9.3. Garov
Jinoyat protsessida garov samarali ehtiyot choralaridan biri sanalib, boshqa huquq sohalarida ham keng qo‘llanilib kelayotgan institut hisoblanadi.
Garov so‘mmasi eng kam oylik ish haqining yigirma baravaridan oz bo‘lishi mumkin emas.
Surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sud tomonidan garov so‘mmasini belgilashda: ayblovning og‘irligi; ayblanuvchi, sudlanuvchi va garovga qo‘yuvchining shaxsi; garovga qo‘yuvchining mulkiy ahvoli; garovga qo‘yuvchining ayblanuvchi bilan munosabatlari e’tiborga olinadi.
Garovga qo‘yuvchi pul mablag‘i yoki boshqa qimmatliklarni dastlabki tergov organi yoxud sudning depozit hisob varag‘iga o‘tkazilganligini tasdiqlovchi hujjatni taqdim qilganidan keyin, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror tomonidan garovni qabul qilish haqida bayonnoma tuziladi.
Ayblanuvchi, sudlanuvchi zimmasiga olgan majburiyatlarini buzgan taqdirda, garov sud ajrimi bilan davlat foydasiga o‘tkaziladi va ayblanuvchi, sudlanuvchiga nisbatan garovdan jiddiyroq (masalan, qamoqqa olish) ehtiyot chorasi qo‘llaniladi.
Bunday hollarda garovga qo‘yuvchi o‘ziga yetkazilgan ziyonni garovda bo‘lgan shaxsdan undirib olishga haqli. Ushbu masalani sud fuqarolik ishlarni yuritish tartibida hal qiladi.
9.4. Munosib xulq-atvorda bo‘lish to‘g‘risidagi tilxat
Ayblanuvchi (sudlanuvchi)dan munosib xulq-atvorda bo‘lish to‘g‘risida tilxat olish ehtiyot choralarining eng yengili hisoblanadi, lekin uni qo‘llashda ham jiddiy munosabat zarur.
Munosib xulq-atvorda bo‘lish ko‘proq ruhiy majburlovga xos bo‘lib, tilxat olingan vaqtda ayblanuvchi o‘ziga nisbatan jiddiyroq ehtiyot chorasi qo‘llanishi to‘g‘risida ogohlantiriladi.
9.5. Shaxsiy kafillik
Qonun kafillikning ikki turini nazarda tutadi: shaxsiy kafillik; jamoat birlashmasi yoki jamoaning kafilligi. Ayblanuvchi (sudlanuvchi)ga faqat o‘zini tegishlicha tutishga majbur etadigan axloqiy omillar ta’sir qiladi. Kafillikka berilgan shaxsning tegishli xulq-atvori uchun kafillar mas’uldir, uning o‘ziga esa amaldagi qonun hech qanday majburiyat yuklamaydi. Munosib xulq-atvorda bo‘lish to‘g‘risida tilxat olishdagidek, kafillikka berilgan shaxsning zimmasiga ham quyidagi majburiyatlarni yuklashni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 252-moddasiga kiritish maqsadga muvofiq: tergov va suddan yashirinmaslik; haqiqatni aniqlashga xalaqit bermaslik; jinoiy faoliyat bilan shug‘ullanmaslik; hukm ijrosiga to‘sqinlik qilmaslik. Ayblanuvchi, bundan tashqari surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sudning chaqirig‘iga ko‘ra kelish va yashash joyining o‘zgargani to‘g‘risida ma’lum qilish majburiyatlarini zimmasiga olishi kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |