Eshkak eshuvchining asosiy va dastlabki holati. Eshkak eshuvchi kanoeda tayanch oyog’iga tizzalab, unga tana vaznini o’tkazib joylashadi. Tayanch oyoq soni vertikal, boldir esa gorizontal holatda bo’ladi. Oyoq panjasi qayiq sathiga maxsus o’rnatilgan oyoq qo’yish moslamasiga qo’yiladi.
Oldinda turuvchi oyoq tizzadan bukilgan, oyoq panjasi kill ustida va to’piqdan ichki bort tomonga burilgan holda bo’ladi.
Eshkak eshuvchi gavdasi oldinga biroz egilgan. Pastki qo’l bo’shashgan va pastga tushirilgan, yuqoridagi qo’l biroz bukilgan va orqaga tortilgan. Eshkak yuqoridagi qo’l bilan eshkakning maxsus yasalgan qismidan, pastki qo’l bilan eshkak yuzasidan 10-15 sm masofada eshkak dastagidan ushlanadi (22-rasm).
22- rasm. Kanoeda eshkak eshuvchining asosiy va dastlabki holati.
Ikkitalik kanoeda sportchilar huddi bittalik kanoe kabi, faqat qarama-qarshi bortlarga qarab joylashadi va tayanch oyoqlar boldirdan rezina jgut bilan qayiqqa mahkamlanadi.
Eshishni bajarish texnikasi. Eshkakni oldinga o’tkazish. Eshkakni oldinga cho’zishda birinchi bo’lib qo’llar harakatlana boshlaydi. Pastdagi qo’l to’g’irlanib, eshkak yuzasini iloji boricha oldinga cho’zadi. Yuqorigi qo’l tirsak bo’g’imidan bukilgan, tashqi bort yo’nalishida yoy chizadi va panja bosh ustiga kelguncha orqaga tortiladi.
Gavda qo’l ortidan harakatlanadi: eshkak eshuvchi tashqi bort tomonga ko’kragi bilan buriladi, keyin biroz egiladi. Tayanch oyoqning soni oldinga o’tkazish vaqtida harakatsiz qoladi va eshkak eshuvchining butun vazni oldingiday tayanch oyoq tizzasida qoladi.
Oldinga o’tkazishning birinchi yarmida eshkak yuzasi yon bilan oldinga harakatlantiriladi. Ikkinchi yarmida yuqoridagi qo’l barmoqlari harakati yordamida eshkak yuzasi buriladi va yopish holatiga o’tadi. Pastki qo’l oldinga to’liq cho’zilib, gavda ko’krakdan qayiqning tashqi tomoniga burilganda va yuqori qo’l bosh ustida holatga o’tganda eshkakni oldinga o’tkazish yakunlanadi.
Olib o’tishning boshlanishi. Eshkak eshuvchi yuqoridagi qo’lni to’g’irlaydi, eshkak ushlagichini oldinga itaradi. Pastki qo’l faol pastga tushiriladi. Eshkak yuzasi suvga tegishi bilan sportchi bel va tos-son bo’g’imlarini bukib, gavdasini oldinga egadi.
Olib o’tish. Olib o'tishda gavda eshkak yuzasi suvni ilishigacha egiladi. Keyin ichki bo’rt tomonga buriladi. Pastki qo’l kuchlanishni gavdadan eshkakka beradi. Yuqoridagi qo’l eshkak yuzasining suvga yanada qattiqroq tayanishini ta`minlaydi.
Eshkak eshuvchi tosi ortga va yonga, tashqi bort tomonga tortiladi. Tayanch oyoq soni biroz ortga suriladi. Ikkinchi oyoq esa qayiq harakati yo’nalishiga kuchlanish berish maqsadida panja bilan qayiq poliga mahkam tayanadi. Olib o’tish vaqtida eshkak eshuvchi boshini oldinga qaragan holda to’g’ri tutadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |