2.4. Tog‘ mintaqasi tuproqlarining klasifikatsiyasi
Pastki tog‘, quruq dasht va yirik o‘tli yarim savanna mintaqasining tuproqlari.
Tip: Jigarrang karbonatli tuproqlar
O‘rta tog‘ mintaqaning o‘tloqi-dasht va o‘rmon tuproqlari
Tip: Jigarrang tog‘ tuproqlari
Tipchalari: 1. Jigarrang to‘yingan tog‘ tuproqlari
2. Jigarrang to‘yinmagan tog‘ tuproqlari.
Tip: Jigarrang tog‘-o‘rmon tuproqlari.
Tip: Qora-qo‘ng‘ir tog‘-o‘rmon tuproqlari.
Subalpik mintaqasining tog‘ o‘tloqi va o‘tloqi-dasht tuproqlari
Tip: Tog‘ o‘tloqi qora tuproqlar.
Tip: Tipik tog‘-o‘tloqi tuproqlar.
Tip: Tog‘-dasht o‘tloqlari
Alpik mintaqaning tog‘ o‘tloqi va o‘tloqi dasht tuproqlari
Tip: Tog‘ o‘tloqi torflashgan tuproqlar.
Tip: Tog‘ o‘tloqi chala (yarim) torflashgan to‘q qo‘ng‘ir tuproqlar. Tip:Tog‘ o‘tloqi dasht chala torflashgan tuproqlar.
Tip: O‘tloqi soz torflashgan tuproqlar
Baland tog‘-dasht mintaqasining tuproqlari
Tip: Baland tog‘ quruq dashtining kashtan tuproqlari.
Baland tog‘ tundrasi mintaqasining tuproqlari.
Tip: Baland tog‘ tundra tuproqlari.
Shunday qilib, O‘zbekiston hududida 40 ga yaqin tuproq tipi, yuzlab oila, tur va turchalari mavjud bo‘lib, bularning barchasi bir-birlaridan keskin farq qiladilar.
Barcha tuproqlarga birma-bir tavsif bermasdan ularni umumlashtirilgan holda yuqorida keltirilgan asosiy tuproq tiplarining paydo bo‘lishi, sharoiti, xossa va xususiyatlari hamda qishloq xo‘jaligida tutgan o‘rni haqida qisqa tavsif berish maqsadga muvofiqdir .
2.5. Cho‘l mintaqasining avtomorf tuproqlari
Cho‘l mintaqasida paydo bo‘luvchi tuproqlarning hususiyatiga juda qattiq ta’sir qiluvchi omil uning iqlimidir.
Cho‘l mintaqasidagi yillik yog‘in miqdori 100 mm dan oz, o‘rtacha yillik harorat +15◦S, +18◦S, iyul oyining o‘rtacha harorati +26◦S, +Z0◦S, yanvar oyining o‘rtacha harorati -4◦S, -19◦S bo‘lib, maksimum yog‘in-sochin qish va bahor oylariga to‘g‘ri keladi. Cho‘llarda -10◦S dan yuqori bo‘lgan haroratning yig‘indisi 4000◦S va hattoki 4200◦S ga etadi, vegetatsiya davri 200 kundan ziyodroqdir. Xullas, yog‘in miqdorining juda ozligi iqlimning keskin kontinentalligi, o‘rtacha yillik haroratning yuqoriligi va nihoyat vegetatsiya davrida ikki gidrotermik fazalarning (birinchidan, nisbatan nam, iliq, lekin juda qisqa bahor va ikkinchidan quruq, juda issiq davomli yoz fasllari) bo‘lishi, bundan tashqari qish oylarida ham o‘zoq muddatli sovuqlarning bo‘lmasligi cho‘l mintaqasi iqlimining asosiy ko‘rsatkichlaridir.
Cho‘l mintaqasining tuproqlari asosan to‘rt xil yotqiziqlarda paydo bo‘lgandir. Bularga birinchidan, turli davrlarda paydo bo‘lib, qatlam-qatlam joylashgan qumli loy allyuvial yotqiziqlari; ikkinchidan, turli darajada o‘simliklar bilan qoplangan va shamol ta’sirida qaytadan yotqizilgan qumlar; uchinchidan, tarkibida ohak toshlarining qo‘shilmasi bo‘lgan karbonatli changsimon soz va qumsoz allyuvial yotqiziqlar va nihoyat to‘rtinchidan, ifuziv tog‘ jinslari bilan bog‘liq bo‘lgan illyuvial soz yotqiziqlari kiradi.
Cho‘l mintaqasining asosiy o‘simliklari chuqur ildizli ko‘p yillik sho‘ra butalar, ildizi unchalik chuqurga ketmaydigan yarim butalar va ildizi asosan tuproqning ustki qatlamida tarqalgan, shu bilan birga kuz va bahorgi namgarchilikka moslashgan bir yillik sho‘ra o‘tlar, efemerlar efemeroidlardan tashkil topgan. Bularning ichida ko‘chkinchi qumlarning ustini qoplash bilan birga qimmatbaho ozuqlik vazifasini o‘tovchi qiyoq o‘simliklar katta ahamiyatga ega. Bundan tashqari cho‘l mintaqasida shuvoq juda ko‘p tarqalgandir.
Cho‘l mintaqasi tuproqlarininig chirindisi juda oz (0,5-1%) singdirish sig‘imi kichik (100 gramm tuproqqa 8-10 mg/ekv) singdirish kompleksi kalsiy va magniy kationlari bilan to‘yingan bo‘lib, tuproqlari sirtidanoq yuqori karbonatlidir.
Keltirilgan hususiyatlar cho‘l mintaqasida paydo bo‘luvchi avtomorf tuproqlarning hammasiga ham umumiy bo‘lsada, lekin ifodalanishi har qaysi tuproq tipida turlichadir.
Yuqorida aytilganlarni hisobga olib, cho‘l mintaqasida to‘rt xil avtomorf tuproq tiplari ajratilgan. Bularga qisqacha to‘xtalib o‘tish joizdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |