Baydarkada eshkak eshishda startdan chiqish va marraga kelishni o’rgatish. Startdan chiqishni o’rgatishni yengillashtirilgan sharoitda amalga oshirish maqsadga muvofiq. Masalan, harakatlanib kelayotganda startdan chiqish. Murabbiy buyrug’i bo’yicha shug’ullanuvchi qayiqni to’xtatmasdan eshkak bilan harakatini to’xtatadi va dastlabki start holatini egallaydi. “MARSH” komandasi bo’yicha startni bajaradi.
Dastlab qayiqning maksimal tezligiga emas, harakatlarning aniqligiga erishish zarur. Suning uchun dastlabki startlar to’liq kuchlanishsiz, harakatlarning past tempi bilan (daqiqasiga 70-90 marta eshish) bajariladi. Har bir eshishdan keyin start eshishini aniq bajarish uchun qisqa vaqt dastlabki holat ushlab turiladi.
Start texnikasini qanchalik yaxshi egallagan sari eshish tempi oshib boradi va maksimalgacha yetkaziladi. Shug’ullanuvchilar start texnikasini egallaganlaridan keyin masofani bosib o’tishda eshish ritmi ustida ishlashadi.
Harakatda startni bajarishni egallagandan keyin startni turgan joydan bajarishni ham mashq qilishga o’tiladi. Start texnikasini mustahkamlashda nafaqat individual ravishda startdan chiqish (har bir eshkak eshuvchi alohida), balki jamoaviy startdan chiqishlar, shu jumladan har xil qayiq turlarida (ikkitalik, to’rttali baydarkalarda) birgalikda startdan chiqishlar ham bajariladi.
Marra tezlanishi texnikasi masofa yoki uning qismlarini bosib o’tish orqali egallanadi. Bunda eshkak eshuvchi masofaning ma`lum qismida olib o’tishda kuchlanishning pasayishiga va uning qisqarishiga olib kelmagan holda tempni maksimalgacha oshirishga erishishi zarur.
Baydarkada eshkak eshishda yetkchi ortidan va jamoaviy eshkak eshish xususiyatlari. Ekipajli qayiqlarga nomzodlar bittalk qayiqda saralash musobaqada ko’rsatgan natijalari bo’yicha tanlab olinadi. Bundan tashqari ularni nafaqat ko’rsatgan natijalari bo’yicha, balki ularning eshkak eshish texnikasini egallashni individual xususiyatlari bo’yicha ham tanlanadi. Tarkib aniqlangandan keyin jamoaviy eshish texnikasini egallashga yo’naltirilgan trenirovka mashg’ulotlari o’tkaziladi va quyidagi mashqlar qo’llaniladi:
Eshkakni sekinlashtirib olib o’tish yoki tayanchsiz fazada to’xtash bilan eshkak eshish.
Bir xil tezlik bilan eshkak eshish.
Tanaffusli tezlik bilan eshkak eshish. Tezlik birinchi navbatda olib o’tishga kuchlanish berish hisobiga oshiriladi, temp sezilarsiz oshadi.
Tanaffusli tezlik bilan eshkak eshish. Tezlik nafaqat olib o’tishda kuchlanish berish orqali, balki tempni maksimalgacha yetkazish orqali oshirishga erishiladi.
Jamoa birgalikdagi trenirovkalarda texnikani yetarlicha egallagandan keyin startdan chiqish va marraga kelish texnikasi ustida ishlashga o’tadi.
Uzoq masofalarga eshkak eshish musobaqalarida jamoa qatnashishida trenirovka mashg’ulotlarida yetakchi ortidan eshkak eshishdan foydalanish tavsiya qilinadi. Buning uchun guruhga sport-texnik tayyorgarlik darajasi nisbatan bir xil bo’lgan eshkak eshuvchilar tanlanadi.
Yetakchi ortidan eshkak eshishni o’rgatish bo’yicha dastlabki mashg’ulotlarda eshkak eshuvchilar ketma-ket bir-birlarining yetakchilik o’rinlarini almashadi, kursni o’zgartirish va shunga o’xshash kutilmagan tezlanishlarni bajaradi. Bunda yetakchiga guruhdan oldinga o’tib ketish vazifasi, qolganlarga esa ulardan oldinda ketayotgan qayiq to’lqinidan foydalangan holda harakatlanish vazifasi qo’yiladi.