1.1 Mustaqillik qo’lga kiritilgan dastlabki yillarda O’zbekiston sog’liqni saqlash tizimidagi umumiy holat.
Ma’lumki, hozirgi kunda mamlakatimizda sog’liqni saqlash tizimida yirik miqyosdagi islohotlar amalga oshirilmoqda. Bundan ko’zlangan maqsad barkamol avlodni voyaga yetkazish va sog’lom kelajakni yaratishdir. Negaki xalqimiz avval podsho Rossiyasi mustamlakachiligi davrida so’ngra mustabid sovet hukmronligi sharoitida misli ko’rilmagan darajada aziyat chekdi. Bu davrda nafaqat iqtisodiy jihatdan milliy boyligimiz talon-taroj qilindi va markazga tashib ketildi, balki xalqimiz ko’p asrlar davomida yaratgan milliy hamda ma’naviy merosimiz oyoq osti qilinib, milliy g’ururimiz toptaldi. Mamlakatimizni xom ashyo bazasiga aylantirilishi esa xalkimiz ahvoliga salbiy ta’sir ko’rsatib, umr ko’rish darajasini pasaytirdi. Bu daraja bo’yicha sobiq ittifoq dunyoning rivojlangan mamlakatlaridan ancha orqada qolgan bir paytda uning mustamlaka o’lkasi bo’lmish O’zbekistonda ushbu ko’rsatkich undan ham yomon edi. O’zbekistonning bunday ahvolga tushishining asosiy sababi respublikamizda o’rnatilgan paxta yakkahokimligi tufayli turli xildagi zaharli ximikatlar va o’g’itlar qo’llanilishi edi
1960 yildan boshlab, Amudaryo va Sirdaryo havzalarida yangi yerlarni o’zlashtirish sohasida keng miqyosli ishlar boshlab yuborildi, buning uchun daryo suvini qo’shimcha ravishda tortib olish talab qilinardi. Natijada, Qoraqalpog’istonda paxtachilik bilan bir qatorda sholichilik ham yuksak sur’atlarda rivojlandi. Biroq yerlarni o’zlashtirish ilmiy asosda olib borilmadi. Dehqonchilikni rivojlantirish ekstensiv usulda olib borilganligi sababli, suv resurslarining keragidan ortiq darajada haddan tashqari, asossiz ravishda isrof qilinishiga olib keldi. Orol dengizi suvi kamayib, 1990 yilda 14,5 metrga pasaydi, suvning hajmi 54 % kamaydi.3 Suv qirg’oqdan 70 – 100 kilometrga chekingan joylarda bo’ronlar natijasida yiliga 50 – 70 mln tonnnagacha tuz atmosferaga ko’tarilgani kuzatilgan4
Amudaryo va Sirdaryo havzalariga foydalanilgan kollektor suvlarining tashlanishi natijasida suvning tarkibi yomonlashib bordi. Daryo quyi oqimining suvlarida zararli minerallarning haddan tashqari ortishi suvni hatto sug’orish uchun ham yaroqsiz qilib qo’ydi. Daryo suvining ifloslanishi va minerallashuvi tufayli yer ostidagi suvlar ham ifloslandi.5 Buning natijasida hududlardagi yerlarning dehqonchilik uchun yaroqsiz holatga kelish jarayoni kuchaydi. Aholining turli xil kasallikka chalinishini osonlashtiradigan omillarni yuzaga kelishiga zamin hozirlab bordi. Yuqoridagi holatlar tufayli Orolbo’yida ham epidemiologik va sanitariya gigiyena sharoiti keskinlashib, kasallik va insonlar o’limining ortishiga olib keldi. Tabiatdagi salbiy o’zgarishlarning ta’siri ostida 1980-yildan boshlab kamqonlilik bilan xastalanish 550 baravar ortdi va 10 ming aholi xisobiga 1160 kishi darajasiga yetdi. Bu ko’rsatkich Rossiyada ana shu aholi soniga 2-3 holatgina to’g’ri keladi. Qon bosimining oshishi kasalligi bilan og’rish XX asrning 70-80 yillari mobaynida 60 baravar, siydik toshi va jigar toshi kasalliklari bilan xastalanish yetti baravar oshgan. Qoraqalpog’istonda oshqozon raki, tuberkulyoz, virusli gepatit, allergiya, qorin tifi kabi kasalliklar bo’yicha SSSRda eng yuqori o’rinni egalladi. Bu holat O’zbekistonda bolalar va xotin-qizlar orasida o’limning ko’payishiga sabab bo’ldi. Bolalar ona sutining zaharli ekanligi sababidan vafot etardi.XX asrning 80-yillari davomida har oyda turli kasalliklar besh ming kishining o’limiga sabab bo’lardiki, ularning ko’pchilik qismi bolalar edi. Ushbu yillarda O’zbekiston bo’yicha bolalar o’limi 46,2 tani tashkil etgan.6 Bu juda ayanchli hol edi. Agar Yaponiyada har 1000 nafar tug’ilgan chaqaloqdan bir yoshgacha 5 tasi, Kanadada 7 tasi o’lgan bo’lsa , bu ko’satkich O’zbekistonda (Qoraqalpog’istondan tashqari, muallif izohi) 39 tani, Qoraqalpog’istonda esa 60 tani (1989 yilgi ko’rsatkich) tashkil etgan.7 O’lim va kasallik darajasining nihoyatda yuqori ekanligi shundan dalolat beradiki, inson organizmi endilikda ekologik holatlar vujudga keltirayotgan zarbalarga bardosh berolmay qoldi. Bu yerda inson ko’payishining zaiflashuvi va mahalliy aholi genofondining tanazzuli jarayoni sodir bo’ldi.
Bu yillarda suv xo’jaligi qurilishidagi kamchiliklar qishloq xo’jaligi ishlab chiqarishini kimyolashtirish dasto’rini amalga oshirishdagi jiddiy nuqsonlar bilan yanada chuqurlashdi. Ittifoq rahbariyati tomonidan kimyolashtirish qishloq xo’jaligini intensiv yo’ldan rivojlantirishning, dehqonchilikdan yuqori va barqaror hosil olishning samarali vositasi deb qaralgan edi. Shu bois ximiyaviy o’g’itlardan foydalanish ommaviy xususiyat kasb etdi. Paxtachilikda , ayniqsa kimyoviy moddalar ko’p miqdorda qo’llanildi. Masalan, 1965 yilda O’zbekiston jamoa xo’jaliklarida ishlatilgan 1463,4 ming tonna mineral o’g’itdan 1324,7 ming tonna paxtachilikda qo’llanildi. O’sha yillardayoq sarflanayotgan mineral o’g’itlar darajasi ilmiy asoslangan me’yorlarga mos kelmasdi. Chunonchi, iqtisodiyoti va agrar sohasi samarali rivojlanayotgan mamlakatlarda bir gektar yerga o’rta hisobda ko’pi bilan yuz kilogramm mineral o’g’it sarflangan. O’zbekistonda esa bu daraja XX asrning 60-yillarga kelib gektar hisobiga 268 kg ni tashkil etgan.8 Kimyoviy vositalarni ishlatish dinamikasi va zaharli moddalar ko’rsatkichi yildan-yilga ortib bordi. Faqat 1970-1975 yillarning o’zida zaharli kimyoviy moddalar ishlatish oldingi besh yillikka nisbatan 16,5 baravar ortdi.9 Aviatsiya yordamida turli xildagi zaharli kimyoviy vositalarni yirik-yirik maydonlarga yuqordan turib sepish paxta dalalarida mehnat qilayotgan mehnatkashlarning taqdiriga tamoman befarqlikning tipik namunasi sifatida namoyon bo’ldi. Masalan, Butifos preparati eng zaharli kimyoviy vositalardan hisoblanib, inson organizmiga kuchli ta’sir etuvchi xususiyatga ega edi. Ammo sovet mustamlakachi ma’muriyati qishloq xo’jaligini rivojlantirishning intensiv yo’li sifatida kimyolashtirish usulini qattiq turib himoya qilishi ushbu defoliantni yirik miqyosda qo’llanilishiga olib keldi. Bunday vositalarning keng qo’llanilishi ushbu davr uchun xarakterli xususiyat bo’lib qoldi.
Faqat XX asrning 60-yillar ikkinchi yarmidagi bir besh yillikning o’zida aviatsiya bilan bajariladigan kimyoviy ishlar hajmi 34,3% ga ko’paygan. Bularning hammasi odamlar yashaydigan tabiiy muhitga halokatli tarzda salbiy ta’sir qildi,xavfli kasalliklar va o’lim darajasining ortishiga sabab bo’lib , insonning gen tuzilishida xatarli o’zgarishlarni keltirib chiqardi.
Respublikaning taniqli olimlari , milliy ziyolilar bunday fojiaga befarq qarab turolmadilar. Ular ogohlantiruvchi xatlar bilan ittifoqning markaziy organlariga bir necha marotaba murojaat qildilar. 1969-yil 17-noyabrda O’zbekiston SSR Fanlar akademiyasining Prezidenti O.S.Sodiqov boshliq bir guruh taniqli olimlar ittifoq rahbar organlariga yozma ma’lumotnoma yo’llab, unda qishloq xo’jaligida ommaviy ravishda qo’llanilayotgan pestisid va zaharli kimyoviy moddalar inson salomatligiga va atrof muhitga halokatli ta’sir etayotganligini ma’lum qilgan edi.10 Biroq markaz bunday chiqishlarga umuman e’tibor bermadi. Aksincha, O’zbekiston rahbariyati eng zaharli kimyoviy vositalarni qishloq xo’jalik ishlarida ishlatishni mustaqil ravishda cheklashga o’ringanda markaz rahbar doiralari ularni yanada ko’proq qo’llashni qattiq turib talab qildilar. O’zbekiston iqtisodiyotining paxta yetishtirishga yo’naltirilganligi jamiyat hayotining barcha sohalarida og’riqli jarayonlarni kuchaytirdi. Dehqonlarning tomorqa uchastkalari qisqartirilib, ularga ham paxta ekildi. Qishloq aholisi farzandlari “baxtli bolalik”ni butifos sepilgan paxta dalalarida o’tkazdilar. Ko’plab bolalar sariq kasalligidan vafot etdilar, zaharli moddalardan shikastlandilar. Paxta yakkahukmronligi tufayli epidemiyalar paydo bo’ldi.
Bunday qaltis siyosat shunga olib keldiki , O’zbekistondagi vaziyat fojiali tus olaboshladi. Qishloqda keskin epidimiologik vaziyat vujudga keldi, zaharlanishlar soni keskin ortdi, virusli gepatit bilan og’riganlar ko’paydi, boshqa xavfli kasalliklar ham tarqala boshladi. Masalan ,XX asrning 80-yillari o’rtalariga kelib Xorazm, Buxoro va Qoraqalpog’iston Avtonom Respublikasida katta yoshdagilarning 70 foizdan ortiqrog’i va bolalarning 80 foizdan ko’prog’i bitta yoki bir nechta kasalliklar bilan og’rigan edi. O’zbek qishloqlariga dizenteriya, tuberkulyoz (sil) kabi kasalliklar tezlik bilan tarqala boshladi. Masalan,1980-1985 yillar oralig’idagi davrda har 10 ming kishi xisobigazararli o’simtalar bilan og’rigan bemorlar soni 204 kishidan 242 kishiga yetdi, faol tuberkulyoz bilan kasallanish 1985 yilga kelib qishloq joylarida 5,4 ming kishiga yetdi.11O’zbekistonda har yili 6 mingdan ko’proq ruhiy nuqsonli bolalar tug’ilardi.
Bunday og’ir vaziyatning oldini olishga va bunga qarshi chora-tadbirlar ko’rishga Ittifoq rahbariyati va markazning tegishli organlari yetarlicha e’tibor bermadilar. Undan tashqari XX asrning 70-80 yillarida O’zbekistonda aholi sog’lig’ini saqlash darajasi ham yildan yilga pasayib borgan. 1981-1985 yilllarda qishloq aholisining sog’lig’ini yaxshilash uchun jami 48 mln rubl kapital mablag’ ajratilgan bo’lsa-da, bu mablag’ umuman o’zlashtirilmagan.12
Sobiq Ittifoq davrida O’zbekistonning sog’liqni saqlash tizimi juda ko’p sog’liqni saqlash muassasalari va shifo o’rinlariga ega bo’lgan. Shunday bo’lsada o’sha davrda yaratilgan besh bosqichli tizim o’zining ko’p xarajat va kam samara beradigan tizim ekanligini ko’rsatdi.
Bu tizim tibbiy-sanitariya yordamini barchaga barobarligini ta’minlab berishi lozim edi. Lekin ko’rsatilayotgan yordam sifati juda past, mavjud imkoniyatlardan esa to’liq foydalanilmagan. Sog’liqni saqlash tizimi asosan shifoxona sharoitida ko’rsatilayotgan yordamga qaratilgan bo’lib, har yili aholining chorak qismi shifoxona sharoitida tibbiy yordam olishiga mo’ljallangan.
Sovet tuzumi tomonidan yaratilgan ijtimoiy-iqtisodiy, va ijtimoiy maishiy turmush tarzi o’lkada yashayotgan insonlar salomatligi uchun o’ta xavfli hamda yuqumli kasalliklar uchun manba bo’lib xizmat qildi. Bu davr ekologik tanglikdan tashqari ayniqsa, iqtisodiy turmush kechirishning nihoyatda og’irlashib ketganligi bilan ham xarakterlanadi. Turmushdagi iqtisodiy qiyinchiliklar va chorasizlik odamlar ma’naviyatiga ham o’zining salbiy ta’sirini ko’rsatdi. Ma’naviy tubanlik ba’zi kimsalarning o’z tanalarini ham sotib yashashga majbur qildi. Bu hol vujudga kelgan ekologik tanglik bilan birga turli xildagi yuqumli va xavfli kasalliklar, sifilis, oshqozon ichak, gepatit infeksiyasi, dizenteriya, paratif va boshqa kasalliklarning ko’payishiga olib keldi.
Bu holning salbiy ta’siri yildan yilga o’sib bordi. Buni so’zoq (sifilis) kasalligi bilan og’rigan fuqarolar sonining 1977 yildagiga nisbatan 1978 yilda 121,1 foiz, va 1979 yilda esa 132,4 foizga13 o’sganligida ham ko’rish mumkin.
Bundan tashqari respublikada boshqa yuqumli kasalliklar ham keng tarqaldi. Masalan, birgina Xorazm viloyatida aholining gepatit infeksiyasi bilan kasallanish 1976-1977 yillar ma’lumotiga qaraganda, 1976 yilda 8576 kishini tashkil etgan bo’lsa, 1977 yili bu ko’rsatkich 18918 kishini tashkil qilganligini, ya’ni 2,2 marotaba ko’payganligini ko’rishimiz mumkin14. Respublikada oshqozon tifi kasalligi bilan 1975 yilda jami 331 kishi og’rigan bo’lsa, 1976 yilda 351 kishi kasallangan. O’tkir ichak kasalligi bilan 1975 yilda 14358 kishi va 1976 yilda 12489 kishi yotqizilgan. Shu jumladan baktereologik dizenteriya bilan 1975 yilda 6773 kishi, va 1976 yilda 6166 kishi kasallangan.15
Arxiv ma’lumotlariga qaraganda, eng xavfli kasalliklar keng tarqalgan QQASSR da 1975 yilda tepkili tif 33 marta qayd etilgan bo’lsa, 1976 yilda bu 37 marotaba16 ro’yxatga olingan. O’zbekiston SSR sog’liqni saqlash vazirligining 1983 yil 1-7 noyabrda 992 s sonli xat bilan O’zbekiston SSR ministrlar sovetiga qilgan xabariga qaraganda oshqozon tifi bilan kasallanganlar soni 1982 yildagiga nisbatan 1983 yilda Andijon viloyatida 22,9 foiz va QQASSR da 54,5 foizga17 oshgan. Respublika davlat arxivining hujjatlarida qayd etilishicha O’zbekistonda 1942 yildan beri Sibir yazvasini keltirib chiqaruvchi 1600 dan ortiq nuqtalar mavjud18 bo’lgan. Bu nuqtalar vaqti vaqti bilan odamlar va chorva mollari orasida bunday kasallikning paydo bo’lishiga sabab bo’lgan. Bu kasallik bilan 1971-1975 yillarda Respublikamizning Qashqadaryo, Surxondaryo, Toshkent, Samarqand, Xorazm viloyatlari va QQASSR da 202 kishi og’rigan19. 1976 yilning 7 oyi mobaynida QQASSR ning Chimboy tumanida 37 kishi Sibir yazvasi bilan kasallanib, shundan 9 kishi olamdan o’tgan20.
Respublikada 1976-1981 yillarda brutsellyoz, quturish, va Sibir yazvasi kasalligiga yo’liqish ittifoq darajasiga qaraganda ancha yuqori bo’lgan. Har yili o’rta hisobda bu kasalliklarga chalinish 252 dan 503 martaga qadar qayd etilgan. 1982 yilning olti oyi mobaynida esa bu ko’rsatkich 94,9 foizga oshgan. 1981 yilning olti oyida 177, 1982 yilda esa 34421 tani tashkil etgan.
Yuqoridagi holatlardan shu narsa ma’lum bo’ladiki, ijtimoiy iqtisodiy vaziyat keskin bo’lgan mintaqalar Orolbo’yi, Toshkent viloyati, Angren, Olmaliq, Chirchiq va Toshkent shahrida, Farg’ona vodiysining ko’pgina shaharlarida har xil kasalliklarga chalinish yuqori darajaga ko’tarilgan. 1988 yilda uyushtirilgan “Orol-88” ekspedisiyasining bergan ma’lumotlariga qaraganda Qoraqalpog’istonning Bo’zatov tumanida har ming nafar go’dakdan 260 tasi nobud bo’lgan. O’zbek ayollarining 80 foizi kamqonlik kasalligiga chalingan. Har uch nafar o’zbek yigitlaridan bittasi salomatligi tufayli harbiy xizmatga noloyiq deb topilgan22.
Shu va boshqa sabablar odamlar sog’lig’iga salbiy ta’sir ko’rsatdi, millat genofondining yomonlashuvini keltirib chiqardi hamda mamlakatimiz miqyosida sog’liqni saqlash ishiga ko’proq e’tibor qaratish lozimligi ayon bo’ldi. Ittifoq parchalanishi hamda mamlakatimiz mustaqillikni qo’lga kiritish arafasida ahvol shu taxlitda edi. Bunday holatni yuzaga keltirgan omillarga qarshi choralar ko’rish, ularni bartaraf etish va yangi zamonaviy sog’liqni saqlash tizimini shakllantirish hukumatimiz tomonidan mustaqillikning ilk kunlaridan boshlab dolzarb masala sifatida kun tartibiga qo’yildi.
1991 yilga kelib mamlakatimizda kasalxona muassalari soni 1370 ta bo’lib, ulardagi o’rinlar soni 256,6 mingga, vrachlar soni esa 71,1 mingga yetgan edi. Sho’ro tuzumi davrida sog’liqni saqlash tizimi kengaygan bo’lsa-da, lekin yerga turli xil kuchli kimyoviy moddalarning solinishi, paxta yakkahokimligi va boshqa ijtimoiy oqibatlar natijasida aholi orasida turli xil kasalliklar ko’payib ketgan edi. O’zbekistonda har yili 8 millionga yaqin kishi xastaligi tufayli tibbiy muassasalarga murojaat qilganlar, ulardan 240 ming kishi yuqumli kasalliklar bilan og’rigan edilar. Eng achinarli tomoni shundaki, ularning 70 foizini go’daklar tashkil etgan. Go’daklar orasidagi o’lim hollari bir qadar kamaygandek ko’rinsa da, lekin ularning soni yangi tug’ilgan har bir bola hisobidan olganda 35,5 nafarga to’g’ri kelgan edi. Har yili o’rta hisobda 24 ming bola bir yoshga yetmasdan o’lib ketardi23. Onalar o’rtasidagi o’lim ham ancha yuqori darajaga ko’tarildi. Odamlarning o’rtacha umri dunyoning rivojlangan mamlakatlariga nisbatan olganda 8 -10 yilga kamaydi.
Mamlakatimiz mustaqilligining ilk kunlaridan boshlab sog’liqni saqlash tizimini yangi ijtimoiy iqtisodiy jarayonlarga mos holda yangilash ishlari boshlab yuborildi. Yangi iqtisodiy munosabatlariga o’tish bu sohaga ham yangi talablarni qo’ydi. Zamon talablariga javob beradigan tibbiy muassasalar tizimini qayta tashkil etish, tibbiyot xodimlarini tayyorlash, birlamchi tibbiy yordamni rivojlantirish, respublika aholisi o’rtasida yuqumli kasalliklarning oldini olish, onalar va bolalar sog’lig’ini muhofaza qilish, nodavlat xususiy tibbiy xizmat turlarini amalga tadbiq etish, sog’liqni saqlash muassasalarini moliyalashtirish, xorijiy mamlakatlar bilan ilmiy aloqalarni kuchaytirgan holda tibbiyot tizimida zamonaviy fan yutuqlarni qo’llash va shu orqali tibbiyot fanini yanada rivojlantirish ishlariga alohida ahamiyat berildi. Bundan tashqari, shu davrdan boshlab aholining salomatligini saqlash va muhofaza qilish muammolari strategiyasi qaytadan ko’rib chiqila boshlandi. Bu jarayonda taraqqiyotning ekstensiv usulidan voz kechilib, sifat ko’rsatkichi, intensiv yo’liga o’tish, ayni chog’da sog’liqni saqlash tizimiga mo’ljallanadigan mablag’ni mamlakatimiz aholisining har bir jon boshi hisobidan ajratish, sog’liqni saqlash jarayonining asosiy qonuniyati – profilaktik yo’nalishni tiklash va yanada rivojlantirish, soha ta’lim tizimini va kadrlar borasida olib borilayotgan siyosatni qayta ko’rib chiqish, respublikada yetarli darajada dori-darmon va texnika vositalari, tibbiyot anjomlari ishlab chiqara oladigan sanoatni vujudga keltirish, sog’liqni saqlash muassasalarining moddiy-texnik bazasini yanada yaxshilash, davolash profilaktika muassasalarini davlat tasarrufidan chiqarib, mulkchilik shaklini o’zgartirgan holda sug’urta tibbiyotiga o’tish asosiy vazifa sifatida kun tartibiga qo’yildi. Boshqarish sarf xarajatlarini kamaytirish, bemorlarning ma’lum qismini ularning sharoitlariga qarab kunduzgi davolanishga o’tkazish, kasalxonalardagi kam samarali o’rinlar sonini qisqartirib, shartnoma asosida bajariladigan ishlar uchun haq olish, jarrrohlik yordami ko’rsatishda ish hajmining bir qismini kasalxonalardan poliklinikalarga ko’chirish choralari ko’rildi. Qabul qilingan qonunlar asosida mamlakatimizda sog’liqni saqlash tizimining asosiy vazifasi qilib kasallikning oldini olgan holda , xastalarni davolash, yashash muhitini yaxshilashdan iborat qilib belgilandi. Bu jarayonda xalqimizning ming yillar davomida to’plagan tajribasidan foydalanish, xalq tabobatining boy an’analariga murojaat qilish, qolaversa ilm-fan va texnikaning ilg’or yutuqlariga, olim va mutaxassislarning aql zakovati va salohiyatiga suyanish nazarda tutildi.
Tibbiyot xodimlari mehnatiga haq to’lashda ilgaridan mavjud hammaga teng haq to’lash prinsipidan voz kechilib, yangicha standart ishlab chiqildi. Sog’liqni saqlash vazirligi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Moliya vazirligining 2005 yil 31 dekabrdagi 06-3/436, 5083,107-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Tibbiyot muassasalarini moddiy rag’batlantirish va rivojlantirish Jamg’armasi to’g’risida”nizom ishlab chiqildi. Mazkur Nizom O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2005 yil 1 dekabrdagi PQ-229-sonli "Tibbiyot xodimlari mehnatiga haq to’lash tizimini takomillashtirish to’g’risida"gi qarori, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005 yil 21 dekabrdagi 276-sonli "Tibbiyot xodimlari mehnatiga haq to’lashning takomillashtirilgan tizimini tasdiqlash to’g’risida"gi qaroriga muvofiq tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini rivojlantirish va tibbiyot xodimlari mehnatini moddiy rag’batlantirish uchun tibbiyot muassasalarini moddiy rag’batlantirish va rivojlantirish Jamg’armasini shakllantirish va uning mablag’larini sarflash tartibini belgiladi. Jamg’arma mablag’lari: ishga vijdonan munosabati va ko’rsatilayotgan tibbiy yordamning yuqori sifati uchun tarif stavkasi bazasiga oylik ustamalar belgilash, bir yo’la moddiy yordam va mukofotlar to’lash shaklida tibbiyot va farmasevtika xodimlarini rag’batlantirishga hamda tibbiyot muassasasining moddiy-texnika bazasini rivojlantirishga, modernizasiya qilishga va ta’mirlashga yo’naltirildi. Tibbiyot muassasasi uchun ajratiladigan byudjet mablag’lari umumiy hajmining 5 foizigacha bo’lgan qismi, homiylik va donorlik tashkilotlaridan hamda pulli davolash va xizmatlar ko’rsatishdan tushadigan mablag’lar, tibbiyot xodimlari mehnatiga haq to’lashda tejalgan byudjet mablag’lari Jamg’arma mablag’larini shakllantirish tartibi qilib belgilandi. Tibbiyot muassasalari Jamg’arma xarajatlarini sarflashning ikki mustaqil yo’nalishi bo’yicha ya’ni, , tibbiyot muassasasi xodimlarini moddiy rag’batlantirish va tibbiyot muassasasining moddiy-texnik bazasini rivojlantirish, modernizasiya qilish va ta’mirlashning alohida hisobini yuritishi qoida sifatida kiritildi. Jamg’arma mablag’lari tibbiyot muassasasi qaysi guruhga mansubligiga qarab tegishli mutanosiblikda taqsimlandi va sarflandi.
Xarajatlar yo’nalishi
|
I guruh muassasalar
|
II guruh muassasalar
|
III guruh muassasalar
|
IV guruh muassasalar
|
Xodimlarni moddiy rag’batlantirish
|
25% dan ortiq bo’lmagan
|
35% dan ortiq bo’lmagan
|
40% dan ortiq bo’lmagan
|
50% dan ortiq bo’lmagan
|
Moddiy-texnik bazani mustahkamlash, modernizasiya qilish va ta’mirlash
|
kamida 75%
|
kamida 65%
|
kamida 60%
|
kamida 50%
|
Tibbiyot xodimlarining ishga vijdonan munosabati va ko’rsatayotgan tibbiy yordamning yuqori sifati uchun tarif stavkalariga oylik ustamalar tegishli xodimning tarif stavkasidan 5 dan 20 foizgacha miqdorda belgilandi. Oylik ustamalar xodimlarning lavozimiga va tibbiyot muassasalari guruhiga qarab belgilandi.
Lavozimlar nomi
|
I guruh muassasalar
|
II guruh muassasalar
|
III guruh muassasalar
|
IV guruh muassasalar
|
Kichik tibbiyot xodimlari
|
5-15 %
|
5-15 %
|
5-15 %
|
10-20 %
|
O’rta tibbiyot va farmasevtika xodimlari
|
10-15 %
|
10-15 %
|
10-15 %
|
10-20 %
|
Vrach xodimlar va provizorlar
|
10-15 %
|
10-15 %
|
10-20 %
|
10-20 %
|
Ko’rsatilayotgan tibbiy yordamning sifati - davolash usullarini qo’llashdan asorat qolishining past darajasi, bemor holatining ijobiy muttasil o’sishi, tibbiy yordam sifatiga bemorlar tomonidan shikoyat qilinmaganligi, residivlarning past darajasi, qo’llanilayotgan davolashning tasdiqlangan standartlarga muvofiqligi hamda ambulatoriya-poliklinika bo’g’inida - biriktirilgan kontingentning dispanserlashtirish bilan to’liq qamrab olinganligi va sog’ligi holati ko’rsatkichlarining yaxshilanishi, mehnat bilan bandligi - xodimning amalda bandligi, ish vaqti davomida xizmat ko’rsatish me’yorlarini hisobga olgan holda mansab majburiyatlarini bajarishi; belgilangan xizmat ko’rsatish me’yorlariga muvofiq xizmat ko’rsatilgan bemorlarning, laboratoriya analizlari va boshqa davolash-diagnostika tadbirlarining miqdor ma’lumotlari bo’yicha aniqlanadigan tibbiy yordam ko’rsatish hajmi, ko’rsatilayotgan tibbiy yordamning murakkabligi - ko’rsatilayotgan tibbiy yordamning umumiy hajmida murakkab (yuksak kasb bilimlarini, yuqori darajada aniqlikni, yuksak texnologiyalardan foydalanishni talab qiladigan) tibbiy aralashuvlar, manipulyasiyalarning yuqori salmog’i, ixtisoslik tarmog’ida ko’rsatilayotgan tibbiy yordamning o’xshashi yo’qligi - eng kam hajmda bo’lgan jarrohlik aralashuvlari va oqilona sarf qilgan holda bemorlarning yanada tezroq sog’ayishiga ko’maklashadigan jahon standartlari darajasidagi yangi texnologiyalar va zamonaviy uskunalar qo’llanilgan holda bajarilgan tibbiy yordam hajmiga qarab haq to’lash belgilandi.
Tibbiyot muassasasining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish, modernizasiya qilish va ta’mirlash maqsadida Jamg’arma mablag’larini sarflash Jamg’arma mablag’larini tasarruf etish bo’yicha maxsus komissiyaning qarori asosida amalga oshirildi va jamg’arma mablag’larini tasarruf etish bo’yicha maxsus komissiyaning qarori asosida tibbiyot muassasasi rahbari mablag’larni sarflashning aniq maqsadlari, yo’nalishlarini va uning miqdorini ko’rsatgan holda buyruq chiqarishi belgilandi.
Sog’liqni saqlash yuqori turuvchi boshqaruv organlarining rahbarlari, maxsus komissiya a’zolari, shuningdek tibbiyot muassasasi rahbarlari Jamg’arma mablag’larini shakllantirish va sarflash tartibiga rioya qilinishi, xolisligi va haqqoniyligi uchun javobgarligi hamda Moliya vazirligining Bosh nazorat-taftish boshqarmasi va uning hududiy bo’linmalari Jamg’arma mablag’laridan maqsadli foydalanilishini qonunchilikda ko’rsatilgan tartibda tekshirishlari belgilab qo’yildi. Bunda har bir xodim mehnatiga to’lanadigan haq har bir xodimning qo’shgan hissasiga va tibbiyot muassasi ishining oxirgi natijasiga bog’liq bo’lib qoldi.
Xulosa sifatida shuni aytishimiz mumkinki, sovet mustamlakachiligining so’nggi yillariga kelib olib borilgan zo’ravonlik, kaltabin siyosat mamlakatimiz aholisining nafaqat turmush darajasini og’ir ahvolga olib keldi, balki millat sog’lig’ini ham xavf ostiga qo’yib ko’plab salbiy jihatlarning keltirib chiqardi. Mustaqillikning qo’lga kiritilishi tufayli bunday salbiy holatlarning oldini olish va bartaraf etish imkoniyatlari paydo bo’ldi.
Do'stlaringiz bilan baham: |