TUBAN O‘SIMLIKLARI
Tuban o‘simliklar. Tuban o‘simliklar kelib chiqishi jihatidan sodda tuzilgan organizmlar bo‘lib, ularning tanasi organ (ildiz, poya, barg) larga ajralmagan va haqiqiy to‘qimalari bo‘lmaydi. Ularning tanasi kattana yoki tallom deb ataladi. Hozir 200 mingdan ortiq turi aniqlangan (ko‘pi suvda). Shundan 3000 dan ortiq tur va shakillari O‘zbekistonda tarqalgan.
Ayrim tuban o‘simlik vakillarida (shilimshiq zamburug‘lar, zamburug‘lar, bakteriyalar) xlorofil bo‘lmaganligi sababli, ular karbonat angidridni mustakil o‘zlashtira olmaydi. Natijada tayyor organik moddalar hisobiga oziqlanadi. Bularni geterotrof deyiladi. Bu organizmlarning ba’zi vakillari o‘simlik va hayvon qoldiqlari, ya’ni chirindilar hisobiga yashaydi. Oziqlanish usulining bu turiga kiradigan o‘simliklarni saprofit organizmlar deb yuritiladi. Yana ayrimlari esa tirik o‘simlik yoki hayvonlar hisobiga yashaydi. Va ular parazit organizmlar deyiladi. Tuban o‘simliklardan suv o‘tlari avtotrof yo‘l bilan oziqlanadi.
Tuban o‘simliklarning suvda, nam joylarda va tuproqda yashaydigan katta guruhi suvo‘tlar deyiladi. Suvo‘tlar xujayrasida xlorofil bo‘lishi bilan bakteriyalardan farq qiladi. Lekin ular tarkibida boshqa pigmentlar borligi tufayli rangi qo‘ng‘ir qizil va ko‘k- yashil bo‘ladi. Xlorofill borligi uchun suvo‘tlar avtotrof o‘simliklar hisoblanadi. Suvo‘tlar tashqi ko‘rinishidan juda xilma- xil bo‘ladi. Ular orasida mikroskopik mayda bir xujayralilar bilan bir qatorda bir necha o‘n metrga yetadigan juda yirik vakillari ham bor. Koloniya bo‘lib yashaydigan suvo‘tlar bir xujayralilar orasidagi zvenodir. Ularning tanasi o‘zaro bo‘sh birikkan xujayralar to‘dasidan iborat.
Suvo‘tlarining tanasi poya, barg, ildiz kabi organlarga bo‘linmagan tallomdir. Biroq ba’zi vakillarning tallomi birmuncha murakkab tuzilgan bo‘lib, funksyasiga muvofiq ravishda tanasi ayrim qismlarga ajralgan bo‘ladi. Suvo‘tlari vegetativ, jinssiz va jinsiy yo‘l bilan ko‘payadi. Jinsiy yo‘l bilan ko‘payish oogamiya, izogomiya, geterogamiya tipida ro‘y beradi. Suvo‘tlar dengizlarda va chuchuk suvlarda suvning tiniqligiga qarab har xil chuqurlikda (tiniq dengizda 100-150 m ) yashaydi. Ularning ba’zilari, asosan, mikroskopik shakillarining juda ko‘p to‘dasi erkin suzib yurib fitoplonkton hosil qiladi. Boshqalari esa suv xavzalari ostiga yopishib yashab, bentos (suv xavzasi ostidagi o‘simlik va hayvon organizmlar to‘dasi) tarkibiga kiradi.
Tuproq suvo‘tlari yer yuzasida va uning ustki qatlamlarida yashaydi. Ularning ko‘pi tuproqda organik moddalarni to‘planishiga yordam beradi va unimdorlikning muhim omili hisoblanadi.
Tuban o‘simliklarning xlorofilsiz va tuzilishi juda turli - tuman bo‘lgan juda ko‘p turi zamburug‘lar deb ataladi. Ular o‘z ichiga 100 mingdan ortiq turni oladi. Zamburug‘lar tallofit o‘simliklardir, chunki ular ham xech qachon suvo‘tlari singari haqiqiy to‘qima hosil qilmaydi va ularni tanasi qismlarga (barg, poya, ildizga) bo‘linmaydi.
Ularning ko‘pchiligi mikroskopik mayda bo‘lib, nonda mug‘or, o‘simlik barglarida zangsimon dog‘lar va shunga o‘xshash shakllarda ham ko‘rinadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |