[
TSZ:
1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Ta’lim]
O‘zbekiston Respublikasi
Vazirlar Mahkamasining
qarori
KASB-HUNAR KOLLEJLARINING MODDIY-TEXNIKA BAZASINI RIVOJLANTIRIShGA DOIR QO‘ShIMChA ChORA-TADBIRLAR TO‘G‘RISIDA
Vazirlar Mahkamasi qayd etadiki, Kadrlar tayyorlash milliy dasturini amalga oshirish natijasida 1998 — 2000-yillar mobaynida respublikada 315 ta kasb-hunar kollejlari va akademik litseylar yangidan qurildi va rekonstruksiya qilindi. Bular yangidan barpo etilgan o‘quvchi o‘rinlari sonini keskin ko‘paytirish imkonini berdi.
Ayni vaqtda joylarda ko‘p hollarda yangi kollejlar va litseylar qurilishiga
ustunlik berilmoqda, ularni qurish qiymatini oshirib yuborish hollari mavjud. Shu bilan birga ko‘pgina tuman markazlarida va shaharlarda yonma-yon joylashgan bir nechta umumta’lim maktablari bor. Ularning bir qismi kam xarajatlar bilan kasb-hunar kollejlariga aylantirilishi mumkin. Odatda, ushbu maktablar aholi punktlari zich joylarda joylashgan va zarur muhandislik kommunikatsiyalari bilan ta’minlangan.
1999 — 2005-yillarda akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish hamda mablag‘ bilan ta’minlash dasturini amalga oshirish, yangidan barpo etilgan o‘quvchi o‘rinlaridan maqbul va oqilona foydalanishni ta’minlash, litseylar va kollejlarni qurish va rekonstruksiya qilishga yo‘naltirilayotgan moliyaviy resurslarni yanada samaraliroq o‘zlashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Ayrim umumta’lim maktablarini kasb-hunar kollejlariga aylantirishga doir takliflar tayyorlash bo‘yicha ilovaga* muvofiq tarkibda maxsus komissiya tuzilsin.
* Ilova berilmaydi.
2. Maxsus komissiya O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi
vazirligi, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi, Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi,
Moliya vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi,
viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimliklari bilan birgalikda ikki oy muddatda:
tuman markazlarida va kichik shaharlarda joylashgan umumta’lim maktablarini, eng avvalo ta’lim muddati o‘n bir yil bo‘lgan umumta’lim maktablarini xatlovdan o‘tkazsin;
kasb-hunar kollejlariga aylantiriladigan umumta’lim maktablari ro‘yxatini aniqlasin.
3. Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi Maxsus komissiya tomonidan aniqlangan umumta’lim maktablarini kasb-hunar kollejlariga aylantirish loyihalarini 2001-yil I choragi
mobaynida ishlab chiqsinlar, loyihalarda ularni kollej yo‘nalishiga muvofiq ravishda ishlab chiqarish ustaxonalari va laboratoriya korpuslari,
sport inshootlari, oshxonalar va boshqa zarur binolar bilan to‘liq ta’minlashni nazarda tutsinlar.
4. Maxsus komissiya O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi,
Markaziy bank, Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi bilan birgalikda umumta’lim maktablarini kasb-hunar kollejlariga aylantirish jadvalini 2001-yil 15-aprelgacha ishlab chiqsin va 2001-yilda uni amalga oshirishni mablag‘ bilan ta’minlash manbalarini aniqlasin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari A.N. Isayev va R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I.
KARIMOV
Toshkent sh.,
2000-yil 29-noyabr,
465-son
(O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2000-y., 9-10-son, 150-modda)