11-rasm. Meva-sabzavot mahsulotlarni ishlab chiqaruvchilardan iste`molchilargacha bo`lgan harakatlari jarayoni
- malakali mutaxassislarning etishmasligi (agronom, veterinar va boshqalar); - yangi agrar islohotlar, me`yoriy hujjatlar, mehnatni tashkil etish shakllari, ilg`or ishlab chiqarish texnologiyalari, davlat tomonidan qo`llab-quvvatlash chora-tadbirlari to`g`risida bilim, ko`nikma, ma`lumotlarning etishmasligi kabilarni ko`rsatib o`tish mumkin.
Yuqorida qayd etilgan muammolarning echimini quyidagilarda ko`rish mumkin:
hamkorlikda ishlab chiqarilgan mahsulotni to`g`ridan-to`g`ri bozorga yoki qayta ishlash korxonalariga (sut mahsulotlari, go`shtni qayta ishlash zavodi va boshqalar) vositachilarisiz sotishni yo`lga qo`yish;
mahsulotlarni saqlash va qayta ishlashni birgalikda tashkil etish (sabzavot do`koni, sut yig`ish punkti, ozuqa bazasi, ozuqa do`koni va boshqalar);
er, qishloq xo`jaligi texnikalari, ilg`or texnologiyalar, transport va boshqalardan birgalikda foydalanishda kooperativga birlashish;
yonilg`i-moylash materiallarini, o`g`itlar, urug`lar, ozuqa va boshqalarni birgalikda sotib olishni (ulgurji) yo`lga qo`yish;
qishloq xo`jaligi texnikalari, texnologik uskunalari va boshqa davlat tomonidan qo`llab-quvvatlanadigan vositalarni sotib olish uchun investitsiya subsidiyalarini olish, shuningdek hujjatlarni markazlashtirilgan holda tayyorlash va ijro etuvchi organlarga taqdim etish imkoniyatlarini yaratish.
O`zbekistonning tabiati, iqlim sharoitlari, mavjud ishchi kuchi resurslaridan va geografik joylashuvidan kelib chiqqan holda, mamlakat iqtisodiyotining yuqori sifatli meva va sabzavotlar etishtirishda yirik imkoniyatlari deyarli hech kimda shubha tug`dirmasa kerak. Ammo, mavjud salohiyat va uni hayotda amalga oshirish – turli tushuncha.
Masalan, Evropa Ittifoqida hozirgi kunda “premium” toifasiga kirmaydigan meva va sabzavotlarga talab deyarli yo`q. AQSh va boshqa ko`plab rivojlangan mamlakatlarda xuddi shunday vaziyat. Bundan tashqari, har bir mamlakatda mevalarning turli xususiyatlariga nisbatan o`ziga xos ularning rangi, ta`mi, kalibri va boshqa xususiyatlari bo`yicha talablar va ehtiyojlar mavjud.
Boshqacha qilib aytganda, har bir tadbirkor eksportni amalga oshirishda strategik qarorlardan, bozorni to`g`ri tushunishdan boshlashi kerak. Aks holda, uning mahsulotlariga talab umuman bo`lmasligi mumkin. Bunday hollar O`zbekistonda ko`p uchraydi. Ammo mahsulot etishtirish – ishning hattoki yarmi ham emas. Meva-sabzavot mahsulotlarini etishtirishda ularni iste`molchilarga sifatli (xususiyatlarini yo`qotmagan yoki maksimal darajada saqlagan) holda etkazib berish, ma`lum vaqt saqlanishi va qadoqlash kabi omillarni hisobga olish juda muhim hisoblanadi. Aksariyat hollarda hosil yig`im-terimidan keyingi jarayondagi xarajatlar va sarmoyalar mahsulotni etishtirishga ketgan mablag`dan ko`p bo`lib, ko`pincha bunday xarajatlar etarlicha e`tiborga olinmaydi.
Bu masalada har doim mavjud iqlim sharoitidan kelib chiqqan holda mulohaza yuritish lozim. O`zbekistonda noyob xususiyatlarga ega mahsulotlar etishtirish mumkin. Ammo eksport uchun olma etishtirishning ma`nosi yo`q, olmaning ba`zi erta navlari bundan mustasno. Bu borada yana bir muhim omilni ta`kidlash joizki, O`zbekiston geografik jihatdan barcha tashqi bozorlardan (meva va sabzavotlar eksporti uchun) uzoq masofada joylashgan. Bu degani, mahsulotni iste`molchilarga etkazib berish xarajatlari, ya`ni logistika xarajatlari doim yuqori bo`ladi. Shu sababli, arzon narxdagi mahsulotlarni eksport qilishning ma`nosi yo`q – daromadli eksport uchun marja etarli darajada bo`lmasligi mumkin. Bundan tashqari, mamlakatda ishchi kuchining etarliligidan ham foydalanish lozim – hosil yig`im-terim jarayoni qanchalik mehnattalab va xarajatli bo`lsa, O`zbekistonning ushbu mahsulotni eksport qilish imkoniyati shunchalik yuqori bo`ladi. Albatta, mahsulotning sifati, xavfsizligi va uning saqlanishini ta`minlash zarur infratuzilma va bilimlarning mavjudligiga ham bog`liq.
Do'stlaringiz bilan baham: |