«qizillik»
- +
-3 -2 -1 0 1 2
gulobi pushti qizg'ish qizil ol qirmizi
Demak, lug'aviy graduonimik qatorlarni ajratish uchun ma'noviy omil o'zaro yaqin tushunchalarni ifodalovchi leksemalar sirasidagi har bir leksemada ma'lum bir belgining turlicha darajalanishiga ishora mavjudligida namoyon bo'ladi. Shu asosda ma'noviy omilning o'zini ikkiga bo'lamiz:
l)bir —biriga yaqin va o'xshash tushunchalarni ifodalashi;
2)ayni bir belgining turli xil miqdoriga ishora qilishi:
Graduonimik qator lug'aviy paradigmalarga qo'yiladigan quyidagi talablarning barchasiga javob berdi:
1)lug'aviy paradigmaning bitta yetakchi leksema (dominanti) atrofida birlashishi;
2)lug'aviy paradigmaning ochiqligi;
3)lug'aviy paradigmaning boshqa kattaroq paradigmalar tarkibiga yetakchi leksema bilangina kirishi;
4)lug'aviy paradigmadagi qurshov leksemalaming dominant leksema bilan osonlikcha almashtirila olishi:
Demak, leksemalararo lisoniy munosabat sanaluvchi graduonimiya hodisasi bir necha leksemaning ma'lum bir belgining oz — ko'pligiga qarab, lug'aviy ma'noviy qatorda, tizimda namoyon bo'lib, bunda dominanta va qurshov leksemalari farqlanadi.
Lug'aviy graduonimik qatorda dialektikaning eng umumiy qonunlari tajallisi mayjud:
a) graduonimik qatorda belgining darajalanib, oshib yoki kengayib borishida miqdor o'zgarishlarining sifat o'zgarishlariga o'tishi qonuni tajallilanadi;
b) graduonimik zanjirning ikki chekka uchi ma'lum bir belgining tasdig'i bilan birga, bir —birini inkor etishida inkorni inkor qonuni namoyon bo'ladi;
v) bir — birini inkor etuvchi (antonimik munosabatda turgan) leksemalarning bir yetakchi leksema (dominanta) atrofida birlashib, bir lug'aviy ma'noviy qatorni — paradigmani, butunlikni tashkil etishda qarama — qarshiliklar birligi va kurashi qonuni nomoyon bo'ladi.
Giponimiya. Leksemalararo semantik munosabatlarning yana bir turi giponimiya (aniqrog'i, gipo —giperonirmya), ya'ni tur —jins munosabatidir.
Giponimik munosabatda giperonim (jins) va gipohim farqlanadi.
Giperonim jins belgisini bildirgan predmetning nomini ifodalovchi ko'pgina ma'nolarni semantik jihatdan umumlashtiruvchi mikrotizimning markaziy leksemasi, dominantasi sifatida namoyon bo'luvchi lug'aviy birlikdir. Giponim esa ma'lum jins turlarining nomlarini hamda o'zining semantik tarkibida implitsit tarzda jins ma'nosini ham ifodalovchi, semantik jihatdan giperonimga nisbatan boy bo'lgan lug'aviy birlikdir.
Giponim va giperonim orasidagi aloqa mantiqiy asoslarga egadir. Bu esa obyektiv borliqdagi umumiylik tushunchasi bilan bog'liqdir. Masalan, daraxt giperonimi jins ma'nosini ifodalovchi leksema sifatida daraxtning barcha turlarini ifodalovchi leksemalarni leksik — semantik munosabat asosida birlashtirib leksik — semantik guruh hosil qiladi. Shu boisdan daraxt leksemasi giperonim sifatida giponimlari bilan leksik — semantik aloqaga kirisha oladi. Masalan, daraxt — qayin, daraxt —terak, daraxt —dub, daraxt— archa.
Giponimlar teng huquqli bo'lib, ularning giperonimga munosabati bir xildir. O'z navbatida, bu munosabat polisemiya va omonimiya hodisalari bilan ham bog'lanadi. Masalan, o'zbek tilidagi daraxt nomlari dastlab ikki guruhga bo'linadi: mevali daraxtlar va manzarali daraxtlar. Mevali daraxtlar o'z mevasining nomi bilan ataladi. Shuning uchun bu leksemalar ko'p ma'noli bo'lganligi bois bir tomondan meva, ikkinchi tomondan daraxt giperonimlari bilan semantik munosabatga kirishadi:
Meva: olma — o'rik — shaftoli — behi.
Daraxt: olma — o'rik — shaftoli — behi.
Birinchi qatorda esa «daraxt» umumiy, integral semalariga ega. Daraxt giperonimi jins tushunchasini ifodalovchi leksema sifatida, birinchi navbatda, shu jinsning turlarini bildiruvchi so'zlar bilan bog'lanadi. Daraxt leksemasi uning turi nomi o'rnida qo'llanishi ham mumkin. Lekin giperonim giponim o'mida qo'llanganda uning mohiyatini yorqin ifodalay olmaydi. Shu boisdan o'z oldidan giponimni aniqlovchi sifatida qabul qiladi: o'rik daraxti, shaftoli daraxti kabi.
Giponim leksemaning sememasi giponim leksemalar uchun birlashtiruvchi sema bo'lib xizmat qiladi. Masalan, daraxt giperonim leksemasining sememasi «tanasidan shoxlanuvchi o'simlik» bo'lib, «qizil, yashil, yoki sariq rangli yong'oqdan piyolagacha bo'lgan hajmdagi sersuv meva beruvchi daraxt» sememasiga ega [olma] leksemasining «daraxt» semasi daraxt giperonimi leksemasi sememasining sememalashgan ko'rinishidir.
Giperonimning ma'nosi giponim leksemanikiga nisbatan kengroq va xiraroq (noaniqroq), giponim leksemaning ma'nosi esa giperonimnikiga nisbatan torroq va yorqinroqdir. Shu boisdan, aytish mumkinki, giperonimning ma'noviy mohiyati barcha giponimlarining ma'noviy mohiyatlari yig'indisiga tengdir.
Aytilganidek, daraxt mevali daraxtlar va mevasiz daraxtlarga bo'linadi. Demak, borliqdagi bu bo'linish giponimiya hodisasi sifatida tilda ham aks etadi. Lekin daraxt ning mevali va mevasiz turlarini ataydigan alohida leksemalar o'zbek tilida yo'q. Demak, giponimning p'rni bo'sh bo'lib, ular leksik lakuna (bo'sh xona)lar hosil qiladi. Leksik lakunalarni turli nutqiy nominativ birliklar to'ldiraverishi mumkin (M: mevali daraxt va mevasiz daraxt so'z birikmalari).
Har bir gipo — giperonimik qator cheklanmagan miqdorda lug'aviy lakunalarga ega bo'ladi. Bu bo'sh xonalar ayni bir jinsning turli belgilari bilan chegaralanmagan miqdorda to'lib borish imkoniyatiga ega. Masalan, o'nta uzum nomini biluvchi odam uchun o'zbek tilidagi 600 ta uzum nomining 590 tasi lug'aviy lakuna hisoblanadi. Demak, lakunalar ijtimoiy ham («mevali daraxt» va «mevasiz daraxt» tushunchasini ifodalovchi leksemalar), individual ham (mavjud leksemalarni ma'lum bir kishining bilmasligi) bo'lishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |