Yuksak aylant (Айлант высочайший) - Ailanthus aitissima (Mill.) Svving.
Aylant (sassiq daraxt) simarubadoshlar — Simarubaceae oilasiga mansub balandligi 30 metrga yetadigan daraxt. O’zbekistonga introduksiya qilingan. Barglari murakkab, toq patsimon, 15-20 ta barglaridan iborat, tuxumsimon, nashtarsimon shaklda. Mevalari - o’rtasida bitta urug’i bor qizg’ish-sariq rangdagi qanotchali meva. May-iyulda gullaydi va avgustda-oktabrda mevalari yetiladi. Aylantning po’stlog’i tarkibida aylantin moddasi, lakton, simarubin, oksikumarin glikozidlari, saponinlar va kam miqdordagi alkaloidlar hamda 12% gacha oshlovchi moddalar uchraydi. Tabobatda daraxt barglari, po’stlog’i jarohatlami tuzatishda, ichburug’da, mevalari bavosil, anginada foydalaniladi. Aylant tanasi po’stlog’i kuchli bakteritsidlik xususiyatiga ega.
Soxta kashtan (Конский каштан обыкновениый)- Aesculus hippocastanum L.
Soxta kashtan Soxtakashtandoshlar - Hippocastanaceae oilasiga mansub balandligi 30 m gacha yetadigan manzarali daraxt. Soxta kashtan turi O’zbekistonga introduksiya qilingan va shahar sharoitlarida gazga va issiqqa chidamli daraxt ekanligini ko’rsatdi. Bargi panjasimon yirik 5-7 tadan, o’rtadagisi katta, ikkita chetidagisi kichikroq, murakkab bo’lib, poyasi bilan shoxlarida uzun bandi yordamida qarama-qarshi joylashadi. Bargchalari teskari tuxumsimon, o’tkir uchli, qo’sharrasimon qirrali. Besh bo’lakli, oldin sarg’ish, keyinroq qizg’ish dog’li oq gullari tik o’suvchi ro’vakka to’plangan. Mevasi - pishganda 3 ta chanog’i bilan ochiladigan, bitta (ba’zan uchtagacha) urug’li, dumaloq shaklli, yashil rangli tikanlar bilan qoplangan ko’sak hisoblanadi.
Soxta kashtan may-iyun oylarida gullaydi, sentabr-oktabr oyida mevasi yetiladi. Vatani Bolqon yarim oroli, MDHning Yevropa qismi o’rta va janubiy hududlari hisoblanadi, Qrim, Kavkaz va Markaziy Osiyoda manzarali daraxt sifatida ko’chalarda, istiroxat bog’larida keng o’stiriladi.
Tibbiyotda soxta kashtanning urug’i, guli va bargi keng qo’llaniladi. Mevasi to’liq pishganda qoqib olinib, undan urug’i ajratiladi va ochiq havoda - quyoshda quritiladi. Barglari yoz bo’yi yig’ilishi mumkin, ammo faqat soya yerda quritiladi.
Urug’i tarkibida eskulin, fraksin, kumarin glikozidlari, flavonoidlar (kversetin va kempferol glikozidlari), 8-10% triterpen saponinlar (essin va boshqa), 6-8% yog’, 50% gacha kraxmal, 8-10% oqsil, oshlovchi va boshqa moddalar, bargida - flavonoidlar (kversetin, kempferol va ulaming glikozidlari), karotinoidlar va boshqa faol birikmalar bor.
Soxtakashtan urug’idan tayyorlangan ekstrakt - eskuzan tromboflebit va vena qon tomiri (ayniqsa oyokda) kengayishi oldini olish va davolashda hamda bavosil va aterosklerozda ishlatiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |