37-modda. O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini inventarizatsiya qilish O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini inventarizatsiya qilish O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarini yagona tarzda hisobga olishning, inventarizatsiya qilishning va ularning amalga oshirilishi yuzasidan monitoring qilishning elektron ma’lumotlar bazasi asosida amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari bilan tartibga solinadigan masalalar o‘z vakolatiga kiradigan davlat organlari hamda boshqa ahdlashuvchi tomonlar bilan birgalikda shartnomalarning yagona tarzda hisobga olinishini ta’minlash va ularning huquqiy maqomini belgilash maqsadida O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini rejali asosda inventarizatsiyadan o‘tkazadi.
O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari bilan tartibga solinadigan masalalar o‘z vakolatiga kiradigan davlat organlari O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan shaklga muvofiq axborotni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining so‘rovnomasi asosida ikki haftalik muddat ichida taqdim etadi.
O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini inventarizatsiya qilish yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini amal qiluvchi yoki o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish, ularni prolongatsiya qilish (muddatini uzaytirish) va qayta ko‘rib chiqish to‘g‘risidagi takliflar O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga, alohida hollarda esa O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga kiritiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi manfaatdor davlat organlarini O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini inventarizatsiya qilish yakunlari bo‘yicha qabul qilingan qarorlar to‘g‘risida xabardor qiladi.
38-modda. O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasi uning boshqa ishtirokchilari tomonidan buzilgan taqdirda ko‘riladigan choralar Davlat organlari O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari bo‘yicha majburiyatlar uning boshqa ishtirokchilari tomonidan buzilishi holati aniqlangan paytdan e’tiboran bu haqda darhol O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligini xabardor qiladi. Zarur bo‘lgan hollarda, bunday buzilishga olib kelgan holatlarga aniqlik kiritish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomasining boshqa ishtirokchilari bilan maslahatlashuvlar o‘tkazilishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari bo‘yicha majburiyatlar uning boshqa ishtirokchilari tomonidan buzilgan taqdirda, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi yoki boshqa manfaatdor davlat organlari O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga, alohida hollarda esa O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga xalqaro huquq normalariga hamda xalqaro shartnomaning o‘z shartlariga muvofiq zarur choralar ko‘rish to‘g‘risida takliflar taqdim etadi.
O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasi uning boshqa ishtirokchilari tomonidan jiddiy tarzda buzilgan taqdirda, shuningdek xalqaro huquq normalarida nazarda tutilgan boshqa hollarda, bunday shartnoma ushbu Qonunning 40-48-moddalarida belgilangan tartibda tugatilishi yoki uning amal qilishi to‘xtatib turilishi mumkin.
5-bob. O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomasining haqiqiy emasligi, uning amal qilishini to‘xtatib turish yoki uni tugatish 39-modda. O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomasining haqiqiy emasligi O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasi xalqaro huquq normalarida nazarda tutilgan hollarda haqiqiy emas deb hisoblanishi mumkin.
40-modda. O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomasining amal qilishini to‘xtatib turish O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomasining amal qilishini to‘xtatib turish bunday shartnomaning barcha ishtirokchilariga nisbatan yoki uning ayrim ishtirokchisiga nisbatan:
xalqaro shartnoma qoidalariga muvofiq;
boshqa ahdlashuvchi tomonlar bilan maslahatlashuvlarga ko‘ra barcha ishtirokchilarning roziligi bilan istalgan vaqtda amalga oshirilishi mumkin.
41-modda. Shartnomani tugatish, denonsatsiya qilish yoxud undan chiqish to‘g‘risidagi qoidalar mavjud bo‘lmagan O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomasini denonsatsiya qilish yoki undan chiqish O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasini tugatish to‘g‘risidagi qoidalar mavjud bo‘lmagan va uni denonsatsiya qilishni yoki undan chiqishni nazarda tutmaydigan O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomasi, agar:
xalqaro shartnoma ishtirokchilari denonsatsiya qilish yoki chiqish imkoniyatini qoldirish niyatida bo‘lganligi belgilanmagan bo‘lsa;
xalqaro shartnoma o‘z xususiyatiga ko‘ra uni denonsatsiya qilish yoki undan chiqish huquqini nazarda tutmasa, denonsatsiya qilinmaydi va undan chiqishga yo‘l qo‘yilmaydi.
O‘zbekiston Respublikasi o‘zining O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomasini denonsatsiya qilish yoki undan chiqish niyati haqida kamida o‘n ikki oy avval xabardor qiladi.
42-modda. O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasini tugatish yoki undan chiqish O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasini tugatish yoki undan chiqish:
xalqaro shartnomaning qoidalariga muvofiq;
boshqa ahdlashuvchi tomonlar bilan maslahatlashuvlarga ko‘ra barcha ishtirokchilarning roziligi bilan istalgan vaqtda amalga oshirilishi mumkin.
43-modda. O‘zbekiston Respublikasining keyingi xalqaro shartnomasi tuzilishidan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomasining amal qilishini to‘xtatib turish yoki uni tugatish O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasi, agar uning barcha ishtirokchilari xuddi shu masala bo‘yicha keyingi shartnomani tuzgan bo‘lsa va mazkur masala O‘zbekiston Respublikasining keyingi shartnomasi bilan tartibga solinishi ushbu keyingi shartnoma mazmunidan kelib chiqsa yoki shundayligi boshqacha tarzda belgilangan bo‘lsa;
O‘zbekiston Respublikasining keyingi xalqaro shartnomasi qoidalari O‘zbekiston Respublikasining ilgarigi xalqaro shartnomasi qoidalariga zid bo‘lsa va har ikkala shartnomani bir vaqtda qo‘llash mumkin bo‘lmasa, tugatilgan deb hisoblanadi.
Agar O‘zbekiston Respublikasining ilgarigi xalqaro shartnomasi ishtirokchilari uning amal qilishini to‘xtatib turish niyatida ekanligi O‘zbekiston Respublikasining keyingi xalqaro shartnomasi mazmunidan kelib chiqsa yoki shundayligi boshqacha tarzda belgilangan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasining ilgarigi xalqaro shartnomasining amal qilishi faqat to‘xtatib turilgan deb hisoblanadi.
44-modda. O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasi jiddiy tarzda buzilganligi oqibatida uning amal qilishini to‘xtatib turish yoki uni tugatish O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomasining shartnoma ishtirokchilaridan biri tomonidan jiddiy tarzda buzilganligi O‘zbekiston Respublikasiga shartnomaning amal qilishini butunlay yoki qisman to‘xtatib turish yoki uni tugatish uchun bunday buzilishni asos qilib ko‘rsatish huquqini beradi.
O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomasining jiddiy buzilishi quyidagilardan iborat:
xalqaro huquq normalarida yo‘l qo‘yilmaydigan tarzda xalqaro shartnomadan voz kechish;
shartnoma ob’ekti va maqsadining amalga oshirilishi uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan qoidaning buzilishi.
45-modda. O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarining amal qilishini to‘xtatib turish, ularni tugatish yoki denonsatsiya qilish to‘g‘risidagi takliflar O‘zbekiston Respublikasi nomidan, O‘zbekiston Respublikasi Hukumati nomidan tuzilgan O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarining amal qilishini to‘xtatib turish, ularni tugatish yoki denonsatsiya qilish to‘g‘risidagi takliflar O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan mustaqil ravishda yoki boshqa davlat organlari bilan kelishilgan holda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga yoki O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi.
Boshqa davlat organlari O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarining amal qilishini to‘xtatib turish, ularni tugatish yoki denonsatsiya qilish to‘g‘risidagi takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga kiritadi.
O‘zbekiston Respublikasi idoralararo shartnomalarining amal qilishini to‘xtatib turish, ularni tugatish yoki denonsatsiya qilish to‘g‘risidagi takliflar shartnoma o‘z nomidan tuzilgan davlat organi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan kelishilgan holda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga yoki O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi.
46-modda. O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomasining amal qilishini to‘xtatib turish to‘g‘risidagi qaror O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomasining amal qilishini to‘xtatib turish to‘g‘risidagi qaror shartnomaning o‘z shartlariga va xalqaro huquq normalariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasini imzolash haqidagi qarorni qabul qilgan organ (mansabdor shaxs) tomonidan qabul qilinadi.
47-modda. O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasini O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari tomonidan denonsatsiya qilish to‘g‘risidagi qaror O‘zbekiston Respublikasi nomidan tuzilgan O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasini denonsatsiya qilish to‘g‘risidagi qaror O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan kiritilgan qonun loyihasi asosida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari tomonidan qabul qilinadi.
O‘zbekiston Respublikasi Hukumati nomidan tuzilgan O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasini denonsatsiya qilish to‘g‘risidagi qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan kiritilgan qonun loyihasi asosida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari tomonidan qabul qilinadi.
48-modda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yoki O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini tugatish yoxud denonsatsiya qilish to‘g‘risidagi qaror O‘zbekiston Respublikasi nomidan tuzilgan O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini (bundan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari tomonidan ratifikatsiya qilinganlari mustasno) tugatish yoki denonsatsiya qilish to‘g‘risidagi qaror O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qabul qilinadi.
O‘zbekiston Respublikasi Hukumati nomidan tuzilgan O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini (bundan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari tomonidan ratifikatsiya qilinganlari mustasno) tugatish yoki denonsatsiya qilish to‘g‘risidagi qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan, alohida hollarda esa O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qabul qilinadi.
O‘zbekiston Respublikasining idoralararo shartnomalarini tugatish yoxud denonsatsiya qilish to‘g‘risidagi qaror O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yoki O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilinadi.
49-modda. O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomasining amal qilishini to‘xtatib turish, uni tugatish yoki denonsatsiya qilish oqibatlari Agar shartnomada boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa yoki uning o‘zga ishtirokchilari bilan boshqacha kelishuv mavjud bo‘lmasa, O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomasi amal qilishining to‘xtatib turilishi O‘zbekiston Respublikasini ushbu shartnomaning amal qilishi to‘xtatib turilgan muddat davomida uni bajarish majburiyatidan ozod qiladi.
Agar shartnomada boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa yoki uning o‘zga ishtirokchilari bilan boshqacha kelishuv mavjud bo‘lmasa, O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomasining tugatilishi yoki denonsatsiya qilinishi O‘zbekiston Respublikasini ushbu xalqaro shartnomani bajarish majburiyatidan ozod qiladi hamda shartnoma tugatilguniga qadar uni bajarish natijasida yuzaga kelgan O‘zbekiston Respublikasining huquqlari, majburiyatlari yoki yuridik holatiga ta’sir qilmaydi.
50-modda. O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomasining amal qilishini to‘xtatib turish, uni tugatish yoki denonsatsiya qilish to‘g‘risidagi rasmiy xabarlar O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomasining amal qilishini to‘xtatib turish, uni tugatish yoki denonsatsiya qilish to‘g‘risidagi rasmiy xabarlar ushbu Qonunning 29-moddasida nazarda tutilgan tartibda e’lon qilinadi.
51-modda. O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarining O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnoma bo‘lmagan xalqaro