2.1.Syujetning tarkibiy qismlari.
Badiiy asarda syujetning yaratilishini g’oyaviy mazmun boshqaradi, g’oyaviy mazmunning talabiga uyg’un holda xarakterlar namoyon bo’ladigan va hayot ziddiyatlarini umumlashtiradigan voqealar silsilasi kashf etiladi. Voqealar silsilasi o’z navbatida asar g’oyasini badiiylashtiradi, uni tiriltiradi.
Jumladan, tragik xarakter qaltis, og’ir holatlarni, shiddatli voqealarni talab etsa va shunday vaziyatdagina o’zligini namoyon qilsa (masalan, Otello), kulguli xarakter komik vaziyatda, kulgu qo’zg’atuvchi “arzimas” voqealarda o’zligini (masalan, “Adabiyot muallimi”dagi Boqijon Baqoyev) ko’rsatadi. Bundan aniqlashadiki, xarakterlar mantig’i voqealar mantig’iga va aksincha, voqealar mantig’i xarakterlar mantig’iga (F.M.Golovchenko, M.Qo’shjonov, T.Boboyevlar ham ta’kid qilishgan) mos bo’lishi, bir-birlarining mohiyatlarini ochish lozimdir.
Jumladan, “O’tgan kunlar”dagi Otabek o’zining sevgisiga sodiq qoladi. Zaynabga uylanganda ham, uning qarshisida “bir jonsiz haykal o’rnida” bo’ladi. homidning ig’volari tufayli Kumush Otabekdan voz kechib, Komilbekka turmushga chiqishga rozilik berganda ham, Otabek “Men sizga ishonaman” degan Kumush ishonchiga – sevgisiga sodiq qoladi, uni qutqarish uchun jonidan kechib, homid, Mutal, Sodiq bilan olishadi va yengib chiqadi... Demak, voqealar mantig’i Otabekning sofdilligi, irodaliligi, “asl yigitligi”ni bo’rttirishga, uning xarakteri mantig’ini asoslashga, ishonchligini ta’minlashga, jonli tasavvur etishga xizmat qilmoqda. Oqibatda esa, ular birlashib g’oyaviy mazmun (eng kirlik, eng qora kunlar)ni tirikligini, yuquvchanligini yuzaga chiqarmoqda.
Syujet obrazlarning o’zaro aloqalari, ular o’rtasidan qarama-qarshiliklar, simpatiyalar va antipatiyalar ekan, demak, u hayot ziddiyatlarini ham ixtiro qiladi, umumlashtiradi, kashf etadi. hayotiy ziddiyatlar asarga ifoda etilgan g’oyalar, tasvirlangan xarakterlar, kayfiyatlar kurashi tarzida ko’chadi va u konflikt deb yuritiladi.
Konflikt - syujetni harakatga soluvchi kuch. Uning ta’sirdorligini, qiziqarligini, ko’lamini belgilovchi unsurdir. Uning turli xillari uchraydi:
1. Psixologik (ruhiy) konflikt qahramon qalbidagi hissiyotlar, tushunchalar (ojiz va kuchli jihatlar) kurashi;
2. Ijtimoiy konflikt – asar qahramonlari bilan ular yashayotgan sharoit o’rtasidagi kurash;
3. Shaxsiy – intim konflikt – bir biriga qarama-qarshi xarakterlar, guruhlar o’rtasidagi kurash. Konfliktning ushbu uch xili hamma romanlarda ham uchraydi, lekin psixologik konflikt yetakchi bo’lgan asarlar (“Sarob” - A.Qahhor; “Ulug’bek xazinasi” – O.Yoqubov) doimo adabiyotning sifat ko’rsatgichi bo’lib, yorqin iz qoldirganlar.
Jumladan, “O’tkan kunlar” romanida Yusufbek hoji, Otabeklarning maslakdoshlari bilan Musulmonqul, Azizbekka o’xshash feodal tuzum hukmdorlari orasidagi to’qnashuv – ijtimoiy konfliktga asos solsa, Otabek, hasanali, Qutidor va homid, Mutal, Sodiq, Jannat kampir o’rtalaridagi olishuv-shaxsiy-intim konfliktni keltirib chiqaradi. Otabek ikkinchi martaba uylanish Kumushga nisbatan xiyonat ekanini tushunadi, axloqsizlik qilayotganini tan oladi, biroq ota-onaning irodasiga bo’ysinadi. Ana shu jarayonda qalbida kechgan kurash-psixologik konfliktni vujudga keltiradi. Uch xil konflikt birlashib, katta qudrat kasb etadi va “O’tkan kunlar” syujetining shiddatli va ta’sirchan harakat qilishini, asar qahramonlarining dramalarini yaqqol ochilishini ta’minlaydi.
Syujet tarkibida keladigan har bir unsurlarning yozuvchidan mo’ljallangan badiiy maqsadni yuzaga chiqarishda o’ziga xos vazifasi bo’ladi. Shuning uchun ham ularning har birini alohida - alohida ko’rib chiqish maqsadga muvofiqdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |