10-mavzu. Turkistonning xonliklarga bo‘linib ketishi, uning sabablari va oqibatlari.
XV asr oxiri - XVI asr boshlarida Movarounnahrdagi
ijtimoiy-siyosiy hayot. Shayboniylar va Ashtarxoniylar sulolasi
XV asrning 90-yillarida Movaraunnahrdagi temuriylar saltanati amalda mustaqil
boshqariladigan viloyatlarga aylanib qolgan edi. Kichik bir viloyatda hokimlik qilayotgan
temuriy shahzodalarning har biri poytaxt Samarqandni egallash, bobokalonlari o‘tirgan
taxtga chiqib, butun mamlakatga yagona hukmdor bo‘lish orzusida edilar. Bu niyatga yetish
uchun ular o‘rtasida o‘zaro ichki nizo avj olib ketgan bo‘lib, mamlakat aholisining ham
temuriylardan noroziligi kuchayib borayotgan bir davr edi.
Samarqand hukmdori Sulton Ahmad Mirzoning 1494-yilda vafot etishi, bu holatni
yanada keskinlashtirdi, mamlakatda boshboshdoqlik, ko‘p hokimiyatchilik vujudga keldi. Bu
vaziyatdan temuriylarning shimoldagi qo‘shnisi, Dashti Qipchoqda o‘z hokimiyatini
mustahkamlab olgan Muhammad Shayboniyxon (1451-1510) foydalanib qolish uchun 1497-
yilda Movaraunnahrni egallash uchun birinchi marta qurol bilan bostirib kirdi. Bunga 1496-
yilda Samarqand taxtiga o‘tqazilgan Boysunqur mirzo ibn Sulton Mahmud (1479-1499)ning
boshqa temuriy shahzodalardan Samarqandni mudofaa qilishda ittifoqchilikka chaqirib
qilgan taklifi ham sabab bo‘lgan edi.
XI asrdan boshlab Balxash ko‘li va Sirdaryoning quyi oqimlaridan Dnepr
daryosining quyi oqimlarigacha bo‘lgan hududlarda qipchoq va boshqa turkiy qabilalarning
hukmronlik qilganliklari sababli bu hudud Dashti Qipchoq deb atalgan. Dashti Qipchoq
chegaralari ba’zan Kavkaz tog‘lari, Qora va Kaspiy dengizlarigacha yetib borgan. Bu yerda
Botuxon 1236-yilda asos solgan Oltin O‘rda davlati XIV asr boshlarida ikki qismga ajralib
ketgan bo‘lib, uning sharqiy qismida ayrim tarixiy manbalarda “O‘zbeklar mamlakati” deb
yuritilgan Oq O‘rda davlati tashkil topdi. Bu hududda Jo‘jixonning beshinchi o‘g‘li Shaybon
urug‘idan bo‘lgan Abulxayrxon (1412-1468) 1428-yilda mustaqil davlatga asos soldi.
Oltin O‘rda, Mo‘g‘uliston va temuriylar davlatlaridagi o‘zaro urush va
parokandalikdan ustalik bilan foydalangan Abulxayrxon o‘z davlati hududlarini ancha
kengaytirib oldi. Lekin urug‘ boshliqlarining mustaqil hukmronlikka intilishlari va 1468-
yilda Abulxayrxon vafoti bu davlatning inqirozga uchrashiga sabab bo‘ldi. XV asrning 80-
yillariga kelib, Abulxayrxonning nabirasi, Budoq Sultonning o‘g‘li Muhammad Shohbaxt
Shayboniyxon (1451-1510) bobosining davlatini qayta tiklab, shayboniylar sulolasiga asos
soldi. Yoshligida yetim qolgan Muhammad ukasi Mahmud bilan Muhammad Mazid
tarxon, Sultonali mirzo homiyligida Turkiston, Samarqand, Buxoro shaharlarida ilohiyat
olimlari Muhammad Xitoiy, Hofiz Husayn Busuriy kabi ulamolardan saboq olib, o‘z
davrining bilimdon, o‘qimishli kishisi, iste’dodli shoiri bo‘lib yetishdi. Muhammad
Shayboniyxon buyuk davlat tuzish faoliyatini dastlab lashkar to‘plash va yollanma qo‘shin
lashkarboshisi sifatida temuriylarga xizmat qilishdan boshladi. Shayboniyxon yollanma
qo‘shin boshlig‘idan xon darajasiga ko‘tarildi.
XV asr 90-yillarining o‘rtalaridan Movaraunnahrning siyosiy hayotida Amir
Temurning evarasi Zahiriddin Muhammad Bobur (1483-1530) ham sezilarli rol o‘ynay
boshladi. 1494-yil 10 iyun kuni 12 yoshida Farg‘ona taxtiga o‘tirgan yosh Bobur amakisi
Sulton Ahmad (1469-1494 yy. Samarqand hokimi), Toshkent hokimi, tog‘asi Sulton
Mahmudlar hujumlarini qaytarib, 1496 yilda Samarqand shahrini qamal qiladi, lekin qish
yaqinlashib qolgani uchun qamalni to‘xtatadi. 1497-yil mayida Bobur Samarqandni ikkinchi
bor qamal qilganida Shayboniyxon bilan birinchi marta yuzma-yuz bo‘ldi. Boysunqur
mirzoning Shayboniyxonga Samarqand darvozasini ochmagani sababli, u Bobur bilan jang
qilmasdan maydonni tashlab ketdi. 7 oylik qamaldan keyin Samarqandni egallagan Bobur
poytaxtda 100 kun hukmronlik qildi. Farg‘onada ukalari sabab kelib chiqqan nizoni bartaraf
etish uchun Bobur Samarqandni tashlab chiqdi va 1500 yilgacha u yerda tinchlik o‘rnatish
153
bilan ovora bo‘ldi. Butun Movaraunnahr yerlarini birlashtirish maqsadi bilan yonayotgan
Bobur hatto tinchlik uchun Farg‘onani ham ikki qismga bo‘lib, ukasi Jahongirga
Sirdaryoning shimoliy qismini berishga majbur bo‘ldi.
Bu paytda asosiy maqsadi Temuriylar saltanatiga butunlay barham berish bo‘lgan
Shayboniyxon Buxoro, Samarqand, Qarshi, G‘uzor, Shohruxiya shaharlarini egalladi. Bu
shaharlardagi dasht o‘zbeklarining qirg‘in va talonchiliklari mahalliy xalq ichida
Shayboniyxonga qarshi harakatlarning paydo bo‘lishiga sabab bo‘ldi. Bundan foydalangan
Bobur 1501 yilda Samarqandni ikkinchi marta egalladi.
Movarounnahrda o‘zining asosiy raqibi Bobur ekanligini sezgan Shayboniyxon
asosiy kuchlarini Samarqand yaqiniga to‘plab hal qiluvchi jangga kirdi. Ochiq jangda
yengilgan Bobur shaharga kirib, mudofaaga kirishdi, lekin boshqa temuriylardan yordam
bo‘lmagach, Shaybonixon bilan sulh tuzib, Samarqandni tashlab chiqishga majbur bo‘ldi.
Shundan keyin Bobur 250 kishisi bilan Afg‘onistonga keldi va Qobul podsholigiga asos
soldi. 1510-yilda Marv yaqinida Shayboniyxon qo‘shini ustidan g‘alaba qozongan Eron
shohi Ismoil Saffaviy Bobur Mirzoga birgalikda Samarqandga qo‘shin tortishni taklif etdi.
Bu taklifni qabul qilgan Bobur Muhammad Shayboniyxon vafoti (1510) bilan o‘zaro
kelishmovchilik sababli ancha zaiflashib qolgan shayboniylar hukmronligi ostidagi Hisor,
Ko‘lob, Qunduz, Badaxshon, Qarshi, yerlarini egallab, Samarqand shahrini 1511-yilda
uchinchi marta bosib oldi.
Boburning ittifoqchilari, shia mazhabidagi Eroniy qizilboshlilarning talon-tarojlari
sababli mahalliy aholi Boburni qo‘llab-quvvatlamadi. 1512-yil oxirlarida Ubaydulla sulton
qo‘shinlaridan Buxoro yaqinida mag‘lubiyatga uchragan Bobur Movaraunnahrdan, butunlay
umidini uzib ketdi. Qobul atrofida o‘z hukmronligini to‘la mustahkamlab, 1526-yil boshida
Hindistonga yurish boshladi va u yerdagi Ibrohim Lo‘diyning qo‘shinlarini to‘la tor-mor
keltirib, yangi saltanat-Boburiylar saltanatiga asos soldi. Bu saltanat Hindistonda 332 yil
(1526-1858-yillar) hukmronlik qildi.
1487-1488-yillarda O‘tror, Sayram, Yassa (Turkiston), Sig‘noq shaharlarini bosib
olib, o‘z hukmronligini Dashti Qipchoqda mustahkamlagan Muhammad Shayboniyxon
1499-yildan Movaraunnahrni egallashga jiddiy kirishdi. U yerdagi asosiy dushmani
Boburdan 1501 yilda Samarqandni tortib olgan Shayboniyxon 1503 yilda Toshkentni, 1504-
yilda Xisorni, 1505-yilda 10 oylik qamaldan keyin Urganchni, 1507-yilda Hirotni, 1509-
yilda Marvni o‘ziga bo‘ysindiradi. Natijada Dashti Qipchoq, Xorazm, Movaraunnahr,
Xurosonni birlashtirgan Shayboniyxon Mashhad va Tus shaharlarini egallab Eronda Shoh
Ismoil asos solgan Saffaviylar davlatiga xavf soladi. 1510 yilda Marv yaqinidagi jangda
Shoh Ismoil qo‘shinlaridan mag‘lubiyatga uchragan Muhammad Shayboniyxon og‘ir
yarador bo‘lib, vafot etadi.
Muhammad Shayboniyxon vafotidan keyin Ko‘chkunchixon (1512-1529) va Abu
Sa’id (1523-1533) davrida Movarounnahr va Xurosonda markaziy hokimiyat zaiflashib,
amirlar va sultonlar o‘rtasida nizo kuchaydi. Bu paytda Xorazm mustaqil davlat bo‘lib
ajralib chiqdi va Turkiston yerlari parchalandi. O‘zaro urushlarga birmuncha barham bergan,
Shayboniyxonning ukasi Mahmud Sultonning o‘g‘li Ubaydulla Sulton 1512 yilda Buxoro
hukmdori bo‘lgan bo‘lsa, 1533-yildan butun markazlashgan o‘zbek davlatining Oliy
Hukmdori etib saylandi. Ubaydullaxon poytaxtni Samarqanddan Buxoroga ko‘chirdi.
XVI asrning 40-yillariga kelib feodallar va mahalliy sulolalar o‘rtasida shaharlar va
hududlar uchun kurash avj olib ketdi. Samarqand hukmdori Abdulatifxon (1541-1552-yy.)
bilan Buxoro xoni Abdulazizxon (1540-1550 yy.) o‘rtasidagi kurashni Toshkent va Sirdaryo
bo‘yidagi shaharlarning hukmdori Baroqxon (Navro‘z Ahmadxon, 1540-1556) yanada
kuchaytirdi. U hatto 1551-yilda Samarqandni bosib oldi. Karmana va Miyonqol hukmdori
Abdulla Sulton Baroqxonga qarshi kurash olib bordi. Bu kurashlarda Iskandar Sultonning
o‘g‘li Abdullaxon (1534-1598) o‘zining qat’iyatliligi, yaxshi siyosatchi va sarkardalik
qobiliyati bilan ajralib turdi. U 1561-yilda otasi Iskandarxonni oliy hukmdor deb e’lon qildi.
154
Abdullaxon II markazlashgan Shayboniylar davlatini tiklash maqsadida amirlar va
sultonlar bilan ayovsiz kurash olib bordi. Tinimsiz urushlar natijasida Farg‘ona (1573),
Shahrisabz, Qarshi, Hisor viloyatlari (1574), Samarqand (1578), Toshkent, Shohruhiya,
Sayram, Ohangaron (1582), Balx (1583), Badaxshon (1584), Hirot (1588), Xorazm (1595),
Abdullaxon qo‘l ostiga birlashtirildi. U 1561-1583-yillarda otasi nomidan, 1583-1598-
yillarda rasmiy xon sifatida davlatni boshqardi. Ammo 1598-yilda Abdullaxon II vafotidan
so‘ng uning o‘g‘li Abdulmo‘min uzoq muddat taxtni boshqara olmadi. So‘nggi Shayboniy
hukmdori Pirmuhammad II (1599-1601) ham bebosh amirlarni tiyib qo‘ya olmadi.
XV asrning oxiri XVI asr Dashti Qipchoq, Movaraunnahr va Xurosonda bo‘lib
o‘tgan ijtimoiy-siyosiy voqealar, iqtisodiy madaniy ahvoli to‘g‘risida qimmatli ma’lumotlar
beruvchi asarlar juda ko‘p. Bular ichida Zahriddin Muhammad Boburning (1453-1530)
“Boburnoma”, shoir va tarixchi olimlardan Kamoliddin Binoiy (1453-1512) va Muhammad
Solih (1453-1535)larning forsiy va o‘zbek tilda bitilgan “Shayboniynoma” asarlari,
Xondamirning “Habib us-siyar”, Fazlulloh ibn Ruzbehon (1457-1530) ning
“Mehmonnomayi Buxoro”, noma’lum muallifning “Tavorixi guzida”, “Nusratnoma”, Mirzo
Muhammad Haydar (1500-1556)ning “Tarixi Rashidiy”, Abdulloh Nasrullohiyning “Zubdaj
ul-Osor”, Xo‘ja Qulibek Balxiyning “Tarixi Qipchoqxoniy” va Hofiz Tanish Buxoriy (1547-
1604) ning “Sharofnomayi shohiy“ (“Abdullanoma” nomi bilan mashhur) asarlari alohida
ahamiyatga ega.
Muhammad Shayboniyxonning markaziy hokimiyatni mustahkamlash uchun amalga
oshirgan ba’zi chora tadbirlari, beklarning kuchayishi va o‘zaro kurashlariga ham sabab
bo‘ldi. Masalan, davlat boshqaruvi sohasida suyurg‘ol tizimining joriy etilib, bosib olgan
hududlarda boshqaruv ishining farzandlari, qarindosh-urug‘lari, qabila boshliqlariga
topshirilishi uning vafotidan keyin markaziy hokimiyatdan mustaqil bo‘lishga intilishlarni
kuchaytirdi.
Mamlakat xo‘jaligini tiklash uchun bo‘sh yotgan yerlar, vafot etgan yoki soliqlar
og‘irligidan ko‘chib ketgan mahalliy mulkdorlar yerlari qayta taqsimlandi. Bu esa ijtimoiy
hayotni tartibga solishga yordam berdi.
Iqtisodiyotni tartibga solish, savdo sotiqni jonlantirish maqsadida 1507 yilda pul
islohoti o‘tkazilib, markaziy shaharlarda vazni bir hil bo‘lgan (5,2 gramm) kumush va mis
chaqa pullar zarb qilindi. Asosan markaziy hokimiyatning siyosiy, iqtisodiy mavqeyini
kuchaytirish, shayboniy xonlari va beklari hukmronligini mustahkamlashga qaratilgan bu
islohot Shayboniyxon vafotidan keyin kuchayib ketgan o‘zaro urushlar natijasida yaxshi
natija bermadi va pul qadrsizlandi. 1515-yilda oliy hukmdor Ko‘chkunchixon pul islohoti
o‘tkazishga majbur bo‘ldi. Ayniqsa, Abdullaxon II davrida o‘tkazilgan pul islohotlari xonlik
iqtisodiy hayotida katta ahamiyat kasb etgan bo‘lib, markaziy hokimiyat kuchayishi,
xazinaga foyda tushishi va savdo-sotiqning jonlanishiga yordam berdi.
Pul islohotini bosqichma-bosqich o‘tkazgan Abdullaxon II oltin, kumush, mis
pullarni otasi nomidan (1560-1583) chiqarganda mamlakatdagi bir qancha shaharlarda pul
zarb qilingan bo‘lsa, mustaqil hokimiyatni boshqargan yillarida (1583-1598), asosan,
Buxoroda markazlashgan pul zarb qilishni yo‘lga qo‘ydi. Manbalarga qaraganda,
Abdullaxon II ba’zan Balx, Samarqand hamda Toshkentda kam miqdorda pul chiqarishga
ruxsat bergan.
Muhammad Shayboniyxon davrida ta’lim sohasida ham islohot o‘tkazilib, unga ko‘ra
bola 6 yoshdan maktabga berilgan va ikki yil o‘tgach madrasaga o‘tkazilgan. Madrasa uch
bosqichdan iborat bo‘lib, har bosqichda 8 yildan o‘qitilgan. Bu davrda ilohiyot, hisob-kitob,
matematika, she’r san’ati kabi fanlar o‘qitilgan.
Iqtisodiy hayotda su’niy sug‘orish asosiy rol o‘ynaganligi sababli shayboniylar
davrida suv inshootlari qurilishiga ancha e’tibor berildi. 1502-yilda Zarafshon daryosida
qurilgan suv ayirg‘ich, 1556-1585-yillarda Qashqadaryo, Zarafshon, Amudaryo, Murg‘ob va
155
Vaxsh daryolaridan chiqarilgan kanallar, suv ayirg‘ich va suv omborlari buning yaqqol
misoli bo‘la oladi.
Xonlik iqtisodiyotining asosiy tarmoqlari qishloq xo‘jaligi, savdo-sotiq va
hunarmandchilik bo‘lib, yer asosiy boylik hisoblangan. Shayboniylar davrida mulkiy
munosabatlarda aytarlik o‘zgarishlar yuz bermadi. Dashti qipchoqdan kelgan o‘zbeklar yer
egaligi munosabatlarini boshidan kechirayotgan bo‘lib, ular Movaraunnahrga yangi ishlab
chiqarish munosabatlarini olib kelganlari yo‘q, balki temuriylar davrida shakllangan
ijtimoiy-iqtisodiy tizimni qabul qildilar, hamda unga moslashdilar.
Yer egaligining mulki sultoniy (davlat yerlari), mulki xolis (xususiy yerlar), vaqf
(diniy mahkamalarga qarashli yerlar) va qishloq jamoalari egalik qiladigan yerlar kabi asosiy
turlari bo‘lib, ular iqto`, suyurg‘ol, tanho va jog‘ir ko‘rinishida bo‘lgan. Davlat oldidagi
xizmatlari uchun harbiy-ma’muriy amaldorlarga va yirik din arboblariga beriladigan bunday
yerlarda yersiz dehqonlar ishlaganlar. Ular ham davlatga, ham amaldorga soliq to‘laganlar.
Shayboniylar davrida chorvachilik va hunarmandchilik ancha rivojlangan bo‘lib, ular
yetishtirgan mahsulot ichki va tashqi bozorlarda sotilgan. Hindiston, Eron, Rossiya kabi
mamlakatlar bilan savdo-sotiq qilingan.
Shayboniylar davrida 40 dan ortiq soliq va jarimalar bo‘lib, xiroj va zakotdan
tashqari, tagjoy jizya, ixrojat, tog‘ar, ulufa, qo‘nalg‘a, begar, madadi lashkar, boj, tuhfa kabi
nomlar bilan atalgan soliq turlari va yasoq deb ataluvchi majburiyatlar bo‘lgan. Soliq
to‘lovchi aholi fuqaro (rayiyat) deb atalgan. Juybor shayxlari kabi yirik ulamolar-din
peshvolari barcha soliqlardan ozod qilingan. Oliy tabaqaga xon va uning yaqinlari kirgan.
Harbiy-ma’muriy boshqaruv tizimidagi amaldorlar umaro, olim va shoirlar fuzalo deb
atalganlar, bundan tashqari yana shayboniylar davrida qullar ham bo‘lgan.
Shayboniylar davlati ma’muriy jihatdan viloyatlarga bo‘lingan bo‘lib, boshqaruv
tizimi markaziy va mahalliy amaldorlar qo‘lida bo‘lgan. Markaziy boshqaruvda xondan
keyin ko‘kaldosh, otaliq, naqib, parvonachi, vaziri a’zam kabi mansabdorlar dunyoviy
ishlarni boshqargan bo‘lsalar, shayx ul-islom, qozi kalon, a’lam, imom, sadr, muftiy, rayis
(muhtasib)lar diniy ishlarni nazorat qilganlar hamda no‘yon, tug‘begi, tovochi, jevachi,
qutvol, dorug‘a, to‘pchiboshi kabi harbiy unvonlar bo‘lgan. Mahalliy boshqaruv hokim va
beklar qo‘lida bo‘lib, bu jarayonda qozi, muftiy, rayislar muhim rol o‘ynaganlar.
Muhammad Shayboniyxon, Ko‘chkinchixon va Ubaydullaxonlar o‘z davrining
o‘qimishli kishilari bo‘lib, turkiy va forsiy tillarda ijod qilganlar. Abdulazizxon va
Abdullaxon II larda katta kutubxona mavjud bo‘lgan. Bu davrda matematika, astronomiya,
tibbiyot, tarix, adabiyot sohalarida ko‘zga ko‘rinarli ajoyib asarlar yaratilgan. Shayboniylar
davrida qurilgan Mir Arab madrasasi (1535-1536), Masjidi Kalon (1540-1541), Toqi
Zargaron (1559), Toqi Sarrofon (1559), kabi inshootlar va Modarixon madrasalari hozirga
qadar me’morchiligimizning ajoyib namunalari sifatida saqlanib turibdi. Shayboniylardan
Abdullaxon II davrida markaziy hokimiyatni mustahkamlash yo‘lida olib borilgan urushlar
natijasida temuriylar davridagi ko‘pgina inshootlar vayron qilingan bo‘lsa, ikkinchi
tomondan u ko‘plab rabot, sardoba, madrasa, masjid, ko‘prik, suv omborlarini qurdirib,
mamlakat obodonchiligiga katta hissa qo‘shgan.
Shayboniylar davlatidagi quyi tabaqa-mehnatkashlar bilan zodagonlar, mahalliy
hokimiyat bilan markaziy hokimiyat o‘rtasidagi asosiy ziddiyatlar bu sulola hukmronligining
inqirozga yuz tutishiga sabab bo‘ldi. Mamlakatni birlashtirish, markazlashgan hokimiyat
qurish uchun kurashlarda Abdullaxon II shayboniyzodalarning ko‘pchiligini qatl qilgan
bo‘lsa, uning o‘g‘li Abdulmo‘min o‘z mavqeini saqlab qolish uchun eng yaqin
qarindoshlarini ham o‘ldirtirdi. Natijada 6 oy ham hokimiyatga ega bo‘la olmagan
Abdulmo‘min vafotidan keyin mamlakatni idora qilishga layoqatli shayboniylardan biror
kishi qolmadi. Ularning oxirgi hukmdori Pirmuhammad o‘z hukmronligini shayboniylar
davlatining kichik bir bo‘lagida o‘rnatib, o‘zaro janglarda halok bo‘ldi. Bu vaziyatdan
foydalangan Xorazm o‘z mustaqilligini tiklab oldi.
156
Eron shohi Abbos I Hirotni, Sabzavor va Mashhadni egalladi, qozoq sultonlari
Toshkent va Samarqandni bosib olib, Buxoroni qamal qildilar. Ana shunday og‘ir sharoitda
Buxoro zodagonlari Joni Muhammad Sulton (Jonibek)ni taxtga taklif qilib, 1601-yilda uning
nomiga xutba o‘qitdilar va Jonimuhammadxon Buxoro xoni deb e’lon qilindi. Shu yildan
boshlab Buxoro xonligida ashtarxoniylar nomini olgan sulola hukmronligi boshlanib, u
1753-yilgacha hokimiyatga mang‘itlar sulolasi chiqqunga qadar davom etdi.
Ashtarxoniylar XIV asrning 80-yillaridan boshlab Astraxan (Hoji Tarxon, Ashtarxon)
atroflarida hukmronlik qilganlar. 1556-yilda rus knyazlari Astraxanni bosib olgach,
ashtarxoniylardan Yormuhammad Buxoroga kelib, Iskandar sultondan panoh topdi. Iskandar
sulton qizi Zuhraxonimni Yormuhammadning o‘g‘li Jonibekka bergan. Jonibek sultonning
Zuhraxonimdan uchta o‘g‘li (Dinmuhammad, Boqimuhammad, Valimuhammad) bo‘lgan.
Jonibek sulton Buxoro xoni deb e’lon qilingach, o‘g‘li Dinmuhammad foydasiga
taxtdan voz kechadi. Seyiston hukmdori bo‘lgan Dinmuhammad Hirot yaqinida safaviylar
bilan bo‘lgan jangda halok bo‘ladi va taxtga Boqimuhammad (1601-1605) o‘tqazilib, ukasi
Valimuhammad (1605-1611) voris deb e’lon qilinadi.
Boqimuhammad 1602-yilda Balxni egalladi, 1603-yilda eroniylarning Balxga
hujumini qaytardi. 1604-yilda qozoq xoni Kelimuhammad qo‘shinlariga zarba berib, davlat
hokimiyatini
mustahkamlashga
harakat qildi. Undan keyin taxtga ko‘tarilgan
Valimuhammad o‘zi mustaqil harakat qilolmas, davlat ahamiyatiga molik masalalarni
beklarning roziligi bilangina hal etar edi. Mustaqil boshqaruvga intilgan beklar xonga
bo‘ysunmay qo‘yishgan. O‘zaro ichki kurash, tarafkashlik Valimuhammadga qarshi fitna
uyushtirishga olib kelgan va buning natijasida Imomqulixon (1611-1642) taxtni egallagan
edi.
Imomqulixon mahalliy beklarni bo‘ysundirish, Eron qo‘shinlariga zarba berishda
qozoq sultonlari kuchlaridan foydalandi. Mamlakat hududlarini kengaytirgan Imomqulixon
Toshkentga o‘g‘li Iskandar sultonni hokim qilib qo‘ydi, lekin 1613 yilda Iskandar zulmidan
bezor bo‘lgan toshkentliklar isyon ko‘tardi, Iskandar o‘ldirildi. Imomqulixon bu xabarni
eshitib, Toshkentga katta qo‘shin bilan kelib, isyonchilarni bostirdi va aholini qirg‘in qildi. U
qozoqlar, qalmoq (jung‘or)lar, mo‘g‘ullar va qoraqalpoqlarga qarshi muvaffaqiyatli kurash
olib bordi. Bu Imomqulixonning mavqeyini mustahkamladi, xon hokimiyati kuchaydi. Uzoq
vaqt hukmronlik qilgan Imomqulixon zodagonlarning qarshi chiqishlari va o‘zaro
kurashlarini birmuncha vaqt to‘xtatishga muvaffaq bo‘ldi. Lekin urug‘ amirlarining
ko‘pchiligi xon hokimiyatini tan olmas edilar. Ular ichki, hatto tashqi masalalarda ham to‘la
mustaqil faoliyat olib borganlar. Bir necha yil Samarqandni boshqargan yirik yer egasi
Yalangto‘shbiy shunday amirlardan biri edi.
1642-1645-yillarda hukmronlik qilgan Nodirmuhammad mamlakat hududlarini 12 ta
o‘g‘li va ikkita jiyaniga bo‘lib berib, ijtimoiy-siyosiy tarqoqlikni kuchaytirdi. Uning
zodagonlar bilan kelisha olmasligi davlat asoslarining zaiflashuviga olib keldi. Natijada
uning poytaxtda yo‘qligidan foydalanib amirlar Abdulazizxon (1645-1680)ni xon deb e’lon
qildilar. Nodirmuhammad Balx shahriga qochdi va Hindiston hukmdori Shohjahon (1628-
1658)dan yordam so‘radi. Ammo, uning yordami muvaffaqiyatli bo‘lmadi.
Abdulazizxon hukmronligi yillarida Xiva xonlari Abulg‘ozixon (1643-1663) va
uning o‘g‘li Anushaxon (1663-1687) Buxoro hududlariga bir necha marta talonchilik
yurishlarini amalga oshirdilar. Xorazmliklar 1655-yilda Qorako‘l, Buxoro atroflarini, 1662-
1663 yillarda Buxoro va Buxoro atroflariga hujum qilib, u yerlarni talon-taroj qildilar.
Dushman qo‘shinlariga zarba berish, o‘zaro feodal urushlarni to‘xtatish imkonini topa
olmagan Abdulazizxon taxtdan voz kechdi. Uning o‘rniga taxtga o‘tirgan ukasi
Subhonqulixon (1680-1702) davrida ham Buxoro-Xiva munosabatlari murakkabligicha
davom etdi. Ayniqsa, Samarqand amirlarining Xiva xoni Anushaxon hukmronligini tan olib,
uning nomiga xutba o‘qitishlari ba’zi amirlarning noroziligiga sabab bo‘ldi. Shunday
vaziyatda Subhonqulixonni Mahmudbiy qatag‘on qo‘llab quvvatladi, samarqandliklar
157
jazolandi. Shunga qaramay Buxoro va Xiva munosabatlari keskin bo‘lib qolaverdi. XVII asr
oxiri XVIII asr boshlarida tinimsiz bo‘lib turgan o‘zaro kurashlar, siyosiy tartibsizliklar xalq
ommasining ahvolini og‘irlashtirdi, soliqlar ko‘payib, poraxo‘rlikning avj olishi,
boshboshdoqlik mamlakat xo‘jaligining vayrona holga kelib, izdan chiqishiga olib keldi.
Shunday og‘ir vaziyatda vafot etgan Subhonqulixon o‘rniga Ubaydullaxon (1702-1711)
taxtga o‘tirdi. U markaziy hokimiyatni mustahkamlash, mustaqillikka intilgan bebosh
amirlarni bo‘ysundirish, ko‘tarilgan qo‘zg‘olonni bostirish uchun tinimsiz urushlar olib
bordi. Ubaydullaxon yirik zodagonlar, qabila boshliqlarining mavqeyini pasaytirish, siyosiy
tarqoqlikni bartaraf etish maqsadida ularni markaziy hokimiyatdan chetlashtirdi, hatto diniy-
siyosiy hokimiyatga katta ta’siri bo‘lgan Jo‘ybor shayxlarini soliq to‘lamaslik imtiyozidan
mahrum etdi. Yana davlatni boshqarishga hunarmandlar va savdogarlarning bolalarini jalb
qilib, o‘ziga ishonchli yangi amaldorlarni shakllantirishga harakat qilgan Ubaydullaxon
faoliyati yuqori tabaqa vakillarining noroziligiga sabab bo‘lgan bo‘lsa, 1708-yilda markaziy
hokimiyatni kuchaytirish uchun o‘tkazgan pul islohoti aholining o‘rta tabaqasi orasida ham
xonning ta’sirini ancha pasaytirdi.
Ashtarxoniylar orasida nisbatan qat’iyatli, markaziy hokimiyatni mustahkamlash
uchun bir necha tadbirlarni amalga oshirgan Ubaydullaxon davrida ijtimoiy-siyosiy
parokandalik kuchaydi va uning o‘zi fitna qurboni bo‘ldi. Fitna ishtirokchisi bo‘lgan ukasi
Abulfayzxon (1711-1747) taxtga chiqarildi. Irodasi kuchsiz Abulfayzxon kuchli amirlar
ta’siridagi qo‘g‘irchoq xon sifatida tarixda qoldi. U nomigagina xon bo‘lib, haqiqiy
hokimiyat kuchli amirlar qo‘lida bo‘lgan. Ayniqsa, Abdullabiy, Ibrohimbiy, Muhammad
Hakimbiylar davlat boshqaruvida katta ta’sirga ega bo‘lganlar. Abulfayzxon davrida siyosiy
tarqoqlik g‘oyatda kuchayib, har bir viloyat amalda mustaqil boshqaruvga ega bo‘lgan
hokimiyatga aylanib qolgan edi. Toshkent, Xo‘jand, Balx, Badaxshon, Shahrisabz, Hisor va
uning atrofidagi yerlar Buxoroga bo‘ysunmagandi. Bu porakandalik markaziy hokimiyatda
yuqori mavqega ega bo‘lishga intilgan biylar o‘rtasidagi kurash sababli ro‘y bergan edi. Bu
kurashda Shahrisabz hokimi kenagas Ibrohimbiy bilan barcha shahzodalar otaliqlarining
boshlig‘i bo‘lgan mang‘it urug‘idan chiqqan Muhammad Hakimbiylar katta rol o‘ynadilar.
Ibrohimbiy Samarqand poytaxti bo‘lgan mustaqil davlat tuzish maqsadida qarindoshi
Rajab Sultonni Samarqand hokimi deb e’lon qildi va Buxoroga qarshi yurish qildi.
Biylarning o‘zboshimchaligiga qarshi qat’iyat bilan kurashayotgan Muhammad Hakimbiy
to‘qnashuvda mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsa ham, Buxoro ahlining qattiq qarshiligi sababli
Rajab Sulton shaharni egallab ololmadi.
Buxoro xonligidagi porakandalik, o‘zaro urushlar 1736-yilda Eronda hokimiyatni
egallab, mustahkamlanib olgan Nodirshoh Afshar (1736-1747) e’tiboridan chetda qolmadi
va u Buxoro va Xiva xonlarini o‘ziga bo‘ysundirish harakatini boshladi. 1740 yilda Eron
hukmdori Buxoroga qo‘shin tortganda Abulfayzxon og‘ir shartlarga ko‘nib, sulh tuzishga
majbur bo‘ldi va Nodirshoh hokimiyatini tan oldi. Abulfayzxonning Eronga qaramligini tan
olish bilan Ashtarxoniylarning mustaqil hukmronligi tugadi. Mamlakat boshqaruvi 1743-
yilgacha Muhammad Hakimbiy, uning vafotidan keyin Muhammad Rahimbiy qo‘lida bo‘ldi.
1747-yilda Nodirshoh vafoti bilan Abulfayzxon o‘ldirildi, uning vorislari Abdulmo‘min
(1747-1748), Ubaydulla III (1748-1756) nomigagina xon deb e’lon qilinib, davlat hokimiyati
amalda Muhammad Rahimbiy asos solgan mang‘itlar sulolasi qo‘liga o‘tdi. Chingizxon
avlodiga mansub bo‘lmagan Muhammad Rahim 1753-yilda o‘z nomiga xutba o‘qittirib,
o‘zini amir deb atadi. Mang‘itlar sulolasining 1920-yilgacha hukmronlik qilgan davri tarixda
shuning uchun ham Buxoro amirligi deb ataldi.
Ashtarxoniylar davrida Movaraunnahr siyosiy, iqtisodiy va madaniy sohalarda
inqirozga yuz tutib, uchta mustaqil davlatning shakllanishi bilan izohlanadi. O‘zaro urushlar
va chet el bosqinchilarining hujumi mamlakat iqtisodiy hayotini to‘la izdan chiqardi. Suv
inshootlari qarovsiz qolib, ko‘pgina ekin ekiladigan yerlar izdan chiqdi. Bu mamlakat
iqtisodiy, ijtimoiy hayotida og‘ir holatni keltirib chiqardi.
158
Siyosiy hayotda shayboniylar davridagi davlat tuzumi asosan o‘zgarmagan bo‘lsa
ham, boshqaruvda otaliqlar va dindorlarning mavqei oshib, mamlakat siyosiy hayotini hal
qilish ularning qo‘liga o‘tgan edi. Bu ijtimoiy tuzumga ta’sir qilib, xon va uning amaldorlari
harbiy-ma’muriy amaldorlar, urug‘ boshliqlari, yirik ulamolar fikri bilan hisoblashishga
majbur bo‘lardilar.
Harbiy sohada islohotlarning amalga oshirilmaganligi zamonaviy harbiy texnikaga
e’tibor berilmaganligi qo‘shinning salohiyatini pasaytirib, shayboniylar davrida Buxoroga
qaram yerlarning qo‘ldan chiqib ketishiga va hatto ashtarxoniylarning butunlay o‘z
mustaqilliklarini yo‘qotishlariga sabab bo‘ldi.
Tinimsiz olib borilgan urushlar qishloq xo‘jaligi kabi shahar hayotiga ham salbiy
ta’sir ko‘rsatdi. Sayido Nasafiy Buxoroda 200 xildan ortiq hunarmandchilik sohalari mavjud
edi deb ma’lumot bersa-da, ular juda tor doirada bo‘lib mamlakat iqtisodiy ahvolini
yaxshilashga sezilarli ta’sir ko‘rsata olmadi. Ubaydullaxon davrida o‘tkazilgan pul islohoti
savdogarlar va hunarmandlarning noroziligiga sabab bo‘ldi. Hunarmandchilik sohasidagi
yetakchi tarmoqlar to‘qimachilik va kulolchilik edi. Mamlakat iqtisodida dehqonchilik va
chorvachilik yetakchi soha sifatida bu davrda ham o‘z mavqeini saqlab qoldi. Xalq
xo‘jaligining bu sohalaridagi mahsulotlarning turli-tumanliligi ichki savdoga yo‘l ochib
bergan bo‘lsa, tashqi savdodan keladigan katta foyda chet mamlakatlar bilan iqtisodiy
aloqani rivojlantirib xon va uning amaldorlarini rag‘batlantirar edi.
XVI-XVII
asrlardan boshlab Buxoro xonligida Rossiya va uning turli shaharlari bilan savdo aloqalari
kuchayib bordi. Shu bilan birga qo‘shni mamlakatlar Hindiston, Eron, Qashqar hamda uzoq
Turkiya mamlakatlari bilan ham savdo aloqalari olib borildi.
Ashtarxoniylar davridagi ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy hayotdagi tanazzul madaniy
hayotga ham salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Dindorlar mavqeining kuchayishi aniq fanlarga nisbatan
e’tiborni pasaytirdi. XVII asrda Buxoro xonligida 150 dan ortiq madrasa faoliyat ko‘rsatgan
bo‘lsa-da, ularda zamon taraqqiyotiga ta’sir ko‘rsatish darajasidagi allomalar yetishib
chiqqani yo‘q. Bu dunyoviy ilmlar sohasida umuman ish qilinmadi degani emas.
Matematika, astronomiya, ayniqsa tibbiyot, tarixnavislik va adabiyot sohasida bir qancha
yangi asarlar yaratildiki, bular XVII asr va XVIII asr birinchi yarmidagi o‘zbek halqi
ma’naviy merosining buyuk namunalari sifatida qayd etiladi. Boboxo‘ja ibn Xoja Orif
Samarqandiy,
Mullo
Tursun
Faroyiziy
Samarqandiylar
falakiyot
sohasida,
Subhonqulixonning “Lubb ul-lavoyih ul-qamar fil-ixtiyorot”, “Ihyo at-tabibi Subhoniy”,
Sa’id Muhammad Tohir ibn Abulqosimning “Ajoyib ul-tabqot” asarlari shu davrdagi ko‘zga
ko‘ringan asarlar sirasiga kiradi.
Ashtarxoniylar davri ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va madaniy hayoti haqida ma’lumot
beruvchi Mirzo Sodiq Munshiyning “Dahmay shohon” majmuasi, Muhammad Balhiyning
“Subhonqulinoma” masnaviysi, Muhammad Amin Buxoriyning “Ubaydullanoma”,
Muhammad ibn Muhammad Zamon Buxoriyning “Muhit ut-tavorix”, Abdurahmon
Tole’ning “Abulfayzxon tarixi”, Muhammad Yusuf munshiyning “Muqimxon tarixi” va
boshqa asarlar shu davr madaniy hayotining ajoyib namunalaridir.
Bu davrda Turdi Farog‘iy (XVII asr), Boborahim Mashrab (1640-1711), So‘fi
Olloyor (1644-1723), Mirzo Abdulqodir Bedil kabi ijodkorlarimiz o‘z asarlari bilan o‘zbek
adabiyoti ravnaqiga salmoqli hissa qo‘shdilar. Xoja Samandar Termiziyning “Dastur ul-
muluk” asari Subhonqulixon davri davlatchiligi tarixi va tuzumi haqida ma’lumot bersa,
Mutribiyning “ Tazkirat ush-shuaro”, Maleho Samarqandiyning “Muzakkir ul-as’hob”,
mulla Sodiq Samarqandiyning “Riyoz ush-shuaro” kabi tazkiralari davr ilmiy muhiti va
ijodkorlari haqidagi asarlardir. Ularda 200 ga yaqin ijodkorlar hayoti va ijodi haqida fikr
yuritiladi.
Buxorodagi Abdulazizxon madrasasi va Nodir devonbegi tomonidan qurilgan Labi
Hovuz me’moriy majmuasi, Samarqand registoniga Yalangto‘shbiy qurdirgan Sherdor va
Tillakori madrasalari, Qarshidagi Yormuhammadbiy va Ho‘ja Qurbonbiy madrasalari,
159
Shahrisabz vohasidagi Xo‘ja Ilimkon me’moriy majmualari ashtarxoniylar davri
me’morchiligining yuksak namunalaridir. Markaziy hokimiyatning zaiflashuvi, o‘zaro
urushlar, siyosiy porakandalik bilan izohlanuvchi ashtarxoniylar davrida tarixnavislik,
adabiyot, me’morchilik sohasida qo‘lga kiritilgan bu yutuqlar, ijobiy siljishlar, mehnatkash
xalqimizning bunyodkorlik, yaratuvchanlik xislatlarining buyuk ko‘rinishidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |