O`zbekiston respublikasi oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi guliston davlat universiteti


Xalifa al-Ma’mun (786-833) va uning siyosiy faoliyati



Download 0,62 Mb.
bet7/55
Sana12.09.2021
Hajmi0,62 Mb.
#172632
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   ...   55
Bog'liq
2020 Lotincha O'OAIM

Xalifa al-Ma’mun (786-833) va uning siyosiy faoliyati

O‘rta asrlarda Movarounnahr va Xuroson hududlari IX asrning boshlarida xalifa al-Ma’mun tarafidan boshqarilgan. U Marv shahrida o‘n yil istiqomat qilgan bo‘lsa, shundan to‘rt yilini arab xalifasining Marvdagi noibi sifatida o‘tkazgan. Keyinchalik olti yil Marvdan turib butun musulmon dunyosini idora qilgan. Natijada bu davrda, hozirgi Turkmanistonning Bayram-Ali shahri yaqinida joylashgan Marv butun musulmon dunyosining poytaxtiga aylangan, eng muhim siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy qarorlar o‘sha yerda qabul qilingan. Markaziy Osiyo xalqlari tarixida o‘ziga xos o‘rin tutgan yirik siyosiy arbob - xalifa al-Ma’mun siyosati shu jihatlari bilan biz uchun ahamiyatli hisoblanadi. Al-Ma’mun xususida so‘z ketganda, birinchi navbatda, o‘sha davrda ilm va fanning tez rivoj topgani hamda akademiya vazifasini bajargan «Bayt ul-hikma» («Hikmatlar uyi»)ning samarali faoliyati tilga olinadi. Shu sababli ko‘pgina adabiyotlarda al-Ma’munning ismi «Bayt ul-hikma» bilan bog‘langan holda, oqil, ilm-fanga qiziquvchi, olimlarning homiysi, odil hukmdor deb e’tirof etiladi. Misol uchun, rus yozuvchisi N.V.Gogol (1809-1852) Sankt-Peterburg universitetidagi ma’ruzalarining birida, al-Ma’mun shaxsini yuqori baholar ekan, uni hatto «siyosiy davlatni ilhom larilari davlatiga aylantirishni ko‘zlagan» deb ta’riflaydi.

Albatta, al-Ma’munning ilmga qiziqqani, allomalarga qulay shart-sharoitlar yaratib bergani, homiylik qilgani va natijada o‘sha davrda ilmning qator sohalarida ulkan yutuqlarga erishilganiga hech kim shubha bildirmaydi. Ammo al-Ma’munning adabiyotlarda mana shunday ilmga homiylik borasidagi ijobiy xislatlari ortida, uning siyosiy faoliyatiga berilgan baho o‘z aksini topmay kelmokda. Fikrimizcha, al-Ma’munning ilm sohasidagi yutuqlaridan tashqari, (bu haqda keyinroq to‘xtalib o‘tamiz) uning siyosiy faoliyati borasida qisman fikr yuritish, o‘rta asr tarixida yorqin iz qoldirgan bu xalifaning siyosat bobidagi mavqei haqida to‘g‘ri tasavvur hosil qilishga yordam beradi.

Abdulloh al-Ma’mun 170/786 yilda tavallud topgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, al-Ma’mun dunyoga kelgan kuni otasi Xorun ar-Rashid xalifalik kursisiga o‘tiradi. Oradan olti oy o‘tib, Horun ar-Rashidning Zubayda ismli boshqa rafiqasi ham o‘g‘il ko‘radi. Ikkinchi o‘g‘liga Horun ar-Rashid Muhammad al-Amin deb ism beradi.

Al-Aminning onasi katta nufuzga ega bo‘lgan arablarning hoshimiylar oilasining vakili edi, Al-Ma’munning onasi ham nasl-nasabi yuqori, obro‘-e’tiborli fors oilasidan edi. Ular orasidagi yagona farq - biri kelib chiqishi jihatidan forsiy, keyingisi esa arabiy oilaga mansubligidadir. Al-Aminning onasi Horun ar-Rashidning rasmiy rafiqasi bo‘lsa, al-Ma’munning onasi bunday huquqga ega emas edi. Horun ar-Rashid farzandlaridan biri arab, ikkinchisi fors muhiti ta’sirida voyaga yetgani, keyinchalik aka-uka o‘rtasida kelib chiqqan nizolarda yaqqol ko‘zga tashlanadi. Al-Ma’mundagi forsiy xislatlar - uning onasi, shuningdek, rafiqasining ham nasab jihatidan fors oiladan ekani, umuman al-Ma’munda forsiy hamda shia mazhabiga xos xatti-harakatlar va moyilliklar keyinchalik, o‘sha davr arab arboblari tarafidan bir necha bor tanqid ostiga olinadi.

Horun ar-Rashid al-Ma’munning tarbiyasini vaziri Ja’far ibn Yahyoga, al-Aminning tarbiyasini esa Ja’farning ukasi al Fadl ibn Yahyoga yuklaydi. Tarixiy ma’lumotlarda qayd etilishicha, al-Ma’mun yoshligidanoq aqlli, hushyor, qobiliyatli, tadbirkor, doimo kamolotga intiluvchi bo‘lgan, o‘zining va o‘zgalarning qadrini bilgan, do‘st-dushmanni farqlay olgan. Shu sababdan bo‘lsa kerak, Horun ar-Rashidning al-Aminga qaraganda ko‘proq al-Ma’munga mehr qo‘ygani ko‘pgina manbalarda zikr qilingan. Al-Aminning onasi bir kuni bundan norozi bo‘lib, Horun ar-Rashidga shikoyat qiladi. Rafiqasiga o‘g‘illari orasidagi farqni ko‘rsatmoqchi bo‘lgan xalifaning buyrug‘iga binoan, xizmatchilardan biri har ikkala o‘g‘ilga: “Agar xalifalik sening qo‘lingga o‘tsa nima qilgan bo‘lar eding?”, - deya murojaat qiladi. Al-Amin «Seni ozod va boy-badavlat qilgan bo‘lar edim». - deydi. Al-Ma’min esa: «Mendan musulmonlar amiri va olampanoh xalifamizning vafot etgan kunlari senga nima qilishimni so‘rayapsanmi? Men aslida hech birimizning xalifadan ajralib qolishimizni istamagan bo‘lar edim», - deb javob beradi. Shu kabi rivoyatlarni ko‘plab manbalarda uchratish mumkin.

Al-Ma’mun, shuningdek, ko‘pchilikni boshqarish, ularga yo‘lboshchilik qilish kuchiga, yuqori darajada notiqlik san’atiga ham ega edi.

Al-Amin adabiyotlarda al-Ma’munga qaraganda har jihatdan zaif edi, deb tavsiflanadi: uning zehni o‘tkir emasligi, o‘z me’yorini bilmasligi, fe’lining bo‘shligi, oxir-oqibatni o‘ylamay ish tutishi haqidagi ma’lumotlar saqlangan.

Aftidan, Horun ar-Rashid uchun eng katta muammolardan biri o‘z qo‘l ostidagi davlatlar, boyliklar va umuman, xalifalikni farzandlariga to‘g‘ri taqsimlab berish bo‘lgan. 175(791) yilda u saroydagi arab amaldorlari, jumladan, al-Fadl ibn Yahyoning bevosita qo‘llab-quvvatlashi bilan o‘g‘li al-Aminni xalifalikka o‘zidan keyingi voris, deb e’lon qiladi. Bu vaqtda al-Ma’mun ham, al-Amin ham endigina besh yoshga to‘lgan edilar.

182/798 yilda esa Makkadan Raqqa shahriga qaytayotgan Horun ar-Rashid vorislikka al-Ma’munni ham sherik qiladi. Bunda tuzilgan vasiyatga binoan, al-Ma’mun Hurosondan Hamadongacha bo‘lgan barcha yerlarning hokimi etib tayinlanadi.

186/802 yilda Horun ar-Rashid o‘g‘illari, lashkarboshilari, vazirlar va qozilari bilan birga haj amalini bajaradi. O‘sha yerda Horun ar-Rashid ikkita buyruq tayyorlaydi va uni to‘planganlarga rasmiy ravishda e’lon qiladi. Buyruqlarning birida Horun ar-Rashid o‘z boyliklarini meros sifatida al-Ma’munga o‘tishini bayon qilsa, ikkinchisida al-Aminga ajratilgan hissa aniqlab beriladi. Mazkur buyruqlar Ka’ba devoriga osib qo‘yiladi, marosimga tashrif buyurgan xalifalikdagi eng nufuzli arboblar, shuningdek, xalifaning o‘g‘illari ham bunga guvoh bo‘ladilar. 189/804 yilda esa, Horun ar-Rashid al-Ma’mundan keyingi xalifalik vorisi etib, uchinchi o‘g‘li al-Qosimni tayinlaydi. Horun ar-Rashid Tus shahrida o‘limi oldidan o‘zining barcha boyliklari, qo‘shinlari va qurol-aslahalarini al-Ma’munga o‘tadi, degan vasiyatini yana bir bor qaytaradi. Albatta, bu vasiyat va taqsimotlar bilan Horun ar-Rashid o‘zidan so‘ng o‘g‘illari orasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan kelishmovchiliklarning oldini olish va hayotligida to‘g‘ri taqsimot qilib, farzandlarini bo‘lajak nizolardan asramoqchi edi. Afsuski, otasining bu tadbirlari foyda bermaydi, al-Ma’mun va al-Amin keyinchalik o‘zaro urush e’lon qilib, bu urush al-Aminning o‘limi bilan yakun topadi.

Aka-uka orasidagi nizoning boshlanishiga Horun ar-Rashidning aynan Tus shahridagi so‘nggi vasiyati (809) sabab bo‘lgan, deyish mumkin. Vasiyatda, yuqorida ta’kidlab o‘tilganidek, Horun ar-Rashidning barcha boyliklari, qo‘shinlari va qurol-aslahalari al-Ma’munga, deb e’lon qilingan edi. Ammo al-Aminga xayrixoh al-Fadl ibn Rabi’a vasiyatni buzib, qo‘shin va boyliklarni Bog‘dodga - al-Amin huzuriga jo‘natadi. Otasi vafot etganida Marvda bo‘lgan al-Ma’mun bu ishlardan kech xabar topadi. So‘ngra al-Amin va al-Ma’mun orasida mazkur vasiyatnoma hamda ikki o‘rtada paydo bo‘lgan boshqa muammolar bo‘yicha ko‘p yozishmalar bo‘lib o‘tadi va elchilar almashiladi. Biroq, ulardan birortasi ham aka-uka o‘rtasidagi nizolarni bartaraf eta olmadi.

Tarixiy manbalarda kayd etilishicha, Bog‘doddagi xalifa al-Amin al-Ma’munning Xurosonda ortib borayotgan qudratidan xavotirlanib, unga Bog‘dodga qaytishni buyuradi. Bu chaqiriq o‘ziga qarshi fitna bo‘lishi mumkinligidan xavotirlangan al-Ma’mun, buyruqni bajarishdan bosh tortadi. Shundan so‘ng, chamasi 195/810 yil al-Amin al-Ma’munga qarshi Ali ibn Iso ibn Mahan boshchiligidagi qo‘shinni jangga yo‘llaydi. Al-Ma’mun askarlarini esa sarkarda Tohir ibn al-Husayn boshqaradi. Ray shahri yakinidagi dastlabki to‘qnashuvda al-Amin qo‘shinlari mag‘lubiyatga uchraydi. Taraflar orasidagi keyingi qaqshatqich jang Hamadon yaqinida yuz beradi, unda ham al-Ma’mun qo‘shinlarining qo‘li baland keladi. G‘alabalardan ilhomlangan al-Ma’mun o‘z qo‘shinlariga Xurosondan Harsama ibn A’yon boshchiligidagi yangi kuchlarni yuboradi hamda ularga Bog‘dodni egallash to‘g‘risida ko‘rsatma beradi. 198/813 yilda Bog‘dod uchun bo‘lgan janglarda al-Amin qo‘shinlari navbatdagi mag‘lubiyatga uchrab, qo‘shinlar ham, saroy amaldorlari ham xalifani tark etadilar. Yakkalanib qolgan al-Amin qatl etilib, kallasi al-Ma’munga jo‘natiladi. Shu tariqa aka-uka o‘rtasidagi ichki nizo barham topadi.

Shunday qilib, garchi xalifalik al-Ma’mun ixtiyoriga 813 yilda o‘tgan bo‘lsa-da, u Marvdan Bog‘dodga faqat 204/819 yili ko‘chib o‘tadi. Al-Ma’mun Marvda umumiy hisobda o‘n yil yashadi. Demak, 198/813 yilda al-Amin qatl qilinganidan so‘ng, al-Ma’munning xalifalik davri boshlanadi va u 218/833 yilga kadar davom etadi. Al-Ma’mun xalifalikni rosa yigirma yil boshqargan.

Xalifa al-Ma’munning Xurosondagi davri siyosiy jarayonlarga boy bo‘ldi. Xususan, al-Ma’munning xalifa deb e’lon qilinishi sunniy va shia mazhablari orasidagi ziddiyatlarning avj olishiga olib keldi. Chunki shia mazhabi tarafdorlari al-Ma’mun va al-Amin kurashidan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanib, hokimiyat tepasiga xalifa Ali ibn Abu Tolib tarafdorlari, ya’ni shialarning kelishini orzu qilgan edilar. Al-Ma’munning xalifalik kursisiga o‘tirishi yana Abbosiylar sulolasi hukmronligining davom etishini anglatardi. Bu bilan, tabiiyki, shialarning umidlari barbod bo‘ladi. Bundan tashqari, al-Ma’mun nufuzli vaziri al-Fadl ibn Sahlning ta’siri ostida Bog‘dod uchun kurashlarda katta jasorat ko‘rsatgan va poytaxtda ma’lum obro‘ga ega bo‘lgan sarkardalari Tohir ibn Husayn va Harsama ibn A’yonlarni turli bahonalar bilan Bog‘dodni boshqarish ishlaridan uzoqlashtiradi. Tohir ibn Husayn Bog‘dodni vazir al-Fadl ibn Sahlning ukasi Hasan ibn Sahlga topshirishga, Harsama ibn A’yon esa Xurosonga qaytish uchun ko‘rsatma oladi.

Yana al-Ma’munning xalifalikni Bog‘dodda emas, Marvdan turib boshqarar ekan, Bog‘dodliklarda yangi xalifaning ra’yi Bog‘dodliklarga emas, ko‘proq xurosonliklarga moyil ekan, degan fikr paydo bo‘ladi. Ana shu kabi sabablar, tez orada Irokda al-Ma’mundan norozi shialarning Abu-s-Saraya boshchiligidagi qo‘zg‘olonga turtki bo‘ladi. Qo‘zg‘olon 200/815 yilda Hasan ibn Sahl tarafidan bostirilgan bo‘lsa-da, Ma’mun shialarga nisbatan o‘z siyosatini o‘zgartirishni lozim topdi. Siyosiy o‘yinlarda toblanayotgan Ma’mun vaqtni boy bermay 201/816 yilda xalifa Alining avlodlaridan, shuningdek, xalifalikdagi shialar orasida katta hurmat va e’tiborga ega bo‘lgan Ali ibn Muso ar-Ridoni Madinadan Marvga taklif etadi hamda 202/817 yilning mart oyida uni xalifalikka voris, deb e’lon qiladi. Bundan tashqari, u o‘z qizini Ali ibn Muso ar-Ridoning o‘g‘liga nikohlab beradi. Shundan so‘ng, yana vazir al-Fadl ibn Sahlning ta’siri ostida bayroq va tantanali kiyimlardagi sunniylar ramzi - qora rangni shialarga xos yashil rangga o‘zgartirishga buyruq beradi. O‘tkazilgan tadbirlar al-Ma’munning Xurosondagi mavqeini mustahkamlagan bo‘lsa, Bog‘dodda xalifaning obro‘yiga jiddiy putur yetkazadi. Xalifalikning shia mazhabiga mansub bo‘lmagan aholisi al-Ma’munga qarshi norozilik bildira boshlaydi. Bog‘dodda katta obro‘ga ega bo‘lgan Harsama ibn A’yonning o‘ldirilishi, al-Ma’munga nisbatan qarshilik kayfiyatini yanada kuchaytirib yubordi. Natijada 817 yil Bog‘doddagi sunniy mazhabiga xos kuchlar hamda al-Ma’munning xalifalikni boshqarishiga qarshi bo‘lgan boshqa dushmanlari qo‘zg‘olon ko‘tarib, Ibrohim ibn al-Maxdiyni xalifa deb e’lon qiladilar.

Yangi xalifa haqida shuni aytish mumkinki, u musiqa, qo‘shiq va she’riyat bobida katta qobiliyat sohibi edi. Lekin, turli fitna va siyosiy o‘yinlardan mustasno bo‘lmagan xalifalikni boshqarishga uning kuchi va tajribasi yetmasdi.

Bog‘dodda al-Ma’mun qo‘shinlari va yangi xalifa Ibrohim ibn al-Mahdiy orasida janglar boshlangan bir vaqtda Marvda al-Ma’mun siyosatida keskin o‘zgarishlar yuz berdi. U vaziyatning jiddiyligini anglab yetgani holda, ota-bobolaridan meros bo‘lib kelayotgan xalifalik kursisining xavf ostiga tushib qolishiga, Ali Ridoni sababchi deb biladi. Bundan tashqari, al-Ma’munning bir guruh lashkarboshilari unga vazir al-Fadlning xalifalikdagi haqiqiy ahvolini xalifadan yashirayotgani umuman, mamlakat boshqaruv ishlarini vazirga ishonib topshirilishi salbiy oqibatlarga olib kelganini ta’kidlab, al-Ma’munga Marvdan Bog‘dodga ko‘chishi zarur ekanini uqtiradilar. Natijada 203/818 yilda al-Ma’mun xalifalikni Marvdan Bog‘dodga ko‘chirishga buyruq beradi. Ular yo‘l yurib Saraxs shahriga yetganlarida, vazir al-Fadl o‘ldiriladi. Al-Ma’mun qotilni topgan kishiga mukofot va’da qiladi. Qo‘lga olingan qotillar, vazir xalifaning buyrug‘iga binoan qatl qilinganini aytadilar. Biroq, al-Ma’mun qotillarning kallasini oldirib, qatl etilgan vazirning Bog‘dodni boshqarayotgan ukasi - Hasan ibn Sahlga ta’ziya xati bilan birga jo‘natadi. Xatda al-Ma’mun Hasan ibn Sahlni akasining o‘rniga vazir etib tayinlashni ham va’da qiladi.

Oradan ko‘p o‘tmay karvon Tus shahriga yetib kelganida, shialarning yo‘lboshchisi Ali ibn Muso ar-Rido zaharlanishdan vafot etadi. Uning zaharlanishida xalifaning qo‘li borligi, Bog‘dodning sunniy mazhabidagi aholisida al-Ma’munning siyosatiga nisbatan ijobiy fikr uyg‘otadi. Shunisi e’tiborliki, yuqoridagi har ikki shaxsning, ya’ni vazir al-Fadl ibn Sahl va Ali ibn Muso ar-Ridolarning qatl qilinishi al-Ma’mun tomonidan Bog‘dod aholisiga qarata qo‘llangan siyosiy hiyla edi. Yana al-Ma’mun Bog‘dod aholisiga maktub ham jo‘natadi. Maktubda ular qarshi bo‘lgan va xalifaga voris, deb e’lon qilingan shaxsning vafot etgani va endi aholining shar’iy xalifa - al-Ma’mun tasarrufiga qaytib, taslim bo‘lishi so‘raladi. Albatta, bu maktubning Bog‘dod aholisiga ta’siri katta bo‘ldi, deb bo‘lmaydi. Biroq, Bog‘dodda xalifa deb e’lon qilingan Ibrohim ibn al-Mahdiyning hokimiyatni boshqarishda zaifligi va no‘noqligi, askarlarining al-Ma’mun qo‘shinlariga tezda taslim bo‘lishini ta’minlaydi. Shu tariqa Bog‘dod va uning lashkarboshilari shaharga kirib kelgan al-Ma’mun qo‘shinini kutib oladilar va unga itoatda bo‘lishlarini bildiradilar.

Xalifa al-Ma’munning Xurosondagi faoliyati davomida o‘sha davr an’analariga binoan, Movarounnahr va Xuroson olimlarini o‘z saroyiga to‘play boshladi. Keyinchalik bu olimlar al-Ma’mun bilan Bog‘dodga ko‘chib o‘tdilar va «Bayt ul-hikma»da o‘z ilmiy izlanishlarini muvaffaqiyatli davom ettirib, ulkan yutuqlarga erishdilar.

Abu Said Gardiziyning (XI asr) «Zayn al-axbar» asarida astronomiya va astrologiya ilmiga qiziqishi katta bo‘lgan al-Ma’mun Marvda turganida, uning devonida munajjimlar ishlagani qayd etilgan. Umuman, al-Ma’mun Xurosonda hukmronlik qilgan yillarida u yerda haqiqat va adolat hukm surgan. Xalifa har kuni masjidga kelib, u yerdagi odamlar bilan muloqotda bo‘lgan, ularning shikoyatlarini tinglagan, kishilarning muammolarini odilona tarzda bartaraf etishga ko‘mak bergan.

Bog‘dodda qo‘zg‘olonlar bostirilganidan so‘ng, shaharda tartib o‘rnatiladi. Shahar aholisining al-Ma’munga itoat etishi ma’lum bo‘lganidan keyin, al-Ma’mun 819 yilning avgust oyida Bog‘dodga xotirjam kirib keladi. Al-Ma’mun Bog‘dodda yigirma to‘rt oy to‘qqiz kun mobaynida Marvda almashtirgan yashil bayroqni saqlab turadi. So‘ngra yashil rangli bayroqni yirtib tashlab, uning o‘rniga qora bayroq, ya’ni sunniylar bayrog‘ini qayta tiklaydi. Uning lashkarboshiyu, vazirlari va boshqa davlat arboblari ham shialarga xos bo‘lgan yashil rangni sunniylarga xos qora rangga almashtiradilar. Shuni aytish joizki, xalifa bayroq ranglarini almashtirish tadbiridan o‘z siyosiy manfaatlari yo‘lida mohirona foydalana bilgan. Al-Ma’munning siyosat bobidagi qadamlarini kuzatar ekanmiz, u Bog‘dodga kirib kelganida o‘ziga qarshi qo‘zg‘olonning asosiy harakatlantiruvchi kuchlari sanalgan shaxslar, al-Fadl ibn ar-Rabi’a va al-Mahdiyning yana bir vazirini nafaqat avf etgani, balki ular bilan do‘stona munosabatlarda bo‘lgani ajablanarli holdir.

Bog‘dodga ko‘chib o‘tgan xalifa Xuroson va Movarounnahrga avval lashkarboshisi Tohirni, u o‘ldirilgandan keyin esa, uning o‘g‘li Talhani hokim etib tayinlaydi. Manbalarda Movarounnahrdagi qo‘zg‘olonlarni bostirish uchun Talhaga yordamga yuborilgan xalifaning vaziri, Bog‘dodga katta miqdordagi sovg‘alar bilan qaytgani eslatiladi. Umuman, ulkan moddiy va ma’naviy salohiyatga ega bo‘lgan Markaziy Osiyo zamini al-Ma’mun hamda otasi Horun ar-Rashidning doimo diqqat markazida bo‘lgan. Ularning har ikkisi, bu mintaqada sodir bo‘lgan xalifalikka qarshi kurashlarni bartaraf etishda barcha choralarni qo‘llaganlar. Shuningdek, ular mintaqaning ma’naviy va ilmiy imkoniyatlaridan ham unumli foydalanganlar.

Al-Ma’munning Bog‘doddagi xalifalik davri 819 yildan to vafotiga qadar, ya’ni 833 yilgacha davom etdi. Ushbu davr ham uning Xurosondagi davri singari siyosiy jarayonlarga boy bo‘ldi. Chunonchi, xalifa Nasr ibn Shabas al-Uqayliy bilan bir muddat urush olib bordi. Al-Uqayliy xalifalikning al-Ma’munga o‘tishi haqidagi vasiyatni tan olmaydi hamda uning Marvda qolishiga e’tiroz bildiradi. Natijada ikki o‘rtada jang bo‘lib o‘tadi. Xalifa Nasrga elchi yuborib, taslim bo‘lishini, shu holdagina uning avf etilishini bildiradi. Bunga javoban Nasr ibn Shabas al-Uqayliy xalifani mutlaqo qoniqtirmaydigan qator shartlarni qo‘yadi. Oqibatda u xalifa lashkarboshilaridan biri, Abdulloh ibn Tohir tomonidan qurshovga olinib, tor-mor qilinadi.

Al-Ma’mun sodir bo‘layotgan isyon va tartibsizliklarni bostirish maqsadida Misrga ham bir necha marotaba safar qiladi. Xususan, uning 217/832 yilda Misrda bir necha oy bo‘lgani haqida ma’lumotlar saqlangan. Shunisi qiziqki, bu ma’lumotlarning ba’zilarida xalifaning Fustot (qadimgi Qohira)dagi nilometrni isloh qilish ishlarida ishtirok etgani ta’kidlanadi. Ilmiy adabiyotlarda bu isloh ishlarini Ahmad al-Farg‘oniy bajargani aytib o‘tilgan. Demak, Ahmad al-Farg‘oniy Misrga al-Ma’mun bilan birga kelgan bo‘lishi mumkin. Ammo bu taxminning muammoli jihati shundaki, al-Farg‘oniyning nilometrni 247/861 yilda isloh etgani ma’lum bo‘lsa, xalifa 218/833 yili vafot etgan. Bundan Ahmad al-Farg‘oniy nilometrni bir necha marta isloh qilgan yoki adabiyotlarda keltirilayotgan sanalarda noaniqlik mavjud, degan xulosaga kelish mumkin.

Al-Ma’munning Bog‘doddagi faoliyatida, uning Ozarbayjonda Bobak boshchiligidagi qo‘zg‘olonlarni bostirishga qaratilgan kurashlari ham alohida o‘rin tutadi. U avvaliga Bobakka karshi o‘z qo‘mondonlaridan Yahyo ibn Mu’azni jo‘natadi. Bu janglarda g‘olib aniqlanmaydi. Shunda Al-Ma’mun yangi lashkarboshi Iso ibn Muhammadni kurashga yo‘llaydi. Bobak bu lashkarboshini ham tor-mor qilgach, xalifaning Zariq nomi bilan tanilgan keyingi lashkarboshisi Sadaqa ibn Alini asirga oladi. 214/829 yili Bobak xalifaning yana bir lashkarboshisi Muhammad ibn Humayd at-Tusiyni ham qatl etadi. Umidi puchga chiqqan xalifa endi Bobakka qarshi harakatlarini bir muddat to‘xtatib, Rimga qarshi hujumga tayyorgarlik ko‘radi. 215/830 yilning iyul oyida xalifa Rimning bir kancha shaharlarini egallaydi, so‘ngra Suriyaga qaytadi. U Suriya bilan Misr orasida bo‘lgan vaqtida, Rim podshohi va xalifaning o‘sha yerdagi qo‘shinlari o‘rtasida jiddiy to‘qnashuvlar sodir bo‘layotgani haqida xabar keladi. Shu yo‘sinda xalifa 218/833 yilda yana Rimga qaytishga majbur bo‘ladi. Biroq al-Ma’mun mazkur yurish vaqtida bo‘ynidagi jarohati tufayli qirq yetti yoshida Tarsus shahri yaqinida vafot etadi.

Biz yuqorida keltirgan ma’lumotlar ko‘p jihatdan al-Ma’munning xalifalikdagi ichki faoliyati, boshqacha aytganda, ichki siyosatiga taalluqlidir. Ammo uning xalifalik tarkibiga kirmagan xorijiy davlatlar bilan aloqalarda bo‘lgani, aniqroq aytganda, tashki siyosat bilan shug‘ullangani tabiiy bir hol. Albatta, u o‘sha davrdagi Rim, Yunoniston, Hindiston, Afrika, Yevropa mamlakatlari bilan tashqi aloqalarda bo‘lgan. Al-Ma’munning ularning ba’zilari bilan nizolashgani, boshqalari bilan yaqin munosabatlarda bo‘lib, kitoblar almashgani, u yerdagi allomalarni o‘z saroyiga taklif etgani haqida ma’lumotlar saqlangan. Ammo bu ma’lumotlar, uning tashqi siyosat borasidagi faoliyatiga baho berish uchun yetarli emas.

Xulosa qilib aytganda, al-Ma’mun faqat murakkab, faoliyati ziddiyatlarga to‘la tarixiy shaxs, mashhur xalifa, din arbobi, ilm-fan homiysi bo‘libgina qolmay, balki jasur, kezi kelganda qattiqqo‘l, tadbirkor va ma’lum ma’noda siyosiy maqsadlariga erishishda hech narsadan qaytmaydigan, omilkorlik bilan ish yurituvchi ayyor siyosatchi edi.

Yuqorida zikr etilganidek, Movarounnahr va Xuroson mintaqasi IX asrning boshlarida xalifa al-Ma’mun tarafidan boshqarilgan. U Marv shahrida o‘n yil yashagan bo‘lsa, shundan to‘rt yilida arab xalifasining Marvdagi noibi edi. Keyingi olti yilida esa, u Marv shahrida istiqomat qilgani holda o‘sha yerdan butun xalifalikni idora qiladi. Quyida biz al-Ma’munning tarjimai holi va siyosiy faoliyatini chetlab o‘tib, uning faqat ilmga munosabati ustida to‘xtalamiz.

Besh asrga yaqin davom etgan Abbosiylar davlati tarixida xalifa al-Ma’mun (813-833) davri ilm-fanning nihoyatda rivojlangani bilan ajralib turadi. Bu esa ko‘p jihatdan al-Ma’munning ilm va ilm ahliga ko‘rsatgan e’tibori, sahovati bilan belgilanadi. Ilm taraqqiyotning negizi ekanligini yaxshi anglab yetgan al-Ma’mun, o‘zi boshqargan davlatda ilm-fanga katta umid bilan qaradi va uni rivojlantirish uchun barcha sharoitlarni yaratishga harakat qildi. O‘z tabiatiga ko‘ra tadbirkor, bilimdon, zukko, donishmand bo‘lgan xalifa doimo kamolotga, bilimlarini chuqurlashtirishga intilgan. U har bir ilmiy masalani o‘rganishga, uning tub mohiyatiga yetishga zavqu shavq bilan kirishar edi. Ibn An-Nadimning ta’kidlashicha, al-Ma’munning o‘zi islom dini,tavhid, payg‘ambarlar va xalifalarga bag‘ishlangan uch asar muallifi bo‘lgan. Ayni paytda u al-Ma’munni fiqh va kalom ilmlarini tushunadigan eng bilimdon xalifa, deb nomlaydi.

Al-Ma’mun allomalarni o‘z saroyiga to‘plab, ular bilan turli ilmiy mavzularda munozaralar olib borishning shaydosi bo‘lgan. Munozaralarda o‘sha davrning ko‘zga ko‘ringan donishmandlari ishtirok etganlar. Mazkur allomalar dunyoning turli burchaklaridan taklif etilgan bo‘lib, ular orasida musulmonlar bilan birga nasroniylar, yahudiylar va boshqa diniy e’tiqod vakillari ham bor edi. Taqdir taqazosi bilan xalifa saroyida to‘plangan turli millat va madaniyat vakillari o‘zaro tajriba almashdilar, bir-birlaridan ilm o‘rgandilar. Natijada o‘sha davr fani va madaniyatida yirik kashfiyotlar dunyo yuzini ko‘rdi va kelajakdagi yuksalish uchun zamin hozirlandi.

Al-Ma’mun saroyida xizmat qilgan Ja’far ibn Muhammad al-Anmotiyning xabar berishicha, Marvdan Bog‘dodga ko‘chib kelgan xalifa o‘z saroyiga Bog‘doddagi olimlar, fiqhlar va mutakallimlarning katta guruhini taklif etadi. Bu yerdagi ilmiy munozaralardan keyin avvaliga yuzga yaqin, keyinroq esa, yana bir qancha fiqh va donishmandlarni tanlab oladi.

Ilmiy adabiyotlarda Abbosiylar hukmronligi davridagi tarjima ishlari uch yirik davrga taqsimlanadi:


Download 0,62 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   ...   55




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©hozir.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling

kiriting | ro'yxatdan o'tish
    Bosh sahifa
юртда тантана
Боғда битган
Бугун юртда
Эшитганлар жилманглар
Эшитмадим деманглар
битган бодомлар
Yangiariq tumani
qitish marakazi
Raqamli texnologiyalar
ilishida muhokamadan
tasdiqqa tavsiya
tavsiya etilgan
iqtisodiyot kafedrasi
steiermarkischen landesregierung
asarlaringizni yuboring
o'zingizning asarlaringizni
Iltimos faqat
faqat o'zingizning
steierm rkischen
landesregierung fachabteilung
rkischen landesregierung
hamshira loyihasi
loyihasi mavsum
faolyatining oqibatlari
asosiy adabiyotlar
fakulteti ahborot
ahborot havfsizligi
havfsizligi kafedrasi
fanidan bo’yicha
fakulteti iqtisodiyot
boshqaruv fakulteti
chiqarishda boshqaruv
ishlab chiqarishda
iqtisodiyot fakultet
multiservis tarmoqlari
fanidan asosiy
Uzbek fanidan
mavzulari potok
asosidagi multiservis
'aliyyil a'ziym
billahil 'aliyyil
illaa billahil
quvvata illaa
falah' deganida
Kompyuter savodxonligi
bo’yicha mustaqil
'alal falah'
Hayya 'alal
'alas soloh
Hayya 'alas
mavsum boyicha


yuklab olish