Abdulla Avloniy (1879 – 1934) o‘zining “Turkiy guliston yoxud axloq” asarida aql, ilm, fikr, dars, axloq haqidagi didaktik qarashlarini ham bayon etdi.
Avloniyning ta’kidlashicha, “Insonni” kamolga yetkazishda bosh omil bo‘lgan aql ilm va tajriba tufayli rivojlanadi. Ilm olish riyozat chekishni, sa’y – harakatni talab etadi. Har bir kishi biror ilm, hunarni egallar ekan, uni hayotda qo‘llay bilishi darkor. Shundagina ilm, hunarning jamiyatga foydasi tegadi. Fikr tarbiyasi eng zarur, ko‘p zamonlardan beri taqdirlab kelingan muallimlarning diqqatlariga suyangan muqaddas bir vazifadir.
A vloniyning fikricha, axloq – bu xulqlar majmui. Xulq esa, kishida o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmaydi. Uning shakllanishi uchun ma’lum bir sharoit, tarbiya kerak. Vijdon – bu ruhimiz, fikrimizga ta’sir qiladigan hissiyot, ya’ni sezuvdan iborat ma’naviy quvvatdir. Biz har vaqt fe’l va harakatimizning yaxshi va yomonligini vijdonimiz vositasida bilamiz. Vijdon insonning aql va fikrining haqiqiy mezonidir. Avloniyning fikricha, har bir kishining hayoti muayyan intizom asosida kechadi. Intizom inson xulqini tarbiyalovchi, mukammallashtiruvchi manba, shu tufayli ham unga doimiy ravishda rioya qilish kerak. Intizom jamiyat uchun qanchalik muhim ahamiyatga ega bo‘lsa, o‘quvchilar uchun ham shunchalik zarur, sanaladi.
Yuqoridagilardan xulosa qilib aytish mumkinki, hozirga paytda pedagogika nazariyasidan o‘quv dasturini, qo‘llanma va darsliklarni yaratishda o‘zbek xalq pedagogikasi va Sharq mutafakkirlarining didaktik merosidan foydalanmasdan ta’lim-tarbiya jarayonida yuksak samaradorlikka erishib bo‘lmaydi. Xususan, al-Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, al – Forobiy, Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek va boshqa mutafakkirlarning didaktik g‘oyalari dunyo ijtimoiy – pedagogik fikrlar taraqqiyotiga ko‘p jihatdan ta’sir etib, muayyan darajada Yevropada Uyg‘onish davrining asosiy shart-sharoitlarini yaratib bergan, albatta.
Bunday fikrlarni tasdiqlash uchun quyidagi bir necha dalillarning o‘zi kifoya. Masalan, al-Xorazmiyning “Al – kitob – al – muxtasar fi – hisob al – jabr va – l – muqobila” (“Aljabrda muqobala hisobi haqida qisqacha kitob”) hamda “Kitob surat al – arz” risolalaridan jahonga mashhur matematik va geograflardan Fibonnachi, Pichioli, Tartalya, Kardano, Ferrari, Leonardo, mashhur yunon olimi Klavdiy II, Ptolemey, Nyuton, Gershel, Jozef Tussen, Reyno va boshqalar keng foydalanganlar.
Shuningdek, Abu Ali ibn Sinoning “Hayy ibn Yaqzon” (“Ziyrakli – Tirik o‘g‘lon”) asari ispaniyalik pedagog va adib ibn Tufaylaning “Yakzon o‘g‘li Xayya” haqidagi qissasini; J.J.Russoning “Emil yoki tarbiya haqida” asarini, Forobiyning “Fanlar sanog‘i” risolasi ispaniyalik pedagog olim Gundisalning (XII asr) “Falsafaning bo‘linishi” asari yozilishiga asos bo‘ldi.
Oksford universitetining professori Rodjr Bekon (XII asr) al – Forobiy va ibn Sinolarning didaktik g‘oyalarini chuqurlashtirib, qomusiy kitoblarini yozadi. Yan Amos Komenskiy “Buyuk didaktika” asarida didaktikaning ta’lim nazariyasini rivojlantirishga katta hissa qo‘shgan bo‘lsa–da, lekin ta’lim-tarbiya mazmuni, shakli va uslublari (ayniqsa, sinf – dars tizimi g‘oyasi) Ibn Sinoga tegishli g‘oya ekanligini alohida qayd etib o‘tishimiz lozim. Zero, Sharqda IX asrda hali Yevropaning ko‘p hududlarida, husnixat ishlatilmagan va sinf – dars tizimining nimaligini bilmagan bir vaqtda, Xorazmdagi Ma’mun akademiyasi qoshida tashkil etilgan maktab va madrasalarda, ilmiy–pedagogik faoliyat bilan shug‘ullangan qomusiy olimlar yaratgan pedagogik nazariyaning o‘ziga xosligi shundan iboratki, ular ilgari surayotgan didaktik g‘oyalar bevosita o‘rganilayotgan fan mantig‘idan ajratilmagan.
Do'stlaringiz bilan baham: |