1.4. Tuproqlarning shakllanishida inson faoliyati
Xalq xo‘jaligida foydalaniladigan erlarda (sug‘oriladigan erlar, lalmikor va yaylovlarda) inson faoliyati tuproq hosil bo‘lishiga juda katta ta’sir qiladi. O‘t dalali almashlab ekish, daraxt o‘tkazish, erni ishlash va o‘g‘itlash, sug‘orish, kolmataj, erning zahini ketkazish va sho‘rini yuvish, tekislash va boshqa shunga o‘xshash tadbirlarniig barchasi tuproqning rivojlanishiga va uning asosiy hususiyatlariga juda katta o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Bundan tashqari shu narsani alohida ta’kidlash kerakki, odamlarning tuproqdan noto‘g‘ri foydalanishlari uning unumdorligini yo‘qolishiga va buzilishiga olib keladi.
Yuqorida aytilganlardan ko‘rinib turibdiki, insonning tuproqqa ta’siri ikki xil ongli va ongsiz ravishda sodir bo‘lishi mumkin. Agar inson tuproqni bilib, unga ongli ta’sir etsa, u vaqtida tuproq yaxshilanadi, unumdorligi ortadi, insonning salbiy roli esa unumdor yaxshi tuproqlarni ham yomonlashishiga va kuchli eroziyaga uchrab, mahsuldorligini yo‘qolishiga olib keladi.
Madaniy o‘simliklar o‘zlarining qisqa o‘sish davrida ko‘p miqdordagi oziq moddalarga muhtojlik sezadi va ularni tuproqdan oladi. Hosil bilan olib chiqib ketiladigan elementlarning ko‘pchiligi tuproqqa qaytib tushmaydi. Mazkur elementlar, ayniqsa, azot, fosfor, kaliy va mikroelementlar o‘g‘it sifatida erga solinadi, ya’ni oziq balansidagi elementlarning tansiqligi o‘g‘itlar hisobiga to‘ldiriladi. Lekin qo‘llaniladigan mineral o‘g‘itlar tuproq chirindisiga ta’sir qilib, uning parchalanishini tezlashtiradi. Agar bu jarayon muttasil me’yorlashtirilib turilmasa, tuproqning rivojlanish jarayoni salbiy tomonga kechishi mumkin. Shuni alohida ta’kidlash lozimki, uzoq muddatli sug‘orish jarayonida tuproqqa juda katta miqdordagi agroirrigatsiya keltirilmalari yotqiziladi. Masalan, Molodsov (1958) ning ko‘rsatishicha, Zarafshon daryosi yil davomida 4,5 mln. tonna materialni ko‘chiradi. Bu keltirmalar 350 gektar maydonga 1 m qalinlikda yoyib chiqish mumkin. Bundan tashqari sug‘orma suv bilan yana ko‘p miqdorda, taxminan 850 ming tonna suvda erigan turli hil moddalar ham tuproqqa kelib tushadi va asrlar davomida yig‘ilib, er betida 2-3 metr qalinlikdagi agroirrigatsion qatlamni hosil qiladi. Bu hol tabiiyki, tabiiy tuproq hosil bo‘lishi, moddalarning qayta taqsimlanishi hisobiga yangicha tuproq qatlamini hosil qiladi.
Yuqorida aytib o‘tilgan fikrlarni umumlashtirib, R.Q.Qo‘ziev quyidagicha xulosa qiladi:
Sug‘orish va ishlov berish tadbirlari yo‘lga qo‘yilganda, tuproq hosil bo‘lish jarayoni keskin o‘zgaradi;
Agroirrigatsion keltirilmalari hisobiga boshqacha unumdorlik hususiyatlariga ega tuproq qatlami hosil bo‘ladi. Bu qatlamning qalinligi sug‘orish muddatiga va daryo suvining loyqalik darajasiga bog‘liq bo‘ladi;
Tabiiy o‘simlik qoplami o‘rnida madaniy o‘simliklarni etishtirish tuproq biotasining keskin o‘zgarishiga olib keladi.
Bundan tashqari inson mineral va mahalliy o‘g‘itlarni birgalikda qo‘llash orqali ham tuproq unumdorligini oshiradi, lekin shuni yoddan chiqarish mumkin emaski, mineral o‘g‘itlarni bir tomonlama ishlatilishi tuproqning “charchab qolishiga” olib keladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |