147
hayotiga katta zarar yetkazib, inqiroziy holatlarga sabab bo`la boshladi. Abulqosim Bobur
Xurosonni o`z qo`li ostida birlashtirishga, Shohruh davlatidagi madaniy hayotni tiklashga
harakat qildi. Lekin 1454 yili uning Samarqandga yurishi muvaffaqiyatsiz tugab, 40 kunlik
shahar qamalidan keyin u yana orqaga qaytishga majbur bo`lgan edi.
1457-yili Abulqosim Bobur Mashhadda vafot etgandan so`ng Hirot taxti, Xuroson
yerlari uchun kurash yana avj oldi. Bunday vaziyatdan ustalik bilan foydalangan
Movarounnahr hukmdori Sulton Abu Said Mirzo 1457 yili Xurosonga yurish qilib Hirotni
egallaydi. Shu tariqa Abu Said temuriylar davlatining ikkala qismini birlashtirishga
muvaffaq bo`ladi. Sulton Abu Said Mirzoning (1451-1469) hukmronlik davrida davlat
hududlari kengayib, uning chegaralari Sharqiy Turkistondan to Iroqqacha, Sirdaryodan to
Hindiston chegaralarigacha bo`lgan yerlarni o`z ichiga oldi. O`z hukmronligi davrida Abu
Said doimiy ravishda hokimiyatini mustahkamlashga, isyonkor amaldor-noiblarni jazolashga
asosiy e’tiborini qaratdi.
Shuningdek, u birmuncha iqtisodiy va madaniy tadbirlar
o`tkazishga ham urindi. Lekin, uning bu sohadagi ishlari o`zining yaxshi natijasini bera
olmadi. Ma’rifat va madaniyat Ulug‘bek davridek gullab yashnamadi. Shuningdek, Abu Said
Xuroson, Eron, Xorazmdagi siyosiy tarqoqlikni ham butkul tugata olmadi. Hirot taxtiga
da’vogarlardan biri Umarshayxning evarasi, yosh temuriy shahzoda Sulton Husayn (1438-
1506) Abul Qosim Bobur vafotidan (1457 y.) keyin Xuroson mulki uchun o`z harakatlarini
boshlab yuborgan edi. U XV asr 60-yillaridan katta harbiy otryadga bosh bo`lib, 1461-1464-
yillarda Hirot, Obivard, Niso, Mashhad va Xorazmda hokimiyat uchun goh muvaffaqiyatli
goho muvaffaqiyatsiz kurashlarni olib bordi.
1469-yili erta bahorda temuriylarga avvaldan tegishli bo`lgan G‘arbiy eron yerlarini
qaytarib olish maqsadida Sulton Abu Said Oqqo`yunlo` turkmanlariga qarshi yurishni
boshlaydi. Biroq, oqqo`yunlo`lar hokimi Uzun Hasan (1453-1478) tomonidan
Ozarbayjonning Mug‘on dashtida jang vaqtida o`ldiriladi. Abu Saidning o`g‘illari Sulton
Husayn bilan toju-taxt uchun kurashishga botina olmay, Movaraunnahrga qaytib ketadilar.
Sulton Husayn esa 1469-yil 24-martda tantanali sur’atda Hirotga kirib keladi. Natijada
temuriylar saltanati yana ikki qism: Xuroson va Movaraunnahrga bo`linib ketadi.
Movaraunnahr esa ketma-ket sulton Abu Saidning o`g‘illari Sulton Ahmad (1469-1494),
Sulton Mahmud (1494-1496) hamda Mahmudning o`g‘li Sulton Ali Mirzo (1496-1501)lar
tomonidan mustaqil ravishda boshqarildi. Lekin ko`p holda ayniqsa Sulton Ahmadning
davlat boshqaruvidagi kaltabin, uquvsiz va sustkashligi, Sulton Mahmud va Sulton Ali
Mirzolarning davlat ishlarining o`z holiga tashlab, aysh-ishratga mukkalaridan ketganligi
bois ushbu hukmdorlar davrida o`zaro tarqoqlik yanada kuchayadi. Ayrim viloyat noiblari,
amirlarning ta’siri o`sib, ko`pincha ular mustaqil faoliyat yo`liga o`tib ola boshlaydilar.
Siyosiy hayot, ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarda ruhoniylarning, ayniqsa so‘fiylarning ta’siri
yanada kuchayadi. Xususan, shu davrning ko`zga ko`ringan diniy arbobi Xoja Ubaydulloh
Ahror (1404-1490), mamlakatda ta’sirli shaxsga aylanib, o`zaro kurash nizolar vaqtida
mamlakat tinchligini saqlash yo`lida bir necha marotaba bu kurashlarni to`xtatib qolishga
muvaffaq bo`ldi. El-yurt tinchligi, osoyishtaligi yo`lidagi uning faoliyati, vatanparvarligi,
albatta, e’tiborga sazovordir.
Temuriylar davlatining janubida ahvol o`zgacha edi. Sulton Husayn (Boyqaro)
(1469-1506) davlati o`z tarkibiga Xorazm, Xuroson, Eronning bir qismini olgan bo`lib, u
temuriylar tarixida oxirgi yirik davlat arbobi bo`lib qoldi. Uning deyarli 40 yillik hukmronlik
davri ham o`zaro kurashlardan xoli bo`lmasa-da, lekin mamlakatda iqtisodiy va madaniy
hayot yuksak darajada saqlanib qoldi. Mamalakat obodligi, farovonligi, iqtisodiy hayotning
bir me’yorda kechishi, fan-madaniyatning yuksalishida o`z davrining tadbirli va oqil
hukmdori Sulton Husaynning roli nihoyatda katta bo`ldi.
Do'stlaringiz bilan baham: