17-ma’ruza: Frazeologiya haqida tushuncha. Frazeologik iboralarning shakl va ma’no munosabatiga ko‘ra turlari
Reja:
1. Frazeologiya haqida umumiy ma’lumot.
2. Erkin so‘z birikmasi
3. Turg‘un so‘z birikmasi
4. Frazeologik iboralarning tuzilishi va ma’no xususiyatiga ko‘ra turlari.
5. Frazeologizmlarning shakl va ma’no munosatiga ko‘ra turlari:
6. Frazeologiyada umumiy va chegaralangan qatlam
Foydalangan va mustaqil o‘qishga tavsiya etilayotgan adabiyotlar: 1,2,3,4,5,6 va boshqalar.
Nutqda ikki yoki undan ortiq so‘zlarning o‘zaro ma’no va grammatik jihatdan bog`lanishidan tuzilgan birikmalar qo‘llaniladi.
Bunday birikmalarning ayrimlari nutq jarayonida tuziladi, ayrimlari esa tilda tayyor birikma shaklida mavjud bo‘ladi. Ular bir-biridan o‘ziga xos belgilari bilan farq qiladi.
Nutq jarayonida tuzilgan birikma kamida ikkita mustaqil so‘zdan tashkil topadi va murakkab tushuncha ifodalaydi. Bunday so‘z birikmasi ifodalaydigan tushuncha tarkibidagi so‘zlarning ma’nosi asosida yuzaga keladi: qiziqarli asar. Bunday so‘z birikmasi tarkibidagi so‘zlar ayrim-ayrim so‘zlarga ajrala oladi: qiziqarli asar – zerikarli asar. Shuning uchun ular erkin so‘z birikmasi deb yuritiladi.
Tilda ko‘p vaqt bir qolipda qo‘llanaverib, bo‘linmaydigan holga kelib qolgan birikmalar mavjud: og`zi qulog`ida. Demak, so‘z birikmalari ikki xil: a) erkin so‘z birikmasi; b) turg`un so‘z birikmasi. Turg`un birikmalar ikki xil: a) birikmali atamalar; b) iboralar.
Tilda ikki yoki undan ortiq so‘zdan tarkib topib, ko‘chma ma’no ifodalaydigan, ma’nosi bir so‘zga teng keladigan turg`un birikmalar ibora (frazeologik birlik) deyiladi. Birikmalargina emas, ayrim gaplar ham ibora holiga kelib qolishi mumkin: Ishtahasi ochildi. Dili siyoh bo‘ldi.
Iboralarning barchasi ko‘chma ma’no ifodalaydi va ularda emotsionallik so‘zga nisbatan kuchli bo‘ladi. Shuning uchun iboralar nutqning ifodalaligini va ta’sirchanligini oshiradi. Tilning iboralarni o‘rganadigan bo‘limi frazeologiya, iboralar yig`indisi esa frazeologizm deb yuritiladi. Iboralar o‘rtasida ham o‘zaro sinonimlik, antonimlik, omonimlik hodisasi bo‘lishi mumkin.
Tilning lug‘at tarkibida xuddi so‘z singari maqsadga muvofiq tanlab ishlatish mumkin bo‘lgan, shu tilda so‘zlashuvchi har bir kishining xotirasida bir butun xolda saqlanadigan til biriktirmoq, dili siyoh bo‘lmoq, obro‘si ko‘tarilmoq, nog‘orasiga o‘ynamoq, ko‘ngli xira bo‘ldi, ko‘z qirini tashladi, tomdan tarasha tushganday, yostiqdan bosh ko‘tarmoq kabi iboralar ham mavjud.
Bu tipdagi iboralar frazеologizmlar dеb, ularni o‘rganadigan soha frazeologiya dеb ataladi. Frazеologik iboralar (frazеologizmlar) birinchidan, tilda bir qolipda ishlatilavеrib, bo‘linmaydigan (bir butun) holga kеlib qolgan bo‘ladi. Ikkinchidan, ibora tarkibida eng kamida ikkita so‘z qatnashadi. Uchinchidan, ibora yoki uning bir qismi ko‘pincha ko‘chma ma'noda bo‘lgani uchun obrazlilikka boy bo‘ladi.
Tilning lug‘at sostavidagi so‘zlar ham, frazеologik iboralar ham til birliklari sanaladi. Shu jihatdan ular quyidagi umumiy xususiyatlarga ega: 1.Ibora bir butun holda bir umumiy tushunchani bildiradi, shuning uchun ham u ma'no jihatdan ko‘pincha bitta so‘zga tеng kеladi. Masalan: ko‘ngli ko‘tarildi-xursand, kapalagi uchib kеtdi qo‘rqdi, lom-mim dеmadi-indamadi. 2.Ibora ma'no va grammatik jihatdan ma'lum bir so‘z turkumiga mos kеladi, shuning uchun xam u bir butun holda ma'lum bir so‘roqqa javob bo‘ladi va gapda ma'lum bir gap bo‘lagi vazifasini bajaradi. Masalan: Hamma ishlaridan ko‘ngli to‘q bo‘lganidan (to‘ldiriuvchi) ikki kun ko‘z ochib yumguncha o‘tib kеtdi. (U.U). Gap qaytarishga (to‘ldiruvchi) o‘zingiz majbur qildingiz. (S.Z). Nеga Nuri erkaklar ishiga burnini tiiqadi (kеsim). (P.T). 3.Ibora o‘z strukturasi va tarkibidagi so‘zlarning joylashish o‘rni (tartibi)ga barqaror bo‘ladi. Masalan, xamir uchidan patir, chuchvarani xom sanamoq. Shu sababli xam ibora tarkibidagi so‘zlarning o‘rnini almashtirib bo‘lmaydi. (Masalan, xom chuchvarani sanamoq, patir uchidan xamir kabi). Ammo fraziologizmlar tarkibidagi ayrim so‘zlar turli grammatik shakllarda qo‘llanishi (ko‘ngli ko‘tarildi- ko‘nglini ko‘tardi, nog‘orasiga o‘ynadi-nog‘orasiga o‘ynatdi kabi), ba'zan so‘zlar boshqa so‘z bilan almashtirilishi (masalan, istarasi issiq - yulduzi issiq, ichi achidi - yuragi achidi kabi). So‘zlar orasiga boshqa so‘z kiritilish (masalan, ko‘ngli ko‘tarildi-ko‘ngli tog‘day ko‘tarildi, to‘nini tеskari kiydi-to‘nini juda tеskari kiydi) mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |