JAMIYATNING IJTIMOIY HAYOTI
Reja:
1. Ijtimoiy xayot tushunchasi va tarkibi
2. Jamiyatning etnik va demografik tarkibi
3. Jamiyatning sinfiy va ijtimoiy tarkibi
4. O‘zbekiston ijtimoiy tarkibidagi o‘zgarishlar
Tayanch tushunchalar
Ijtimoiy hayot, ijtimoiy struktura, stratifikatsiya, strata, sinf, ijtimoiy qatlam, ijtimoiy guruh, ijtimoiy mobillik, demografik guruhlar, migratsiya, o‘rta mulkdorlar sinfi, ishchilar sinfi, intelligensiya.
Ijtimoiy xayot tushunchasi va tarkibi. Har qanday jamiyat murakkab ichki tuzilishga ega. Buning sababi turli odat, an’ana, e’tiqod, qiziqish, manfaatlariga ko‘ra yashaydigan va faoliyat yuritadigan kishilarning jamiyatda turli guruhlar tashkil qilishidadir. Bundan tashqari kishilarning o‘ziga xos pozitsiyalari va statuslari (maqomlari) turli ijtimoiy strukturalarda yanada kichikroq guruhlarga bo‘linish xususiyatiga ega. Masalan, ana shunday guruhlarga bo‘linish milliy belgiga, mulkiy belgiga ko‘ra amalga oshirilishi mumkin. Demak, jamiyat tarkibiy jihatdan bir xil bo‘lmagan hodisadan iborat. Jamiyatning har bir a’zosi birdaniga bir necha guruhlarga kirishi va bir-biriga bog‘langan bir necha ijtimoiy makonda bo‘lishi mumkin.
Ijtimoiy birliklar va guruhlar ijtimoiy tuzilmaning muhim elementi hisoblanadi. Ular kishilarning umumiy ijtimoiy belgilari mavjudligi bilan ajralib turadigan birlashmalaridir. Mazkur belgilar qatoriga guruh uchun umumiy sanalgan ehtiyojlar va manfaatlar, qadriyatlar va me’yorlar, turmush tarzi, ijtimoiy mehnat taqsimotidagi o‘rin va ular bilan bog‘liq ijtimoiy rollar kiradi. Ijtimoiy guruh xususiyati va tipi uning xulq-atvorini va jamiyatning ijtimoiy hayotidagi o‘rnini ham belgilaydi. Ehtiyojlar va manfaatlarning birligi ijtimoiy birliklar va guruhlarni birlashtiruvchi asosiy belgi hisoblanadi. Mazkur ehtiyojlar va manfaatlar ijtimoiy birliklar va guruhlarning jamiyatdagi mavqei bilan belgilanadi. Ijtimoiy birliklar va ijtimoiy guruhlar ijtimoiy bir jinslilik va barqarorlik darajasiga ko‘ra farq qiladi. Ijtimoiy guruhlarga taqqoslaganda ijtimoiy birliklar ijtimoiy jihatdan turli jinsliligi va tashkiliy jihatdan murakkabligi bilan ajralib turadi. Ijtimoiy birliklarga jumladan etnik va konfessional birliklar, ekologik, siyosiy harakatlar, sport yoki havaskorlarning uyushmalari kabi jamoat birlashmalari misol bo‘lishi mumkin.
Ijtimoiy birliklar va guruhlar turli asoslarga ko‘ra tasniflanadi. Jumladan, katta va kichik ijtimoiy guruhlar farqlanadi. Kichik guruh a’zolarining yaqinligi, aloqalarning mustahkamligi, munosabatlarning norasmiyligi, bevosita shaxsiy aloqalar o‘rnatilgani, umumiy qadriyatlar va xulq-atvor qoidalari amal qilishi bilan tavsiflanadi. Kichik guruhga korxona, muassasaning mehnat jamoasi, oila misol bo‘lishi mumkin. Jamoa – umumiy faoliyat, manfaatlar va xulq-atvor qoidalarining birligi belgisiga ko‘ra uyushgan kichik ijtimoiy guruh (masalan, mehnat, o‘quv, harbiy, sport jamoalari).
Demak, ijtimoiy hayotning asosiy elementlari sifatida quyidagilar qabul qilingan: individlar, ularning mavqei va ijtioiy roli (funksiyalari bilan birga), bu individlarning ijtimoiy guruhlarga birlashishi (masalan, sinflar), ijtimoiy-hududiy, etnik va boshqa birliklar. Ijtimoiy struktura bu elementlar o‘rtasida muhim va barqaror funksional aloqalar bo‘lib, bu turli ijtimoiy-tarixiy shart-sharoitlar uchun hosdir. Sotsial jamoalar o‘rtasidagi farq ularning miqdoriy tarkibida ham mavjud. Eng yiriklariga irqlar, millatlar, sinflar; mayda sotsial guruhlarga – zavod sexlaridagi, ta’lim muassasalaridagi, kasalxonalar va h.k.lardagi mehnat jamoalari kiradi. Mayda sotsial guruhlar orasida oila deb ataluvchi juda muhim ijtimoiy institut ham mavjud. Oila – jamiyatning nikohga yoki qon-qarindoshlikka asoslanadigan muhim instituti. Oilaviy munosabatlar nasl qoldirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratadigan va bolalarni tarbiyalash, ularga jamiyatning madaniy an’analarini singdirishga qulay zamin hozirlaydigan shaxslararo o‘zaro aloqalarning norasmiyligi bilan ajralib turadi. Oilaviy munosabatlar qarindoshlik aloqalari bilangina cheklanmaydi: ular oila a’zolarining bir-biri oldida o‘zaro ma’naviy javobgarligi, birgalikdagi mehnat va turish-turmush hamda ular bilan bog‘liq bo‘lgan va huquq bilan tartibga solinadigan mulkiy munosabatlar bilan mustahkamlanadi.
P. A. Sorokin shunday ta’kidlaydi: “Ijtimoiy stratifikatsiya – bu, barcha kishilarni (aholini) ierarxik tartibda sinflarga ajratishdir. U yuqori va quyi qatlamlar mavjudligini ifodalaydi.Uning mazmun-mohiyati – huquq va imtiyozlar, mas’uliyat va burchlar, ijtimoiy farovonlik, hokimiyat yoki uning a’zolariga ta’sir ko‘rsatish kabilarning kishilar o‘rtasida noteng taqsimlanishini bildiradi”98. YUqoridagi fikrlardan shunga ahamiyat berish kerakki, “sinflar” tushunchasi aytib o‘tilganday va bizda hozir qabul qilinganday emas, balki “ijtimoiy qatlam”, “ijtimoiy strata” ma’nosida qo‘llaniladi. Bu haqda muallifning o‘zi ham aytib o‘tgan. YAna P.A. Sorokin ijtimoiy stratifikatsiya haqida yozadi: “Har qanday uyushgan ijtimoiy guruh doimo ijtimoiy stratsifikatsiyalangandir. Har qanday ijtimoiy guruh “tekis” va uning barcha a’zolari teng bo‘lmagan va bo‘lmaydi ham. Tabaqalashmagan va uning a’zolari teng bo‘lgan jamiyatlar butun insoniyat tarixida mavjud bo‘lmagan afsonadir. Bu fikrlar paradoks sifatida ko‘rinsada, ammo bu, haqiqat”99. Go‘yoki butun aholi huquqi teng sanalayotgan demokratik davlatlar ham bundan mustasno emas. Hatto, gullab-yashnayotgan demokratiyalardagi ijtimoiy tabaqalashuv nodemokratik jamiyatlardagidan kam emas. Ijtimoiy stratifikatsiya – bu, har qanday uyushgan jamiyatning doimiy harakteridir. P.A. Sorokin stratifikatsiyaning uch asosiy shaklini: iqtisodiy, siyosiy va professional (kasbiy) tabaqalanishni chuqur tahlil qilgan. Ularning har birida u bir necha stratalarni ajratib, bu uch asosiy shakllarning o‘zaro aloqadorligini ko‘rsatgan, natijada jamiyatning ancha murakkab stratifikatsion manzarasi kelib chiqqan.
P.A. Sorokinning ijtimoiy mobillik haqidagi qarashlari ijtimoiy strukturani tadqiq qiluvchilar uchun juda muhim hisoblanadi. U har qanday individ yoki ijtimoiy ob’ektning, inson faoliyati natijasida yaratilgan va modifikatsiyalangan narsalarning boshqa ijtimoiy pozitsiyaga o‘tishini shu jarayon ostida tushungan. Uning ko‘rsatishicha, ijtimoiy mobillikning ikki tipi mavjud: gorizontal va vertikal. Gorizontal mobillik o‘zida bir hil darajada joylashgan individ yoki ijtimoiy ob’ektning boshqa ijtimoiy guruhga o‘tishini anglatadi. Bunga misol qilib, individning bir fabrikadan boshqa fabrikaga professional statusini saqlagan holda o‘tishini ko‘rsatishimiz mumkin. Vertikal mobillik ostida shunday munosabatlar ko‘zda tutiladiki, bunda individ yoki ijtimoiy ob’ekt bir ijtimoiy qavatdan boshqasiga o‘tadi. Vertikal mobillikning o‘zgarish yo‘nalishiga bog‘liq ravishda ikki tipi farqlanadi: yuqoriga va quyiga, ya’ni ijtimoiy ko‘tarilish va ijtimoiy pasayish (vertikal mobillikni, tushunarli bo‘lishi uchun liftning yuqoriga va quyiga mehanik harakatiga o‘xshatish mumkin; ijtimoiy harakatda – ilmiy hodim – akademik, bankir – zavod hisobchisi va h.k.). Sorkin fikricha, pastlayotgan va yuqorilayotgan ijtimoiy, siyosiy va professional mobillik tiplari mavjud.
Jamiyatning ijtimoiy hayot strukturasini tushuntirishda stratifikatsiya konsepsiyasi alohida ahamiyatga ega. Bu konsepsiyada jamiyatning strukturasi ko‘p o‘lchovli sistema sifatida ifodalanib, bu sistemada sinflardan tashqari xususiy mulkka natijasida paydo bo‘lgan guruhlar va ular orasida munosabatlar ko‘rsatiladi. Jamiyatdagi bo‘linishlarga muhim va nomuhim mezonlar asos qilib olinadi. Bu konsepsiyaga M.Veber asos solgan.
Bu konsepsiyadagi funksionolistik statusga va uning asoschilari T.Parsons, E.SHilz, B.Barber, K.Devis, U Murlarning fikricha, stratifikatsion sistemasi “Evolyusion universaliy”dan iborat bo‘lib, har qanday rivojlangan jamiyat singari funksional metodologiyaga muhtoj bo‘ladi. Funksionalistlar sotsial stratifikatsiyaning jamiyatdagi integratsion jarayonlardagi ahamiyatini ko‘rsatib berdilar. Parsonsning sotsial ta’sir nazariyasida stratifikatsiya uchun universal mezonlar ishlab chiqishga harakat qilingan.
Individ boshqa individlardan faoliyati bo‘yicha qanday farq qiladi va baholanishi kerak, moddiy boyliklarning taqsimlanishi bo‘yicha madaniy resurslardan foydalanishdagi iste’dod qandayligi hisobga olinadi.
XX asrning 50–60 yillarida funksionalizm S.Darendorf, J.Reks, D. Tyumin tomonidan tanqid qilinib, bu konsepsiyaning tushunchalari, tariflari, haddan tashqari mavhumligi uqtirilib hukmron sinflarning manfaatlari ko‘zda tutiladi, deb ko‘rsatildi.
Ijtimoiy stratalar konsepsiyasini o‘rganishda uchta metod tavsiya etiladi: “sinfiy indentifikatsiya” metodi asosan shartli qabul qilingan shkalaga asoslanib, xalqni sinfiy tuzilshi baholanadi; “reputatsiyani baholash” metodiga asosan so‘ralayotganlarni ekspert (sudya) sifatida bir–birlarining ahvollarini baholashlarini so‘raladi; “ob’ektiv yondoshish” metodida tadqiqotchi obektiv mezonlar orqali sotsial–iqtisodiy tushuncha bilan sotsial–sinfiy shkala asosida turli tabaqalarning daromadi, kasbining kerakligi, ma’lumot darajalarini aniqlanadi. Oxirgi metod g‘arb sotsiologiyasida keng tarqalgan. Ob’ektiv metod orqali sotsial bandlikni o‘rganishda etti sinfli vertikal stratifikatsiyadan foydalaniladi:
yuqori administrator, professional sinf;
o‘rta ma’lumotli texnik mutaxassislar;
kommersiya bilan shug‘ullanuvchi sinf;
mayda burjuaziya;
rahbarlik vazifasini bajaruvchi texnik va ishchilar;
malakaviy ishchilar;
malakasiz ishchilar;
Yirik ijtimoiy guruhlarga quyidagilar kiradi:
— ijtimoiy sinflar (ishchilar, dehqonlar, ziyolilar);
— ijtimoiy qatlamlar (tadbirkorlar, fermerlar, xizmatchilar, ziyolilar);
— kasbiy guruhlar (mashinasozlar, quruvchilar, pedagoglar, muhandislar);
— etnik birliklar (xalq, millat, qabila);
— yosh bo‘yicha guruhlar (yoshlar, o‘rta yoshdagilar, nafaqaxo‘rlar).
Ijtimoiy struktura o‘z tabiatiga ko‘ra ob’ektiv xususiyatga ega bo‘lib, u qonun chiqaruvchining qarorlari bo‘yicha ta’sis etilishi yoki bekor qilinishi mumkin emas. Jamiyatning ijtimoiy strukturasi undagi guruhlarning o‘zaro aloqadorligi va o‘zaro ta’sirini ham o‘z ichiga oladi. Jamiyat strukturasining quyidagi turlarini ajratish mumkin: demokrafik, etnik, ijtimoiy-sinfiy, joylashishiga ko‘ra hududiy, kasbiy-ma’rifiy, konfessional tuzilish va boshqalar; Har bir individ yoshligi yoki keksaligi, shaharli yoki qishloqdan ekanligi, qaysi etnos, konfessiya vakili, sinf, kasbi va boshqa xususiyatlari bo‘yicha turli xil tuzilmaga kiradi. Jamiyatning demografik strukturasida aholining tarkibini jinsi, yoshi, mehnatga yaroqliligi, aholining zichligi va umumiy soni, o‘sish darajasi, migratsiyaning xarakteri, sog‘lig‘ining holati aks etadi. Ko‘plab mutafakkirlar asrlar davomida jamiyatning demografik holatiga o‘z e’tiborlarini qaratganlar. Ularning mashhurlaridan biri T.Maltus nazariyasi bo‘lib, u XVIII asr oxiri XIX asr boshlarida “aholi o‘sishining abadiy qonuni”ni asoslab berishga harakat qildi. Bu qonunning mohiyati shundan iboratki, “hamma yirik jonzot kabi aholi (xalq)ning o‘z tasarrufidagi oziq-ovqatga nisbatan tezroq ko‘payishga intiladi”. Maltus aholining yashash uchun kerak bo‘lgan vositalari arifmetik (1, 2, 3, 4, 5...), aholining o‘zi esa geometrik (1, 2, 3, 4, 8, 16...) progressiya bo‘yicha ko‘payishini hisoblab chiqdi. Er aholisining umumiy soni va zichligi nisbatan uncha yuqori bo‘lmagan davrlarda Maltus nazariyasiga etarlicha ahamiyat berilmadi. Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasida demografik inqiroz aholining ko‘payib ketishi bilan bog‘liqligi Maltus nazariyasiga e’tibor qaratish kerakligini taqozo qildi. Polietnik (ko‘pmillatli) va polikonfessiyaviy jamiyat uchun etnik va konfessiyaviy struktura dolzarbdir. Birinchi holatda ijtimoiy birlik, ya’ni qabila, millat, xalq (umuman -etnos) to‘g‘risida gap ketsa, ikkinchisida esa konfessiyaviy (diniy) birlashmalar ustida gap boradi. Agar jamiyatning etnik tuzilmasida etnik birliklarning rivojlangan shakli - millatlar mavjud bo‘lsa, u ko‘pmillatli bo‘ladi. Yevropa, Amerika va Osiyodagi ko‘plab mamlakatlar shular jumlasiga kiradi. Agar etnik strukturasida qabilalar bo‘lsa, unday jamiyat polietnik bo‘ladi. Afrika, Okeaniya va Osiyoning qator mamlakatlaridagi jamiyatlar shular jumlasidandir.
Ijtimoiy rivojlanish tarixi jamiyatning turli belgilari bo‘yicha o‘zaro farqlanuvchi odamlar yig‘indisidan iboratligini ko‘rsatdi. Ularni turli sotsiologik yo‘nalishdagi fan vakillari tadqiq etishadi. Kishilarni yoshiga ko‘ra, mutaxasisligiga ko‘ra, yashash makonining shahar yoki qishloqdaligiga ko‘ra, jinsiga ko‘ra va boshqa belgilariga ko‘ra o‘rganish mumkin. Bu insonning juda murakkab xilqat ekanligidan va uni tadqiq etish imkoniyatlari kengligidan dalolat beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |