5.2. Milliy sport tashkilotlari va ularni faoliyatini tartibga soluvchi me’yoriy huquqiy hujjatlar.
O‘zbekiston Respublikasining “Jismoniy tarbiya va sport to‘g‘risida” Qonuni milliy sport tashkilotlari va ularni faoliyatini tartibga soluvchi me’yoriy huquqiy hujjat hisoblanadi.
Ushbu qonunning quyidagi modddalarida keltirilgan.
16-modda. Jismoniy tarbiya-sport tashkilotlari. Jismoniy tarbiya va sport sohasidagi yakka tartibdagi tadbirkorlik
Faoliyatning asosiy turi sifatida jismoniy tarbiya va sport sohasida faoliyatni amalga oshiruvchi yuridik shaxs yoki boshqa yuridik shaxsning tarkibiy bo‘linmasi jismoniy tarbiya-sport tashkilotidir.
Yakka tartibdagi tadbirkorlar jismoniy tarbiya va sport sohasida faoliyatni amalga oshirishi mumkin.
Jismoniy tarbiya-sport tashkilotlari, jismoniy tarbiya va sport sohasida faoliyatni amalga oshiruvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar aholining turli guruhlari o‘rtasida jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish bo‘yicha ishlarni tashkil qilishda ishtirok etadi, sportchilarni va sport musobaqalarida hamda o‘quv-mashq tadbirlarida ishtirok etuvchi boshqa mutaxassislarni tayyorlash, ularning sog‘lig‘ini muhofaza qilish va mustahkamlash uchun shart-sharoitlar yaratadi, sportchilar va trenerlarga mashg‘ulotlar uchun zarur shart-sharoitlarni ta’minlaydi, shuningdek ushbu mutaxassislarga sport natijalariga erishishi uchun boshqacha tarzda ko‘maklashadi.
Jismoniy tarbiya-sport tashkilotlari, shuningdek jismoniy tarbiya va sport sohasida faoliyatni amalga oshiruvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar xalqaro sport tashkilotlarining a’zosi bo‘lishi mumkin.
Jismoniy tarbiya-sport tashkilotlari chet davlatlarning sport tashkilotlari bilan munosabatlarda xalqaro sport tashkilotlari tomonidan tasdiqlangan nizomlar (reglamentlar), qoidalar va talablarga hamda O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga rioya etadi.
17-modda. O‘zbekiston olimpiya harakati. O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi
O‘zbekiston olimpiya harakati Xalqaro olimpiya harakatining tarkibiy qismi bo‘lib, uning maqsadi olimpiya harakati prinsiplarini ommalashtirish, jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga ko‘maklashish, sport sohasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, Olimpiya o‘yinlarida hamda Xalqaro olimpiya qo‘mitasi boshchiligida o‘tkaziladigan boshqa xalqaro sport tadbirlarida ishtirok etishdan iboratdir.
O‘zbekiston olimpiya harakati O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi — respublika nodavlat notijorat tashkiloti tomonidan boshqariladi, ushbu qo‘mita o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga, Xalqaro olimpiya qo‘mitasining Olimpiya xartiyasiga hamda o‘z ustaviga muvofiq amalga oshiradi. Davlat O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasiga o‘z ustavida belgilangan maqsadlarini amalga oshirishiga har tomonlama ko‘maklashgan holda, O‘zbekiston olimpiya harakatini tan oladi va qo‘llab-quvvatlaydi.
O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi:
olimpiya harakati prinsiplarini ommalashtiradi, yuksak yutuqlarga erishiladigan sportni va ommaviy sportni rivojlantirishga ko‘maklashadi;
Xalqaro olimpiya qo‘mitasining Olimpiya xartiyasiga muvofiq Olimpiya o‘yinlarida hamda Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi boshchiligida o‘tkaziladigan boshqa xalqaro sport tadbirlarida O‘zbekiston Respublikasi nomidan ish yuritadi;
sportchilarni Olimpiya o‘yinlarida hamda Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi boshchiligida o‘tkaziladigan boshqa xalqaro sport tadbirlarida ishtirok etishga tayyorlashning zarur darajasini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etadi;
sportda dopingning oldini olish hamda unga qarshi kurashishga, shuningdek jismoniy tarbiya va sport sohasida kamsitish va zo‘ravonlikning har qanday shakllari yuzaga kelishiga yo‘l qo‘ymaslikka ko‘maklashadi;
Xalqaro olimpiya qo‘mitasining hamda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasining olimpiya ramzlari, shiori, bayrog‘i, madhiyasidan, «olimpiya», «olimpiada» nomlaridan foydalanishga bo‘lgan huquqlarini O‘zbekiston Respublikasi hududida himoya qilish choralarini ta’minlaydi.
O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi o‘z vakolatlarini maxsus vakolatli davlat organi, sport federatsiyalari (uyushmalari) hamda boshqa tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlikda amalga oshiradi.
O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
18-modda. Sport federatsiyalari (uyushmalari)
Sport federatsiyasi (uyushmasi) mamlakatda sport turini yoki sport turlarini rivojlantirish va ommalashtirishni amalga oshiradi hamda respublika va xalqaro miqyosdagi barcha tadbirlar va musobaqalarda sportchilar va boshqa mutaxassislar nomidan ish yuritadi.
Sport federatsiyasining (uyushmasining) rasmiy nomi nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida belgilangan talablarga muvofiq bo‘lishi hamda unda sport federatsiyasi (uyushmasi) faoliyatining hududiy sohasi, shuningdek sport federatsiyasi (uyushmasi) qaysi sport turini yoki sport turlarini rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan bo‘lsa, o‘sha sport turi yoki sport turlari ko‘rsatilishi lozim.
Sport federatsiyalarining (uyushmalarining) tashkil etilishi, faoliyati, qayta tashkil etilishi va tugatilishi, ushbu Qonunda nazarda tutilgan o‘ziga xos xususiyatlar inobatga olingan holda, nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
19-modda. Sport federatsiyalari (uyushmalari) reestri
Sport federatsiyalari (uyushmalari) to‘g‘risidagi ma’lumotlar ular davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganidan keyin sport federatsiyalari (uyushmalari) reestriga kiritilishi kerak. Maxsus vakolatli davlat organi sport federatsiyalari (uyushmalari) reestrini yuritishni amalga oshiradi.
Sport federatsiyalari (uyushmalari) reestrida quyidagi ma’lumotlar ko‘rsatiladi:
tegishli sport federatsiyalarining (uyushmalarining) nomlari;
tegishli sport federatsiyalari (uyushmalari) qaysi sport turini yoki sport turlarini rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan va o‘z faoliyatini amalga oshirayotgan bo‘lsa, o‘sha sport turi yoki sport turlari;
tegishli sport federatsiyalari (uyushmalari) rahbar organlarining shaxsiy tarkibi to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
sport federatsiyalarining (uyushmalarining) xalqaro sport tashkilotlariga a’zoligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar.
Sport federatsiyalari (uyushmalari) reestrida ko‘rsatilgan ma’lumotlar ochiq bo‘ladi va ulardan hamma foydalanishi mumkin, bundan tegishli sport federatsiyalari (uyushmalari) rahbar organlarining shaxsiy tarkibi to‘g‘risidagi ma’lumotlar, agar bu ma’lumotlar qonun hujjatlariga muvofiq ochiq bo‘lmasa va undan hamma foydalanishi mumkin bo‘lmasa, mustasno.
Sport federatsiyalari (uyushmalari) reestrini yuritish va undan ma’lumotlar taqdim etish tartibi maxsus vakolatli davlat organi tomonidan belgilanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |