Mikroprotsessor arifmetik – mantiqiy tuzilma, boshqaruv tuzilmasi va registrlar blokidan tashkil topadi hamda registrlar, manzil akkumlyatori, dasturli hisoblagich kabilarni o‘z ichiga oladi. Arifmetik – mantiqiy tuzilma (ALQ) ikkilik tizimida berilgan ma’lumotlar bo‘yicha arifmetik va mantiqiy operatsiyalarni bajarish uchun mo‘ljallangan.
Mikroprotsessor tizimli (MPT) bu bir yoki bir nechta mikroprotsessordan (MP) tashqari operativ xotira qurilmasi (OXQ), doimiy xotira qurilmasi (DXQ) va kiritish – chiqarish tuzilmalarni ham o‘z ichiga oladi. Boshqaruv hisoblash mashinasi (BXM) tarkibida ob’yekt bilan aloqa qurilmalari (OBA) alohida o‘rin tutadi.
Boshqaruv hisoblash mashinasi (BXM) – qismlarining o‘zaro aloqasi (bog‘lanishi) quyidagilar orqali amalga oshiriladi: adreslar shinasi (ASh); ma’lumotlar shinasi (MSh); boshqaruv shinalari (BSh). Bular mikroprotsessor tizimi komponentlarini yaxlitlaydi. Shuningdek o‘lchash shinalari, nazorat shinalari va boshqaruv shinalari ham mavjudki, ular yuqorida sanalgan shinalar bilan birgalikda ishlab boshqaruvchi ob’yekt yoki protsessor bilan mikroprotsessorli tizim orasidagi bog‘lanishni ta’minlaydi.
Mikroprotsessor tizimi konstruktiv jihatdan odam – operator bilan ishlash uchun mo‘ljallangan bo‘lishi mumkin, ya’ni klaviatura va displey bilan ta’minlanishi mumkin. Bunday holda uni mikro EXM deyiladi. MPT agregativ holda ishlash uchun, ya’ni apparatlarning konstruktiv va funksional birgalikda ishlashlari uchun mo‘ljallangan bo‘lishi ham mumkin.
Mikroprotsessor – bu protsessor xotirasiga dasturli joylashtirilgan o‘zgaruvchan ish algoritmli boshqaruv tuzilmasidir. Shuningdek u kiritilgan dasturi boshqaruvchining boshqa funksiyalarini bajarish uchun o‘zgartiriladigan unversal tuzilma hamdir.
Dasturlash imkoni borligi mikroprotsessorni boshqaruvning boshqa sohalaridagi masalalar yechimlarini hal qilish mumkinligini ko‘rsatadi.
Talab qilingan boshqaruv algoritmini qo‘llashni ta’minlaydigan buyruqlar ketma – ketligi dasturni tashkil qiladi. Dasturga yozilgan buyruqlar mikroprotsessor orqali yozilgan ketma – ketlikda qadamli rejimda bajariladi. Dasturning har bir buyrug‘i boshlang‘ich berilganlar bilan nima qilish kerakligi va operatsiya natijalarini qaysi manzilga joylashtirish kerakligi xaqidagi axborotga ega bo‘ladi. Buyruqning birinchi qismi operatsiya kodidan iborat bo‘ladi (masalan qo‘shish, ko‘paytirish).
Buyruqning ikkinchi qismi esa manzilli bo‘lib, operatsiyalarni joylashtirish manziliga ega bo‘ladi. Ba’zida manzilsiz buyruqlar ham bo‘ladi.
Mikroprotsessor manzillari, operandlari va buyruqlari ko‘p razryadli ikkilik kodlari orqali belgilanadi. Zamonaviy mikroprotsessorlar 16 – razryadli so‘zlar bilan operatsiya bajariladi. Bu esa mikroprotsessorning bir sikl davrida bajaradigan ish hajmini bildiradi.
Dastur turli usullar bilan yozilishi mumkin. Buyruqlar yozuvi bevosita mashina kodida ikkilik tizim ko‘rinishida bajarilishi mumkin. Bu usul judu murakkab va katta mehnatni talab qiladi va u faqatgina kichik hajmdagi dasturni tuzish uchun ishlatiladi.
Dasturlash tizimlarini qo‘llash ancha qulay usul hisoblanadi. Assembler turidagi past darajali til mnemokodlar sharoitida tuzilgan buyruqlar yordamida
mikroprotsessor bilan bevosita muloqatga kirishish vositalari ko‘rinishida namoyon bo‘ladi. Mikroprotsessor bu buyruqlarni qabul qiladi, lekin o‘z ishida uni avvalgidek ikkilik tizimda qo‘llamaydi.
Beysik, SI va Paskal turidagi tillar yuqori darajadagi til hisoblanadi va yanada kengroq imkoniyatlarga ega. Bu tillarda tuzilgan dasturlar maxsus kross – dasturlar yordamida mashinali kodlar tizimiga o‘tkaziladi, ular esa mikroprotsessorni ishlatadi.
Mikroprotsessor tizimi tarkibidagi OXQ va DXQ xotiralar berilganlarni joylashtirish, dasturlarni joylashtirish va berilganlarni qayta ishlash natijalarini joylashtirish uchun xizmat qiladi.
Axborotni kiritish va chiqarish tuzilmasi (KCH.Q) mikroprotsessor tuzilma bilan operator hamda boshqariluvchi ob’yekt orasidagi muloqatni vujudga keltirish uchun xizmat qiladi. KCH.Q ga boshqaruv pulti, dasturlash pulti, displey va boshqa tashqi tuzilmalar, shuningdek parallel va ketma – ket interfeys katta integral sxemalari kiritiladi.
Aloqa tuzilmasi OBA (ob’yekt bilan aloqa) mikroprotsessorga tashqi tuzilma bo‘lgan axborot tashuvchi datchiklar hamda elektr yuritma ishchi qismlari bilan mikroprotsessor o‘rtasidagi aloqani ta’minlaydi. Ba’zi bir datchiklar va boshqaruv tuzilmalari analogli bo‘lishi mumkin. Shuning uchun anologli axborotni raqamli axborotga va aksincha o‘zgartirish zarurati tug‘iladi. Bunday vazifani anolog – raqamli o‘zgartirgichlar (ARO‘) va raqam – anologli o‘zgartirgichlar (RAO‘) bajaradi. Bu o‘zgartirgichlar aloqa tuzilmasi tarkibiga kiritiladi.
Integral tuzilmalar interfeyssi – bu apparat vositalari va xotira va tashqi tuzilmalar bilan mikroprotsessor orasidagi axborot almashinuvini boshqarishni ta’minlovchi dasturlar majmuidir.
Maqsadga ko‘ra mikroprotsessor tizimi universal va maxsus turlarga bo‘linadi. Universal mikroprotsessorlarda dasturlashning standart tillaridan foydalaniladi va ular juda keng yo‘nalishli tuzilmalarga ega bo‘lib, hisoblash amallari va boshqaruv boshqaruv topshiriqlarini bajarishda, xususan operatsion rostlagichlar kerakli uzatish funksiyalarini amalga oshirishda ishlatiladi.
Maxsus mikroprotsessor tizimi esa boshqaruvning aniq bir vazifasini bajarish uchun mo‘ljallanadi. Keng ko‘lamda qo‘llaniladigan maxsus mikroprotsessor – bu dasturlanadigan kontroller va mikrokontrollerlardir. Ular universal mikroprotsessorlar singari tuzilishga ega. Lekin arifmetik amallar hajmi kamaygani, kirish – chiqish qurilmalari sonining ko‘payishi, ob’yekt bilan aloqa tuzilmalarining analogli va diskretli turda bo‘lishi bu mikroprotsessorlarni asosan texnologik jarayonlarni boshqarishga moslashganini ko‘rsatadi. Dasturlanadigan kontrollerlar odatda dasturlash tillaridan foydalanish bo‘yicha soddaroq ko‘rinishda bo‘ladilar.
Hozirgi paytda Dekont, MCS – 196/296 rusumli dasturlanadigan kontrollerlar ishlab chiqariladi va ulardan keng miqyosda foydalaniladi.