§6. Biologik sikllar. Organizmlarga iqlimning ta’siri.
Mavsumiy migratsiyalar
Reja:
Hayvonlar organizmiga iqlimning ta’siri va hosil bo’ladigan jarayonlar.
Sutkalik sikllar. Hayvonlar faolligining sutkalik ritmi.
Quruqlik hayvonlarining sutkalik, gorizontal va vertikal migratsiyasi.
Mavsumiy sikllar. Turli kengliklarda iqlimning mavsumiy o’zgaruvchanligini hayvonlarga ta’siri.
Mavsumiy migratsiyalar va ularning kelib chiqish sabablari.
Iqlim o’zgarishlari va uning sabablari.
Hayvonlar yashaydigan muhit doimo o’zgarib turadi. Organik olamning ta’sirida biosferaning turli qismlarida qaytmas o’zgarishlar sodir bo’ladi. Ushbu o’zgarishlar tabiiy ravishda sekin amalga oshib boradi. Odamning paydo bo’lishi, sanoat va qishloq xo’jaligi taraqqiyotining o’sishi tufayli tabiiy o’zgarishlar jarayoni haddan tashqari tezlashadi. Shu bilan bog’liq ravishda qaytmas (qayta takrorlanmas) o’zgarishlar bilan birga, biosferada takrorlanuvchi, davriy va siklik o’zgarishlar ham sodir bo’lib turibdiki, bu jarayonlar kosmik (koinot) sabablarga, ya’ni quyosh sistemasidagi fazoviy tanalarning harakati bilan bog’liqdir. Takrorlanuvchi o’zgarishlarga sutkalik, mavsumiy va ko’p yillik sikllar, shuningdek, Yerda sodir bo’lib turadigan davriy tektonik o’zgarishlarni (tog’ hosil bo’lishi) ko’rsatish mumkin.
Muhitning ushbu turdagi o’zgarishlari Yerda hayot paydo bo’lgangacha ham bo’lgan va hayot paydo bo’lishining dastlabki kunidan boshlab ham sodir bo’lib kelmoqda. Tabiiyki, barcha organizmlar sodir bo’lib turadigan davriy o’zgarishlarga moslasha borgan. Bu moslashuvlar ularda biologik hodisalarning gallanishi bilan ifodalanadi. Ushbu gallanish hayvonlarning iqlim o’zgarishlariga qaytargan javob reaksiyalari hisoblanadi. Ma’lum hududning o’ziga xos ob-havosi, quyosh radiasiyasi, landshafti va atmosfera sirkulyasiyasi o’sha joyning iqlimini shakllantiradi. Iqlimlar turli-tuman bo’ladi va ular turli kengliklarda turlichadir.
Turg’un va yashash uchun qulay iqlim sharoiti suv muhiti hisoblanadi, chunki bunday muhitda harorat, bosim va suvning harakati, o’zgarishlari juda kuchsiz ifodalangan bo’ladi. Bu o’zgarishlar esa quruqlikda juda sezilarli bo’lishi mumkin, ya’ni ular turli quruqlik zonalarida turlicha xarakterga ega bo’ladi. Suv muhiti bilan atmosfera muhitidagi iqlimlar oralig’ida tuproq muhitining iqlimi turadi.
Quruqlikdagi tropik zonaning iqlimi iliq va nam bo’lishi bilan hayot uchun qulay hisoblanadi, chunki tropik zonaning iqlimi sutka va mavsumlar davomidagi o’zgarishlari keskin bo’lmaydi, ya’ni omillar nisbatan turg’un (doimiy) qulay hisoblanadi. Lekin mo’’tadil va yuqori kengliklardagi hududlar iqlimi tropik iqlimga qaraganda o’zgaruvchan, tarixiy jihatdan turg’un bo’lmagan hamda ma’lum bir katta (uzoq) davrlar oralig’ida keskin o’zgarib turishi bilan ajralib turadi. Bunday kengliklardagi iqlimda turli yillarda turlicha o’zgarishlar namoyon bo’ladi, ya’ni yog’insiz quruq yillar yog’inli nam yillar bilan issiq yillar sovuq yillar bilan almashinib turishi bilan ajralib turadi.
Shunday qilib, iqlimning sutkalik va mavsumiy siklliligi hyech qayerda va hyech qachon to’liq va aynan o’xshash ko’rinishda takrorlanmaydi, chunki kosmik hodisalar, Yerning quyosh atrofida aylanish jarayoni o’zgaruvchan meteorologik hodisalarga duch keldi. Shuning uchun ham biron kun ham yoki bir mavsum ham oldingisiga aynan o’xshash bo’lib takrorlanmaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |