Axloqiy mavzudagi suhbat – tarbiyachi va tarbiyalanuvchi ishtirokini nazarda tutuvchi bilimlarni tizimli va izchil muhokama qilish metodidir. Suhbatning hikoyadan farqi shundaki, bu yerda tarbiyachi tarbiyalanuvchining ham fikrini tinglaydi va inobatga oladi. Bunday suhbat tenglik va hamkorlik ruhida kechadi. Unda axloqiy muammolar muhokama qilinadi.
Munozara – bu tarbiyalanuvchilar uchun qiziqarli mavzularda o‘tkaziladigan jonli va qizg‘in bahsdir. Munozara oldindan belgilangan va qatnashchilar e’tiboriga yetkazilgan 5–6 ta savol bo‘yicha o‘tkaziladi. Tarbiyachi munozara ishtirokchilarini o‘zi belgilashi mumkin. U munozara ishtirokchilarini o‘z fikrlarini tartibga solishga, asoslashga o‘rgatishi lozim. Bu metod pedagogdan katta mahorat talab qiladi.
Namuna – o‘ta ta’sirchan tarbiyaviy metod. Namuna taqlid qilish uchun aniq timsolni namoyon qiladi, shu boisdan, ongni, his – tuyg‘ularni va e’tiqodni faol shakllantiradi, faoliyatni tezlashtiradi. Namuna to‘g‘risida gapirganda, eng avvalo eng yaqin odamlar – Ota-onalar, tarbiyachilar nazarda tutiladi. Namuna faqat ijobiy emas, salbiy ta’sir ko‘rsatishi ham mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |