III. Hayvonot dunyosi obyektlaridan foydalanish sohasida ruxsat berish tartib-taomillaridan o‘tish tartibi
Umumiy qoidalar
15. Hayvonot dunyosi obyektlaridan foydalanish sohasida harakatlarni bajarish va (yoki) muayyan faoliyatni amalga oshirish uchun ruxsatnoma tegishli vakolatli organlar tomonidan mazkur Nizomning 2 — 6 ilovalaridagi sxemaga muvofiq beriladi.
16. Hayvonot dunyosi obyektlaridan foydalanish, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobiga kiritilganlari uchun ruxsatnomalar joriy yilga belgilangan kvotalar doirasida beriladi.
Ushbu talab yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostidagi yovvoyi fauna va flora turlari bilan xalqaro savdo to‘g‘risidagi Konvensiya (CITES)ning I, II va III ilovalariga kiruvchi hayvonot turlarini olib kirish va chetga olib chiqish uchun ruxsatnomaga tatbiq etilmaydi.
Pitomniklarda, hovuz xo‘jaliklarida yetishtirilgan va ularning hududidagi hayvonlarni tutish uchun ruxsatnoma talab etilmaydi.
17. Hayvonot dunyosi obyektlaridan maxsus foydalanishga ruxsatnoma Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tomonidan beriladi.
18. Qizil kitobga kiritilgan kamyob va yo‘qolib ketish xavfi ostidagi hayvon turlarini tabiiy muhitdan ajratib olishni kelishish uchun Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taqdimnoma kiritadi.
Taqdimnomaga O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining xulosasi va Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tomonidan tasdiqlangan kvota ilova qilinadi.
19. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi kiritilgan taqdimnomani 10 ish kuni mobaynida kelishadi va uni Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasiga yuboradi.
Vazirlar Mahkamasining kelishuvi asosida Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tegishli ruxsatnomalarni rasmiylashtiradi.
20. Ruxsatnomalarning amal qilish muddati 31-dekabrdan kech bo‘lmagan muddatda tugaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
Istisno tariqasida, artemiya sistalari yig‘ib olish uchun ruxsatnomalarning amal qilish muddati keyingi kalendar yilining 31-mart kuniga qadar belgilanadi;
(20-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 6-fevraldagi 98-sonli qaroriga asosan ikkinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 07.02.2019-y., 09/19/98/2584-son)
Yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostidagi yovvoyi fauna va flora turlari bilan xalqaro savdo to‘g‘risidagi Konvensiya (CITES)ning ilovalariga kiritilgan yovvoyi hayvonlar, ularning qismlari, hayot faoliyati mahsulotlari va zoologiya kolleksiyalarini O‘zbekiston Respublikasiga olib kirish va chetga olib chiqish uchun ruxsatnomalarning amal qilish muddatlari Konvensiya talablariga muvofiq aniqlanadi.
21. Hayvonot dunyosi obyektlaridan maxsus foydalanish, shu jumladan olib kirish va chetga olib chiqish uchun ruxsatnomalar belgilangan namunadagi blankalarda beriladi, ularda hisobga olish raqamlari, nazorat markalari va boshqa himoyalanganlik darajasi bo‘ladi.
22. Hayvonot dunyosi obyektlaridan maxsus foydalanish uchun ruxsatnomalar mazkur Nizomning 7 — 12 ilovalariga muvofiq shakllar bo‘yicha beriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |