O‘simliklarning “qisqa chidamliligi”. Bu o‘simliklarning faqatgina sovuqqa emas balki, ularning qishlashi bilan bog‘liq bo‘lgan bir qancha noqulay omillar majmuasiga nisbatan chidamliligidir.
Dimiqish. Ushbu hol qish unchalik sovuq bo‘lmagan davrda qalin qor ostida ro‘y beradi. O‘simliklarda qalin qor tagida, harorat 0 °C atrfida bo‘lganda nafas olish jadallashadi. Buning natijasida kuz fasli davomida sovuqqa chiniqish davrida yig‘ilgan zahira qand moddalarining parchalanishi ro‘y beradi. Shuni aytib o‘tish kerakki, o‘simliklarda qandlarning miqdori 20 - 25% atrofida bo‘ladi. Dimiqish natijasida esa qandlarning miqdori 5-10 marotaba kamayib ketadi, ya’ni, 4-5% ga tushib qoladi. Bu esa o‘simliklarning chidamsizligiga olib keladi va qorlar erigandan so‘ng ro‘y beradigan bahorgi sovuqda nobud bo‘ladi. Bundan tashqari holsizlangan o‘simliklar zamburug‘ kasalliklariga ham tez chalinadi.
Harorat 0°C ga yaqin bo‘lgan sharoitda qor ostidagi o‘simliklarning nafas olishi ancha kuchli bo‘ladi. Natijada organik modda juda ko‘p sarflanadi. Qor ostida qorong‘ulik bo‘lgani uchun fotosintez amalga oshmaydi. Uzoq muddatda fotosintez va yangi organik moddalarning hosil bo‘lmasligi, nafas olish kuchli bo‘lib, zahiradagi organik moddalarning tez tarqalishi natijasida o‘simliklar och qoladi va shikastlanadi. Kuchli shikastlangan o‘simliklar nobud bo‘la boshlaydi. Bunday noqulay sharoit ko‘proq shimoliy hududlarda sodir bo‘ladi. Ayniqsa, uzoq muddatda qor ostida yashab, och qolgan o‘simliklar sovuqqa bo‘lgan chidamliligini yo‘qoladi.
Dimiqish hodisasiga pastki musbat haroratlarda nafas olish jadalligi past bo‘lgan va o‘z to‘qimalarida katta miqdorlarda qandlarni zahiralovchi o‘simliklar nisbatan chidamli bo‘ladi.
Ivish. Ayrim yillarda bahor faslida havoning uzoq muddatli isishi ro‘y beradi. Agar ushbu davrda yer hali muzlagan holatda bo‘lsa qorlarning erishidan hosil bo‘lgan suv yerga singmaydi. Buning natijasida o‘simliklarni suv qoplaydi. Bunday hollarda o‘simliklarga kislorod etishmasligi natijasida gipoksiya holati ro‘y beradi va ular o‘ladi. Chunki, gipoksiya holatida aerob nafas olish to‘xtaydi va anaerob nafas olish kuchayadi. Bizga ma’lumki, anaerob nafas olish jarayonida hujayralarda ATF moddasining sintezi kamayadi va to‘qimalarda spirtlar hamda kislotalar yig‘ila boshlaydi. Spirtlar va kislotalar ta’sirida membranalar o‘tkazuvchanligi ortadi va hujayra atrof muhitga turli suvda eruvchi moddalarni ajrata boshlaydi.
Gipoksiya sharoitida bir gramm molekula glyukozaning oksidlanishidan hosil bo‘lgan ATF miqdori aerob sharoitga nisbatan 19 marotaba kam bo‘ladi. Shuning uchun ho‘llanish sharoitida o‘simliklar o‘z hayotiy jarayonlarini saqlab qolishi uchun zaxira moddalarni ayniqsa qandlarni ko‘p sarflaydi. Buning natijasida ushbu moddlarning miqdori tezda kamayib ketadi.
Muz qobig‘i. Ushbu hol o‘simliklarni suv bosgan holatda havoning sovuq kelishi natijasida ro‘y beradi. Buning natijasida yer yuzasida turib qolgan suv muzlaydi va o‘simliklarni muz qoplaydi. Muz qobig‘i esa amaliy jihatdan kislorodni o‘tkazmaydi. Agarda muz qatlamining qalinligi 1 sm bo‘lsa, uning 1 sm2 yuzasi orqali bir soatda 0,00017 - 0, 00037 ml kislorod o‘tishi mumkin. Ammo, o‘simliklar bargining bir qismi muzning yuzasida bo‘lsa, ular orqali kislorod ta’minoti saqlanib qolganligi sababli, o‘simliklar nobud bo‘lmaydi. O‘simlik barglari qanchalik ko‘p muz bilan qoplangan bo‘lsa, ular shunchalik yuqori darajada zararlanadilar. O‘simliklar butunlay muz qoplagan holda ular - 3 °C haroratda ham nobud bo‘lishlari mumkin.
O‘simliklarning muz qobig‘i tagida nobud bo‘lishining ikkinchi sababi, bu muzning haroratni yaxshi o‘tkazishidir. Muzning issiqlik o‘tkazishi qorga nisbatan bir - necha barobar yuqori. Shuning uchun ham atmosferaning sovushi natijasida o‘simliklarga past harorat tez ta’sir qiladi va ular muzlaydi. Shuningdek, muzning o‘simliklarga siquvchi ta’siri natijasida ham ular nobud bo‘lshlari mumkin. Ayrim hollarda muz qobig‘i o‘simlikning ustida emas, balki butun tanasi bo‘ylab ro‘y beradi. Bu hol o‘simliklar uchun ayniqsa xavflidir.
Bo‘rtish. Bu hol havoning bahorgi isishi natijasida suvning tuproqqa singishi, so‘ngra esa sovuq harorat natijasida ushbu tuproq qatlamining muzlashi va uning tuproqning erimagan qismi bilan muz qatlami hosil qilishi natijasida ro‘y beradi. Ushbu qatlam tuproqning yuqori qatlamini ko‘taradi. CHunki, suv muzlaganda uning hajmi kengayadi. Buning natijasida ildizlarning yorilishi - uzilishi ro‘y beradi.
Bahorgi havoning isishi natijasida tuproq - muz qatlami eriydi va ko‘tarilgan tuproq qatlami ortadi. Natijada yorilgan -uzilgan ildizlar yotiq holda tuproq yuzasiga chiqib qoladi. Agar ular tezda tuproqqa ildiz otmasa, issiq havo ta’sirida tezda qurib qolishi mumkin.
Ayrim o‘simliklarda bo‘rtishga nisbatan moslanishlar vujudga kelgan. Masalan, ko‘k - sag‘iz o‘simligida kuzda C- simon ildizlar hosil bo‘ladi ushbu ko‘rinishda ildizlar parenxima hujayralarining asosiy o‘q bo‘ylab siqilishi natijasida vujudga keladi. Bunda ildiz qisqaradi va poya tuproqqa tortiladi. Muzlagan tuproqning kengayishidan esa ildiz to‘g‘rilanadi. Bu hol o‘simliklarning bo‘rtishini va ildizlarning yorilishi - uzilishini oldini oladi.
Qishki qurg‘oqchilik. Daraxtlar va butalarning qishlovchi poyalari qor yuzasida qolib ketsa, qishda ular kuchli suvsizlikka uchrash mumkin va qurib qoladi. Chunki, o‘simliklarda barglarning tukilishi sababli ular orqali boradigan transpiratsiya to‘xtagani bilan poyalar va tanasidagi yasmiqchalar orqali suvning bug‘lanishi ro‘y berib turadi. YAsmiqchalar orqali bug‘langan suvning miqdori barglar orqali bug‘lanadigan taranspiratsiya ko‘rsatkichidan ancha kam, ammo, muzlagan tuproqdan ildizlar suv shima olmaydi. Buning natijasida suv balansi buziladi. SHuning uchun ham quyosh nurlari va uzoq davomli shamol natijasida hamda kunlar ravshan bo‘lgan hollarda o‘simliklar tomonidan suvning yo‘qotish darajasi 50% va undan ortiq bo‘lishi va ular qurib qolishi mumkin. Masalan, oktyabr oyidan to martgacha dub shoxlaridagi suv 52 foizdan 41 foizgacha kamaysa, yo‘sinda 50 foizdan 36 foizga, gledichiyada -70 foizdan 36 foizga kamayadi.
Daraxtlarning kuzgi barg to‘kishi bu ularning qishki qurg‘oqchilikka tayyorgarligidir. Bundan tashqari daraxt shoxlari qalin po‘kak bilan qoplangan. Po‘kak bir yillik o‘t o‘simliklarda bo‘lmaydi. Daraxt tanalaridagi yuraksimon kosachalar ham suv yig‘ishi natijasida daraxtlarning er yuzi organlariga xavf soluvchi qishki qurg‘oqchilikdan saqlaydi. Igna bargli va doimiy yashil o‘simliklarda juda qalin kutikula qatlami hosil bo‘ladi. Ular barglarni suv yo‘qotishdan saqlaydi.
Qishgi - bahorgi “kuyishlar”. Qish quyoshli bo‘ladigan hududlarda daraxtlar shoxlarining janubiy tarafida va yosh poyalarda kuyish belgilari kuzda kuzatiladi. Chunki, o‘simliklarning po‘kaklanmagan qismlari quyosh nurlari ta’sirida qiziydi va qish vaqtida sovuqa chidamlilikni yo‘qotadi hamda kechasi bo‘ladigan sovuqqa chidamaydi. Buning natijasida shoxlar va poyalarda kichik yoriqlar paydo bo‘ladi. Ushbu yoriqlardan esa kasallikka sabab bo‘luvchi mikroorganizmlar kirishi mumkin.
Binobarin o‘simliklarning qishda zararlanishi, hattoki nobud bo‘lishiga sababchi omillar turlicha bo‘lishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |