barmoq bilan dumidan boshiga tomon silansa mayda tishchalar seziladi. Terisi dentin moddasidan tashkil topgan (69-rasm).
Do'stlaringiz bilan baham: |