Ilk davlatlar haqidagi yozma manbalar
Qadimgi aholi
Yangi ma’lumotlarga ko‘ra, O‘rta Osiyo hudularidan topilgan piktografik belgi-
yozuvlar bronza davriga oid bo‘lsa-da, ular hozircha kam sonli bo‘lib, qadimgi jamiyat
haqida to‘liq ma’lumotlar bera olmaydi. Milloddan avvalgi V-IV asrlarga oid ayrim kam
sonli topilmalar ham (Xorazm, sak yozuvlari) to‘liq emas. O‘rta Osiyo hududlaridan
milloddan avval III-II asrlarga oid ko‘plab tanga pullar topilganki, ular qadimgi tarixni
o‘rganishda muhim ahamiyat kasb etadi. Undan tashqari to o‘rta asrlarga qadar yetib kelgan
ko‘p sonli yozma manbalar ma’lumotlari ham muhimdir.
O‘rta Osiyo hududlaridagi dastlabki davlat uyushmalari haqidagi yozma manbalar -
zardo‘shtiylarning muqaddas diniy kitobi “Avesto”, ahmoniylar davri mixxat yozuvlari,
yunon-rim tarixchilarining asarlari hisoblanib, ularning barchasi yurtimizdan chetda bitilgan.
Shuning uchun ham ularda ba’zi hollarda chalkashliklar va noaniqliklar, bir-birini inkor etish
hollari uchrab turadiki, bu o‘rinda mavjud yozma manbalarni arxeologik tadqiqotlar
natijalari bilan solishtirish va tahlil etish nihoyatda muhimdir. Arxeologik ma’lumotlar
yozma manbalar ma’lumotlarini kengaytiradi, ularga aniqlik kiritadi, tarixiy taraqqiyotning
aniq yo‘nalishlarini ko‘rsatib, ma’lum davr haqidagi tasavvurlarimizni yanada boyitadi.
Vatanimiz tarixini o‘rganishidagi dastlabki yozma manba sifatida “Avesto” katta
ahamiyat kasb etadi. “Avesto” qachon va qayerda paydo bo‘lganligi tadqiqotchilar orasida
hamon bahslarga sabab bo‘lmoqda. “Avesto” kitobi va zardo‘shtiylik dinining asoschisi
Zaratushtra (Zardo‘sht, yunoncha Zoroastr) paydo bo‘lgan va faoliyat ko‘rsatgan hudud
haqida “Avesto”da keltirilgan geografik hududlarni o‘rganib xulosa chiqargan ko‘pchilik
hozirgi tadqiqotchilar O‘rta Osiyo yoki hech bo‘lmaganda bu hududga qo‘shni bo‘lgan
shimoli-sharqiy Eron degan fikr bildiradilar. Umuman olganda, “Avesto”ning vatani Xorazm
yoki Baqtriya deb hisoblovchi olimlar ko‘pchilikni tashkil etadi.
“Avesto”ni fransuz olimi Anketil dyu Perron birinchi bo‘lib tadqiq etgan. 1755-1761
yillarda dyu Perron Hindistonning Gujarat viloyatida eron zardo‘shtiylarining avlodlari-
parslarning urf-odatlari va diniy marosimlari bilan tanishib chiqadi hamda 1771-yilda
“Avesto”ni fransuz tiliga tarjima qiladi. Dastlabki “Avesto” 21ta kitobdan iborat bo‘lgan.
Bizgacha “Avesto”ning Yasna - “qurbonlik keltirish”, Visprat - “Hamma hukmronlar”,
Yasht - “qadrlash”, Videvdat - “devlarga qarshi qonun” qismlari saqlanib qolgan. Bu qismlar
Sosoniylar davrida (III-VI asrlar) tahrir qilingan.
“Avesto”da ahmoniylargacha bo‘lgan geografik, hududiy nomlar, atamalar, ijtimoiy-
iqtisodiy ma’lumotlar, siyosiy tarix, diniy falsafa va turli ma’lumotlar saqlangan. Unda
jumladan shunday deyiladi: “O, Spitama Zaratushtra, yashaydigan joylarga, bu yerlarga
baxtlik qancha kam bo‘lsada, tinchlik tortiq qildim. Birinchidan, odamlar yashashi uchun
eng yaxshi mamlakatni, Vanxvi Datyo daryosidagi Aryonam Vayjoga (Eron tekisligi yoki
ariylar o‘lkasi) asos soldim.
25
Ikkinchidan, men, Axuramazda, eng yaxshi mamlakatlar va o‘lkalardan bo‘lgan Gava
So‘g‘da (So‘g‘diyona) makoniga asos soldim.
Uchinchidan, men, Axuramazda, eng yaxshi mamlakatlar va o‘lkalardan bo‘lgan
qudratli Mouruga (Marg‘iyona) asos soldim.
To‘rtinchidan, men, Axuramazda, eng yaxshi mamlakatlar va o‘lkalardan bo‘lgan,
baland bayroqlari bo‘lgan go‘zal Bahdiga (Baqtriya) asos soldim”.
1
“Avesto”da tilga olingan juda ko‘plab mamlakatlar - O‘rta Osiyo va O‘rta Sharq,
Afg‘oniston, Eronning shimoli-sharqiy hududlari bilan bog‘liqdir. Yasht qismlari ariylarning
yerlari haqida quyidagicha e’lon qiladi: “U mamlakatning jasur sardorlari ko‘pdan ko‘p
harbiy yurishlar qiladi, uning keng yaylovlarga ega, suvga serob tog‘larida chorva tinch
o‘tlov va yemish bilan ta’minlangan, bu yerdagi sersuv chuqur ko‘llar to‘lqinlanib turadi,
kema qatnaydigan keng daryolarning oqimi Pourutadagi Iskta, Xaravaydagi Mouru,
So‘g‘ddagi Gava va Xvarizam tomoniga toshib intiladi”.
“Avesto” ma’lumotlariga ko‘ra, eroniy sulolalaridan bo‘lgan Kayoniylar sulolasining
so‘nggi vakillaridan biri Kavi Vishtasp payg‘ambar Zaratushtraga homiylik qiladi.
Zaratushtra yashab faoliyat ko‘rsatgan davr haqida aniq fikr yo‘q. Tadqiqotchilar bu davrni
mil.avv. II ming yillik o‘rtalaridan milodiy I ming yillik o‘rtalarigacha belgilaydilar.
Ko‘pchilik tadqiqotchilar fikrlaridan xulosa chiqaradigan bo‘lsak, Zaratushtra mil.avv. I
ming yillikning birinchi choragida yashab faoliyat ko‘rsatgan bo‘lishi mumkin.
Ko‘pchilik tadqiqotchilar Kavi Vishtaspni Baqtriyada hukmronlik qilganini e’tirof
etadilar. Avesto ma’lumotlariga ko‘ra, Kavi Vishtasp davrida davlat uyushmasi mavjud
bo‘lgan. Misol uchun, Gatalarda Zaratushtra kichik hukmdorlarni urushlarni to‘xtatishga,
kuchli va odil podsho qo‘l ostida birlashishga da’vat etadi. Aftidan, o‘sha paytdayoq kichik
mulklarning yagona podsho hukmronligi ostidagi nisbatan yirik siyosiy uyushmalarga
birlashuvi boshlanadi. Payg‘ambar Zaratushtra va shoh Vishtasp fikrimizcha, bu
birlashuvning tashabbuskorlari edilar.
Arxeologik tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, mil.avv. II ming yillikka kelib, O‘rta
Osiyoning janubida Qadimgi Baqtriya va Marg‘iyona hamda unga qo‘shni bo‘lgan
hududlarda Baqtriya - Marg‘iyona arxeologik majmuiga kiruvchi yuqori darajada
rivojlangan madaniy yodgorliklar guruhi mavjud edi. To‘g‘aloq, Gonur, Dashli, Oltintepa,
Sopolli, Jarqo‘ton, Tillatepa kabilar shular jumlasidandir. Ularning ko‘pchiligi dastlabki
shahar markazlari bo‘lib, ularda arki a’lo, shahriston, diniy markazlar hamda shahar oldi
hududlari mavjud edi. Ya’ni ular o‘sha davr nuqtai nazaridan yetarli darajada rivojlangan
shaharlar edi. Ko‘pchilik tadqiqotlardan bizga ma’lumki, ilk shaharlar davlatchilik paydo
bo‘lishining muhim va asosiy belgisi hisoblanadi. Ushbu ma’lumotlar mil.avv. II ming yillik
oxiri I ming yillik boshlari qadimgi Baqtriya hududlarida davlatchilik ko‘rinishlari paydo
bo‘la boshlaganidan dalolat beradi. Ktesiy bergan ma’lumotlarga ko‘ra, mil.avv. II ming
yillikning dastlabki asrlarida Baqtriya kuchli podsholik bo‘lib, mintaqada hukmronlik
mavqeini qo‘lga kiritish maqsadida Midiya va Ossuriya o‘rtasidagi urushlarda ishtirok etadi.
Davlatchilik paydo bo‘lishining muhim belgilaridan biri jamiyatning ijtimoiy
tabaqalarga bo‘linishi hisoblanadi. Ko‘pchilik manbalardan bizga ma’lumki, Avesto jamiyati
quyidagi to‘rtta tabaqaga bo‘linadi: 1) qohinlar (atravanlar); 2) harbiylar (ratayistralar); 3)
dehqon-chorvadorlar (vastrya-fshuyant); 4) hunarmandlar (xutlar). Jamiyatning bunday
tabaqalashuvi qadimgi, ya’ni zardushtiylikkacha bo‘lgan a’analarni o‘zida aks ettiradi. Bu
an’analar ayrim o‘zgarishlar bilan ko‘p asrlar, Avestodan keyingi davrlarda ham saqlanib
qoladi.
Dastlabki ikkita tabaqa ancha imtiyozlarga ega bo‘lib, jamiyatni boshqargan.
Ayniqsa, qohinlar juda yuqori mavqeda turganlar. Zaratushtra o‘z g‘oyalarini targ‘ib etish
1
Yozma manbalar haqidagi ma’lumotlar A.Sagdullayevning “Qadimgi O`zbekiston ilk yozma
manbalarda” (T., 1996) kitobidan olinib qisman tahrir qilindi.
26
jarayonida podsho Vishtaspning eng yaqin odami va maslahtchisiga aylanadi. O‘sha
davrdagi jamiyatning har bir bo‘lagi (yacheykasi) – uy, qishloq, voha va viloyat – o‘lka
ma’lum unvoni bo‘lgan o‘z diniy yo‘lboshchisiga ega bo‘lgan. Manbalarga ko‘ra, davlatning
bosh qohini «zaratushtrotem» unvoniga ega bo‘lgan. Undan tashqari «zautara» (diniy
qo‘shiqlar ijrochisi), «aturpat» (olov bosh qohini), «xirpat» (ibodatxona va diniy tadbirlar
boshlig‘i) kabi diniy uvonlar ham mavjud bo‘lgan.
Podsho va uning yaqinlari kelib chiqqan harbiylar tabaqasining ham mavqei baland
bo‘lgan. Jamiyatning asosiy ishlab chiqaruvchilari va moddiy yaratuvchilari dehqonlar,
chorvadorlar va hunarmandlar edilar. Avestoda qullar ham bir necha bor eslatib o‘tiladi. Ular
tabaqalarga kirmagan va aftidan, jamiyat hayotida unchalik katta rol o‘ynamagan.
Jamiyatning boshqaruv tartibi haqida Avestoda ma’lumotlar saqlangan. Manbada
keltirilishicha, oriylar o‘lkasi quyidagi to‘rtta ma’muriy hududiy birlikka bo‘linadi: 1-
patriarxal oilaga tegishli bo‘lgan turar-joylar (nmana); 2-qishloqlar (vis); 3- tumanlar
(zantu); 4-viloyat – o‘lka (daxyu). Ushbu birliklarning har biri o‘z yo‘lboshchisiga ega
bo‘lgan: 1-nmanopati (uy boshlig‘i); 2-vispati (qishloq boshlig‘i); 3-zantupati (tuman
oqsoqoli); 4-daxyupati (viloyat –o‘lka yo‘lboshchisi).
Eng yirik uyushma «daxyusasti» (viloyatlar ustidan hukmronlik yoki viloyatlar
uyushmasi) edi. Bunday uyushmaning hukmdori «butun daxyular daxyupatisi» deb atalgan.
Qiyosiy tahlillar asosida ahmoniylar davridagi «shohlar shohi» unvoni ushbu Avesto
unvoniga borib taqalashini taxmin qilish mumkin. Avestoda shuningdek, «kavi», «sastar» va
«xatra» kabi boshqaruv bilan bog‘liq bo‘lgan unvonlar ham uchraydi. «Kavi» (forschada
«kay») unvoni Avestoda ko‘p uchraydi. Bu unvon nafaqat katta o‘lkalar podsholari, balki
kichik mulklar hukmdorlariga ham berilgan. Qal’alar, tumanlar va viloyatlar hukmdorlari
«Sastar» unvoni bilan atalgan. «Hokimiyat», «qudrat» ma’nolarini beruvchi «xshatra»
unvoni tumandan tortib o‘lkalar hukmdorlarigacha berilgan. Misol uchun, Bexistun
yozuvlarida podsho Doro I ushbu unvon bilan tilga olinadi.
Avestoda yig‘in yoki yig‘ilish ma’nosidagi «xanjmana» (yangi fors tilida «anjuman»)
so‘zi uchraydi. Aftidan, dastlabki paytlarda podsho hokimiyati saylab qo‘yilgan. Chunki,
«Shohnoma» ma’lumotlariga ko‘ra kayoniylar (kavilar) sulolasining asoschisi Kayqubod
kavilar umumiy anjumanida Eron podshosi qilib saylanadi. Avesto ma’lumotlariga ko‘ra,
podsho (daxyupati) bir vaqtning o‘zida bosh harbiy va bosh qozi (sudya) hisoblanga. Podsho
o‘zining harbiy drujinasiga ega bo‘lgan. Viloyat va harbiy holatlarda bu drujinalar shoh
ixtiyorida bo‘lgan.
Mil avv. VI asrning o‘rtalariga kelib Erondagi Ahmoniylar sulolasi hukmdorlari
Qadimgi Sharqdagi ko‘pgina mamlakatlar ustidan, jumladan, O‘rta Osiyodagi Parfiya,
Marg‘iyona, Baqtriya, So‘g‘diyona, Xorazm, “Saklar o‘lkasi” ustidan o‘z hokimiyatini
o‘rnatdilar. Ahmoniylar davrida bitilgan mixxat manbalarda O‘rta Osiyo xalqlari va
viloyatlari haqida turli ma’lumotlarni uchratishimiz mumkin.
Bu yozuvlar mil avv. VI -IV asrlarga oid bo‘lib, Eron hududlarida, xususan, Behistun
va Naqshi Rustam qoyalarida, Suza, Persepol va Hamadon shaharlaridan topib o‘rganilgan.
Bular orasida eng muhimi Behistun yozuvlari bo‘lib, u Doro I davrida yozilgan. Bu
yozuvlarda Doro I bosib olgan o‘lkalar sanab o‘tiladi. Shuningdek, bosib olingan hududlarda
forslarga qarshi qo‘zg‘olonlar haqida ma’lumotlar beriladi.
Suza shahridan topilgan yozuvlarda Doro I bunday e’lon qiladi: “Suzadagi saroyni
men bino qilganimda uning bezaklari uzoq yurtlardan olib kelingan. Uaka yog‘ochi
Gadxaradan, oltin - Sard va Baqtriyadan, yaltiroq toshlar va lojuvard So‘g‘diyonadan,
feruza-Xorazmdan, kumush va bronza Araxoziyadan, tosh ustunlar - Elamdan yetkazib
kelingan.”
Persepol shahridagi saroy devorlarida baqtriyaliklar, xorazmliklar, so‘g‘dlar va
saklarning o‘yib ishlangan rasmlari topilgan. Bu rasmlarda So‘g‘diyona, Baqtriya, Xorazm
va saklar o‘lkasidan bo‘lgan soliq to‘lovchilarning ahmoniylarga turli xil buyumlar
27
(hunarmandchilik, tikuvchilik, zargarlik, harbiy qurollar) hamda qadimgi Sharqda mashhur
bo‘lgan otlar va tuyalarni soliq sifatida olib kelayotgani tasvirlangan. Xullas, ahmoniylar
davri yozuvlarida o‘lkamiz xalqlarining qadimgi tarixiga oid quyidagi ma’lumotlar
saqlangan: viloyatlar va xalqlarning nomlari, ayrim siyosiy jarayonlar, saklar yurtiga qarshi
yurishlar, iqtisodiy tuzum va moddiy madaniyat ma’lumotlari.
Yunon-rim tarixchilaridan birinchi bo‘lib “tarixning otasi” Gerodot (mil.avv. V asr)
O‘rta Osiyo xalqlari haqida ma’lumotlar beradi. Gerodot o‘zining mashhur “Tarix” kitobini
mil. avv. 455-445 yillarda yozgan. Bu o‘rinda shuni ta’kidlash joizki, Gerodot O‘rta Osiyo
viloyatlarining birortasida ham bo‘lmagan. Shuning uchun ham O‘rta Osiyodagi xalqlar,
viloyatlar joylashuvidagi nafaqat aniq, balki umumiy chegaralaridan ham bexabar bo‘lgan.
O‘rta Osiyo viloyatlari haqida esa, o‘zi eshitgan hikoyalari, surishtirib bilganlari asosida
yozgan.
Tadqiqotchilarning hisobiga qaraganda, Gerodot “Tarix” kitobida Baqtriya, Baqtra,
baqtriyaliklarni 13 marta, so‘g‘dlarni 2 marta, xorazmliklarni 3 marta, saklarni 11 marta,
massagetlarni 19 marta tilga olib ularning moddiy madaniyati, urf-odatlari, dini va tarixi
haqida hikoya qilgan.
Gerodotning O‘rta Osiyo to‘g‘risidagi asosiy fikrlari forslarning sak-massagetlarga
qarshi yurishlari, Kir II va To‘maris o‘rtasidagi siyosiy munosabatlar, ahamoniylar harbiy
qo‘shinlari safida yurtimiz xalqlari jangchilarining ishtiroki, ularning yarog‘-aslahalari,
yo‘lboshchilari, fors-yunon urushlarida ularning jasorat ko‘rsatganligi, xalqlarning
ahmoniylar davlatiga bo‘ysunishi va soliq tartibi, sak-massagetlarning turmush tarzi va diniy
e’tiqodi va boshqa ayrim ma’lumotlardan iborat.
Misol uchun Gerodot massagetlar haqida shunday xabar qiladi: “Bug‘doyni
massagetlar ekmaydilar, chorvachilik va baliqchilik bilan (Araks daryosida baliq serob)
shug‘ullanadilar hamda sut ichadilar. Massagetlar ichida ulug‘langan yagona xudo - bu
Quyoshdir, Quyoshga ular otlarni qurbon qiladilar, chunki xudoga dunyodagi eng chaqqon -
tezchopar jonliqni qurbon qilish lozim deb o‘ylaydilar”.
Asli Kichik Osiyodagi Knid shahrilik bo‘lgan yunon tarixchisi Ktesiy ahmoniylar
podshosi Artakserks (mil.avv. 404-359 yy.) saroyida tabiblik qilgan. Ktesiy qalamiga
mansub “Persika” asarining katta bir qismi baqtriyaliklar tarixiga bag‘ishlangan.
Ktesiy Ossuriya podshosi Ninning Baqtriyaga qilgan yurishlari, Baqtriyaning
poytaxti va ko‘p sonli mustahkam istehkom va shaharlar haqida ma’lumotlar berib jumladan
shunday yozadi: “Baqtriyadagi ko‘pdan ko‘p shaharlar orasida Baqtra nomli mashhur bir
shahar bo‘lgan. Bu shahar mamlakatning markazi bo‘lib, ko‘p shaharlar o‘rtasida, baland va
mustahkam mudofaa devorlari bilan o‘ralgan, unda podsho qal’asi joylashgan”.
Yana bir yunon muallifi Ksenofont “Kiropediya” nomli asarida Ktesiy xabarlariga
o‘xshash, Baqtra shaharlarining ossuriyaliklar tomonidan qamal qilinishi to‘g‘risida
ma’lumot beradi. Shuningdek, Ksenofont Kir II va Baqtriya urushlari haqida ham yozadi.
Mil. avv. IV asrning ikkinchi yarmida makedoniyalik Iskandarning Sharqqa qilgan
yurishlari natijasida O‘rta Osiyodagi qadimgi viloyatlar haqida ko‘plab yangi tarixiy-
geografik ma’lumotlar paydo bo‘ldi. Keyingi antik davr mualliflari (Arrian, Kursiy Ruf,
Strabon va b.) asarlaridagi ma’lumotlar ilk antik davr mualliflarinikiga nisbatan kengroq
berilgan. Makedoniyalik Iskadar yurishlari haqida yozgan tarixchilar asarlarida qadimgi
O‘zbekiston viloyatlari, shaharlar, qal’alar, manzilgohlar, himoya devorlari, xo‘jalik va
madaniy hayot haqida kengroq va batafsilroq ma’lumotlar olish mumkin.
Olib borilgan arxeologik va antropologik tadqiqotlar natijalari qiyosiy tahlil etilar
ekan, qadimgi davrdagi O‘rta Osiyo hududida yashagan qadimgi aholi tarixini tadqiq etish
bir necha sabablarga ko‘ra katta ahamiyat kasb etishi kuzatiladi. Ushbu ahamiyatli holatni
quyidagicha izohlash mumkin: birinchidan, bu davrda aholining tabiiy hududlar bo‘yicha
xo‘jalik jihatdan tabaqalanishi sodir bo‘ladiki, olib borilgan arxeologik tadqiqotlar natijalari
O‘rta Osiyo va Qozog‘istonning asosan dehqonchilik bilan shug‘ullangan janubiy hamda
28
asosan chorvachilik bilan shug‘ullangan shimoliy hududlarini ajratish va o‘zaro taqqoslash
imkonini beradi. Ikkinchidan, dehqonchilikka va ishlab chiqaruvchi iqtisodga erta o‘tish
dehqonchilik jamoalari sonining ortishini hamda ilk shaharlarning rivojlanishini belgilab
berdi va demografik jihatdan ta’sir ko‘rsatib ortiqcha aholining turli arxeologik
madaniyatlarga va xo‘jalik yuritish tartibiga mansub bo‘lgan tabaqalarning ko‘chib ketishiga
turtki berdi. Uchinchidan, O‘rta Osiyo hududida murakkab etno-madaniy jarayonlarning
sodir bo‘lishi, hozirgi zamon o‘lkamiz xalqlarining shakllanishida uzoq qadimga borib
taqaluvchi mahalliy unsurlarning ustunligi qadimgi davrlar bilan bevosita bog‘liqdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |