3-§. Huquq normasining turlari va ularning tasnifi
Huquq normalarining ilmiy va o’quv adabiyotida turlicha tasniflari va guruhlanishlari
mavjud. Huquq normalarini, ularda mustahkamlangan qoidalar xarakteriga qarab
quyidagicha tasniflash mavjud:
1. Huquq va vakolat beruvchi normalar - ya’ni huquq sub’yektiga qanday
harakatlarni sodir etish mumkinligini ko’rsatuvchi normalar. Masalan, O’zbekiston
Respublikasi Konstitutsiyasining 31-moddasiga binoan, «Hamma uchun vijdon erkinligi
kafolatlanadi. Har bir inson xohlagan dinga e’tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e’tiqod
qilmaslik huquqiga ega. Diniy qarashlarni majburan singdirishga yo’l qo’yilmaydi».
2. Majburiyat yuklovchi normalar - ya’ni qanday harakatlarni sodir etish lozimligini
ko’rsatuvchi normalar. Masalan, O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 50-moddasiga
binoan, «fuqarolar atrof tabiiy muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo’lishga
majburdirlar».
3. Man qiluvchi normalar - ya’ni huquq sub’yektiga muayyan xatti-harakatlarni sodir
etishini
man
qilib qo’yuvchi
normalar. Masalan, O’zbekiston Respublikasi
Konstitutsiyasining 57- moddasida «maxfiy jamiyatlar va uyushmalar tuzish taqiqlanadi»
deb ko’rsatilgan va bu qoida man etish xarakteridadir.
Bulardan tashqari, huquq normalarini boshqa qator mezonlar asosida tasniflashlar
ham mavjud. Bunda eng avvalo huquq normalari huquq tarmoqlari bo’yicha bo’linadi va
bunday guruhlash huquq normalarini bir tizimga keltirish va zarur hollarda kodifikatsiya
qilish uchun muhimdir.
Huquq normalarini moddiy va protsessual huquq normalariga bo’lish ham keng
tarqalgan, bunda huquq sub’yektlarining huquq va majburiyatlari mazmunini aniqlab
beruvchi normalarni moddiy huquq normalari guruhiga qo’shamiz, huquqlarni amalga
oshirish va majburiyatlarni bajarish, ijro etishning tartibini belgilovchi normalarni esa
protsessual normalar deymiz.
Huquq normalarida xatti-harakatni shakllantirishning mavhumligiga qarab, ular
abstrakt (mavhum) va kazu-istik normalarga ajratiladi. Konkret bir munosabat turini yaxlit
holda tartibga soladigan normalarni abstrakt normalar deymiz. Bir munosabat turining
konkret bir qismini tartibga soladigan normalar esa kazuistik normalar deb ataladi.
Gipotezada mustahkamlangan holatning faktik jihatlari aniq yoki nisbiy aniqligiga
qarab, huquq normalarini aniq va nisbiy aniq huquq normalariga bo’lamiz.
Gipotezaning hajmiga qarab, huquq normalarini oddiy (aniq bir holat ko’rsatilgan),
murakkab (ikki yoki undan ortiq holat ko’rsatilgan) hamda alternativga (ikki holatdan
birining mavjudligiga bog’liq holda normani qo’llash mumkin bo’ladi) bo’lish mumkin.
Dispozitsiyaning aniqligiga qarab, huquq normalarini: mutlaq aniq, nisbatan aniq va
blanket normalarga bo’lish mumkin.
Mutlaq aniq huquqiy normalarda huquq va majburiyatlar aniq belgilangan bo’ladi.
Nisbatan aniq huquqiy normalar esa har bir konkret holatlarda huquq va
majburiyatlarni yanada ko’proq aniqlash imkonini beradi.
Blanket normalarda esa - qaysi qoidalarni bajarish zarurligi (davlat standartlari
qoidalari, texnika xavfsizligi qoidalari) umumiy tarzda ko’rsatiladi.
159
Huquq qo’riqlovchi normalar sanksiyalarning aniqligiga qarab, mutlaq aniq, nisbatan
aniq huquqiy normalarga bo’linadi. Mutlaq aniq sanksiyali huquqiy normalarda aniq bitta
davlatning majburlov chorasi ko’rsatiladi, masalan, yetkazilgan zararni qoplash kabi.
Nisbatan aniq sanksiyali huquq normalari esa, turli xil jazo turlaridan birini yoki
huquqiy ta’sir chorasi turlaridan birini qo’llashni nazarda tutadi. Bunday sanksiyalar
alternativ sanksiyalar ham deb yuritiladi, Jinoyat kodeksining aksariyat sanksiyalari
alternativ sanksiyalardir.
Kumulyativ sanksiyali huquq normalari o’zida asosiy jazodan tashqari qo’shimcha
jazo berilishini ham nazarda tutadi, masalan, muayyan jinoyatni sodir etganlik uchun
ozodlikdan mahrum qilish kabi asosiy jazodan boshqa mol-mulkni musodara qilishni ham
o’zida mustahkamlaydi.
Huquq normalarini yana asosiy (dastlabki) va hosila normalarga bo’lish ham ancha
keng tarqalgan, birinchisida umumiy xarakterga ega bo’lgan qoidalar mustahkamlansa
(masalan qonun normalari), ikkinchisida esa, umumiy qoidalarni rivojlantiruvchi,
aniqlashtiruvchi normalar mustahkamlanadi (masalan, normativ aktlar normalari qonun
normalarini aniqlashtiradi, konkretlashtiradi).
Huquq normalari yana harakati hududiga qarab, umumiy harakat qiluvchi, mahalliy
miqyosda harakat qiluvchi normalarga bo’linadi, bunda birinchisi butun mamlakat hududida
amal qilsa, ikkinchisiga kiradigan normalar ma’lum hudud-larda amal qilishi mumkin,
masalan, ekologik inqiroz hududlarida, juda baland tog’lar sharoitida, cho’l zonasida,
radiaktiv xavf mavjud zonalarda va hokazo.
Huquq normalari sub’yektlariga qarab, umumiy va maxsus normalarga bo’linadi,
bunda birinchisi hamma huquq sub’yektlari uchun taalluqli bo’lsa, ikkinchisi esa, aholining
muayyan guruhi uchun yoki aniq belgilangan doiradagi sub’yektlarga, jumladan:
pensionerlarga, nogironlarga, ichki ishlar xodimlariga va boshqalarga taalluqli bo’ladi.
Huquqiy tartibga solish uslubiga qarab, huquq normalarini yana imperativ, dispozitiv
normalar guruhlariga bo’lishadi. Imperativ normalar qa’tiy amr xarakteriga ega bo’lib, xatti-
harakat sub’yektiga belgilangan harakat modelidan chetga chiqishni man etadi, masalan,
ko’pgina ma’muriy-huquqiy normalar shunday mazmundadir.
Dispozitiv normalar, imperativ normalardan farqli o’laroq, munosabat
qatnashchilariga o’z xatti-harakatlari variantlarini, sub’yektiv huquq va majburiyatlar hajmi
to’g’risida kelishib olish imkonini o’zida ifodalaydi. Dispozitiv normalar ko’proq fuqarolik-
huquqiy munosabatlarda uchraydi.
Kollizion normalarda - biron-bir holat bir emas, balki bir necha huquqiy normalar
ta’siriga tushib qolishi mumkin va bu holda o’sha normalar o’rtasida nizo - «to’qnashuv»
sodir bo’ladi, bu holatni hal etish uchun kollizion normalar qabul qilinadi. Shu bois kollizion
normalar «hakamnorma» deb yuritiladi va unda o’sha holatni tartibga solishda qaysi
huquqiy norma qo’llanilishi ko’rsatiladi.
160
Do'stlaringiz bilan baham: |