I reaksiya: Atsetil-KoAning oksaloatsetat bilan kondensatsiya reaksiyasi natijasida limon kislotasining hosil bo‘lishi. Sitratsintetaza allosterik fermentdir. Uning manfiy effektorlari ATF va NAD.Hhisoblanadi.
II reaksiya. Sitratning sis-akonitat orqali izotsitratga aylanishi. Bu reaksiyani (aqonitaza) aqonitgidrataza fermenti boshqaradi. Ferment suvni sis-akonitatning qo‘sh bog‘iga biriktirib izolimon kislotasini hosil qiladi.
III reaksiya. Izotsitratning a-ketoglutaratga oksidlanishi. Bu reaksiyani izotsitratdegidrogenaza fermenti boshqaradi.To‘qimalarda ikki xil izotsitratdegidrogenaza fermenti bo‘lib, ulardan bittasi koferment sifatida NAD, ikkinchisi esa NADF ni tutadi. NAD+ ga bog‘liq izotsitratdegidrogenaza faqatgina mitoxondriyalarda uchraydi. NADF+ ga bog‘liq degidrogenaza esa mitoxondriyalarda va sitoplazmada uchraydi. NAD+ izotsitratdegidrogenaza (IDG) allosterik ferment bo‘lib, ADF ta’sirida faollashadi va bunda Mg+2 yoki marganets (Mn+2) ionlari ishtirok etishi lozimdir. Bu ferment monomer va dimer shaklida uchraydi. Monomer shaklidagi fermentning molekula massasi 330 000 bo‘lib, u ADF ishtirokida o‘zaro birikib (agregatsiyalanib) dimer shakliga o‘tadi. IDG ning dimer shakli monomer shakliga qaraganda ko‘proq faollikka egadir.
IV reaksiya. Bu reaksiyalarda a-ketoglutaratning suksinil-KoAa gacha oksidlanishi.
a-ketoglutarat oksidlanish yo‘li bilan dekarboksillanib suksinil-KoA va CO2 ga aylanadi. Bu reaksiya piruvatning oksidlanish yo‘li bilan dekarboksillanishiga o‘xshashdir. Reaksiyada TPF, lipoat kislota, HSKoA, FAD+, NAD+va a-ketoglutaratdegidrogenaza qatnashadi.
V reaksiya. Bu suksinil-KoAning makroergik bog‘i hisobiga substratli fosforlanishdan iboratdir.Bu reaksiyani suksiniltiokinaza (suksinil-KoA-sintaza) fermenti tezlashtiradi.
VI reaksiya. Bu reaksiyada suksinat FAD tutuvchi suksinatdegidrogenaza fermenti (SDG) ta’sirida oksidlanib fumaratga aylanadi. SDG mitoxondriya membranasi bilan mustahkam birikkan. U murakkab strukturaga ega bo‘lib, kichik birliklardan tuzilgan. Molekulyar massasi 175000 ga teng, uning tarkibida gem bo‘lmagan temir ioni bo‘lib, uning valentligi o‘zgarishi mumkin. SDG allosterik ferment bo‘lganligi uchun fosfat, suksinat, fumarat ta’sirida faollanadi, oksaloatsetat esa bu fermentning qonkurent ingibitori hisoblanadi.
VII reaksiya. Bu reaksiyada fumarat qaytar yo‘l bilan suv biriktirib malatga (olma kislotasiga) aylanadi. Reaksiyani fumaraza fermenti tezlashtiradi. Fumaraza kristallik holida olingan, uning molekulyar massasi 200000 ga teng bo‘lib, 4 ta promerdan tuzilgan. Fumaraza stereospetsifik xossasiga ega bo‘lib uning stereoizomeri bo‘lgan maleinat kislotasi bilan reaksiyaga kirishmaydi.
VIII reaksiya. Bunda malat oksaloatsetatgacha oksidlanadi. Reaksiyani malatdegidrogenaza (MDG) fermenti tezlashtiradi. Hujayralarda MDG ning ikki xil shakli mavjuddir, ulardan biri mitoxondriyada, ikkinchisi esa sitoplazmada bo‘ladi. Ularning molekulyar og‘irligi bir xil bo‘lib, aminokislota tarkibi, elektroforetik xossasi va katalitik faolligi bilan bir-biridan farq qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |