1. To'lov tizimi va uning iqtisodiyotdagi ahamiyati.
O'zbekiston Respublikasining “Elektron to'lovlar to'g'risida”gi Qonunining 4-moddasida to'lov tizimiga qo'yidagicha ta'rif berilgan: Elektron to'lovlar amalga oshirilayotganda to'lov tizimining sub'ektlari o'rtasida yuzaga keladigan munosabatlar majmui.
To'lov tizimining turlari:
banklararo to'lov tizimi;
bankning ichki to'lov tizimi;
chakana to'lovlar tizimi.
To'lov tizimlari turli shakllarda tashkil etiladi, lekin ularning maqsadi doimo bitta, ya'ni aholiga va xo'jalik sub'ektlariga o'z pul mablag'larini bir bankdagi hisobvaraqdan boshqa bank hisobvarag'iga tez o'tkazib berishni ta'minlashdir. To'lovchi va to'lovni oluvchi uchun muqobil yo'l bo'lib naqd pul orqali hisob-kitob qilish yoki barter bo'lishi mumkin. Lekin bunday hisob-kitoblar ko'p hollarda cheklangan bo'ladi.
To'lov tizimini yaratuvchi to'lov tashkiloti O'zbekiston Respublikasining “Elektron to'lovlar to'g'risida”gi Qonunining 5-moddasida belgilangan to'lov tizimi qoidalarini ishlab chiqishi va tasdiqlashi kerak.
To'lov tizimining qoidalarida quyidagilar ko'rsatilishi kerak:
to'lov tizimi a'zolarining to'lov tizimiga a'zo bo'lishi va a'zolikdan chiqishi tartibi;
elektron to'lovlarni amalga oshirish tartibi va shartlari, shu jumladan elektron to'lov hujjati rekvizitlarining tarkibi va formati bo'yicha talablar;
axborot xavfsizligi va muhofazasini ta'minlash tartibi;
to'lov tizimining sub'ektlari o'rtasidagi nizolarni hal etish tartibi. To'lov tizimining qoidalarida qonun hujjatlariga muvofiq boshqa
qoidalar ham ko'rsatilishi mumkin.
O'zbekiston Respublikasi Markaziy bankining elektron to'lovlarni tashkil etish va amalga oshirish masalalari bo'yicha normativ-huquqiy hujjatlari to'lov tizimining barcha sub'ektlari uchun majburiydir.
To'lov tizimining a'zolari va to'lov tizimidan foydalanuvchilar to'lov tizimining sub'ektlaridir.
To'lov tizimidan foydalanuvchilarga elektron to'lovlarni amalga oshirish bo'yicha xizmatlar ko'rsatuvchi yuridik shaxslar to'lov tizimining a'zolaridir.
Qaysi yuridik yoki jismoniy shaxslarga elektron to'lovlarni amalga oshirish bo'yicha xizmatlar ko'rsatilayotgan bo'lsa, shu yuridik yoki jismoniy shaxslar to'lov tizimidan foydalanuvchilardir.
Banklararo to'lov tizimi banklar o'rtasidagi elektron to'lovlarni banklarning O'zbekiston Respublikasi Markaziy bankida ochilgan vakillik hisobvaraqlari orqali amalga oshirish uchun mo'ljallangan.
Banklararo to'lov tizimining qoidalari O'zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilanadi.
Bankning ichki to'lov tizimini tashkil qilish “Banklarni ro'yxatga olish va ularga litsenziya berish tartibi to'g'risida”gi Nizomga (ro'yxat raqami № 630, 11.02.1999 y.) muvofiq beriladigan litsenziya asosida amalga oshiriladi.
Bankning ichki to'lov tizimi bank filiallari va mijozlari o'rtasida elektron to'lovlarni amalga oshirish, shuningdek banklararo to'lov tizimi bilan o'zaro harakatda bo'lish uchun mo'ljallangan.
Bankning ichki to'lov tizimi qoidalari to'lov tizimining a'zosi – bank tomonidan belgilanadi.
Chakana to'lovlar tizimlarini tashkil qiluvchi, boshqa to'lov tashkilotlari - rezidentlar qonunchilikka muvofiq ro'yxatdan o'tishlari kerak.
Chakana to'lovlar tizimi bank kartalari va boshqa elektron to'lov vositalari (bundan buyon matnda elektron to'lov vositalari deb yuritiladi) qo'llanilgan holda elektron to'lovlarni amalga oshirish uchun mo'ljallangan. Elektron to'lov vositasi uning mazkur chakana to'lovlar tizimiga mansubligini identifikatsiyalash imkoniyatini beradigan farqlovchi belgilarga (tovar belgisiga, xizmat ko'rsatish belgilariga) ega bo'lishi kerak.
Chakana to'lovlar tizimining qoidalari mazkur chakana to'lovlar tizimini tuzgan tashkilot tomonidan belgilanadi.
To'lov tashkiloti o'zaro shartnomalar tuzilgan chakana to'lov tizimi a'zolarining ro'yxatini olib borishi, bunda chakana to'lov tizimi a'zolarining tartib raqami va barcha xizmat ko'rsatish punktlari (manzillari bilan) hamda shartnomalarning sanasi va raqami ko'rsatilgan bo'lishi kerak.
Banklar to'lov tizimidan o'z faoliyatlari bilan bog'liq operatsiyalar bo'yicha pul o'tkazishda, shu bilan birga mijozlarning operatsiyalari bo'yicha pul o'tkazishda foydalanadilar.
Qanday shaklda foydalanishdan qat'iy nazar to'lov tizimi o'z ichiga 4 bosqichni oladi.
1-bosqich - to'lovning boshlanishi, ya'ni to'lovchi o'z bankiga pulni o'tkazib berish to'g'risida topshiriq beradi.
2-bosqich - to'lov tizimining ishtirokchi banklari o'rtasida to'lov hujjatlarining almashishi, ko'pincha bu operatsiya kliring deb yuritiladi.
3-bosqich - to'lov tizimining ishtirokchi banklari o'rtasida hisob-kitob o'tkazish, ya'ni to'lovchi banki pul o'tkazib berishi lozim. Bundan tashqari, banklar uchinchi ishtirokchi orqali, unda o'z hisobvaraqlarini ochish orqali hisob-kitob qilishlari mumkin. Bu holda ko'pincha uchinchi tomon rolini Markaziy bank bajaradi.
4-bosqich – to'lovlarni qabul bilan bog'liq operatsiyalarni yakunlash.
To'lov tizimi turli olimlar tomonidan turlicha talqin qilinadi. Masalan, Bryus Sammers fikricha, iqtisodiy faoliyatni tashkil etish natijasida paydo bo'lgan majburiyatlarni ushlab turish uchun puli to'lovlarni o'tkazishda ishlatiladigan mablag'lar yig'indisiga to'lov tizimi deyiladi.
Bu talqinda asosiy o'rin mablag'larga berilayapti, buning uchun naqd hamda naqdsiz pullardan foydalaniladi. Yuqoridagi talqindan yana shunday xulosaga kelish mumkinki, to'lov tizimi majburiyatlarni ushlab turish imkoniyatini beradi. Naqdsiz pullardan foydalaniladigan to'lov tizimida ma'lum bir to'lov vositalari ishlatiladi, ya'ni mablag'larni o'tkazish uchun qog'oz hujjatlar yoki elektron hujjatlar ishlatiladi. Jahon banki mutaxassislaridan yana biri O.Margaret to'lov tizimiga quyidagicha ta'rif bergan. «To'lov tizimi bu - pul mablag'larini o'tkazish mexanizmidir». To'lov tizimiga yana bir ta'rif Rossiyaning iqtisodchisi M.P. Beryozina tomonidan berilgan bo'lib, unga ko'ra «mamlakatning to'lov tizimi - bu iqtisodiy faoliyat natijasida yuzaga keluvchi qarz majburiyatlarining bajarilishini ta'minlovchi, qonuniy boshqariluvchi elementlar yig'indisi». Bu ta'rif mazmunan Bryus Sammers ta'rifiga yaqinroq ekanligini ko'rish mumkin, ya'ni bu ikki ta'rifda «... yuzaga kelgan majburiyatlar...» degan tushuncha ishlatilgan.
Demak, bu ta'riflarda tovar va xizmatlar qiymatini to'lash bilan bog'liq bo'lgan majburiyatlar, shu bilan birga moliyaviy majburiyatlar ham ko'zda tutilgan. Moliyaviy majburiyatlar davlat byudjeti oldidagi yuridik va jismoniy shaxslarning majburiyatlaridir deb qaraydigan bo'lsak, unda barcha naqd pulsiz hisob-kitoblar, jumladan, banklarning davlat byudjetini kassaviy ijro etish operatsiyalarining bajarilishini to'lov tizimi orqali amalga oshirilishini ko'rishimiz mumkin.
Bir qator ta'riflarni ko'rib, ular to'g'risida mushohada yuritish natijasida to'lov tizimiga umumiy qilib quyidagi ta'rifni beramiz:
«To'lov tizimi - iqtisodiy faoliyat natijasida yuzaga keladigan majburiyatlar bo'yicha sub'ektlar o'rtasida pul mablag'larining qonun-qoidalar asosida harakatlanishini ta'minlovchi dastur yoki mexanizmdir».
Bizning fikrimizcha, bu mexanizmni harakatga keltirish uchun ishtirokchilar, mexanizm oldiga qo'yilgan huquqiy talablar, to'lov vositalari yoki qurollari kerak bo'ladi.
To'lov tizimining ishtirokchilari bo'lib jismoniy shaxslar, yuridik shaxslar, hukumat, banklar va boshqa moliyaviy institutlar bo'lishi mumkin. Jismoniy shaxslar to'lov tizimini boshqarib turuvchi Markaziy bank bilan bevosita aloqada bo'lmasalarda ular to'lov tizimida qatnashadilar. Bu qatnashuv bilvosita bo'ladi, ya'ni yuridik va jismoniy shaxslar o'zlariga xizmat ko'rsatuvchi bankka o'z hisobvaraqalaridagi pul mablag'larini boshqa bankka o'tkazib berish bo'yicha topshiriq beradilar. Bu topshiriqni bajarish uchun tijorat banklari to'lov tizimiga bog'lanadi. Agar ushbu ishtirokchilar bo'lmaganda edi tijorat banklarining o'zi to'lov tizimining to'laqonli ishtirokchilari bo'lishi mumkin emas edi.
Shu bilan birgalikda hukumat hamda turli moliyaviy institutlar ham to'lov tizimida qatnashadilar. Bu qatnashuv ham tijorat banklari orqali bo'ladi. Chunki ularning hisobvaraqalarini tijorat banklari yuritadilar. Demak, hozirgi kunda respublikamiz to'lov tizimining asosiy va bevosita ishtirokchilari tijorat banklaridir. Bu haqda batafsil quyiroqda to'xtalib o'tamiz.
To'lov gizimiga mexanizm sifatida qarab uning oldiga qo'yilgan bir qator talablarni ko'rib chiqamiz.
Birinchidan, to'lovchi va pul oluvchilarning huquqlari aniq belgilangan bo'lishi kerak;
Ikkinchidan, pul mablag'larining o'tkazilishi huquqiy tomondan belgilangan bo'lishi lozim, ya'ni qonun bilan mustahkamlangan tartiblar amaliyotga to'la tadbiq etilishi lozim;
Uchinchidan, ko'pchilik tomonidan qabul qilingan bo'lishi kerak; To'rtinchidan, kam xarajatli bo'lishi, tannarx hisobga olinishi lozim; Beshinchidan, yo'qotishlar va qonunbuzarliklarning oldini olish imkoniyatiga ega bo'lishi lozim.
Agar yuqoridagi sanab chiqilgan talablarga javob bersa, bunday to'lov tizimi muvaffaqiyatli faoliyat ko'rsatishi mumkin.
To'lov tizimini mexanizm sifatida qaraganimizda uning yana bir harakatga keltiruvchi elementi sifatida to'lov vositasi yoki to'lov qurollarini ko'rishimiz mumkin. To'lovni o'tkazishni boshlash aynan to'lov vositalarini tanlashdan boshlanadi. To'lov vositalariga kredit instrumentlari sifatida to'lov talabnomasi, to'lov topshiriqnomasi, inkasso topshiriqnomasi, akkreditiv ochish uchun ariza, debet instrumentlari sifatida esa cheklarni kiritish mumkin. Hozirgi kunda magnit, plastik kartochkalar ham to'lov vositalari sifatida keng ishlatilmoqda.
Ko'pgina chet davlatlarda to'lov instrumentlarini tanlashdan avval bir qator savollar o'ylab ko'riladi. Har bir konkret operatsiya bo'yicha alohida savollar yechimi topiladi.
Masalan:
1. Bu operatsiya shu yerning o'zida (do'kon, supermarket) bajariladimi yoki operatsiyani yakunlash uchun ma'lum vaqt kerak bo'ladimi?
2. To'lov summasining miqdori katta yoki kichikmi?
3. To'lov mahalliymi, shaharlararo yoki xalqaromi?
4. Bu operatsiya doimiymi (1 oy, kvartal, yil) yoki bir martalikmi?
5. Bu operatsiya muddatlimi? Shu kuni yakunlanadimi yoki bir necha kundan so'ngmi?
6. Har bir konkret to'lov instrumentining tannarxi qanday?
7. To'lov kafolati qanday?
Bunday savollarni har bir konkret operatsiya bo'yicha ishtirokchilar o'ylab, vaziyatni tahlil qilib o'zlariga qulay bo'lgan variantni, o'zlariga qulay bo'lgan to'lov instrumentini tanlaydilar. Bu esa shartnomada mustahkamlab qo'yilgan.
Markaziy bank to'lov tizimiga nisbatan uning rivojlanishi va shu orqali o'z maqsadiga erishishni ta'minlash borasida qanday ta'sir o'tkazishi mumkin? Bu savolga javob berish uchun quyidagilarga e'tibor berish lozim.
Birinchidan, Markaziy bankni to'lov tizimining foydalanuvchisi sifatida ko'rib chiqamiz. Markaziy bank pul o'tkazish bilan bog'liq bo'lgan o'z faoliyatiga tegishli bo'lgan operatsiyalarni o'tkazadi. Bunga pul-kredit siyosatini o'tkazish uchun rasmiy ochiq bozoridagi operatsiyalari, davlat qimmatli qog'ozlari bilan bo'ladigan rasmiy operatsiyalari, jumladan yangi qimmatli qog'ozlarni chiqarish, eskilarini to'lash operatsiyalari, chet el valyuta operatsiyalari bo'yicha milliy valyutada hisob-kitoblarning to'lov tizimi orqali o'tkazishi misol bo'ladi. Bundan tashqari, boshqa barcha korxonalar qatori Markaziy bank ham o'z ishchi xizmatchilariga ish haqi, turli nafaqalar, komandirovka xarajatlari, mukofotlar to'lashi lozim bo'ladi, bunday to'lovlar ham aksariyat hallarda to'lov tizimini chetlab o'tmaydi.
Ikkinchidan, Markaziy bankni to'lov tizimining ishtirokchisi sifatida ko'rib chiqamiz. To'lov tizimining ishtirokchisi sifatida Markaziy bankni o'z mijozlari nomidan pul o'tkazish yoki to'lovni olish operatsiyalarini bajarish jarayonida kuzatishimiz mumkin. Masalan, Markaziy bank hukumat yoki boshqa hududiy Markaziy banklar kabi o'z mijozlarining operatsiyalarini bajarish jarayonida to'lov tizimining ishtirokchisiga aylanishi mumkin.
Uchinchidan, Markaziy bankning to'lov xizmatlarini ko'rsatuvchi yuridik shaxs sifatidagi rolini ko'rishimiz mumkin. Bunday xizmatlar
to'lov tizimi doirasida ishlovchi tijorat banklari uchun hisob markazlarini tashkil qilish va ularga xizmat ko'rsatish bilan belgilanadi. Bundan tashqari, to'lov tizimi uchun o'z mablag'lari yoki tijorat banklari, shu bilan birga boshqa tijorat tashkilotlarining mablag'larini qo'shish evaziga texnik vositalar, programmalar, instruktsiyalar, kommunikatsiyalar bilan ta'minlash jarayonidaham Markaziy bankning to'lov tizimi orqali to'lov xizmatlarini bajaruvchi rolini ko'rishimiz mumkin.Va nihoyat to'rtinchidan, Markaziy bankning davlat qiziqishlarini himoyalovchisi sifatidagi rolini ko'rib chiqamiz. Markaziy bankning bu roli ancha keng xarakterga ega bo'lib, o'z ichiga quyidagi qirralarni oladi.
- to'lov tizimini harakatga keltiruvchi vazifasini bajaradi;
- to'lov tizimi qatnashchilari ustidan nazorat o'rnatadi;
- to'lov tizimi ishini boshqaradi va rejalashtiradi;
- da'volar bildirilganda arbitraj funktsiyasini bajaradi;
- texnik standartlarni ishlab chiqish va joriy qilish bilan shug'ullanadi va hokazo.
Sanab o'tilgan Markaziy bankning to'lov tizimi bilan bog'liq jihatlariga yana to'lov tizimi orqali o'tadigan kundalik to'lovlarning kafolatlanishini ta'minlashni ham kiritish mumkin. Lekin bu faqat Markaziy bankka emas, bir vaqtning o'zida tijorat banklarining vakillik hisobvaraqlarining ham holatiga bog'liq. Rivojlangan davlatlar iqtisodiyotini kuzatar ekanmiz, Markaziy banklarning to'lov tizimidagi ishtiroki turlicha ekanligini ko'rish mumkin.
Bu har xillik turli davlatlarning turli iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy, huquqiy shart-sharoitlari bilan belgilanadi. Ba'zi davlatlarning Markaziy banklari to'lov tizimini yaratish va uni ekspluatatsiya qilish masalalariga chuqur kirishib ketganlar. Bunday davlatlarga Germaniya, Frantsiya, Italiya va Ispaniyani kiritish mumkin. Ba'zi davlatlarning Markaziy banklari qonunchilik bilan belgilabqo'yilgan spetsifik majburiyatlar bilan bog'liq bo'lgan muvofiqlashtiruvchi rolini bajaradi. Ba'zi davlatlardagi Markaziy banklar o'z mijozlari nomidan to'lovlarni bajarish bo'yicha aktiv faoliyat olib borishni afzal ko'radilar Amerika qo'shma Shtatidagi Markaziy banklari o'z faoliyatini ko'proq to'lov xizmatlarini tijorat asosida olib borishga harakat qiladi.
To'lov tizimida Markaziy banklarning ishtiroki turlicha bo'lishiga qaramay, ularning maqsadlari deyarli o'xshash, xususan, kamroq xarajat qilib minimal tavakkalchilik asosida foydalanuvchilarning ehtiyojlarini qondiruvchi tizimni ta'minlashdan iboratdir.
O'zbekiston Respublikasi to'lov tizimi ham Markaziy bank tomonidan tashkil qilinib, tizimning harakati hisob-kitob markazlari orqali amalga oshiriladi. Respublika Markaziy banki hisob-kitob markazi faoliyatini muvofiqlashtirib, nazorat olib boradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |