Iqtisod siyosatga nisbatan ustuvor bo‘lishi zarur – bu qoida iqtisodiy faoliyat ijtimoiy hayotning birlamchi asosi ekanligidan kelib chiqadi. Iqtisodiyot qanday bo‘lsa, ijtimoiy hayotning boshqa tomonlari ham shunga yarasha bo‘lishini tarix tasdiqlagan.
Davlat bosh islohotchi bo‘lmog‘i kerak – bu bozor iqtisodiyotiga o‘tish uchun zarur bo‘lgan islohotlar keng jamoatchilik ishtirokida, davlat ishlab chiqqan dasturlar asosida, uning bevosita ishtiroki va rahbarligida amalga oshiriladi.
Qonunlar va ularga rioya qilish ustuvorligi – bu tamoyil qonunlar oldida barchaning baravarligi, qonunlarga rioya etish, hamma uchun ham farz, ham qarz bo‘lishini bildiradi. Bozor iqtisodiyoti qonunchilikka tayanishi, unga xos bo‘lgan faoliyat qoidalari, iqtisodiy munosabatlar, qabul qilingan huquqiy qonunlarda qayd etilishi zarurligi O‘zbekiston konsepsiyasida hisobga olinadi.
Faol ijtimoiy siyosat yurgizish – O‘zbekiston konsepsiyasida aholining keng qatlamlari, eng avval uning nochor guruhlarining ijtimoiy himoyasini ta’minlash chora-tadbirlarini ko‘rish zarur, deb qaraladi. Himoyalash dasturlari aholining ruhiyati va ko‘nikmalarini e’tiborga olishi zarur.
Do'stlaringiz bilan baham: |