21
Bronza davri O‘rta Osiyoning ijtimoiy tuzumida ham o‘zgarishlar sodir bo‘lib o‘tdi.
Urug‘chilik tuzumi bu davrda ham davom etdi. Ammo, bu davrda ona urug‘ining mavqei
yo‘qolib bordi. Metall eritish va xo‘jalikning rivojlanishi natijasida jamiyatda erkaklar
mehnat va mavqei birinchi darajali ahamiyatga ega bo‘lib bordi. Natijada jamiyat
taraqqiyotida, dehqonchilik, chorvachilik, ovchilik va hunarmandchilikning rivojlanishida
erkaklar yetakchilik qiladilar. Xotinlar erkaklar ishlab chiqargan narsalarni iste’mol qilishda
ishtirok etsalar ham, unga egalik qilishdan mahrum bo‘ladilar. Ishlab chiqarishda
hukmronlik qilish shu tariqa erkaklar qo‘liga o‘tadi va ona urug‘i tuzumi o‘rnini ota urug‘i
(patriarxat) tuzumi egallaydi.
O‘rta Osiyo hududlarida yozuv yaqin kunlarga qadar mil.avv. V-IV asrlarda paydo
bo‘lgan deb kelinar edi. So‘nggi yillardagi tadqiqotlar boshqacharoq xulosalar bermoqda.
Xususan, 2000 yilda Janubiy Turkmanistondagi Gonurtepa qo‘hna shahrida ochilgan
qabrlarning biridan mil.avv. III ming yillikka oid o‘yma sopol muhr topildi. Unda mixxat
yozuvlar bor edi. Janubiy Turkmaniston qadimiyatining bilimdoni V. Sarianidi va amerikalik
mutaxassis T. Sharlachlarning fikricha, bu xildagi muhrlar faqat podsho atrofidagi, podsho
saroyiga yaqin shaxslarga tegishli bo‘lishi mumkin. Mesopotamiyadagi Sargon muhrlarini
(mil.avv. 2250-2200 yy.) eslatuvchi Gonurtepa muhri mahalliy xom ashyodan tayyorlangan
bo‘lib, undagi mixxat yozuvlar «Lukaks xo‘jalik va qullar hukmdori», deb o‘qildi. Ushbu
yozuv bu yerdagi bronza davridayoq yakka hukmdor boshqaruvi va Mesopotamiya bilan
o‘zaro aloqalardan dalolat beradi.
Shuningdek, so‘nggi arxeologik ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonning janubidan
ham piktografik belgi-yozuvlar topilgan. Tadqiqotchi Sh. Shaydullayevning fikricha,
Jarqo‘ton yodgorligidan sopollarga bitilgan 47 ta belgidan iborat yozuvning topilishi
ajdodlarimizning bronza davrida piktografik yozuvni yaratgani va o‘z fikrini turli belgilarda
ifodalaganini ko‘rsatadi. Shuningdek, Sheroboddagi G‘oz qishlog‘i yonidagi ilk temir asriga
oid yodgorlikdan tosh o‘g‘ir (keli) topilgan bo‘lib, uning sirtida umumiy soni 14 ta bo‘lgan
piktorafik belgi-yozuv mavjud. Sh. Shaydullayev bu belgini Misr iyeroglifikasi bilan
solishtirib ulardan biri «haqiqat», yana biri esa dunyoning aylanishi, ya’ni, «charxpalak» deb
o‘qilishi mumkinligini taxmin qiladi. Xullas, bronza davri va uning oxirlariga kelib o‘lkamiz
hududlarida yozuv paydo bo‘lganligi ilmiy asoslanmoqda hamda keyingi tadqiqotlar bu
masalaga yanada oydinlik kiritishi shubhasizdir.
Do'stlaringiz bilan baham: