Bu holatda tergovchi va prokurorning harakatiga huquqiy baho bering.
X BOB. JINOYAT NATIJASIDA YETKAZILGAN MULKIY ZIYONNI QOPLASH
(muallif – D.I.Kenjaboyev)
Annotatsiya: o‘quvchilar tomonidan mazkur mavzuning o‘rganilishi jinoyat protsessida fuqaroviy da’vo va jinoyat natijasida yetkazilgan zarar tushunchasi va turlari, uni qoplashning protsessual tartibi va shartlari, fuqaroviy da’vo qo‘zg‘atishning huquqiy oqibatlari, mulkiy ziyon subyektlari va predmeti to‘g‘risida zaruriy bilim va ko‘nikmalar shakllantirishga xizmat qiladi.
10.1. Jinoyat protsessida fuqaroviy da’vo tushunchasi va predmeti
Jinoyat-protsessual kodeksining 275-moddasida qayd etilganidek, jinoyat protsessida jinoyat tufayli yoki aqli noraso shaxsning ijtimoiy xavfli qilmishi natijasida fuqarolarga va yuridik shaxslarga yetkazilgan mulkiy zararni qoplash, shuningdek jabrlanuvchini dafn etish yoki uning statsionarda davolanish xarajatlarini hamda sug‘urta tariqasida unga to‘langan pul, nafaqa yoki pensiya pulini undirish to‘g‘risidagi fuqaroviy da’volar ko‘riladi.
Jinoyat protsessida fuqaroviy da’vo tushunchasini ta’riflashda jinoyat tufayli yetkazilgan mulkiy ziyon va jismoniy zararni undirish – buning uchun maxsus vakolat berilgan mansabdor shaxslar va organlarning rasmiy faoliyati ekanligi hisobga olinishi lozim. Yetkazilgan mulkiy ziyon va jismoniy zararni fuqaroviy da’vo qo‘zg‘atish yo‘li bilan undirish faoliyati bunday da’vo taqdim etish va qabul qilish, shaxsni fuqaroviy da’vogar deb e’tirof etish, taqdim etilgan da’vodagi talablarni asoslash, ularni ta’minlash bo‘yicha zarur choralar qabul qilish va boshqalarni o‘z ichiga oladi. Ushbu faoliyat fuqaroviy da’vogarlar, fuqaroviy javobgarlar va ularning vakillarining jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov va sud muhokamalarida faol ishtirokini talab qiladi.
Jinoyat protsessida fuqaroviy da’vo – bevosita jinoyat tufayli yoki aqli noraso shaxsning ijtimoiy xavfli qilmishi natijasida moddiy, jismoniy yoki ma’naviy zarar ko‘rgan shaxsning, uning qonuniy vakili yoxud uning manfaatlari asosida prokurorning aybdorga yoki moddiy javobgar shaxsga nisbatan yetkazilgan moddiy va jismoniy zararni qoplash uchun jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan paytdan boshlab to sud muhokamasi jarayoni tugaguniga qadar bildiriladigan va jinoyat ishini yuritishga mas’ul bo‘lgan davlat organlari va mansabdor shaxslar tomonidan hal qilinishi lozim bo‘lgan talabidir.
Jinoyat protsessida fuqaroviy da’vo o‘z mohiyatiga ko‘ra undirish to‘g‘risidagi da’vo hisoblanadi. O‘z-o‘zidan ma’lumki, fuqaroviy da’vo mohiyatiga ko‘ra fuqaroviy da’vogarning moddiy huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi talabi bo‘lib, u javobgarga emas, balki sudga yo‘naltirilgan bo‘ladi, shu sababli da’vo ishini javobgarga nisbatan emas, balki javobgarga qarshi qo‘zg‘atish to‘g‘risida va undan yetkazilgan zararni undirish to‘g‘risida bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |