Havo aerozoli, uning tuzilishi va infeksiya tarqalishidagi ahamiyati.
Mikroorganizmlarning ko‘payishi uchun havo noqulay muhit hisoblanadi, chunki havoda oziq moddalar va namlik kam bo‘ladi, quyosh nurlari ta’sir ko‘rsatadi. Havodagi mikroorganizmlar hayot faoliyatini uning tarkibidagi suv, tutun, dud, chang zarralari ta’minlab turadi. Havo mikroflorasini shartli ravishda doimiy va ya’ni tez-tez uchraydigan va almashinib turadigan bakteriyalarga bo‘lish mumkin. Havo oqimi bilan ular uzoq masofalarga tashilishi mumkin. Mikroorganizmlar havoda alohida bo‘lmasdan, bakterial aerozollar hosil qiladi. Bakterial aerozollar ma’lum biologik xususiyatga ega bo‘lgan kolloid sistemadir.
Bakterial aerozollar tabiiy va sun’iy bo‘ladi. Tabiiy aerozollar tabiiy sharoitda disperslanish jarayonida hosil bo‘ladi: suv tomchisi + bakteriyalar yoki chang zarrachasi + bakteriyalar. Asosiy disperslaydigan omillar shamol, suyuqlikni tog‘ jinslariga tegib parchalanishi, mikroblarni so‘lak bo‘laklari bilan tarqalishi. Sun’iy bakterial suspenziyalar yoki changlarni sun’iy disperslash natijasida hosil bo‘ladi. Mikrob aerozollarining tarqalish kinetikasida 3 ta faza ajratiladi:
Yirik-o‘zakli yoki tomchili.
Mayda dispersli yoki tomchi - o‘zakli.
Bakterial chang yoki chang fazasi.
Chidamsiz patogen mikroorganizmlar, bemor yaqin turgan masofaga, so‘lak zarrachalari bilan beriladi - havo-tomchi yo‘li (qizamiq, gripp, ko‘k yo‘tal). Chang zarrachalari bilan kokklar, sporalar, chidamliroq mikroorganizmlar (sil, kuydirgi qo‘zg‘atuvchilari) - havo-tomchi yo‘li bilan beriladi.
Patogen mikroblar havoga kasal odamlar yoki bakteriya tashuvchilar, shuningdek hayvonlar nafas yo‘llari orqali asosan tomchi holida ajralib o‘tadi. Patogen mikroblar iflos bo‘lgan buyumlar (kiyim-bosh, adyol va boshqalar)dan chiqqan chang bilan yoki infeksiyalangan tuproqdan havoga o‘tishi mumkin. Ko‘pgina fitopatogen zamburug`larning sporalari zararlangan o‘simliklardan ko‘tarilib, shamol bilan uzoq masofalarga tarqaladi.
Og`iz bo‘shlig`i yoki nafas yo‘llari kasallanganda atrofdagi havoga mikroblar: stafilokokk va streptokokklar, difteriya, ko‘kyo‘tal, sil qo‘zg`atuvchilari, har xil viruslar, masalan, qizamiq va gripp viruslari tarqaladi. Bu mikroblar bor havodan nafas olgan odam kasallanishi mumkin. Infeksion kasalliklar qo‘zg`atuvchilarning havo orqali tarqalishi havo tomchi yo‘li bilan tarqalish deb ataladi. Patogen mikroblarning havo-chang yo‘li bilan o‘tishi ham bor, bunda ular havoga chang orqali tarqaladi.
Bakterial aerozolning uch fazasi farq qilinadi, bunda mikroblar havoda bo‘lishi mumkin. Tomchi aerozol havoda muallaq holda bo‘ladigan va juda ko‘p mikroorganizmlar saqlaydigan mayda suyuq zarrachalardan iboratdir. Bu zarrachalar bemor so‘zlashganda, yo‘talganda, aksa urganda chiqadigan so‘lak yoki balg`am tomchilari bo‘lishi mumkin. Masalan, har bir aksa urganda havoga 4000dan 40000 gacha, diametri 20-100 mkm bo‘lgan tomchilar o‘tadi. 10 mkm gacha bo‘lgan tomchilar havoda juda uzoq saqlanadi. Ko‘pchilik patogen mikroblar tashqi muhit sharoitlariga chidamsizroq bo‘lib, sog` odam bemorga yaqin kelganda o‘tishi mumkin. Bunday havo-tomchi yo‘li bilan o‘tish qizamiq, gripp, ko‘kyo‘tal, meningit uchun xarakterlidir. Tomchi yadro va chang aerozollar chala qurigan so‘lak va balg`am zarrachalari yoki havoda muallaq holda bo‘ladigan chang zarrachalaridan iborat. Yadrochalardagi mikroblar chala qurigan balg`amning oqsilli pardasi bilan himoyalangan va uzoq vaqtgacha tirik saqlanib qolishi mumkin. Chang zarrachalari bilan havoda, masalan, kuydirgi batsillalarning sporalari bo‘lishi mumkin. Yadro aerozollarida difteriya korinebakteriyalari 1 sutkagacha, gemolitik streptokokk 2sutkagacha, sil mikobakteriyalari 18 sutkagacha hayot faoliyatini saqlab qolishi mumkin.
Odatda, yopiq binolarda infeksiyalarning havo-tomchi yo‘li bilan tarqalishi uchun qulay sharoit yaratiladi, chunki ular havosida patogen mikroblar miqdori ko‘p bo‘lishi mumkin. Ochiq havoda aerogen infeksiyalanish imkoniyati kam bo‘ladi. Havo tomchi yo‘li bilan o‘tadigan infeksiyalarga qarshi kurashda ventilyatsiya hamda dezinfektsiya qilish orqali havoni tozalab turish katta ahamiyatga ega. Bakterial aerozollarning tarqalishini kamaytirish uchun paxta-doka, doka, Petryanov gazmolidan tayyorlangan niqoblar qo‘llaniladi. Gripp epidemiyasi vaqtida kasalxonalar, dorixonalarda tibbiyot xodimlari niqoblardan foydalanadilar. Gripp bilan og`rigan bemorlar va ularning oila a`zolari ham niqob taqib yurishlari kerak. Tomchi infektsiyalarning tarqalishiga yo‘l qo‘yilmaslik uchun poliklinikalarda bolalar bokelarda qabul qilinadi. Silning ochiq formasi bilan kasallangan bemorlarni kasalxonaga yotqizish kerak yoki alohida turar joy bilan ta`minlash lozim. Havoni sanitariya-bakteriologik tekshirish metodlari va uni baholash mezonlari bor.
Atmosfera havosining mikroorganizmlar bilan ifloslanishi, asosan, tuproqqa bog‘liq, shuning uchun eng ko‘p uchraydigan mikroorganizmlar atmosfera havosining yerga yaqin qismida uchraydi. Atmosfera havosidagi mikroorganizmlarga quyosh nuri, haroratning o‘zgarishi, shamolning tezligi, yomg‘ir, qor ma’lum darajada ta’sir ko‘rsatadi. Shuning uchun havo mikroflorasi o‘ta o‘zgaruvchan bo‘lib, tez-tez almashinib turadi.
Havo uchun sanitar-ko‘rsatkichli mikroorganizmlar tillarang stafilokokk, gemolitik streptokokklar hisoblanadi.
Yopiq bino (xona, auditoriya) havosi yozda – mikroblar soni 1500 ta, streptokokk-16 ta, qishda mikroblar soni 4500 ta, streptokokk-36 ta. Operatsiya xonasi: operatsiyagacha 500 ta, operatsiyadan keyin esa 1000 ta (mikrob soni 1m3 havo hajmida), stafilo-streptokokklar yo‘q.
Do'stlaringiz bilan baham: |