Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov totuvlik va bag‘rikenglikning mamlakat mustaqilligida tutgan o‘rni haqida shunday degan edi: «Mustaqillik niholi ko‘karishi uchun unga tinchlik osoyishtalik, totuvlik, millatlararo chidam va bardosh kabi kuchli ildizlar kerak. SHunda u har qanday shamol, dovul, bo‘ronlardan egilmaydigan bo‘lib ulg‘ayadi”.7 Demak, mamlakat taraqqiyoti, unda yashaydigan aholining o‘zaro hamjihatlikda yashashidagi eng muhim omillardan biri bu millatlar o‘rtasidagi totuvlik va diniy bag‘rikenglikning o‘rnatilishi hamda uning amalda qo‘llanishidir.
Yurtimizda qadim zamonlardan buyon turli millat, elat va din vakillari yonma-yon yashab kelmoqdalar. Ajdodlarimiz boshqa diniy ta’limotlarga hamisha hurmat bilan munosabatda bo‘lganlar. “Haqiqatan asrlar davomida yirik shaharlarimizda masjid, cherkov va sinagogalar faoliyat ko‘rsatib, turli millat va dinga mansub qavmlar o‘z diniy amallarini erkin ado etib kelganlar. Tariximizning eng murakkab, og‘ir davrlarida ham ular o‘rtasida diniy asosda mojarolar bo‘lmagani xalqimizning diniy bag‘rikenglik borasida katta tajriba to‘plaganidan dalolat beradi. O‘zga xalqlar tili, urf-odatlari va an’analariga chuqur hurmat, ularning o‘zligini saqlab qolish, madaniy-ma’rifiy ehtiyojlarini ro‘yobga chiqarishga imkoniyat yaratish va har tomonlama yordam ko‘rsatish bag‘rikenglikning yorqin xususiyatlaridandir. Aynan mana shunday bag‘rikenglik, sabr-bardoshlilik madaniyatimizning benazir namunalarini saqlab qolish, asrlar sinovidan olib o‘tish, kamol toptirish hamda o‘zga madaniyatlarning ahamiyatli natijalari bilan boyitishga sharoit yaratdi”8.
Bag‘rikenglik – «Tolerantlik» tushunchasi o‘ziga xos sinonim va antonimlarga ega bo‘lgani holda, manbalarda turlicha izohlanadi. O‘zbekiston Milliy ensiklopediyasida: «Bag‘rikenglik – o‘zgalarning turmush tarzi, xulq-atvori, odatlari, his-tuyg‘ulari, fikr-mulohazalari, g‘oyalari va e’tiqodlariga nisbatan toqatli bo‘lish», - deb ta’rif berilgan. Ijtimoiy ensiklopedik lug‘atda: «Tolerantlik – ijtimoiy ishning boshqaruv tamoyili, individlar, guruhlar va ijtimoiy hamjamiyatlar o‘rtasidagi madaniy, irqiy va boshqa tafovutlarni tan olish, odamlarning tashqi qiyofasi, xatti-harakati, qadriyatlar yo‘nalishi va ulardagi farqlarga nisbatan bag‘rikenglikdir»9, - deyilgan. Bu bilan bag‘rikenglik insonning ichki ruhiy holati (uning ongi, haqiqatgo‘yligi, ko‘tarinki kayfiyati, ishga munosabati, salomatlik darajasi, qiziqishi, ishonchi, xohishsizligi, qo‘rquv hissi, ochiq ko‘ngilligi, javobgarlikni o‘z zimmasiga olishi, ishq-muhabbati kuchliligi, insonlar haqida ochiqdan-ochiq gapira olishi, etakchi bo‘la olishi, sustkashligi, tabiatan o‘z xususiyatlarini muvofiqlashtira olishi, muloqot va munosabatga engil kirisha olishi, ruhiy tetikligi kabilar) ekanligi tasdiqlanadi.
Tolerantlik – turli qarash, e’tiqod, jahon madaniyatiga hurmat, umuminsoniy qadriyatlarni bag‘rikenglik asosida qabul qilish va tushunish, insonning o‘zligini namoyon qilishga asoslangan individuallikning aniq namoyon bo‘lishiir. Bu darajadagi bag‘rikenglik kishilarning umuminsoniy madaniyjarayonlar, insoniyatni qiziqtirayotgan yoki bezovta qilayotgan muammolardan xabardorlik darajasini, BMT, YUNESKO, YUNISEF kabi xalqaro tashkilotlar qabul qilgan umumbashariy dasturlar, loyihalar, qarorlarni bilishini va ularni amalga oshirishda faol qatnashishini anglatadi.
Dinshunoslik nuqtai nazaridan qaraganda ikki xil, bir-biridan keskin farq qilgan bag‘rikenglik tushunchasi mavjud: formal, tashqi ko‘rinishdagi bag‘rikenglik va ichki-pozitiv (ijobiy) bag‘rikenglik. Formal ravishdagi bag‘rikenglik – bu, boshqa kishining diniy e’tiqodiga nisbatan toqatli bo‘lish, uning e’tiqodiga qarshi kurashmaslikdir. Ichki (ijobiy) bag‘rikenglik esa muayyan diniy e’tiqodda mustahkam bo‘lgan holda boshqa dinlarni yaxshi bilishni ham taqozo etadi. Demak, ijobiy bag‘rikenglik kengroq, to‘g‘riroq va hayotiy zarurat hisoblanadi. Rus tilidagi «terpimost», boshqachasiga aytganda «snisxoditelnost» bag‘rikenglik, kengfe’llik ma’nolarini anglatadi. Diniy sohada esa ruslar «veroterpimost» so‘zini ishlatadilar. O‘zbek tilidagi «diniy bag‘rikenglik» iborasi aynan shunga adekvat, ya’ni to‘g‘ri keladi. Diniy bag‘rikenglik turli din vakillari e’tiqodidagi mavjud aqidaviy farqlardan qat’i nazar, ularning yonma-yon, o‘zaro tinch-totuv yashashini anglatadi. Har kim o‘z e’tiqodiga amal qilishda erkin bo‘lgani holda bu huquqqa boshqalar ham ega ekanligini e’tirof etmog‘i lozim. 10
Quyida bag‘rikenglik tushunchasining mohiyatini ochib berishga harakat qilamiz:
- Bag‘rikenglik - turli madaniyatlarni, insonning alohidaligini namoyon qilishning xilma-xil usullarini hurmat qilish, qabul qilish va to‘g‘ri tushunishni anglatadi. Uni bilim, samimiyat, ochiq muloqot hamda hur fikr, vijdon va e’tiqod vujudga keltiradi. Bag‘rikenglik turli-tumanlikdagi birlikdir. Bu faqat ma’naviy burchgina emas, balki siyosiy va huquqiy ehtiyoj hamdir. Bag‘rikenglik tinchlikka erishishni musharraf qilguvchi va tinchlikka eltuvchidir.
- Bag‘rikenglik yon berish, andisha yoki xushomad emas. Bag‘rikenglik, eng avvalo, insonning universal huquqlari va asosiy erkinliklarini tan olish asosida shakllangan faol munosabatdir. Har qanday vaziyatda ham bag‘rikenglik ana shu asosiy qadriyatlarga tajovuzlarning bahonasi bo‘lib xizmat qilmaydi. Bag‘rikenglikni alohida shaxslar, guruhlar va davlatlar namoyon qilishi lozim.
- Bag‘rikenglik inson huquqlarini qaror toptirish, plyuralizm (shu jumladan, madaniy plyuralizm), demokratiya va huquqning tantanasi uchun ko‘maklashish majburiyatidir. Bag‘rikenglik aqidabozlikdan, haqiqatni mutlaqlashtirishdan voz kechishni anglatuvchi va inson huquqlari sohasidagi xalqaro-huquqiy hujjatlarda o‘rnatilgan qoidalarni tasdiqlovchi tushunchadir.
- Bag‘rikenglikni namoyon qilish inson huquqlariga ehtirom bilan hamohang, u ijtimoiy adolatsizlikka nisbatan sabr-toqatli munosabatda bo‘lishni, o‘z imon-e’tiqodidan voz kechish yoxud boshqalarning e’tiqodiga yon berishni anglatmaydi. U shuni anglatadiki, har kim o‘z e’tiqodiga amal qilishda erkindir va har kim bu huquqqa boshqalar ham ega ekanligini tan olmog‘i lozim. U yana shuni anglatadiki, odamlar o‘z tabiatiga ko‘ra, tashqi ko‘rinishi, qiyofasi, o‘zini tutishi, nutqi, xulqi va qadriyatlari jihatidan farqlanishi e’tirofga loyiqligi barobarida, ular dunyoda yashashga va o‘zlarining ana shu individualligini saqlab qolishga haqlidirlar. U yana shuni anglatadiki, bir kishining qarashlari boshqalarga majburan singdirilishi mumkin emas.11 Bir mamlakatda istiqomat qilayotgan turli millat va elatlar orasidagi hamjihatlik, ahillik hamisha o‘sha yurt uchun muhim hayotiy omil hisoblanadi.
Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning «Yuksak ma’naviyat – engilmas kuch» asarida ta’kidlanganidek, «Barchamizga yaxshi ma’lumki, din azaldan inson ma’naviyatining tarkibiy qismi sifatida odamzodning yuksak ideallari, haq va haqiqat, insof va adolat to‘g‘risidagi orzu-armonlarini o‘zida mujassam etgan, ularni barqaror qoidalar shaklida mustahkamlab kelayotgan g‘oya va qarashlarning yaxlit bir tizimidir».12 Darhaqiqat, insoniyat tarixida din ma’naviy hayotning tarkibiy qismi bo‘lib kelgan. Dunyodagi yirik dinlarda ularning asosiy ta’limotlarini o‘zida mujassam qilgan muqaddas manbalari mavjud. Ushbu muqaddas manbalar mazkur dinga e’tiqod qiluvchilarning hayot tarzini muayyan darajada belgilab bergan.
Hozirgi globallashuv jarayonida diniy bag‘rikenglik, dinlararo totuvlik, o‘zaro hamkorlik masalasi rivojlangan va rivojlanib borayotgan mamlakatlarning tinchligi va taraqqiyoti uchun eng muhim tamoyillardan biri hisoblanadi. Tarixga nazar tashlaydigan bo‘lsak, qadim-qadimdan yurtimizda turli madaniyat, til, urf-odatlar, o‘z turmush tarziga ega bo‘lgan turli dinlarga e’tiqod qiluvchi va bir-biriga o‘xshash bo‘lmagan turli xalqlar, millatlar ahil-inov yashab kelgan. O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov bu haqda shunday degan edi: “Bizning milliy xususiyatlarimiz umuminsoniy qadriyatlar bilan bog‘lanib ketgan. Asrlar davomida xalqimiz umumbashariy, umuminsoniy qadriyatlar takomiliga ulkan hissa qo‘shgan. Turli millat vakillariga hurmat, ular bilan bahamjihat yashash, diniy bag‘rikenglik, dunyoviy bilimlarga intilish, o‘zga xalqlarning ilg‘or tajribalari va madaniyatini o‘rganish kabi xususiyatlar ham xalqimizda azaldan mujassam”13.
Dinlarning kelib chiqishi bir, ammo bashariyat turli dinlarga e’tiqod qiladi, hatto bir xalq, bir millat vakillari turlicha diniy ta’limotlarga e’tiqod qilish hollari ham mavjud. Umuman olganda, barcha dinlarda ezgulik g‘oyalari ustuvor, «yaxshilik qil, yomonlik qilma» demagan birorta diniy ta’limot yo‘q. SHu bois, barcha dinlarni, hatto eng qadimgilarini ham bag‘rikenglik ruhida o‘rganmoq zarur.
Ma’lumki, Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekiston qadim asrlardan turli madaniyat, til, urf-odat, turmush tarziga ega bo‘lgan, xilma-xil dinlarga e’tiqod qiluvchi va bir-biriga o‘xshash bo‘lmagan turli xalqlar, millatlar yashagan va yashab kelayotgan o‘lkadir. Tarixda yurtimizda zardushtiylik, buddaviylik, yahudiylik, nasroniylik kabi dinlar mavjud bo‘lgan.
Zardushtiylik dini - eramizdan avvalgi VII-VI asrlarda O‘rta Osiyo va Qadimiy Eronda yuzaga kelgan dindir. Bu din Zaratushtra (yoki Zardust, yoki Zaroastr) nomi bilan bog‘liq.14 Zardushtiylik ta’limoti O‘rta Osiyoda ibtidoiy davrda mavjud bo‘lgan tabiat kuchlarini ilohiylashtiruvchi e’tiqodlarga nisbatan progressiv, monoteistik ta’limotdir. U behuda qon to‘kuvchi qurbonliklar, harbiy to‘qnashuvlar, bosqinchilik urushlarini qoralab, o‘troq, osoyishta hayot kechirishga, mehnat, dehqonchilik, chorvachilik bilan shug‘ullanishga da’vat etadi.15
Zardusht o‘z ta’limoti bilan insonlarga tinch-totuv yashashni, halol mehnat qilishni o‘rgatmoqchi bo‘ladi. U o‘z ta’limotini insonlarning bu dunyodagi ishlariga yarasha narigi dunyoda taqdiri hal bo‘lishi, har bir inson o‘lgandan so‘ng o‘zining bu dunyodagi qilmishiga yarasha yoki abadiy rohat - jannatga yoki yomon ishlari ko‘p bo‘lsa na xursandlik va na xafalik ko‘rmaydigan arosat joy - misvongatuga tushadi, degan g‘oyaga asoslantirgan.16
Zardushtiylik ta’limotining asosi - olam qarama-qarshiliklar kurashi asosiga qurilgan. Yaxshilik va yomonlik, yorug‘lik va qorong‘ulik, hayot va o‘lim o‘rtasida abadiy kurash davom etadi. Barcha yaxshiliklarni Axuramazda va barcha yomonliklarni Axramaynyu yoki Axriman ifodalaydi.
Zardushtiylikda imon uchta narsaga asoslanadi: fikrlar sofligi, so‘zning sobitligi, amallarning insoniyligi. Jumladan “Avesto” kitobida shunday deyiladi: “Xiradmand zotlar ularga tanbeh berib, Ezgu Niyat bilan amal qilishlarini, Sipandormaz – Sen aslida Haqiqat sarchashmasi ekaningni anglatdilar”17.
“Avesto” - zardushtiylikning asosiy manbasi. Avesto faqat dingina emas, balki, dunyoviy bilimlar, tarixiy voqealar, o‘zi tarqalgan o‘lkalar, elatlarning ijtimoiy-iqtisodiy hayoti, madaniy va ma’naviy karashlari, diniy e’tiqodlari, urf-odatlari haqidagi manba hamdir. Unda bayon etilgan asosiy g‘oya diniy e’tiqodning ilk sodda bilimlari Zardusht nomli payg‘ambar nomi bilan bog‘langan.18
“Avesto”da insonlar bir-birini qo‘llab-quvvatlashga, bir-biriga ishonish, mehr-oqibatli bo‘lishga, turli fitnalardan yiroq bo‘lishga chaqiriladi. Jumladan, unda shunday deyiladi: “...ishonchsizlik va sust niyatlilik o‘rtadan ko‘tarilsin. Qarindosh-urug‘lar kaltafahmlikdan; hamkorlar, yaqinlar aldovidan; do‘st-yorlar fitna ahlidan omonlikda bo‘lib, olam yomon rahbarlardan xalos bo‘lsin”19.
Zardushtiylikning hozirgi davr kishilari uchun ahamiyati shundaki, unda odamlar doim pokiza yurishga, badanni toza tutishga, yomon kirdikorlar qilmaslikka, har qanday yovuz niyatli va haqoratli so‘zlarini aytmaslikka, ayollarni, jumladan qizlarni sevishga, hamma sohada mo‘‘tadil (optimal) bo‘lishga da’vat etuvchi qoida, da’vat, o‘gitlar bayon etilgan. Avestoning Gat qismida odamlar halol mehnat qilishga, o‘z hunari bilan moddiy ne’mat yaratishga, tayyorga ayyor, o‘roqda yo‘q, mashoqda yo‘q xirmonda hozir, boqimanda, tekinxo‘r bo‘lmaslikka, bularga yo‘l qo‘ymay, vijdonan yashashga da’vat etilgan.20 Ko‘rinib turibdiki, qadimiy dinlarimizda g‘ayridinlar va ularni ta’qib qilish to‘g‘risida hech narsa deyilmagan. Aksincha, diniy e’tiqodi turlicha bo‘lgan odamlarning tinch-totuv yashashlari rag‘batlantirilgan. Jamiyatda diniy murosa va hamkorlik hukmronlik qilgan.
Buddaviylik - dunyodagi birinchi jahon dinidir. U miloddan avvalgi VI-V asrlarda Hindistonning shimolida vujudga kelgan. Jahon dinlarining paydo bo‘lishi bilan endilikda xalqlar hayotida muhim hodisa, bir dindagi turli xalqlarning yaqinlashuv jarayoni ham ro‘y bera boshladi. Bugun buddaviylikka e’tiqod qiluvchilar Shri-Lanka, Hindiston, Nepal, Butan, Xitoy, Singapur, Malayziya, Mongoliya, Koreya, Vetnam, YAponiya, Tailand, Kombodja, shuningdek qisman Evropa va Amerika, Rossiyaning shimoliy hududlari Buryatiya, Tuva, Kalmыkiya kabi davlatlarda yashaydilar.21
Markaziy Osiyo xalqlarining qadimgi tarixi va madaniyatida buddaviylik muayyan o‘rin egallagan. U zardushtiylik dini ta’sirida va u bilan yonma-yon shakllangan dinlardan biri bo‘lgan. Keyinchalik Janubi-SHarqiy va Markaziy Osiyo hamda Uzoq SHarq mamlakatlarida keng tarqalgan. Buddaviylikning Markaziy Osiyo va SHarqiy Turkistonda tarqalishi miloddan avvalgi II asrlarda grek-baqtriya podshohligining o‘rnida qaror topgan Kushon imperiyasining rivojlangan davriga to‘g‘ri keladi.
Keyingi o‘n yilliklar mobaynida olib borilgan arxeologik izlanishlarning natijalari va tarixiy ma’lumotlarni umumlashtirgan holda tahmin qilish mumkinki, islomgacha bo‘lgan davrda buddaviylik Markaziy Osiyo g‘oyaviy hayotining muhim tarkibiy qismlaridan birini tashkil etgan. Buddaviylik faqat maxsus ibodatxonalargagina emas, balki podsho saroylaridan boshlab, oddiy kambag‘al deqqon va hunarmandlarning kulbasigacha kirib borgan dindir. Buddaviylikni qabul qilgan Markaziy Osiyo xalqlari diniy ibodatlar uchun har xil maxsus inshootlar qurganlar.
Buddaviylik bilan bog‘liq obidalar, ibodatxonalar, haykallar, devorlarga solingan rasmlar Markaziy Osiyoda topilgan qadimgi tarixiy obidalar orasida muhim o‘rin egallaydi. Buddaviylik bilan bog‘liq imoratlar, qurilishlar hozirda ham SHimoliy Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Turkmanistonning Janubiy tumanlarida, Tojikistonda va Qozog‘iston janubida mavjuddir. Bular orasida eng yirik inshoot eski Termizdagi Qoratepa nomli g‘or ibodatxonasidir. Bu ochiq sariq rangli katta tepalik bo‘lib, unga qumtoshli g‘or binolar o‘yib solingan, er ustida binolar barpo etilgan, bularning hammasi bir butun uyg‘un bo‘lgan buddaning 20-25 ibodatxonasini tashkil qilib, Kushon podshohligida buddaviylikning muhim ahamiyatga ega ekanligidan dalolat beradi. Devorlarga solingan rasmlarni, haykallarni, toat-ibodat buyumlarini, tangalarga, sovg‘a qilingan sopol idishlarga bitilgan har xil yozuvlarni o‘rganishlar qoratepaning milodning I asr oxiri va II asrning boshlarida bunyod qilinganligidan, arablar O‘rta Osiyoga kirib kelganlaridan keyin ular tugatilgan va keyinchalik vayronaga aylanganligidan dalolat beradi. Tarixiy manbalarga suyanib, Kushonlar davrida buddaviylik xalqimiz orasida keng tarqalgan, degan fikrni ilgari surishimiz mumkin.
Xristianlik - buddaviylik va islom dinlari kabi jahon dinlaridan biri hisoblanadi. Bu din o‘z e’tiqodchilari soni bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinda turadi. Xristianlik milodiy I asrda Rim imperiyasining SHarqiy hududi bo‘lmish Falastinda vujudga kelgan. Xristian dini asosan Evropa, SHimoliy va Janubiy Amerika, Avstraliya, Janubiy Afrika va Osiyoning Sharqiy hududlarida tarqalgan.
XI asrning oxirida xristianlikniig Sharqqa tomon harakati va tarqalishi ommaviy tus oldi. Bu dinni mahalliy aholi orasida tarqatuvchilar Sharqning ayrim viloyatlariga ilgariroq kirib borganlar. 280 yildayoq Talos (Merke) da xristian cherkovlari qurilgan bo‘lib, Samarqandda (301 yildan), Marvda (334 yildan), Hirotda (430 yildan), Xorazmda, Marida va Markaziy Osiyoning boshqa shaharlarida episkoplik, kafedra, missiyalar, keyinchalik Samarqandda, Marvda (430 yillar), Hirotda (558 yillar) 6-12 episkoplikdan iborat diniy hududiy jamoalar, birlashmalar bo‘lgan. Xurosonliklar va sug‘diyonaliklar orasida buddistlar, zardushtiylar, moniylar bilan bir qatorda xristianlar ham bo‘lgan. Lekin, tarixiy manbalarda biror marta ham diniy mavzuda nizo chiqqani haqidagi ma’lumotlar uchramaydi. Xulosa shuki, diniy bag‘rikenglik xalqimiz qonida azal-azaldan mavjud.
VIII asrda Movarounnahrga kirib kelgan islom dini mahalliy xalqlarning axloqiy g‘oyalari, huquqiy me’yorlari va urf-odatlari bilan uyg‘unlashib ketdi.
Islom jahon dinlari ichida eng yosh dindir, e’tiqod kiluvchilar soni jihatdan xristianlikdan keyin ikkinchi o‘rinda turadi. “Islom” so‘zi: 1. itoat va bo‘ysunish; 2. Ixlos va turli ofatlardan salomat bo‘lish; 3. Sulx va omonlik ma’nolarini anglatadi.
Islom dinida bag‘rikenglik masalasiga qanday qaraladi?
Islom tinchlik dinidir. Unda boshqa din vakillari, qo‘ni-qo‘shnilar bilan ahil, tinch-totuv yashash, bag‘rikeng bo‘lish g‘oyasi ilgari suriladi. Bag‘rikenglik chinakam islomiy fazilat bo‘lib, arab tilida «Samaahatul islam» deyiladi. Bag‘rikenglikka Qur’oni Karim yoki Hadisi SHariflardan ko‘plab misollar keltirish mumkin. Misol uchun, shunday Hadisi SHarif bor: Payg‘ambarimiz (s.a.v.): – «Odamlarga rahm qilmaganga Alloh ham rahm qilmaydi», deganlar. Bu erda faqat musulmonlar emas, barcha xalq, barcha din vakillari nazarda tutilmoqda. Ayrim Hadisi Shariflarda Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning oldilariga musulmonlar kelib “falon qavm yo‘ldan ozdi, kufrga yuz burdi, ularni la’natlang” deganlarida, payg‘ambarimiz (s.a.v.) o‘sha qavmga hidoyat so‘raganlari keltiriladi. Buning sababini so‘rashganda “Men bu dunyoga odamlarni la’natlash uchun emas, balki rahmat qilib yuborilganman” deb javob berganliklari aytiladi. Qur’oni Karimdagi «Va maa arsalnaaka illaa rohmatal lil olamiyn» («Ey Muhammad alayhissalom! Biz sizni olamlarga faqat rahmat qilib yubordik») oyati buning isbotidir. “U zotning olamlarga qanday rahmat qilib yuborilganlariga bir namuna sifatida Islomning avvalida, to‘qqizinchi hijriy yilda Arab jazirasida, musulmonlar kuchli bir davlatga aylanib bo‘lganidan keyin ham Najron episkopi, nasroniy Abulhorisga yozgan maktublarini o‘qib ko‘raylik... «Bismillahir rohmanir rohiym! Allohning Rasuli Muhammaddan Najronning bosh episkopi Abulhorisga va uning barcha ruhoniylari va episkoplariga. Ammo ba’d. Bosh episkopga, uning ruhoniylari va boshqa episkoplarga ma’lum bo‘lsinki, sizlarning cherkovlaringiz, ibodatxonalaringiz qanday bo‘lsa, shundayligicha qoldiriladi. Sizlar o‘z ibodatlaringizda hur va erkinsiz. Birontangiz o‘z mansabi va maqomidan chetlashtirilmaydi. Diniy marosimlaringizda hech narsa o‘zgartirilmagani kabi, mazkurlardan ham hech narsa o‘zgartirilmaydi. Modomiki, episkoplar ahdga, ya’ni o‘zlarining asl injillariga sodiq qolsalar va undagi ta’limotlarga, ya’ni nasroniy dinining ta’limotlariga amal qilsalar, Allohning va Rasulining zimmasida, ya’ni himoyasida bo‘ladi. Kim ularni bu narsadan to‘ssa, u Allohnig va Rasulining dushmani bo‘ladi»” 22.
Qur’ondagi ilk «Fotiha» surasida Allohni barcha olamlarning Parvardigori deya tavsir etilishi dinimizning tenglik va bag‘rikenglik dini ekanligidan dalolatdir. Ushbu surada Allohning rahmdil va mehribon ekanligi e’tirof etiladi. Shuningdek, Qur’oni karimning «Hujurot» surasi, 13-oyatida: «Ey insonlar, darhaqiqat, Biz sizlarni bir erkak (Odam) va bir ayol (Havvo)dan yaratdik hamda bir-birlaringiz bilan tanishishingiz uchun sizlarni (turli-tuman) xalqlar va qabila-elatlar qilib qo‘ydik. Albatta, Alloh nazdida eng aziz-u mukarramrog‘ingiz taqvodorrog‘ingizdir. Albatta, Alloh bilguvchi va xabardor zotdir» deb aytiladi. Ushbu oyatda barcha elat va millatlarning tengligi va adolat g‘oyalarining targ‘ib etilishi yana bir bor islom dinining umuminsoniy qadriyatlarini ifoda etadi. Qur’ondan keyingi eng muhim manba bo‘lgan Hadisi Sharifda islomda eng yaxshi xislatlar ochlarga taom bermoqlik hamda tanigan yo tanimaganga salom bermoqlikdir deyiladi. “Assalomu alaykum” so‘zi esa “sizga tinchlik, omonlik tilayman” degan ma’noni anglatadi. Demakki, millatidan, e’tiqodidan qat’iy nazar barcha insonlarga tinchlik, sihat-salomatlik tilash dinimizda o‘z ifodasini topgan. Xuddi shu hadis Imom al-Buxoriyning “Al-adab al Mufrad” asarida ham uchraydi. Islom adabiyotida ham tenglik va bag‘rikenglik tamoyillari keng targ‘ib etilgan. Masalan, Imom al- Buxoriyning “Al- adab al-Mufrad” asarida barcha insonlarning o‘zaro hamjihatlikda yashashi haqida yozilgan. Jumladan, Abu Hurayra aytadi: “Bir-biringizga hasad va adovat qilmang, dunyo ishlarida sendan men o‘taman, deb janjallashmang, bir-biringizga teskari bo‘lmang. Ey Allohning bandalari, hammangiz aka-uka bo‘linglar”. Bundan ko‘rinib turibdiki, jamiki insonlar bir-birini hurmat qilishi, qo‘llab-quvvatlashi va o‘zaro nizolarga bormasliklari lozim. Xuddi shu asarning 70-bobida Ibn Abdulloh ibn Amrning quli bir qo‘yni so‘yishga olib ketayotganda, ul zot, ulush berishni yonidagi yahudiy qo‘shnisidan boshlashni buyurishi haqidagi hadis mavjud. Bunday purma’no Hadislardan o‘zga din vakillariga ham saxovat ko‘rsatish, ularga bag‘rikenglik qilish haqidagi saboqlarni olish mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |