O‘rtacha kaltakesakcha- Eremias intermedia (Strauch,1876)
Maqomi: Odatiy tur.
Tarqalishi: Ustyurt, Amudaryo quyi oqimi, qizilqum, Qarshi cho‘li, Surxondaryo vohasida uchraydi.
Yashash joylari: Kam o‘simlikli mustahkamlangan qumli, mayda toshli qum tuproqlarda kuzatiladi.
Biologiyasi: Qumsichqon va qo‘shoyoqlarning inlari va diametri 2-3 sm, uzunligi 20-40 sm o‘zi qazigan inlaridan yashirinish uchun foydalanadi. Aynan shu joylarda qishlab qoladi. Qishki uyqudan vaqtli uyg‘onadi va fevralning ikkinchi yarmida er yuzasiga chiqadi. Martning boshlaridan faol hayot kechiradi. Bahorda kun bo‘yi harakatda bo‘lsa, may oyidan boshlab butun yoz oylarida ertalabki va qorong‘i tushishdan oldingi soatlarda faol bo‘ladi. Aprelning o‘rtalarida tuxum qo‘yishga kirishadi va bu avr iyunning boshlarigacha davom etadi. Kaltakesakchaning organizmida tuxumi 1 oyga etmasdan etiladi. Tuxumlarning soni 3-4, ba’zan 5 tagacha etadi. Ko‘payish mavsumida 2 marta tuxum qo‘yadi, biroq ko‘payish sikli qisqa muddat ichida yakunlanadi. Inkubatsiya davri taxminan 35-40 kun davom etadi. Mayning ikkinchi yarmida tuxumdan yosh kaltakesakchalar chiqadi. Ular kelgusi yilning bahorida jinsiy voyaga etadi. Qish nisbatan iliq kelgan yillarda dekabr- fevral oylarida ham uchratish mumkin. Surxondaryo viloyatida dekabrning quyoshli kunlarida er yuzasiga chiqib, inidan uzoqlashmasdan chumolilar bilan oziqlanganligi qayd etilgan. O‘rtacha kaltakesakcha ozuqasining tarkibi o‘rgimchaklar, chumolilar, saratonlar, qo‘ng‘izlar, arilar, chivinlar, hasharotlarning lichinkalaridan iborat. Tullash davri aprel-oktabr oylarida o‘tadi. Echkemar, o‘qilon va boshqa ilonlar uning tabiiy kushandalari bo‘lishi mumkin. Bu kaltakesakcha tabiatda bir yil umr ko‘radi, xolos. Terrarium sharoitida 20 oy yashaganligi aniqlangan.
Chiziqli kaltakesakcha - Eremias lineolata (Nikolsky, 1896)
Maqomi: Lokal hududlarda ko‘p sonli tur.
Tarqalishi: Ustyurt, Amudaryo quyi oqimi, Qizilqum, Qarshi cho‘li, Buxoro vohasi, Surxondaryo viloyati janubida uchraydi.
Yashash joylari: Asosan buta va efemerli o‘simliklar joylashgan mustahkamlangan qumliklar, kamdan-kam sho‘r tuproqli va sertuproqli erlarda kuzatiladi.
Biologiyasi: Yaxshi yugurish, buta shoxlariga chiqish, shoxdan-shoxga sakrash qobiliyatiga ega. Havo harorati ko‘tarilganda qizigan qum ustidan yugurib, singan novdalar ustida dam oladi. Hasharotlar, kemiruvchilar va o‘zlari qazigan inlarida xavf-xatardan saqlanadi. Bahorda mart-aprel oylarida qishki uyqudan keyin er yuzasiga chiqadi. Oktabrda qishki uyquga ketadi. Faolligi kunduzi havo harorati ko‘tarilganda boshlanib, jazirama issiqda bir muncha pasayadi. Quyosh botishidan ilgariroq tungi dam olishga ketadi. Apreldan iyungacha juftlashishi qayd etilgan.Tuxum qo‘yish davri may oyidan boshlanadi va avgustning birinchi yarmida ham davom etadi. Bu esa ko‘payish mavsumida bir necha marta tuxum qo‘yishga ulgurishidan dalolat beradi. Urg‘ochisida 1-6 follikula rivojlanadi, lekin qo‘yiladigan tuxumlarining soni 1-2 tani tashkil qiladi. Iyulda yoshkaltakesakchalarni ko‘rish mumkin. Ozuqasining tarkibi umurtqasizlardan, hasharotlar, o‘rgimchaklar, falangalardan iborat. Ko‘proq chumolilar, saratonlar, qo‘ng‘izlar bilan oziqlanadi. Termitlar, chigirtkalar va boshqa hasharotlar ham ratsionida uchraydi. May-iyun va sentabr oylarida tullashi kuzatilgan. Bu tur o‘qilon, sharq bo‘g‘ma iloni, to‘r kaltakesaklar uchun ozuqa ob’ekti bo‘lib xizmat qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |